SЕN YO‘QSAN FAQAT


Adiba UMIROVA

SЕN YO‘QSAN FAQAT

Ko‘ngil,  nega chehrang ochilmas, 
Allalab ham uxlatolmayman. 
Birgamiz-u begonadaymiz
Ko‘z yoshlarim to‘xtatolmayman.

Kim bilansan?.. Qaydasan, axir,
Atay dilim g‘ashlayapsanmi?
Indamasdan yot hayot bilan
Yo boshqacha yashayapsanmi?

Sevganlaring bari yoningda,
G‘amxo‘rlaring ko‘rsatib shafqat.
Hamma narsa bisyor dunyoda
Netay, yolg‘iz sen yo‘qsan faqat!

Umrimdan tez pishib yetdingmi,
Sarobmisan mastonalarga?
Orzularing toptalib bir-bir
Qoldingmi tosh ostonalarda?

G‘amginlikdan holdan toydingmi,
Meni qo‘yvor: Nozik va yoshman.
Senga yaxshi bo‘lar, ehtimol,
Yuragimdan yulib tashlasam.

Sevgim qaytar, oromim qaytar,
Yaqinmiz-u qo‘l yetmas attang!
Nima qilsam kulib yayraysan,
Ko‘nglim seni qanday ovutay?..










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот