IKKI XIL KASHFIYOT


Qo‘chqor NORQOBIL

Kichik hikoyalar
IKKI XIL KASHFIYOT

    Ular samolyotda yonma-yon uchishardi.  Dunyoning eng nufuzli anjumaniga borishayapti. Biri mashhur adib, biri kompyuterning yana bir mukammal rusumini yaratgan olim.
— Ijodimdan, eng avvalo, farzandim  bahramand bo‘lishini xohlayman. Shuning uchun  xonamni doimo ochiq qoldiraman. O‘qishga ishtiyoq uyg‘onsin,-- dedi adib..
      Olim  unga sinchkovona termuldi.  
    Va, tuyqus o‘n yashar o‘g‘lini eslab,  seskanib ketdi;  o‘z kashfiyoti --- kompyuterlar tizilgan xona eshigini berkitish uning ham yodidan chiqqan edi...

QAYG‘ULI JAVOB


— Hikoyangizni o‘qidim, muhtaram adib. Chindan ham hamma bolalar farishtami?
— Ha. Xayriyatki, ular hozircha odam emas, shunchaki bola,  janob general.
— Bu nima deganingiz, hurmatli adib?
— Ular odamga aylangach, oralaridan tanklar, samolyotlar, bombalar o‘ta boshlaydi.
               
 
                                                               MOHIYAT

— Vasya, mayli, qurib ketsin, amakim aytgan o‘sha o‘q zavodiga ishga kirsang bo‘larkan.
— Nastya,  esing joyidami? Axir, bizning farzandlarimiz bor-ku! Uchovi ham o‘g‘il!
— Nima qipti?!
—   Axir,  o‘sha o‘qlar baribir bir kuni otiladi-ku...
      
TARBIYA 


—  Tosh otsalar, qo‘rqma! 
—   Xo‘p! 
—  O‘qdan ham qo‘rqma! 
—  Xo‘p! 
—  Tuhmatdan ham qo‘rqma! 
—  Ho‘p!. Shunda men botir bo‘lamanmi, otajon? 
—  Yo‘q. 
—  Nega? 
—  Faqat qarg‘ishdan qo‘rq. O‘shanda botir bo‘lasan!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот