NIMA DЕYMIZ...


NIMA DЕYMIZ...

Ey siz, bu olamni o‘yin bilganlar,
Dunyoning bag‘rini tig‘lab o‘yganlar,
Molu dunyosiga xaykal qo‘yganlar,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Ey, tuqqan bolasin suvlarga otgan,
Begunoh go‘dagin pullagan, sotgan,
Zalolat, xiyonat yo‘lini tutgan,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Ey, halol juftiga pichoq urgan er,
Ayoli erini ko‘mib,tepgan yer,
Ona sayyoradan chiqdi qora ter,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Ey, elu yurtini oson sotganlar,
Yurtga o‘t ketganda pana tortganlar,
Voh, ona Vatanga toshlar otganlar,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Ey, mushfiq onadan olmagan xabar,
Otasin xor qilgan nomard, oqpadar,
Yuvilmas gunohlar mahsharga qadar,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Ey, parcha yerni deb, qo‘shnidan tongan,
Yerga to‘kilmadi, kaftidan tomgan,
Panja urilmagan yana ne qolgan,
Endi nima deysiz, Xudo oldida.
Bugun mingta o‘ldi, erta ham xatar,
Dunyoga chang soldi bu dard darbadar,
Egamning qo‘lida qazoi qadar,
Endi nima deysiz, Xudo oldida
Motam libosini kiymasdan dunyo,
Yongan onalardek kuymasdan dunyo,
Allohdan tilaylik yaxshi kun, shifo,
Endi nima deymiz, Xudo oldida.
Yaxshilar bor uchun yashaydi olam,
Mehrdan, duodan yashnaydi olam,
Tazarru aylasa, har bitta odam,
Yana nima deymiz, Xudo oldida...

***
Ey, yorug‘ olamni o‘yin bilganlar,
Dunyoning bag‘rini tig‘lab o‘yganlar.
Molu dunyosiga haykal qo‘yganlar,
Aytgin, nima deysan, Xudo oldida?
Begunoh go‘dakni o‘tlarga otgan,
Zahri baloni ham pullagan, sotgan.
Zalolat, jaholat yo‘lini tutgan,
Aytgin, nima deysan, Xudo oldida?
O‘nlab go‘dak o‘ldi, erta ham xatar,
Og‘uni pulladi qay bir oqpadar.
Onalar qarg‘asa mahsharga qadar,
Aytgin, nima deysan, Xudo oldida?
Motam libosini kiymasdan dunyo,
Yongan onalardek kuymasdan dunyo.
Robbim, go‘daklarga ber, o‘zing shifo,
Endi nima deymiz, Xudo oldida?

Munavvara  USMONOVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот