Girdobdagi gul


     Taqdir ekan,  Ra’no bolalar uyida ulg‘aydi. Onasi endi dunyo yuzini ko‘rgan chaqalog‘ini shu muassasa ostonasiga tashlab ketgan ekan. Shungayam o‘n olti yildan oshibdi.
    Bolalar uyining xodimlari yetim bolalarga har qancha g‘amxo‘rlik ko‘rsatishmasin, Ra’noga baribir ota-onaning mehri yetishmayotgandek edi. Qiz yaqin, qadrdon kishilarining suyib, erkalashlariga ehtiyoj sezardi. Ota bilan onaning o‘rnini hech kim bosolmas ekan.
   Bolalar uyida tarbiyalanuvchilar hech narsadan kamchilik ko‘rmayotganday bo‘lib o‘sadilar. Ammo ularning ba’zilari nimagadir hayotdan norozi, alamzada, serzarda, qo‘pol bo‘lib ulg‘ayadilar, o‘zlarining shu ko‘yga tushishlariga birinchi navbatda ota-onalarini aybdor deb biladilar, keyinroq esa erkin o‘ynab-kulib yurgan, ota-onasining bag‘rida shodon yashayotgan “erkatoylar”ga hasad aralash nafrat bilan boqishadi.
    Mutaxassislar buni yaxshi bilishadi, shu sababli tarbiyalanuvchilar ko‘nglida ezgu tuyg‘ular uyg‘onishi uchun mutolaaga, adabiyotga va san’atga zo‘r berishadi, ularda biron hunarga qiziqish uyg‘otishga harakat qilib qolishadi.
     Ra’no kitobga mehr qo‘yib ulg‘aydi. Balki shu sabablidir, bolalar uyida o‘zining odobi, ibratli xulqi bilan ajralib turardi.
    Namunali xulqi uchun Ra’noga tug‘ilgan kunini muassasa hududidan tashqarida, ammo tarbiyachilar nazorati ostida nishonlashga ruxsat berishdi.
    Ra’noning quvonchi cheksiz edi. Lekin uning bu quvonchiga hamma ham birdek sherik emasdi. Ayrim tarbiyalanuvchilar hatto ochiqdan-ochiq piching, kesatiqlar bilan Ra’noning ko‘nglini cho‘ktirishga, o‘ksitishga urinishdi.  
—  Ra’noxon, qanday qilib ruxsat tegdi? Bu deyman, popukday qosh-ko‘zlaringni suzib, boshliqni eritgandirsan-da, a? Chatoqsan!
— Ha, endi, ba’zilarning shoxi bor-da, shoxi bor!
    Shu choqqacha indamay o‘tirgan Ra’no kitob o‘qishda davom etaverdi-yu, biroq o‘qiganlarining hech bir xayoliga kirmas, hademay bu yerdan qutulaman-ku, shular bilan pachakilashib, nima obro‘ topardim, degancha, o‘zini yupatishga, ularning gap-so‘zlariga ahamiyat bermaslikka urinardi.
     Karavotda yotgancha, qosh-ko‘zlariga bo‘yoq chaplayotgan Shohida ham gapga aralashdi:  
 — Yo‘q, yo‘q, u yig‘la-a-ab boshliqning ko‘nglini yumshatgan, axir Ra’no arti-i-ist! O‘zini bechora qilib ko‘rsatish uning uchun cho‘t emas.
     Shohidaning bu gapini ko‘tarolmagan Ra’no unga yalt etib qaradi:
 — Nimalar deyapsan, dugonajon?!  Senga nima yomonlik qilgandim?!
— Vo-o-oy, men nima dedim?! Seni qaytaga maqtayapman-ku! Bizga uyushtiriladigan tomoshalarga sahna ko‘rinishlarini yozib bersang, buning ustiga ustak, qoyilmaqom qilib o‘zing yaratgan rollarni o‘ynasang, talant, artist, demay, yana nima deyishim kerak?!
     Ra’no indamasdan dam olish xonasiga qarab ketdi. Ko‘ngli to‘lib, yig‘lagisi kelgan paytlarda, ko‘z yoshlarini hech kimga ko‘rsatmaslik uchun o‘sha yerga kirib olib, ovoz chiqarmasdan, to‘yib-to‘yib yig‘lab olardi...
    Tug‘ilgan kun juda maroqli va esda qolarli darajada ajoyib o‘tdi! Uni kamsitib, masxara qiladigan qizlar ham unga yaxshi tilaklar bildirishganda, Ra’no sevinchdan sal bo‘lmasa yig‘lab yuboray dedi, lekin yana “artist, yolg‘ondan ko‘z yosh to‘kishga usta” kabi ta’nalarni eshitmaslik uchun, o‘zini yig‘idan arang tiydi.
    Tavallud topgan kuni nishonlanayotgan qahvaxonada, Ra’no tasodifan Shavkat degan yigit bilan tanishib qoldi. Yigit tug‘ilgan kuni o‘tkazilayotganidan xabar topgach, yaltiroq qog‘ozlarga o‘ralgan bir quchoq atirgullarni guldastani Ra’noga hadya qildi! Shu choqqacha qizga hech kim gul sovg‘a qilmagandi. Beixtiyor to‘lqinlanib ketgan Ra’no ko‘zlariga ishongisi kelmasdi. Yigit kelishgan, baland bo‘yli, chiroyli, xuddi ertaklardagi shahzodaning naq o‘zi edi! Ammo asosiysi bu emasdi. Eng muhimi, Ra’no umrida ilk marotaba yigit kishidan yoqimli va nafis so‘zlarni eshitdi.
— Bu yerga qaysi malika tashrif buyurgan deb qiziqsam, dugonalaringiz sizning tavallud topgan ayyomingiz bilan muborakbod etish uchun yig‘ilishganini aytishdi. Ra’no, ismingizning ma’nosi chiroyli gul, demakdir. Sizga tuhfa etgan, arzimagan gullarimning qarshisida sizning jamolingiz yanada maftunkor va atirgullar ham husningiz qarshisida xijolat! Siz nihoyatda go‘zalsiz!
    Ra’noning ikki yuzi lovullab, uyalganidan yerga tikildi. Qiz qulog‘i bilan sevadi, degan gap bor. Shu tarzdagi gaplarni eshitish qaysi qizga xush kelmaydi, kim ham erib ketmaydi! Ra’no ham xuddi shunday holatga tushgandi… Qizlarning-ku, hasaddan yorilib ketishlariga bir bahya qoldi. Chiroyli so‘zlar faqatgina kitoblarda, kinolardagina uchraydi va yoqimli ovoz hamda ta’sirli so‘zlash faqat suxandonlargagina xos, deb yurgan qizaloq, bugun fikri xato ekanligini anglab, yuragida allanechuk shirin tuyg‘ular uyg‘ondi... Sha’niga aytilgan maqtov so‘zlaridan Ra’no o‘zini yettinchi osmonda parvoz qilib yurgandek his etdi!
   Bazm tugagandan so‘ng yigit uni tashqarida kutib turganini ko‘rgan Ra’noning yuragi allanechuk orziqib ketdi. Nahotki... nihotki o‘zi hamisha orzu qilib kelgan shahzodasini uchratgan bo‘lsa?!
    Yigit qizga jilmayib tikilgancha:
— Sizni ko‘rib turgani oldingizga borib tursam maylimi? — deb so‘radi.
   Qiz dastlab nima deb javob qaytarishni bilmay, kalovlanib qoldi: “Ha”, deyishga, yonidagi dugonalaridan istihola qildi, “Yo‘q”, dey desa, o‘zi ham uni qayta ko‘rish uchun ichidan “jon-jon”, deb turibdi.
    Shaddod dugonalaridan biri Shohida uning o‘rniga javob berib, mushkulini osonlashtirdi:
— Shuniyam so‘rab o‘tirasizmi, kelavermaysizmi kelgingiz kelsa!
     Shavkat Ra’nodan ko‘z uzmagan ko‘yi yana savolini takrorladi:
— Maylimi?
— Ixtiyor o‘zingizda, — dedi Ra’no uyalinqirab.
  ...Shu-shu bo‘ldi-yu, ular tez-tez uchrashib turadigan bo‘lishdi. 
   Bu qizning hayotidagi eng baxtli damlar edi!
    Ra’no balog‘at yoshiga yetgani uchun, pasportini olgan va endilikda ish taqsimotini kutayotgandi.
   Bayram arafasida kutilmaganda boshliq uni chaqirib qoldi.
 — Ra’no, bayramga bag‘ishlab tadbir o‘tkazmoqchimiz. Endi bu yog‘iga o‘zing bosh-qosh bo‘lmasang bo‘lmaydi. Hademay, bizdan ham qutulasan, – deb hazillashib, kuldi. — Teatr boshlig‘i bilan gaplashib qo‘yganman, haydovchim bilan birga borsangizlar, tadbirda kiyish uchun zarur bo‘ladigan turli kostyumlarni berib yuboradi. Hoziroq borib olib kelinglar. Keyin bugunoq tadbirga tayyorgarlikni boshlanglar.
   Ra’no boshini irg‘ab, “Xo‘p bo‘ladi”,  dedi-yu, Shavkatni ogohlantira olmasligini, u kutib qolishini o‘ylab, ichidan zil ketdi. Lekin buni boshliqqa qanday aytadi?
    Shavkat balo! Tarbiyachi Xolis opani ham qo‘lga olvoldi-ya! Kunda-kun ora qutida shokolad olib kelib: “Jon opa, bir soatga ruxsat bering, aylanib kelaylik”, derdi. Xolis opa ham Ra’noning ra’yini qaytargisi kelmay, unga “xo‘p” derdi, tezda qaytishni tayinlab qolardi.
   Ra’no boshliqning xonasidan chiqishi bilan yo‘lakda o‘zini kutib turgan haydovchini ko‘rdi. U Ra’noga qarab:
— Tayyormisiz, ketdikmi? — deb so‘radi.
     Ra’no indamay, bosh irg‘ab qo‘yish bilan kifoyalandi.
   Teatr jamoasi repetisiyadaligi bois, rejissyorni ancha kutib qolishdi. Nihoyat, repetisiya tugab, rejissyor chiqdi va uzr so‘rab, bir ayolni chaqirdi.
  — Ozoda, siz bularga o‘sha eski kostyumlarni berib yuboring.
     Ayol Ra’noning qo‘liga eski-tuski kiyimlarni tutqazdi...
     Qadrdon go‘shasiga yetib kelishi hamono Ra’no Shavkatni izladi. Ammo u hech qayerda ko‘rinmas edi... Nima bo‘ldiykan? Uni kutmasdan ketib qoldimikan? Nega kutmadi ekan? Ra’no qo‘liga qog‘oz va qalam olib, tadbir rejasi va qo‘yilajak tomoshalarning taxminiy ro‘yxati, tabrik so‘zlarini yozishga kirishdi, ammo fikrlarini bir joyga jamlay olmayotgandi. Fikru xayoli faqat Shavkatda edi.
     Ra’no o‘sha kuni kechgacha uni mahtal bo‘lib kutdi, lekin yigitning daragi bo‘lmadi. Dugonalaridan so‘ragandi, ular “bilmadim”, degandek, yelka qisib qo‘yishdi. Shohida esa ensasi qotgandek:
— Nima, Shavkatingga qorovulmanmi? Qayerdan bilaman! Bor, boshimni og‘ritma, o‘zi boshim og‘rib turibdi! — deb bobillab berdi.
     Ra’noga dugonasining muomalasi og‘ir botsa-da, noilojligidan indamay, tadbir tantanalarini qog‘ozga tushirishda davom etdi...
     Shavkatning Ra’noni kutmasdan ketib qolishining o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Ra’no topshiriq bilan ketganini boshliqdan boshqa hech kim bilmagani bois, boshqalarga qizning qayoqqa, nima uchun ketgani noma’lum edi. Bu holatdan Shohida foydalanib qoldi. U yo‘lakka termulib o‘tirgan Shavkatga yaqinlashib, gap otdi:
— Salom berdi-i-ik, yigitni guli! Bulbul sayrayaptimi-i-i, ishqilib?
     Qizning gap ohangidan sal o‘ng‘aysizlangan Shavkat mujmal tarzda “Shukr, yaxshi”, deb qo‘ydi.
 — Sizga bir gap aytsa-a-mmi, aytmasa-a-mmi, deb turibman. Faqat erkakmisiz yoki chaqmachaqar xotinmisiz − shuni bilmay turibman.
     Bu gapdan Shavkatning jahli chiqdi.
— Hoy, qiz, tilim bor ekan deb, og‘zingga kelganini valdirayverma! O‘g‘il bola bo‘lganingda, shu gaping uchun o‘zim bilardim seni nima qilishni!  
— Do‘q urishdan oldin Ra’noyizni tiyib olsangiz yaxshi bo‘larmidi. Bir qarasa, boshliq bilan, goh haydovchi, ba’zan esa siz bilan... don olishi-i-ib yuribdi. Men sizni bu haqda bilasiz, lekin hamiyatsiz yigit ekan, bunga farqi yo‘q ekan, deb o‘ylovdim. Lekin ko‘rib turibman, sodda, laqma, o‘lguday go‘l yigit ekansiz! Ra’no sizni laqillatib yuribdi. Bizda shunaqa qizlaram bor, yaxshi yeb-ichgisi, yaxshi kiyingisi keladi-da, ko‘ngilxushlik qilib-qilib, keyin sizga o‘xshagan anoyini topib oladi-yu, yigit sho‘rlikning boshini aylantiri-i-ib, tegib oladi. Sizga achinganimdan aytayapman bu gapni. Shim kiyib yuribsiz, har holda erkaksiz deb ishonaman, oramizda bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlar shu yerda qolsin! Ra’noga aytsangiz, mening undan qo‘rqadigan yerim yo‘g‘-u, o‘ynashi — boshlig‘imizga aytsa, menga bu yerdagi tor katalakni yanayam torroq qilib qo‘yishi mumkin. Ehtiyot bo‘ling, tag‘in “bo‘yimda bo‘lib qoldi”, deb sizni chuv tushirib, osilib olmasin. Muloyim ko‘ringani bilan, u ichidan rosa pishgan, pixini yorgan ayyor. Aldanib qolmang, deyman-da. Bo‘pti, yigit! Ishondim-a...
     ...Oradan ikki-uch kun o‘tdi hamki, Shavkatning daragi bo‘lmadi. Bu orada Ra’no ich-etini yeb, adoyi tamom bo‘ldi. Bir tomondan dugonalarining “Ha, Shavkat tashlab ketdimi?”, “Boshqasini topib olibdimi?”, qabilidagi gap-so‘zlardan bezib qolgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yigitdan xavotir olayotgandi. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da. Kasal bo‘lib qolmadimikan? Ichida har lahza “E, Xudo, uni o‘z panohingda asra, balo-qazolardan saqla!”, deb iltijo qiladigan bo‘lib qoldi... 
    Nihoyat Shavkat muassasa binosi oldiga mast holatda kelib, Ra’noni chaqirtirdi. Ra’no dugonalaridan Shavkat kelib, uni yo‘qlayotganini eshitib, sevinib ketdi, ammo yoniga yaqinlashganda yigitdan tarqalayotgan aroq hidi “gup” etib dimog‘iga urildi-yu, ko‘ngli behuzur bo‘lib ketdi.
— Salom, mensiz zerikmagandirsan, a? Ka-a-yf qilib yuribsanmi?! — Shavkatning ko‘zlari suzilib, gaplari cho‘zilib chiqardi.
− Assalomu alaykum, Shavkat aka! Bu nimasi? Sizning ichishingizdan bexabar edim... Kayfni men emas, ichib olib siz qilayapsiz, shekilli? 
− E, yo‘-o‘q, men aroq kayfini aytmayapman... Go‘zalsan, oshiqlaring ko‘-o‘p. Ishqdan kayf qilib yuribsanmi, deyapman! Ha, mayli... Bir soatga so‘rab chiq, taksida bir joyga borib kelamiz.
— Qanaqa oshiqlar? Nimalar deyapsiz? Hech qayerga bormayman, siz mastsiz. Hushyor bo‘lib kelsangiz, o‘shanda gaplashamiz, — dedi yigitning sovuq muomalasidan ko‘ngli ranjigan Ra’no.
 — Demak, meni yaxshi ko‘rmas ekansan-da. Gaplaring yolg‘on ekan-da!
— Unday emas. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz.
— Unaqada isbotla, yur men bilan. Siz bilan dunyoning narigi chetiga ketishga ham tayyorman, siz yonimda bo‘lsangiz bas, deganding-ku.
— Ammo bu ahvolda emas.
    Shavkat yalinib turib olgach, Ra’no nochor roziligini bildirdi. Tarbiyachidan bir soatga ruxsat so‘rab chiqdi.
    Ular muyulishgacha jimgina ketishdi. Chorrahaga yetganlarida Shavkat taksi to‘xtatib, boriladigan manzilning nomini aytdi.
     Ikkovlon “Tiko”da manzilga yetib borgunlariga qadar, na yigit bir so‘z aytdi va na qiz og‘iz ochishga botinoldi.
     To‘qqiz qavatli bino qarshisida taksidan tushishgach, qiz Shavkatga ergashdi. Ular liftga chiqishgach, Shavkat oltinchi qavatning tugmachasini bosdi. Ular to yuqoriga ko‘tarilishgunga qadar qizni turli xayollar o‘z girdobiga oldi. Ra’no Shavkat akam meni ota-onasi bilan tanishtirish uchun olib borayotgan bo‘lsa kerak, degan o‘yga borib, o‘ng‘aysizlandi. Ular “Ota-onang kim?” deb so‘rab qolishsa, nima deb javob beradi? Shavkat uning yetimligini yashirgan bo‘lsa-chi? Ular “Nasl-nasabining tayini yo‘q qizning bizga keragi yo‘q”, deyishsa-chi?
     Lift eshigi ochilib, ikkalasi yo‘lakka chiqishdi. Shavkat o‘ng tarafdagi eshikni kalit bilan ochib, Ra’noni ichkariga taklif qilgandagina, qiz uyda hech kim yo‘qligini payqadi, aks holda Shavkat eshik qo‘ng‘irog‘ini bosmasmidi?
Ra’no:
− Kirmayman! −  deb turib oldi.
  Shavkat yalindi:
− Ra’no, iltimos, kira qolsang-chi, nima, menga ishonmaysanmi? Ikki og‘iz gapim bor, xoli joyda gaplashiladigan gap edi. Shu uchun shu yerga olib keldim.
— Bu sizlarning uyingizmi? Ota-onangiz qayerda?
— Yo‘q, bir tanishimning uyi. O‘zi ishda. Kiraqol, qo‘shnilari ko‘rsa, boshqa xayolga borishmasin!
    Ko‘ngli g‘ashlangan Ra’no itoat qilishdan o‘zga chora topolmadi.
     Ichkariga kirishgach, eshikni qulflagan Shavkatning o‘ziga qattiq tikilib turganini ko‘rgan Ra’no o‘zini noqulay sezdi va yerga boqdi.
      Qizning yerga qaraganini Shavkat o‘zicha boshqa narsaga yo‘ydi.
— Ko‘zlarimga bir qara.
     Ra’no ko‘zlarini yerdan uzib, yigitga savolomuz boqdi.
    “Tavba, nahotki shunchalik samimiydek boquvchi bu ko‘zlar aldamchi, xiyonatkor bo‘lsa? — degan o‘y kechdi Shavkatning xayolidan. — Nahot u boshqalar bilan... Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lishiga hech ishongisi kelmaydi, lekin Shohidaning yolg‘on gapirishidan ne naf?..”
 — O‘sha kuni, uchrashishga kelishgan kunimiz qayerga ketganding?
 — Boshlig‘imizning topshirig‘i bilan teatrga liboslar olib kelishga.
— Haydovchi bilanmi?
— Ha.
— Nega aynan seni yubordi?
— Chunki tadbirni tashkillashtirish va rol ijro etish mening zimmamga yuklatilgan edi.   
   “E, ha, hammasi tushunarli. Nega bunchalik sodda ko‘rinadi, desam, sahnada rollar o‘ynayverib, hayotni ham sahna o‘yiniga aylantirib yuborgan ekan-da. Gap buyoqda ekan-da. Artist! O‘zini beg‘ubor ko‘rsatishga bunchalar ustasi farang bo‘lmasa!”.
— Menga bir dugonang seni to‘g‘ri kelgan odam bilan yurib ketaveradi deb aytdi, — dangal gapga o‘tdi Shavkat. − Qiz bo‘lsang uylanaman...
     Eshitgan gapi qulog‘imga yanglish chalinmadimikan, deb quloqlariga ishonmay qolgan Ra’noning tili bazo‘r aylandi:
— Nima?
     Qiz  kaftlari bilan yuzini to‘sgancha, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
 — Menga ishonmasangiz, ishonmang, mayli. Lekin haqorat qilmang.
  Dabdurustdan Shavkat qizni yechintirishga urina boshladi. Ra’no avvallari Shavkatning barmog‘i tegib ketsayam vujudida qaynoq taftni his qilardi, hozir esa sovuq ilon tegib ketgandek seskanib, o‘zini orqaga tortdi.
 — Iltimos qilaman, tegmang menga! Xudo xayringizni bersin, sharmanda qilmang meni! Sizga ishonganim uchun kelgandim!
     Ammo mast Shavkat qizning yalinib-yolvorishlariga parvo qilmay, uni mahkam quchoqlab olgancha, bir qo‘li bilan og‘zini bekitdi, ikkinchi qo‘li yechintira boshladi...                  
   ...Shavkat vannaxonaga kirib, yuvinayotganidlgina kayfi sal tarqab, nima ish qilib qo‘yganini anglab yetdi.
    “Nimalar qilib qo‘ydim? Nega allaqayoqdagi g‘iybatchining gapiga ishona qoldi-ya? Endi uni bu ahvolda tashlab ketish g‘irt nomardlik bo‘ladi-ku!”
     Shavkat xona burchagida qunishib, ikki tizzasini ko‘llari bilan quchoqlab olgancha zor-zor yig‘layotgan Ra’noga tikilar ekan, o‘zidan nafratlanib, jirkanib ketdi.
 — Ra’no, meni kechir! Qarshingda gunohkorman!
 — Nimalar qilib qo‘ydingiz? Tarbiyachilarim, dugonalarimning ko‘zlariga endi qanday qarayman?
— Men... senga uylanaman, hammasi yaxshi bo‘ladi. Sen hech kimga “churq” etib og‘iz ochmasang, o‘zing og‘zingdan gullab qo‘ymasang, kim ham bilib o‘tiribdi?
— Eh, siz!... Agar bizni tekshirishga ginekolog vrach kelib turishini bilganingizda, bunaqa demagan bo‘lardingiz. Ertami, indin kelib qolib, bizni ko‘rikdan o‘tkazsa, mening ahvolim kunday ravshan bo‘ladi-ku! Nima degan odam bo‘ldim?!! Bu kunimdan o‘lganim yaxshiydi!!!
— Unaqa dema, o‘zingga o‘lim tilama, Ra’no! Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deyisharmish. Nafasingni yel uchirsin! Do‘xtir kelgan kuni, men albatta o‘zim u bilan gaplashaman. Hammasini yotig‘i bilan tushuntiraman, kerak bo‘lsa, og‘ziga siqqan pulini ham beraman. Uning ham bola-chaqasi bordir. Ko‘rasan, hali ikkalamiz ahil-totuv yashaymiz, baxtli turmush kechiramiz. Sen menga keraksan! Sensiz hayotning menga aslo qizig‘i yo‘q!
     Haligacha o‘ziga kela olmay, dag‘-dag‘ qaltirab, ko‘z yosh to‘kayotgan Ra’noga yigitning gaplari samimiy bo‘lib tuyuldi.
     “Mastlik qursin-a, aroq ta’sirida nojo‘ya ish qilib qo‘ydi-da, aslida meni qattiq sevadi!” degan o‘yga borgan Ra’no biroz taskin topdi.
— Iltimos, meni tezroq olib boring, u yerda meni qidirib qolishmasin... 
 — Ha, albatta, hoziroq yo‘lga tushamiz!.
— Shavkat aka, sizga yolg‘on gapirgan odam kim? Uning kimligini mengga ayting, iltimos.
— Ra’no, tushun, buni senga ayta olmayman. Tasavvur qilib ko‘r: senga birovga aytmayman, deb so‘z bersam-u, so‘zimni ustidan chiqolmay, va’damni buzsam, menga bo‘lgan ishonchingga darz ketmasmidi?
    “Gapi to‘g‘ri, va’dasini buzolmasa, nima qilsin! Shavkat akam va’dasiga vafo qiladigan yigit!”.
   Ra’no yonida gunohkorona bosh egib ketayotgan Shavkatga tikilarkan, boyagina undan nafratlangani yodidan ko‘tarilib, qalbini yana otash muhabbat hissi chulg‘ab oldi.
    Shavkat Ra’noni ichkariga kiritib yuborib, endi orqaga qaytayotgan mahali qarshisidan Shohida chiqib qoldi.
    Bu gal Shavkat piching qilishdan o‘zini tiyib turolmadi:
— Salom berdi-ik, oppoq qiz.
  Shohida Shavkat o‘zini mazax qilayotganini tushunib, unga xuddi suvarakka tikilgandek, ijirg‘anib qaradi.
 — Maqsadga o‘ting! Nima gapiz bor edi menda?
− Avvalo biror xoliroq joyga o‘tsak, degandim.
    Ular chekkaroqqa o‘tishgach, Shavkat do‘q aralash gap boshladi:
— Menga Ra’noni buzuq, degandingiz, lekin gapingiz mutlaqo yolg‘on bo‘lib chiqdi! U qiz bola ekan!
— Yo‘g‘-ye! Siz buni qayoqdan bila qoldingiz? O‘zi shunaqa dedimi yoki-i... birga bo‘ldinglarmi?
   Bunaqa ilmoqli savoldan Shavkat kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ydi... Qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarib qo‘ymasaydi!.. Shohida yigitlar bilan uchrashib yuraverganidan ko‘zi pishib ketgani bois, Shavkatning holatidan, yuz-ko‘zidan allaqachon o‘ziga kerakli xulosani chiqarib olgandi.
  Shohida kutilmaganda xo-xolab kulib yubordi:
   — Voy, o‘lib qolaman! Ra’nodan kutsam ham, sizdan kutmagandim... Balo ekansiz-u! Rosa ichingizdan pishgan pismiq ekansiz-a!
 — Nimalar deyapsiz o‘zingizcha? — Shavkat miyasiga qo‘qqisdan kelib qolgan fikrdan suyunib ketdi. — Men uni tanish ginekologga olib borgan edim. Gapingizga aniqlik kiritish uchun. E’tiboringiz uchun, u bokira ekan! Ha, ginekologning o‘zi buni tasdiqladi!
    Hozirgi aytilgan gap to‘qib chiqarilgani Shavkatning shundoqqina yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
    Shohida Shavkatni savolga tutdi:
— Qaysi ginekologga olib bordingiz?
 — O‘zimizning poliklinikadagi tanish ginekolog do‘xtir xotinga.
 — Poliklinikalarda ginekolog bo‘lmaydi-ku.  − Shohida aslida poliklinikalarda ginekolog bo‘lish-bo‘lmasligini bilmasa-da, yigitga hujum qilayotgandi. — Ginekologiya markaziga borgan bo‘lsangizlar kerak, a?
 — Ha, ha, gapimdan adashib ketdim, poliklinika deb yuboribman, o‘sha yoqqa... haligi... ginekologiya markaziga boruvdik.
 — Adashmayotgan bo‘lsam, peshindan keyin chiqib ketdinglar, shunday emasmi? Ra’noni tushlik payti oshxonada ko‘rgandim.
 — Ha, nima bo‘pti shunga? Qachon borganimizni sizga nima daxli bor? Gapni chuvalatmay, nega bo‘hton qilganingizni gapiring!
 — Namuncha ichingiz tor bo‘lmasa! Daxli bo‘lgani uchun ham gapirayapman. Bilmasangiz, bilib qo‘ying, ginekologiya markazida ginekolog vrach soat sakkizdan o‘n ikkigacha ishlaydi! Siz u yerga bormagansiz, Ra’no bilan kayfu safo qilib kelayapsiz! To‘g‘ri topdimmi?! Gapimni bo‘lmay, oxirigacha eshiting, gapim tugasa, keyin sizni eshitaman, xo‘pmi? Men sizni laqma, go‘l, deb o‘ylasam, kechirib qo‘yasizu, qip-qizil ahmoq ham ekansiz! Qizishmang! Negaligini aytaymi? Hozir tibbiyotimiz taraqqiyoti a-aancha jadallashib ketgan! Puli to‘lansa bas, istagan juvonni bir zumda qiz bolaga aylantirib berishadi. Nima demoqchi bo‘layotganimni tushunayotgan bo‘lsangiz kerak yo yanayam ochiqroq aytaymi? Pul nimalar qilmaydi! Erta-indin yetimxonamizga tekshiruvga ginekolog kelishi kerak. Shunaqa paytlarda, boshlig‘imiz gap-so‘zga qolmaslik uchun haydovchisi bilan Ra’noni shifoxonaga jo‘natadi. Sevgilingiz esa... u yerdan bir yumalab onasi o‘pmagan qizga aylanib qaytadi! Tushunarlimi?
   Shohidaning bu qadar o‘ziga ishonch bilan gapirishi Shavkatning boshiga urilgan gurzidek bo‘lib tuyuldi! Boyagina ko‘nglida paydo bo‘lgan ishonchni yana shubha, gumon egallab, bu hislar uning yuragini ilonday  zaharlay boshladi! Yuragi “Ra’noga ishon, Shohida tuhmat qilayapti”, desa, ko‘nglidagi shubha “U rost gapirayapti, Ra’noning o‘zi ham erta-indin ginekolog tekshiruvga keladi, degandi-ku, demak, u xiyonatkor,”, derdi! Shavkat ikki o‘t orasida qoldi...
— Tuhmat! Sizning hamma gaplaringiz boshdan-oyoq yolg‘on! Sizga umuman ishonmayman!
— Ixtiyoringiz! Men sizga ishoning, deb yalinayotganim yo‘q. Ishonasizmi, yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, shuni biling: haqiqat ana shunaqa achchiq bo‘ladi!
  Ra’noning onasi nega uni tashlab ketgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Buniyam bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi: uning onasi fohisha bo‘lgan! Noqonuniy orttirgan bolasidan hazar qilib, shu yerga tashlab ketgan. Yetimxonadagi bolalarning ko‘pchiligiharomi! Men ham onamning farishta bo‘lmaganini yaxshi bilaman. Shuning uchun ayrimlardek o‘zimni pokdomon qilib ko‘rsatishga urinmayman ham! Bir maqolni eshitgandirsiz: “Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan!” Irsiyat haqidayam eshitgan bo‘lsangiz kerak? Qondan qonga, nasldan naslga kasallik ham, xulq-atvor ham o‘tadi. Kinolarda ko‘rganman, siz hayotda ko‘rgandirsiz, yaxshi oilalar kelin olishdan oldin uning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirishi bekorga emas! Yaxshi boring. Mening sizga aytadigan boshqa gapim yo‘q! Ketdim. Chao!
    Shohida ro‘parasida baqaday baqrayib qolgan Shavkatga razm solarkan, yigitni tamomila mot qilib qo‘yganiga ishonch hosil qildi va ortiga burilgancha, yotoqxonasiga kirib ketdi.
    Ayniqsa, tibbiyotdagi “yutuqlar”, Ra’noning onasi haqidagi gaplari rosa ishonarli chiqdi-da o‘ziyam! Irsiyat to‘g‘risidagisi-ku, chinakam qaqshatqich zarba bo‘ldi! Shohida irsiyat borasidagi so‘zlarni allaqaysi kinoda eshitgandi. Eshitganlari juda qo‘l keldi-da! U o‘ziga o‘zi: “Qandingni ur, Shohida! Boplading! Meni Shohida deydilar! Men senlar chiqmoqchi bo‘layotgan daraxtning shoxida yuraman! Senlar endigina shoxiga chiqsalaring, men allaqachon bargida yurgan bo‘laman!” degancha sevinchini ichiga sig‘dirolmayosdi!.. Bir tomondan Shavkatni mulzam qilib qo‘ygani unga olam-olam zavq bag‘ishlayotgan bo‘lsa, boshqa taraflama, hammaga axloq-odobdan ma’ruza o‘qib, namunali ekanligidan o‘zicha kerilib yurgan Ra’noning bugun sharmanda bo‘lgani fosh bo‘lib qoldi!!! Endigi hujum — Ra’noga! Olg‘a!                                          
  …Shohida xonasiga kirganida  Ra’noning yum-yum yig‘lab o‘tirganini ko‘rdi. Nimagadir unga dilida tugib qo‘ygan gaplarini aytish fikridan qaytdi. Aslida, Shohida Shavkat sen bilan birga bo‘lganini aytdi, kabi gaplarni to‘kib tashlamoqchi, Ra’noning tilini qisqa qilib qo‘ymoqchi edi. Ammo shundoq ham bo‘lari bo‘lib turganini ko‘rgach, “O‘lganni ustiga chiqib tepgan bo‘lmay”, degan o‘ygda Ra’noga yaqinlashib, undan hol-ahvol so‘ragan kishi bo‘ldi.
 — Nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan, dugonajon? Kim xafa qildi?
− O‘zim, shundoq, negadir ko‘nglim to‘lib ketdi, ichimdagi dardlarni ko‘z yoshim bilan bir bo‘shatib olgim keldi-da. — Ra’no ko‘z yoshlarini kafti bilan artib, Shohidaga siniq jilmaydi. — Ana, kuldim. Bo‘ldi yig‘lamayman.
—  Doimo shunday kulib yur. Senga kulgu yarashadi. Sening baxtli bo‘lishingni istayman, dugonajon.
    Shohidaning gapidan ko‘ngli to‘lqinlanib ketgan Ra’no unga minnatdorona tikildi:
− Sengayam Xudodan baxt tilayman.
   “Hm... Ichini bo‘shatmoqchi bo‘lganmish... Hademay, tez orada ichingdagi bolangni ham bo‘shatasan”, – deb o‘yladi Shohida...
    Qop-qop va’dalar bergan Shavkat, mana, oradan qancha vaqt o‘tdiki,  qorasini ko‘rsatmay, dom-daraksiz ketdi. Na o‘ngida, na uyqusida halovat bo‘lgan Ra’no hech kimga qo‘shilgisi kelmas, odamovi bo‘lib qolgan, ishtahasi yo‘qligidan cho‘pdek ozib ketayozgandi. Tadbir o‘tkazilishiga mas’ulligi uchungina, dugonalari bilan repetisiyalar qilishga majbur edi. Taassuf... ilgarilari bayramlarni shodiyona kayfiyatda qarshilab olar, tadbirlar arafasi hayajonlanardi. Hozir bo‘lsa... hamma narsadan ko‘ngli sovub, hafsalasi pir bo‘lgan.
   Bayram tantanalari ham bo‘lib o‘tdiki, Ra’noning ichiga chiroq yoqsa, yorishmas edi.
   Eng yomoni... qo‘rqqan narsasi bo‘ldi. Shifokor qizlarni navbatdagi tekshiruvdan o‘tkazgach... Ra’noning o‘ziga uning homiladorga o‘xshayotganini, maxsus apparat tekshiruvidan o‘tishi shartligini tayinlab, yo‘llanma yozib berdi! Shunda Ra’no yig‘lab-siqtab, bu haqda hech kimga aytmasligini so‘rab, iltijo qildi, biroq shifokor bu ma’lumot hozircha gumonligini, tekshiruvdan o‘tgachgina aniq bo‘lishini, buni faqatgina boshliqqa aytishga majbur ekanligini ma’lum qildi.
 — Meni to‘g‘ri tushun, har bir qizning salomatligi haqida boshlig‘ingni xabardor qilishim shart. Qolganlardan esa bu ma’lumotni sir tutishga va’da beraman, — dedi shifokor.
    Tabiiyki, ozib ketgan qizning homiladorligini qappayib borayotgan qorni oshkor qilib qo‘yadi... Shohida ham dugonasining tez-tez qayt qilishi-yu qorniga qarab, gap nimadaligini darhol fahmladi.
  — Hammadan nega o‘zingni olib qochayotganing sababini mana endi tushundim. Ra’no, kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, bilib qo‘y. Bo‘yingda bo‘lib qolgani qorningdan, ko‘ngling aynib, qusayotganingdan yaqqol bilinib turibdi. Sen Shavkat bilan albatta gaplashib, unga bor haqiqatni aytishing kerak. Nega u tarallabedod qilib, mazza qilib yurishi kerag-u, azobini sen tortib, isnodga qolishing kerak?
    Ra’no bu gapni eshitib, ko‘z oldi qorong‘ulashib, karavotga behol o‘tirib qoldi.
 — Shunchalik... seziladimi? Sharmanda bo‘ldim! — qiz ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Qo‘y, yig‘lama, sadqai ko‘z yoshing ketsin! Chaqirtir u nomardni, senga maslahatim shu!
— Shunday-ku-ya, lekin men uning turar joyiniyam, telefoniniyam bilmayman-da... Keyin... nima deyman?
— Yo tovba, manzili, telefoni, ota-onasi kimligini bilmay turib, yaxshi tanimagan kishing “Sevaman, quchog‘imga kir”, deb, laqillatsa, chuv tushib, to‘shagida yotibsan-da! Seni qara-yu... Bo‘pti, bo‘pti, yig‘lama, baribir endi yig‘idan foyda yo‘q. Yaxshisi, bundan buyog‘iga  nima qilish kerakligini o‘yla. Mening Azim degan tanishim bor. O‘shanikiga bir-ikki borganimda Shavkatni ham o‘sha yerda ko‘rgandim. Azim menga ular qo‘shni ekanliklarini aytuvdi. O‘sha orqali senga uning telefonini, manzilini bilib beraman. Dugonangman, axir. Senga jonim achiydi.
— Rahmat, dugonajon, yaxshiyamki sen bor ekansan baxtimga. Qilgan yaxshiliklaring mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin! Faqat... o‘zing telefon qilganing yaxshimidi... Agar iloji bo‘lsa, albatta... iltimos... yo‘q dema.  Men... nima deyishni bilmayapman, umuman... ovozini eshitsam, gapirolmay, yig‘lab yuborsam kerak. Xo‘p, degin, jon dugonajon!
— Bo‘pti, bo‘pti. O‘zim unga hammasini tushuntiraman. Ko‘ngling to‘q bo‘lsin!
— Iloyo baraka top, rahmat senga!
      “Nima uchun Shavkat meni aldab, tashlab ketdi? Endi nima qilaman? Odamlarning ko‘ziga qanday qarayman? Nega taqdirim bunchalar achchiq? Bunday sharmandagarchilikdan ko‘ra, tug‘ilajak bolani tug‘may turib, o‘lganim yaxshimasmi?” Ra’no yostiqni quchoqlab olgancha, achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘karkan, vijdonsiz kimsaning qo‘lida ayanchli qo‘g‘irchoq bo‘lganidan o‘kinayotgandi.
    Shu kabi javobsiz talay-talay savollar girdobida qolgan sho‘rlik qiz yig‘lashdan o‘zga chorani ko‘rmayotgandi...
  …Nihoyat kelishidan deyarli umidini uzgan kishisi... Shavkat kelganini, uni chaqirayotganini aytishdi. Yigitga intizor bo‘lib, uni ko‘rishga mushtoq kezlari, kelib qolsa, qay ahvolga tusharkinman, degan xayollar og‘ushida yurgan Ra’no bu xabarni loqaydgina qabul qildi. U muhabbatning nafratga aylanishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi. Ra’no istar-istamas kirish eshigi yoniga chiqdi.
   Qizning ta’nalar bilan limmo-lim, sovuq nigohlarga tik qaray olmagan Shavkat arang salom berdi.
 — Yaxshimisan, Ra’no? Sog‘liklaring yaxshimi?
— Sog‘ligim qachondan beri sizni qiziqtiradigan bo‘lib qoldi? Xudoga shukr, nolimayman, — deb quruq ohangda javob qaytardi Ra’no.
— Bir aylanib kelsak, degandim... Senga aytadigan gaplarim bor edi.
— Birga aylanishga kimnidir izlayotgan bo‘lsangiz, ana, shahar to‘la qiz. Gaplaringizga kelsak, sizni gaplaringizni eshitishni ham istamayman, sizga aytadigan gapim ham yo‘q!
  Ra’nodagi bu qadar keskin o‘zgarishni, uning to‘nini mutlaqo teskari kiyib olganini ko‘rgan Shavkatning ko‘nglidagi hadik battar avj oldi.
   Shavkatni Ra’noning oldiga kelishga undagan sabab aslida Shohidaning gaplari edi. Kecha Shavkatni qo‘shnisi Azim uyiga chaqirib, Shohidaning unga aytadigan o‘ta muhim gapi borligini aytdi. Salom-alikdan so‘ng Shohida bidirlab ketdi.
 — Ra’noyizning bo‘yida bo‘lib qolganidan xabaringiz bormi? Dugonalariga, shu qatori menga ham bu bola sizdanligini, bola tug‘ilsa sizni sudga berib yo uylanishingizni talab qilishini, yo bo‘lmasa sizdan aliment undirishini gapirib yuribdi. Sho‘ringizga sho‘rva to‘kilay, deb turibdi, ehtiyot bo‘ling!
      Shavkat Ra’noning ozib-to‘zib ketganini ko‘rib turardi. Tavba, quppa-quruq tarashaning naq o‘zi bo‘lib qolibdi-ku. Bu alvastining nimasini yoqtirib qoldiykan o‘shanda? Qayerdan ham shunga ilakishib, boshiga g‘alva orttirib oldi-ya?! Endi darhol chorasini ko‘rib, masalani uzil-kesil hal qilmasa, oqibati yomon bo‘ladiganga o‘xshab qoldi.
    Xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, indamaygina ortiga burilib ketayotgan Ra’noni ko‘rgach, Shavkat xayollarini yig‘ishtirib olib, jon holatda uning qo‘llariga yopishdi.
— Ketma, o‘tinaman, Ra’no, senga ikki og‘izgina gapim bor, xolos.
— Bo‘ldi, bundan buyon o‘zingizni ham, meni ham qiynamang, iltimos, meni tinch qo‘ying! O‘z holimga qo‘ying! Sizni ko‘rishni ham istamayman!
— Tug‘ilajak bolamiz haqqi-hurmati... qayt!
   Bu gapni eshitgan Ra’no “yalt” etib, unga o‘girildi.
− Gaplaringizni shu yerda aytavering, qulog‘im sizda.
—  Seni ota-onam bilan tanishtirmoqchiman. Keliningizni olib kelaman, deb keldim bu yerga. Ra’no, men seni sevaman, ishon! Seni bu yerdan uyimizga olib ketaman... ikkalamizning uyimizga. Birgalikda tug‘ilajak farzandimizni o‘stirib, tarbiyalaymiz! Meni ota-onam boshqaga uylantirishmoqchi bo‘lishgandi. Uydagilar bilan janjallashib, boshqa viloyatga, ammamnikiga ketib qolgandim. Shuning uchun oldingga kela olmadim. Kechir meni! Istasang, qarshingda tiz cho‘kib, kechirim so‘rayman!
     Ortiqcha so‘zlarga hojat yo‘q edi. Ra’noning sodda yuragi yigitning yolvorishlari qarshisida ojiz qoldi. Ra’no hatto Shavkat haqida behuda xayollarga borganidan xijolat chekib, o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Axir, Shavkat faqat uni deya, boshqaga uylanishni istamay, uyidan ketib qolgani uchun kela olmagan ekan. Ra’no esa, undan shubhalanib, turli xayollarga borib o‘tiribdi.
− Bo‘ldi, Shavkat aka, ishondim. Ketdik. Faqat ruxsat olib chiqay.
—  Ruxsat olib nima qilasan, hali ota-onam sovchilikka kelishganda, o‘zlari bilib olishadi. Endi bundan buyon ruxsat so‘rab o‘tirishngning ham mutlaqo keragi bo‘lmaydi.
    Shavkat mashinada kelgan ekan. Ular mashinaga o‘tirishib, yo‘lga tushishdi. Shavkat mashinani shahar chetiga, daryo bo‘yiga qarab haydadi.
— Qayoqqa ketayapmiz? Nega ovloq joyga qarab haydayapsiz?
— Xavotirlanma, uydagilarning oldiga borishdan avval, daryo labida sen bilan bir sayr qilgim keldi. Maylimi? Tabiat qo‘ynida, tashvishlarni bir zumga unutib, manzaralarning go‘zalligidan bahra olsak, kayfiyatimiz chog‘ bo‘lib, uyga boramiz. Hozirgi holatingda juda g‘amginsan... Mana, yetibam keldik, tush mashinadan. Birpas daryo sohilida birgalikda aylanamiz.
   Ular shiddat bilan oqayotgan daryo labida birga aylanisha boshlashdi. Daryo bo‘yidagi tik nishablik yoniga kelganlari mahal Shavkat to‘xtadi.       
   Ra’no qattiq hayajondan qayerda yurganini ham unchalik anglay olmasdi! Nahotki... butun orzulari ro‘yobga chiqsa?! Qanchalar qo‘rqqandi-ya! Shavkat uni tashlab ketdi, degan fikrlardan tamoman aqldan ozay deyayozgandi! Bugun esa undan baxtli odam bormikan?!
 — Shunday qilib, mulla sendan menga o‘zingni tan mahramlikka topshirishga rozi yoki rozimasligingni so‘raydi. Kel, men mulla bo‘lib, senga savol beraman. Sen javob berasan. Kelishdikmi?
   Ra’no uyalinqirab, bosh irg‘adi.
 — Xo‘-o‘-o‘sh, Ra’noxon... Iye, otangning ismini bilmayman-ku. Otangning ismi nima?
 — Xurshid.
 — Otangni ko‘rganmisan o‘zi?
 — Yo‘q, bu ismni yetimxonadagilarning  o‘zlari qo‘yishgan...
— Davom etamiz... Ra’noxon Xurshid qizi, siz o‘z inon-ixtiyoringiz ila o‘zingizni Shavkat Abbos o‘g‘liga tan mahramlikka bag‘ishlaysizmi?
   Oraga sukunat cho‘kdi.
— Men javob kutayapman.
— Hali uch marta bo‘lmadi-ku.
  To‘satdan Shavkat tutaqib ketdi.
— Hali sen, otasi, onasi kimligini bilmaydigan haromi, nimangga ishonib menga tegaman, deb o‘ylayapsan-u, nimangga noz qilib, uch marta savol so‘raydi, deyayapsan?
     Ra’noga bunday kutilmagan haqorat tarsaki kabi tushgani kamdek qilgandek, Shavkat uning yuziga chinakamiga ikki-uch bor shapaloq tortib yubordi! Kutilmagan holatdan Ra’no o‘zini tamomila yo‘qotib qo‘yib, gangib qoldi!
— Hali sen meni sudga berib, aliment undirmoqchimisan? O‘ynashlaringdan orttirgan bolang uchun men aliment to‘laymanmi hali? Sen oila sha’ni nimaligini bilasanmi? Oilang bo‘lmagandan keyin oilaning qadri, sha’nini qayerdanam tushunarding?! Sen buzuqi, oilamiz sha’niga dog‘ tushirmoqchimisan hali? Chuchvarani xom sanabsan! Meni o‘z holimga qo‘yganingda bunaqa bo‘lmasdi! Buni tushunmading! O‘zing-ku, haromi bo‘lib tug‘ilgansan, shuning uchun, seni o‘zingga o‘xshagan yengiltak, fohisha onang tashlab ketgan. Ammo sen, onangdan ham battar tubansan! Bilasanmi, nega? Onang sen haromzodani hech kimga majburlab tiqishtirmagan, yetimxonaga tashlagan-ketgan, sen bo‘lsa o‘zing singari harom bolangni mening bo‘ynimga ilmoqchisan! Meni ahmoq deb o‘ylab, aldamoqchi bo‘ldingmi? Dunyoga keltirmoqchi bo‘lgan bolang ham, agar dunyoga kelgan taqdirda ham, xuddi o‘zingga o‘xshagan bo‘lardi! He, onangni.....
    Eshitayotgan gaplaridan yuragi larzaga kelib, chiday olmasdan yig‘layotgan Ra’no ovoz chiqarib, o‘z-o‘ziga gapira boshladi:
− E, Xudojon! Tezroq jonimni olib qo‘ya qolsang-chi! Bundan ko‘ra o‘lganim ming marta yaxshi edi!
— Ha, to‘g‘ri aytding. O‘lganing yaxshi. Sen ham qutulasan, men ham qutulaman.
    Shavkat kutilmaganda Ra’noni quturib daryoga itarib yubordi.Sirtidan sokindek ko‘rinadigan, ammo shiddat bilan oqayotgan daryo girdobi qurbonini shu lahzaning o‘zidayoq yutib yubordi...
   ...Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas Shavkatni uylantirishdi. To‘y kuni bo‘kib ichib olgan Shavkat, chimildiqqa kirganda... kelinning o‘rniga... Ra’noning o‘tirganini ko‘rib, esxonasi chiqib ketayozdi!
   U ko‘ziga siymosi qayta-qayta ko‘z oldida paydo bo‘layotgan Ra’noni boshqa ko‘rmaslik, vijdon azobidan xalos bo‘lish, o‘ylamaslik, bo‘lib o‘tgan voqealarni unutish uchun faqat aroq ichish bilangina kifoyalanib qolmasdan, tanishlaridan so‘rab-surishtirib, nasha toptirdi va nashavandlikka ham mukkasidan ketdi. Shavkat halovatini tamoman yo‘qotgandi. Nazdida, Ra’noning bezovta ruhi uni tinimsiz ta’qib qilayotgandi. Ko‘zini yumdi, deguncha, qizning o‘lim oldidan yolvorib tikilganlarii xotirasida namoyon bo‘laverardi. U ichib, chekib olgandagina, sal bo‘lsa-da, bu og‘ir vijdon azobidan qutulgandek bo‘lar, lekin endi unga turli sharpalar ko‘rina boshlardi. Ra’noni ko‘rgandan ko‘ra, shu mavhum, qo‘rqinchli sharpalarni ko‘rishga ham rozi edi...          
     Shunday kunlarning birida, mast holatda shahar markazida yurganida uni milisiya xodimlari to‘xtatishdi. Shaxsini aniqlash uchun shu yaqin atrofda joylashgan jamoat xavfsizligini qo‘riqlash bo‘limiga olib borishdi. Tekshiruv payti Shavkatning cho‘ntagidan giyohvand modda solingan quticha chiqdi...
    Daryoda shaxsi noma’lum, ayol jinsiga mansub shishib ketgan jasad cho‘milayotgan bolalar tomonidan ko‘rib qolinib, milisiyaga xabar berilgan va murda haliga qadar o‘likxonada edi. O‘sha bolalar bundan to‘rt-besh hafta burun daryo bo‘yiga kelgan mashinani ham eslab qolishgan ekan. Xullas,   tezkor tergov-surishtiruv tadbirlari asosida ayolning shaxsi, uning ikkiqat bo‘lganligi aniqlandi. Tergovchilar bir tarbiyalanuvchilari yo‘qolib qolganligi haqida ariza berilgan bolalar uyida ham bo‘lishdi. Rahbar bilan, Xolis opa bilan suhbatlashishdi. Ayniqsa Xolis opaning ko‘rsatmalari ko‘p sirlarga oydinlik kiritdi. Ra’noning yo‘qolib qolganidan vahimaga tushib yurgan Shohida ham yig‘lay-yig‘lay bor gapni aytib berdi.
    Rad etib bo‘lmaydigan dalillar keltirilgach, Shavkat aybini bo‘yniga olishdan va o‘z aybiga iqrorlik arizasini yozib berishdan boshqa iloji yo‘qligini tushundi... 
     Asablari chiday olmagan Shavkat to‘satdan baqira boshladi:
− Men o‘ldirdim! Men o‘ldirdim Ra’noni! Men!..

Muzaffar MUHAMMADNAZAR. 2000 yil.
Manba: "Bekajon" gazetasi.

   Audio hikoyani O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor, rejissyor va dublyaj ustasi - Faxriddin Shamsimatov o‘qidi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот