“O‘ZIMDAN O‘TGANLARINI O‘ZIM BILAMAN”


San’atkor xonadonida


Sherali  Jo‘rayev:
“O‘ZIMDAN  O‘TGANLARINI O‘ZIM BILAMAN”

    
   O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti laureati Sherali Jo‘rayev bilan suhbatlarimizni muxlislari hamisha orziqib kutishadi. Ko‘p o‘qigan, ko‘pni ko‘rgan, hayot ilmini, san’at ilmini chuqur egallagan bu insonning  suhbatlaridan ko‘p bora bahramand bo‘lganmiz  va   ulardan birini sizga ham ilindik.
- Sherali aka, Najmiddin Kubroda “Ko‘rdimki, eng yaxshi do‘st ilm ekan” degan gap bor. Bugun san’at ilmi haqida gaplashsak. O‘tgan galgi suhbatlarimizda axloqsiz qo‘shiqlar haqida ham suhbatlashgan edik. Axloqsiz qo‘shiqlarning odamga  ma’naviy  jihatdan zarar yetkazishi haqida Abdulla Qahhor “Yoshlar bilan suhbat” kitobida alohida ta’kidlagan edi. Oradan shuncha yillar o‘tib hamki, qo‘shiqchiligimizdagi muammolar haqidagi bahsu-munozaralar tugamayapti.
- Gripp kasaliga yo‘liqqan bemor bitta o‘zini emas, ehtiyot bo‘lmasa ,atrofidagilarini ham kasal qiladi. Bora-bora hamma tuzalishi mumkin. Ba’zida katta yoshdagilar tuzalib, bolalarda  esa kasallikning  asoratlari qolishi tabiiy hol. San’atda ham shunday. Siz aytgan axloqsiz qo‘shiqlarni, ilm bilan aytilmagan qo‘shiqlarni ko‘pchilik san’at deb qabul qiladi. Yosh bolaga issiq yonib turgan pechkani ko‘rsatib bu qo‘lingni kuydiradi, tort, deng-chi,quloq solarmikan? Afsuski, bola buni tushunmaydi va  issiq pechkani ushlaydi. Kuygani yillar o‘tgach bilinadi. Kuyganida esa qirq yoshni urib qo‘ygan bo‘ladi. Chet ellarda bo‘lganimda, ishlagani yoki o‘qigani ketgan  yigitlar “Sizni endi tushundik. Boshqa ashulalar qonimizni mazza qildirmayapti. Qo‘shiqlaringizni eshitib qon yurishi normallashdi” deyishadi. Ular shu choqqacha  nimalarni eshitishmadi  deysiz,  necha martalab “maza”lari  qochdi, necha yillar kerak bo‘ldi “maza”ning ta’mini totish uchun. Hayot faqat o‘yindan iborat emas. O‘yin diskotekada bo‘lishi mumkin. O‘ynab chiqib ko‘chaga chiqandan keyin hayot boshqacha-da. Yo‘q, hayot degani bu emas, hayot degani boshqa narsa, deb bolalarimizga o‘rgatib, tushuntirib borishimiz kerak. Ilgari  ashulalarni aytmasdan oldin ma’nisi tushuntirilardi. Bugun unday emas. Hamma xohlagan gapini kuyga  solib aytib yotibdi. Men yangi chiqqan xonandalarni eshitayapman, ammo eshitolmayman. 
- Qo‘shiq  aytmay qo‘ygan paytlaringiz ko‘p bo‘lganmi? Buning sabablari nimada?
- Bo‘lgan. Lekin bir marta qariyb bir yilga cho‘zilgan. Aytolmay qoldim-da nima deysiz endi. Kunlarning birida  uyimning ikkinchi qavatida yotibman. Ishkomdagi uzumning bargi meni uyg‘otayapti. Barg qayrildi  va ikkinchi tomonida  chiroyli ayolning suvrati ko‘rindi. O‘rnimdan turib telekanallardan birini buradim. “Hindiston” kanali ko‘rsatayotgan ekan. Unda  Ozarbayjonning “Segoh” maqomi hindcha yangrayapti. Demak, “Segoh” Hindistonda ham chalinar ekan. Voh-h, shuni eshitib mazza  qildim. Darrov xayolimga “Ey gul, yonog‘ingni yashirma mendan”degan satrlar keldi  va shu yerda yangi qo‘shiq tug‘ildi. Uzoq vaqt qo‘shiq aytmay qo‘yganimning sababini so‘radingiz. Bu yerda boshqa gap ham bor. Dunyoda odamzod ko‘rmaydigan juda ko‘p narsalar bor bu dunyoda. Qanchadan qancha yondosh olamlar kuzatib turgandir bizlarni. Siz bilan biz ko‘rmaymiz bularni. Ko‘p narsalarni bilamizu, lekin bilmaganlikka olib qo‘yamiz. Ularning ichida o‘ziga yarasha yomon harakat ko‘rsatayotganlari ham bor. Sizga iloji boricha yomonlik qilishga harakat qilayotganlari bor. Hatto suratingni olib, nina sanchayotganlari-da bor, lo‘lilarga borib kuf-suf qildiradiganlar,  qo‘lidan kelgan yomonliklarini  qiladiganlar bor. Axir  Rasulluloh sallalohu alayhi va sallamni yotqizib, olti oylab  uyidan chiqarmay  qo‘ygan yovuz kuchlar bor. Ammo Egam hammasini  ko‘rib bilib turibdi. Har bir odam qilgan  qilgan yomonligi uchun o‘z jazosini olib kelgan va oladi.
- Golivvudning dunyoga tanilgan eng ayrim mashhur artistlari farzandlarining  mashaqqatli, azobli yo‘llarni bosib o‘tishini xohlashar va o‘z hollariga qo‘yishar ekan. Sizda bu holat qanday kechgan?
- O‘sha san’atkorlar to‘g‘ri qilishadi. Shunday bo‘lishi kerak. Sababi, bolalar qiynalmasa foydasi yo‘q. Men o‘g‘illarimni birin-ketin ataylab Andijonga, qishlog‘ga jo‘natgandim. O‘sha yerda yashab hayotni o‘rgan, qiyinchilikni ko‘rgin, to‘ylar chiqib qolsa pul topib qorningni to‘yg‘az, tirikchilingni qil, sabrli bo‘l, deb ataylab shunday  yo‘l tutganman. Bu butunlay boshqa hayot. Televizordagi hayot butunlay boshqa. Men o‘zimdan o‘tganlarini o‘zim bilaman. Bu haqda ko‘p gapirganman, yana aytaveraman. Qirg‘izistonda Kampirobod  degan joy bor. Bir tomoni O‘zganga, ikkinchi tomoni Jalolobodga tutash bo‘lgan joyning o‘ng tomonidagi yaylovlar bobomga tegishli bo‘lgan. Butun Farg‘ona vodiysiga o‘sha yerdan suv keladi. O‘sha yerlik odamlar bobomdan mollariga yem  so‘rashar  va bobom saxiylik qilib berib yuborar ekanlar. Sovetlar bostirib kirgach, ularning  yerlarini, bobom  va boshqalarning mol-mulkini tortib olishib, uylarini  buzib tashlashgan. O‘shanda hamma narsadan ayrilishib, hollari zabun bo‘lib, oddiy ishchiga aylanib qolishgan. Hamisha mehnat qilib yurgan otam nima qilishini bilmasdan, o‘zimiz boqib beramiz, deb ulardan 500 ta qo‘ylarini so‘rab olganlar. Vaholanki, shu qo‘ylar o‘zlarining mulki bo‘lgan. O‘shanda otamning otiga mingashib  dashtlardan, tog‘lardan o‘tardik. Akam 500 ta qo‘yning har birining belgisini tanirdi. Zokir akam hozir 70 yoshdan oshgan, haliyam bolalariga ishonmasdan qo‘y boqadi, shu  yoshida uloq chopadi, ot haqida-ku,  bir yil tinmasdan gapirishi mumkin. Dunyodagi eng to‘g‘ri odam shu, deyman Zokir akam haqida. Keyinchalik otam o‘sha qo‘ylarni qaytarib sotib olgan. O‘sha yillari  odam qo‘li bilan bajariladigan barcha og‘ir mehnatlarni bajarganmiz. Ochlik, sovuqlik, g‘ariblik, haqoratlaru, tahqirlanishlarning barchasini boshdan o‘tkazganmiz. Tog‘larning ichiga, boshqa millatlarning ichiga kirilardi, u yoqqa o‘tsak ham haqorat qilishardi, bu yoqqa o‘tsak ham haqorat eshitardik. Biz o‘zi kimmiz, derdik. Otam juda mehmondo‘st odam edilar, xohlagan paytida qo‘ylarini  so‘yardilar,kelmagan odamni sudrab ob kelib mehmon qilardilar. Otamning otiga mingashib Qamchiq  dovoniga o‘xshagan yana besh-oltita dovondan o‘tib, dalalardagi, dashtlardagi gulu-chechaklarni diqqat bilan kuzatardim, ularga to‘ymay tikilardim. Endi o‘sha manzaralarni topolmayman.Endi faqat borib ko‘rish kerak,agar qolgan bo‘lsa. U nafas,u havo baribir endi yo‘q. U manzarani, u go‘zalliklarni  ashulachi bo‘laman, elning ko‘nglidan joy olaman, degan odamlar ko‘rishlari kerak, chin yurakdan his qilishlari kerak.
- Bir muxlisingizning aytishiga qaraganda, 33-35 yoshingizda konsert qo‘ygan ekansiz va tomoshabinlar orasida rusiyzabon millatiga mansub bo‘lgan insonlar borligini inobatga olib, “Mama” degan rus tilidagi qo‘shig‘ingizni kuylagan ekansiz. Bir rus ayoli qattiq ta’sirlanib yig‘lagan va “uning   qo‘shiqlari ilohiyot bilan bog‘liq” degan ekan. Nega yana boshqa tillarda qo‘shiqlar kuylamadingiz?
- Kuylasam bo‘lardi. Institutda qo‘shiqlar aytib ancha tanilib qolgan edim. Operachilikda iqtidorim borligini bilishib, meni Italiyaga olib ketmoqchi bo‘lib odamlar kelgan. Ikki o‘t orasida qoldim. ”Opera qonimda bo‘lmasa,bobolarimning ham qonida yo‘q, opera zo‘r san’at, o‘zim ham yaxshi ko‘raman, lekin opera boshqa dunyoning san’ati. Men xalq yo‘lida ashula aytadigan odam bo‘lsam. To‘g‘ri, teatrda opera  qo‘shiqlari aytib tanilib ketishim mumkin. Qaytib kelganimdan keyin shinavandalarim  meni qabul qiladimi-yo‘qmi? Ularning oldida kim degan odam bo‘laman?” deb menga qarsak chalayotgan, qo‘shiqlarimni eshitayotgan shinavandalarimni ko‘zim qiymay Italiyaga bormaganman. Boshqa tillarda kuylash juda oson. Boshqa tillarda qo‘shiq kuylashdan osoni yo‘q. Ozarbayjon, qirg‘iz, tojik tillarida qo‘shiqlar kuylaganman. U paytlarda bizda til o‘rganishga, chet tillarga borib qo‘shiq kuylashga  imkoniyat  qayda deysiz? Angliya, Amerika va boshqa chet davlatlarga chiqish yetti uxlab tushimizga kirmasdi. Bugun  mustaqilligimiz tufayli san’atkorlar uchun barcha imkoniyatlar  yaratilgan. Xohlagan tilida qo‘shiq kuylashi  va chet ellarga borib qo‘shiq  kuylashi mumkin. Bolalarimga ham til o‘rganinglar, imkoniyatlarimizdan foydalaninglar, deyman. Til o‘rganmaganligim  ichimdagi  eng  katta armonim. 


 Bilishdan sira uyalmaslik kerak

- Uyqusiz tunlarni boshidan o‘tkazmagan odam qanday  qilib yaxshi qo‘shiqchi bo‘la olsin? Shirin uyqudan voz kechish kerak, halovatlardan voz kechish kerak. Axshi san’atkor bo‘laman degan yoshlar bilmaganlarini so‘rasin, kitob titkilasin. Har doim tilshunos,adabiyotshunos olimlardan bilmaganlarimni so‘rab kelganman. Hozirgacha  yosh olimlardan so‘rab turaman. Yarim tunda uyg‘otib, ulardan uzr so‘rab  g‘azallardagi  o‘zim tushunmagan so‘zlarning ma’nosini qayta-qayta so‘rab olaman. Bilishdan  sira uyalmaslik kerak, tortinmaslik kerak.
  Hamma yaxshi-yu, bir siz yomonsiz
  Hayot juda katta maktab. O‘zingizni bir taftish qilib ko‘radigan bo‘lsangiz o‘zingizdan yomon odam yo‘qdek. Hamma yaxshi-yu, birgina siz yomonsiz. Chunki hayotingizda ko‘p yaxshiliklar qilishingiz kerak edi, maqtangulik ish qilmabsiz, qilayotgan  ishlaringiz odamlarga yoqayapti-yu, ammo o‘zingizga yoqmay turibdi. Hayotning odamzod   anglab yetgan falsafasimi bu, bilmadim...
  Hayot boshqa, kitob boshqa
  Odamzodni kitobda ko‘rsangiz boshqa, hayotda esa unday emas. Gul hayotda chiroyli, kitobdagisi esa chiroyli emas. Odamzodga Alloh tomonidan berib qo‘yilgan imkoniyatlar juda katta. Xohlagan ishini qilishga ixtiyor berilgan. Faqat hammasi yaxshilik yo‘liga bo‘lishi kerak. Odam biron nimadan yomonlik axtarmasligi lozim. Bizning eng katta xatoimiz- bir-birimizdan yomonlik qidiramiz va albatta, topib olamiz. Biron odamga yomonlik sog‘indikmi, bas, shu yomonliklar o‘zimizga yozilar ekan. Bu qonun. Alloh odamzodni nega dunyoga keltirdi? Bir-birimizga yaxshi gapirish, yaxshilik qilish, yomonlikdan qaytarish - bizning farzimiz shu. Qo‘shiqchilikda ham shu. O‘g‘illarimga ham shu haqda ko‘p gapiraman. Biz qilmagan yaxshiliklarni qilishsin. Birovga yomonlik qilgan bo‘lsak, Allohdan kechirim so‘raymiz.
--------------------------------------------------------------------------------------
- Sherali aka, xonadoningizda  elimizning eng taniqli, bilimdon  insonlari bilan qilgan qizg‘in muloqotli disklaringizni muxlislaringiz har gal miriqib eshitishadi, ma’naviy oziq olishadi. Bilsak bo‘ladimi, nega o‘tgan kunlar yodingizga tushib kuylaganingizda diydangiz to‘lib yig‘lay boshlaysiz,boshqalarni ham yig‘latasiz. Nimalar sizni yig‘latadi?
- Qo‘shiq kuylayotganimda ularda bo‘lib o‘tayogan voqealarning, kechinmalarning ruhiyatini his qilmasam, meni ta’sirlantirmasa, shu qo‘shiqni kuylamayman. Kechinmalarimni o‘zim ko‘rmasam aytolmayman. Voqealar kinofil’m lentalaridek birma-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. O‘shanda diydam to‘lib, ko‘zlarimga yosh to‘lib keladi.



Ehtiyot bo‘lish kerak


  Har bir narsani qo‘shiq qilib aytishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Shoir o‘zining boshidan o‘tkazgan dardini  yozadi, qo‘shiq qilib kuylash mumkin bo‘lgan joylari bor, mumkin bo‘lmagan joylari ham bor. She’rni bir o‘qiganda odamga yoqadigan tomonlari bo‘lishi mumkin. Lekin bunday she’rlar yozgan odamini ham, kuylagan odamini ham jarga qulatadi. Bu bitta odamning dardi, ko‘pchilikniki emas. Uni aytsangiz  ichidagi “aura”si vujudingizga yopishib qoladi  va shu voqea sodir bo‘lmasdan qolmaydi. Chunki o‘zimning boshimdan o‘tkazganman va ehtiyot bo‘laman, har bir jumlani o‘ylab,mulohaza qilib   ko‘raman, yetti o‘lchab bir kesaman. Shogirdlarimga ham bu haqda ko‘p aytganman. She’r bitgan, qo‘shiq kuylagan odam yaxshi niyat bilan ijod qilishi kerak.

Ertaga nima bo‘ladi, derdim

  San’atkor o‘zining yurish-turishi, xatti-harakati bilan eng avvalo bolalariga o‘rnak bo‘lishi kerak.Ota aroq ichsa, sigaret cheksa,nojo‘ya yo‘llarga yursa,bolalar ham otaga taqlid qiladi. Bolalarim bir paytlar menga o‘xshab mo‘ylab qo‘yib olardi. Ularga qarab hayron bo‘lardim. Yoshligimda ko‘cha-ko‘yda biron ortiqcha xatti –harakat qilish haqida o‘ylamasdim ham.Tarbiyamiz shunday bo‘lgan. Ichimdan ezilib ketsam ham yomon ishni qilmasdim. Ertaga nima bo‘ladi, derdim. Yomon xislatlarimiz bolalarimizga yuqib qolmasligi kerak. Men o‘zimni zo‘r odam deb hisoblamaganman. O‘zimdagi yetishmovchiliklarni ular takrorlashini xohlamayman.

- Sherali aka,”O‘zbegim”, “O‘zbekiston Vatanim manim”,”Inson o‘zing”  kabi  deb nomlangan  qo‘shiqlaringizda  mardonavorlik,ulug‘lik  bor, Vatanning bir parchasi bor. Konsertlarda, yig‘inlarda odamlar sizga jo‘rovoz bo‘lib kuylashgan. Chet elning eng mashhur xonandalari ham yurt,Vatan haqidagi qo‘shiqlarni aytib odamlarni ortidan ergashtira olgan. Savolim: Vatan haqida aytgan yangi qo‘shiqlaringiz bormi? Ikkinchi savolim, o‘zingiz aytishga ulgurgan va ulgurmagan  qaysi mavzularni o‘g‘illaringizga meros qilib qoldirmoqchisiz?
- O‘ylab ko‘rsam, biz mavzu qidirib kirmagan ko‘cha qolmagan ekan. Qidirsa mavzu  juda ko‘p. O‘zbekning maqomi hali ochilmagan  qo‘riq. Biz o‘zimiz bilmagan joylari ehe, qanchadan-qancha...O‘g‘illarimga “Shoshmaqom”ni chuqur o‘rganinglar, ortinglardagi “bagaj” to‘lib boraveradi” deb o‘qtiraman. Eshitmasa bo‘lmaydi. Eron, Hindiston, Yevropa musiqalarinini eshiting,ular ham kerak, lekin birinchi navbatda o‘zimizning maqomlarni eshitish kerak. Hozirgi kunda aytilayotgan qo‘shiqlar hammaga ham yoqishi mumkin, bir soatga yoki uch kunga, ana boring, uch oygacha yoqishi mumkin. Bora-bora uni eshitmay qo‘yasiz,jonga tegadi. Sababi, bu narsa qonimizda yo‘q, singimay turveradi. Yengil-yelpi qo‘shiqlarni  aytayotganlar o‘qimagan, kitob titkilamagan, mashaqqatlarning, azoblarning  katta  qozonida qaynamagan. Men o‘g‘illarimga mavzuni o‘zlari qidirishlarini, o‘zlari axtarib topishlarini hamisha aytib kelganman. Birinchi savolingizga javobim,Vatanim,yurtim haqidagi qo‘shiqlarni umrimning oxirigacha, tanda jonim qolgunicha kuylab o‘taman. 
- Xitoy donishmandi Konfutsiyning ”Hech kim senga do‘st emas, dushman ham emas, lekin har bir inson sen uchun ulug‘ ustozdir” degan ekan. Shu hikmatli so‘zlarga munosabatingizni bilmoqchi edik?
- Haqiqatdan ham hayot yo‘lingda uchragan yaxshimi-yomonmi, odamlarning har biri biz uchun ustoz. Ular sizni ehtiyot bo‘lishga o‘rgatadi. Ogoh bo‘lishga o‘rgatadi. Menga bir voqeani eslatdingiz. Yonimda yurib menga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan “ustoz”larim bo‘lgan. Yoshligimda filarmoniyada ishlab yurgan kezlarimda, boshqalar 27 ta konsert qo‘yishsa, men bir oyda 45 ta konsert qo‘yardim.  27 ta konsert qo‘yganlar 220 so‘m maosh olishsa, men 45 ta konsert qo‘yib 150 so‘m maosh olardim. Dam olish degan narsaning o‘zi yo‘q. Tinim bilmay konsert qo‘yardik. Lekin maosh o‘sha-o‘sha. O‘sha yili “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida san’atkorlar haqida fel’eton chiqqan. O‘shalarning ichiga men ham kirib qolganman. Meni falon idoraga chaqirishgan, qabulxonada bir rus kishisi o‘tirgan ekan. She’rlarimni uning oldida noto‘g‘ri tarjima qilishib, rosa oborib olib kelishgan. “Men nima qildim, gunohim nima, hech qanday g‘aliz qo‘shiq aytganim yo‘q” desam-da, xatom nimadan iborat ekanligini aytib berishmagan. Ularning boshida men ustoz deb biladigan yoshi ulug‘ inson ham turgan. Xato topisha olmaganlaridan keyin o‘sha kishi “Sen nega bizning oldimizga kelmay, g‘uddayib bir chetda turasan?” deb do‘q qilishgacha borgan. Ko‘rdingizmi?  Mana mening aybim!  Mana, mening xatoim! Otam bizga kattalarning oldiga hadeb chopib boraverma, qo‘l qovushtirib bir chetda tur, deb tarbiya berganlar. Shuning uchun ham o‘g‘illarimga o‘zingdan kattalar bilan darhol qo‘shqo‘llab  ko‘rish, deb o‘rgatib qo‘yganman. Bizni yomon ko‘radiganlar bor. Nima uchun yomon ko‘rishlarini bilmayman. O‘shalarga ham hamisha insof bersin, ularga ham yaxshiliklarni tilayman. Negadir o‘zlarini solishtirib achchig‘i keladiganlar bor. Bu taqdir ilohiy. Har bir bandasini shunday yaratdi va shunday yo‘llarga solib qo‘ydi. Uni ko‘rdik, buni ko‘rdik. Hammasini ko‘rib endi bir taroziga ham solib ko‘r, dedi. Taroziga solinsa, xatolarimiz judayam ko‘p. Xatolarim ko‘rinib qolmasin, deb ko‘chaga ham kam chiqaman (kuladi). Eng muhim narsani unutmasligimiz kerak. Yurtimizga hamisha fayzu-baraka so‘rashimiz, undan keyin o‘zimizga so‘rashimiz kerak. Shuni so‘rasak, hammasi joyida bo‘ladi. 

Mehriniso QURBONOVA suhbatlashdi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот