UCHRASHUV


Abduqayum YO‘LDOSHЕV

UCHRASHUV
Ballada

Og‘ir kun — dushanba,
Tong sahar palla,
Junjikib bekatga kirganim zamon,
Uyqusi o‘chmagan badqovoq to‘da
Meni surib ketdi vagonlar tomon.

Kirtaygan nigohlar,
Bo‘shashgan tanlar,
Bemajol tirsaklar oqimi aro,
Men tuyqus ortimga o‘girildimu...
Peshonamga chaqmoq urildi go‘yo!

Men ko‘rdim,
Men ko‘rdim,
Ko‘rdim, xudoyim,
Sen o‘zing turarding ustun yonida —
Loyqa oqim ichra sarvday mag‘rur,
Yumushga shoshganlar izdihomida.

Men ko‘rdim,
Bu o‘zing eding, azizam,
Suyuklim, yagonam, quvonchim, baxtim!
Men axir shuncha yil tentib devona
Bir seni, bir seni, seni izladim.

Nihoyat uchrashdik!
Hazor shukrona,
Endi ayrilmayman sendan to so‘ng dam...
Nahot ko‘rmayapsan? Menga bir qara!
Bu men chorlayotgan, menman, azizam!..

Nega yuksaklarga tikding nigohing,
Men axir pastdaman, olomon aro.
Sen bir zum quyiga razm sol, jonim,
Sen bir zum badqovoq to‘daga qara.

Nahot ko‘rmayapsan,
Bu menman, yorab!..
Men o‘zim yoningga boraman shu on!
Biroq pishillagan badqovoq to‘da
Meni surib ketar vagonlar tomon.

“Meni qo‘yib yubor, so‘qir izdihom!
Shilimshiq changaling bo‘shat bir lahza!
Meni qo‘yib yubor!..”
O‘krab yig‘layman,
Bundaman, azizam, menga bir qara!

Yig‘lab yolvoraman: “Qo‘yvor, olomon!..”
Azizam, hech qursa ovozim eshit.
Oyog‘im uzilar yerdan nogahon,
Yuzimga qarsillab yopilar eshik.

Poyezd qo‘zg‘aladi.
Qanisan, jonim,
Suyuklim, yagonam, quvonchim, baxtim!
Men axir shuncha yil tentib devona
Bir seni, bir seni izlagan edim.

Yorab, ulgurmadim!
Chayqalar vagon.
Zim-ziyo ko‘ksiga yutadi bo‘shliq.
Tepamda xirillar charchoq suxandon:
“...yo‘nalishning so‘nggi bekati “Yo‘qlik”...”
------------










BUXORO
ONAJONIMGA XAT...
JANNAT POYIDAGI DUO
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот