ONAJONIMGA XAT...


Gulichehra DURDIYEVA

ONAJONIMGA XAT...

   Yuragim guppilab urib ketyapti, onajon boshimni silang shu kecha. Bardoshim chokidan so‘kilayapti, onajon yonimga keling shu kecha. Ko‘nglim ko‘zgulari tirnalib ketdi, so‘zlar qovushmadi to‘kilayapti.
 Onajon, o‘zimni qanday ovutay, sog‘inchning tobiga qanday beray dosh. Bir o‘zim yelkamda shuncha dard bilan, to‘kilib boryapman, yetmaydi bardosh. Ayting, men endi nimani kutay, o‘zimni qandayin ovutay, ona? Bir o‘zim diydirab, bir o‘zim qaqshab, qay yupanch izidan yuguray yana.
   Onajon o‘zimni aldab yashadim, armonlar, azoblar yig‘lab qolsin deb. Onajon, o‘zimni sizlab yashadim, o‘zimdan boshqani panoh bilaymay, deb. Labimda tabassum, yuzimda kulgu, onajon o‘zimni ayab yashayman, eng to‘kis baxtga men ega bo‘ldim deb, keragida o‘zimni avrab yashayman.
  Ko‘rkam shaharda ko‘krak kerolmay, onajon mung‘ayib o‘tib ketayapman. Barcha sitamlarni ichimga yutib, sog‘inch degan yukni ortib boryapman. Toshkentning yo‘liga ko‘zini tikib, yolg‘izgina opam tushlar ko‘radi, ko‘zlari ko‘rolmay xiralab qolgan, to‘ng‘ich akam mendan xafa bo‘ladi.
   Men-chi, men, bir yilda, bir bor borolmay, ro‘zg‘orim g‘orini o‘ylab yuraman. Do‘stim kim, dushman kim, farqiga bormay, hammaga, bosh egib salom beraman. O‘zimcha mehribon, o‘zimcha g‘amxo‘r, bir ona meningcha bo‘larda deyman, qizlarim ko‘ziga muloyim boqib, boriga shukrlar etay-da deyman.
   Aslida, oqibat yiroqlab ketdi. Sog‘inchning bo‘ylari osmonga yetdi. Yo‘llarga intizor termulib turgan, dadamning ruhlari uzoqqa ketdi. Bag‘rim tosh, ko‘zim yosh, o‘zim-chi bebosh, yolg‘ondan qadrimga o‘ksiyman ona, shunchalar olismi, Buxoro deya, o‘zimdan o‘pkalab, yashayman yana.
Ko‘zlarimdan o‘tdi siymolaringiz, boshimni bir silab qo‘ying onajon, tushimda bo‘lsa ham jilmayib mayin, menga yo‘l ko‘rsatib turing, onajon. O‘zimcha mag‘rurman, o‘zimcha dono, ba’zan havolanib ketaman ona, ozorlar oralagan umrim yo‘liga, soxta naqshlarni solyapman mana. O‘zingiz parvona, ruhingiz panoh, men sizga bir muddat dardimni aytay, Onajon, bir zumga yonimga keling, hidlaringizga bir marta to‘yay.
   Bugun men yig‘ladim, sog‘inch qiynadi, ojiz qoldim uning qoshida ona, qo‘llarimdan tortib xayollar aro, sizga olib bordi dildagi ma’vo. Agar eshitsangiz tuyg‘ularimni, shu kecha yonimga keling, onajon. Bir zumga, bir nafas bir soniyaga, menng dardlarimni oling, ONAJON!
 
  BU MЕNGA IMKONMI, ONAJON...

   Onam kirdi va nihoyat tushlarimga. Mayingina jilmaydilar, sochim silab, so‘ngra esa, ketdi, sekin qo‘lin siltab. To‘xtang ona, ketmang ona olislarga...
 Jonim nisor bo‘lsin yo‘lingizga. Yugurdim-u, yetolmadim, ko‘ylagingiz etagini tutolmadim. Uyg‘ondim-u, kelolmadim hushlarimga, ko‘zlarimda qotib qoldi, bir tomchi yosh, ketgim keldi, qayergadir sekin olib bosh. 
   Hayot davom  etmoqda, bunda faqat siz yo‘qsiz, Boshingni ko‘tarib yur, deguvchi dadam ham yo‘q. Sog‘inchlar azobidan to‘lg‘onadi bu ko‘nglim, yuragimga  simillab, kirib bormoqda bir o‘q.
   Yillar o‘tdi, kelishingiz, ertak, afsona bo‘ldi. Sog‘inchlardan ko‘ngil qurg‘ur, mudom kemtik, kam bo‘ldi. Qayga borsam nimadir yo‘q, dilim chekar iztirob, onajonim, siz edingiz men uchun mohi oftob. Yurgan yo‘lim ba’zan sira nimagadir unmaydi, uzoqdagi g‘animlarim, payt poylaydi qo‘ymaydi. Ba’zan nogoh toyib ketsam, to‘g‘ri yurgan yo‘limdan, yonimdagi do‘st deganim, ushlamaydi qo‘limdan.
   Siz edingiz joni fido, balogardon g‘amimga, onajonim, kim yaraydi endi mening kamimga? Ba’zan qalbim, isyon qilar, xushlamaydi hech kimni, bu dunyoning ishlariga qo‘yib berdim o‘zimni. 
   Bilaman, chorangiz yo‘q, yo‘qsa kelmasmidingiz, bizning diydorimizga boqib to‘ymasmidingiz, boshimizda bosh bo‘lib, yaxshimizni oshirib, yomonimiz yashirib, bo‘lar-bo‘lmas ko‘zlardan, turli ig‘vo so‘zlardan asrab yurmasmidingiz?
   Ketdingiz bizni tashlab, yuraklarimizni g‘ashlab, endi ayting jon ona, men qayga boray bo‘zlab. Sizni juda sog‘indim, juda ko‘rgim kelayapti, yuraklarim entikib siz tomonga shoshayapti. Qo‘llaringizdan ushlab, yuzlaringizdan o‘pib, qayga bo‘lsa ham mayli, faqat siz bilan ona, ketgim kelib, ketayapti.
   Bugun ko‘nglim yig‘ladi, men yig‘lamadim ona. Sog‘ingan ham men emas, mening ko‘nglimdir ona. Sog‘inchlar silsilasi domiga tortib ketdi, bir ko‘rishga zor bo‘lib, turibman yona-yona.
   Sabrdan qo‘rg‘on qurib, sabr bilan kut ko‘nglim. Sog‘inch iztirobingni, ich-ichingga yut ko‘nglim. Jilla qursa qog‘ozga to‘kib sol dardlaringni, ko‘zlaringni yumgin-u, yashir ko‘z yoshlaringni. Yo‘qsa onam qabrda, tik turarmish to‘lg‘onib, ”Nega bolam yig‘lar”, deb bo‘lib ruhi bezovta.
   Onajonim, munisginam, uzoqdagi parvonam, nur yog‘ilsin go‘ringizga, bo‘lmang sira  bezovta. Kavsar suvi poyingizda oqib tursin shildirab, hur malakalar raqs tushsin tegrangizda charx aylab. Dadamni ham asrab yuring, yolg‘izlanib qolmasinlar, “kenja qizim tinchmikan”,  deb hech xavotir olmasinlar.
   Tushlarimda ko‘rib sizni, to‘lib ketdi, ko‘nglim meni, sog‘inch nomli otash tuyg‘u kuydirdi-ku borlig‘imni. Shu vajdan ham to‘yib-to‘yib bir yig‘lagim keldi ona, qabringizga borolmadim, shudir asli zo‘r bahona. Sizni eslab poyingizga gullar to‘shab qo‘ygim keldi, lekin olis-olis yo‘llar qo‘llarimdan ushlab qoldi...      

TUSHLARIMDA SUYAR FARISHTAM 

    Yana tushlarimda men sizni ko‘rdim, jonimga jon bo‘lib kirib keldingiz. Iforingiz bo‘yli, yuzingiz nurli, nigohingiz esa juda mehrli. Bu siz edingiz mehribonginam, jonimga achingan jonkuyarginam, tunlari uxlamay parvona bo‘lgan, o‘limidan so‘ng ham sira tinmagan, ko‘zlarimga qarab, dardimni bilgan, ammo o‘z g‘amini hech o‘ylamagan, farishtam, sarishtam, mehribon onam!
- Bolajonim, bolam, sog‘-omonmisan? Buncha parishonsan, buncha g‘amnoksan, nega tushlaringda yig‘lab yuribsan, ayt, axir sen kimlardan kamsan? Dardingni bilsam-da yupata olmasman, ko‘zlaring yoshini arta olmasman, bir bora, bag‘rimga bosa olmasman. Men endi netayin, netayin bolam, ruhim chirqiramoqda, bag‘rim kuymoqda, olamni tutmoqda mening ham nolam..
 Ruhim notinch bo‘lmoqda bugun, aytgin yuragingda, qandayin tugun. Ayta qol, boshginangda qandayin savdo, bolam, joning og‘ridimi, yo? Nechun so‘lib-sarg‘aymoqdasan, aytgin axir nedir muammo? Yuragingga quloq sol qizim,  sen mening yorug‘ yulduzim, sirlarini  hech sir bermagan, o‘z bilganidan qolmagan, do‘st-dushmanni ajrata olmagan, qaysargina, o‘jar bolamsan.
   Begona shaharlarda, begonaginam, diydorimga zor tashnaginam, birgina sirdoshi yo‘q, qayg‘udoshi yo‘q, ammo sabr-qo‘rg‘oni bor, oh, jonim bolam.
   Hadeb dardni, alam va g‘amni yelvagayverma, har bir nokas, kasning gapini yuragingga ham olaverma. O‘ylayverma, turli xayollar, yuragingni ado qiladi, do‘stingman deb yurgan, dushmaningni, og‘zi qulog‘iga yetadi. Sen tiriksan, shunga shukr qil, o‘yla bolam, so‘ngra fikr qil. Tong otarda aytgan so‘zlarim, qulog‘ingga zikr qilib il. Dadang va men ko‘rmagan yorug‘ kunlarni, biz uchun  ham sen albatta ko‘r.
   Men seni yana ne deb yupatay bugun? Qarshingda turibman bir so‘zsiz beun, zabonsiz so‘ylayman bir qara, bolam, har qanday dardingga balogardonman, tashvishlaringa ham sherikman, bolam. O‘zim olisman-u, ammo aslida ko‘nglingda, ko‘zingda turibman bolam, sen mening jonu-jahonimdasan. Qulog‘imga yetmasin desang oh nolam, ruhim erkin parvozini xohlasang, tushingda ham, o‘ngingda ham yig‘lama zinhor, o‘zimning jahonim, Gulichehra  bolam!!!

Men ko‘ndim xayolga, ko‘nglim ko‘nmadi...

  Bilmadim, nedandir to‘lmaydi ko‘nglim, aslida bu ko‘ngil hecham to‘lmagan, ba’zan o‘z dunyosi o‘ziga sig‘may, o‘zga o‘zanlarni izlab yig‘lagan.
  Ming shukr, ming shukr deyman-u ammo, qalbimda bir parcha olov yonadi,uning alangasi dard-u, dunyomni beayov, beshavqat kuydiradi.
  O‘ksik dil o‘kinar, sog‘inch yalinar, ko‘zlar yo‘lda qoldi, ona, bir keling, men bugun o‘zimdan tonib ketyapman, onajonim, shu bugun yonimda qoling!
  Bilaman, hammamiz omonat jonmiz, bu ko‘hna olamda bir zum mehmonmiz. Bugun bormiz, ertaga-chi yo‘q, lekin ayriliqlar bergan sitamlar, bag‘rimga so‘qilar misoli bir o‘q.
  Bir panoh izlayman, yosh boladayin, yuragimni ochib to‘kkim kelyapti, onajon men sizni juda sog‘indim, yoningizda bir pas turgim kelyapti.
  So‘rashga so‘rog‘im ko‘pdir onajon, savollar bo‘g‘zimdan bo‘g‘yapti, bir dardkash, bir panoh topolmay qoldim, borlig‘im, borimni kuydiryapti.
  O‘zim o‘zligimni anglolmay qoldim, ora yo‘l arosat qiynadi ona. Katta shaharda dovdirab qoldim, o‘rningiz bilindi shu bugun yana.
  Jonim, jahonimni o‘rtayapti, ozorlar azobi ezg‘ilayapti, qarog‘imdan yoshlar to‘kilayapti, ayting siz qaydasiz, qaydasiz ona?!
  Ayting dadam qani, akam qaydadir? Baringiz ketdingiz boshingiz olib, birgina opamga dardim aytmoqqa yetmaydi jur’atim yonida qolib.
  Yolg‘izim, yarimim dardkash opamga, sirlarimni sira boy bermayapman. Men uni asrayman, u meni ayar, o‘rtada azoblar yig‘laydi ona. “Hammasi joyida hammasi yaxshi”, degan yolg‘on so‘zlar yig‘laydi ona.
  Qizlarim farishta misoli bir gul, ularni avaylab-asrab kelyapman, ko‘z yoshlarimni ko‘rmasin deya, ichimdan ichikib, bo‘zlab kelayapman.
  Hamma narsa yetar, hammasi to‘kin, ammo qalb diydorga tashnadir, yonimda qalqonday suyanch bo‘lguvchi dadamning nigohi yetimdir.
  Ko‘z yumsam ko‘zimda turasiz mudom, uxlasam tushimda ko‘rishim ayon, biroq, mehribonim yonma-yon turib suhbatlar qurish dardli bir armon.
  Bugun ko‘ngil to‘ldi, dil ham yig‘ladi, bir og‘iz shirin so‘z istadim ona, dunyolarga sig‘may tutab ketyapman, ko‘ksimda olovlar yonmoqda yana!
  Yaxshiyam qalam bor sirim ochaman, satrlar armonlarim olib ketadi, bo‘g‘zimda bo‘g‘ilib, yig‘ilib qolgan, sog‘inchli so‘zlarimni sizga aytadi.
  Sira eshitmaysiz, balki ko‘rmaysiz, yozgan nomalarimni hech o‘qimaysiz, lekin men bilaman boshimda turib, qalbimni teranroq anglaysiz ona.
  Yuragimni g‘ashlab, o‘zimni ezgan armonlarimni sezasiz yana. Ruhingiz parvona, ruhingiz mador, men buni tushlarimda tuyib borayapman, “bolam, bolajonim”, degan nidoni, ko‘nglim ko‘zlarida ko‘rib boryapman.
  Kuz ko‘ngil faslidir, ezilib ketdim, dilimni yupatib, ko‘z yoshim artdim, qalbim qatlarida qatlanib yotgan, sog‘inchli so‘zlarim takroran aytdim.
  Men ko‘ndim xayolga, ko‘nglim ko‘nmadi, u diydor istadi, men netay ona? O‘zimku, o‘zimga sig‘arman balki, lek ko‘nglim o‘ziga sig‘madi ona!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот