YORUG‘ DILGA DARZ KЕTDI


Qo‘chqor NORQOBIL 

 YORUG‘ DILGA DARZ KЕTDI 
         hikoya

      
     Shifoxonaning nufuzli palatasida o‘z o‘rnida cho‘zilgan ko‘yi qo‘lidagi kitob qa’riga sho‘ng‘igan Rahim Ashurovich tuyqus jiringlab qolgan qo‘ltelefonni bexafsala olib, ovozbalandlatgich tugmasini bosdi-da,  yana tumba ustiga qo‘ydi. 
— Eshitaman! 
— Assalomu alaykum. Yaxshimisiz, xo‘jayin? Bugun Sizni bir borib ko‘raylik devdim... Yonimda Tojiqul ham bor.
      Keng-mo‘l, hashamli xonada Jo‘raning o‘ktam ovozi jaranglagan bu kezda, Tojiqul unga havasu hayajon bilan,  yaltoqlanib qarardi. 
 — Ovvora bo‘lmanglar, Jo‘ravoy!. Axir kecha ham kelib ketdingiz. Bir haftadirki har kuni... 
— Xo‘jayin, endi Sizni ko‘rsak kuch olamiz. Ochig‘i, sog‘indik... 
     Rahim Ashurovich biroz hijolat tortdi. Mehri ham iyidi. Ko‘ngil ekanda-a, dili yorishdi.  
      Tag‘in  kitob  qa’riga sho‘ng‘idi. 
      Tumba ustida nimadir taqilladi, shig‘illadi, kimdir bo‘g‘iq yo‘talganday bo‘ldi... va birdan xonani yana Jo‘raning o‘ktam ovozi  tutdi: 
— E-yeey,  u judayam pixini yorgan, ukkag‘ar! Tanishlari ham vij-vij. Chakana emas-da, o‘ziyam. Qo‘li uzun. Men o‘lib-netib qoladimi, deb qo‘rquvdim. O‘lsa ishimiz chala qolib ketardi... Mayli, tuzalib chiqsin, anovi aytgan joyim bor-u, o‘sha yerga meni o‘tqazivoring, deyman. Sen mening o‘rnimni egallaysan. O‘sasan... Tak chto, bozorlikni yaxshilab qilaver. Bergan  Xudoga yoqibdi... 
 — Sizni o‘sha yoqqa o‘tqazmasa-chi?, — chiyilloq, nimjon ovoz eshitildi. 
 — O‘tqazadi. Ko‘nglim sezayapti. Bu yog‘i hal bo‘ladi. Buning o‘lmay qolgani bizga yaxshi. Joni qattiq ekan...
— Siz ham zo‘rsiz, — yana chiyilloq ovoz chiqdi. 
 — To‘rig‘i toyrilmagan, yo‘rig‘i qayrilmagan uning. Uhh, qara, zo‘r gap keldi-ya, kallamga.  Ba’zida qaysi go‘rdagi shunday gaplar kallamdan sakrab chiqib qoladi. He-he-he... 
— Gapga ustasiz-da,  ustoz! — chiyilladi Tojiqul. 
     Rahim Ashurovich goh o‘ktam, goh sichqonovozda “sayrayotgan” qo‘ltelefoniga karaxt bo‘lib qarab turdi-da, xuddi gunoh ish qilib qo‘ygan kabi bir sapchidi va uni tumba ustidan olib shartta o‘chirdi.  
      ... Xona derazasidan hovli adog‘iga ko‘z yugirtirgan Rahim Ashurovich anvoyi gullar ichra tortilgan yo‘lak bo‘ylab shoshib kelayotgan o‘z xodimlari — Jo‘ra hamda Tojiqulni ko‘rdi. Ikkovining ham qo‘li band; yelimxaltalar ko‘tarib olishgan. Rahim Ashurovich qahrli iljaydi. 
       Ana, Rahim Ashurovichning dang‘illama palatasi. Hamshira qiz uning eshigiga bir varoq oq qog‘ozni ildi-da, zipillab jo‘nab qoldi. Ikkovlon eshik oldiga borgach,  qiziqib qarashdi;  e’longa o‘xshash nimadir...  “To‘rig‘i toyrilmagan, yo‘rig‘i qayrilmagan...”, — degan iddaoni birinchi marta eshitishim. Qoyilman, Sen bolaga!”, — degan yozuvni o‘qishdi.
     Tojiqul merovlanib turdi.. Jo‘ra... Jo‘raning esa ich-ichidan nimadir uzilib ketganday bo‘ldi-da, tepki yeb g‘ingshigan kuchukday ojiz ovoz chiqardi. Endi uning ovozi o‘ktam emas edi. 
     Ikkisi ham toshday qotishdi. Ha, toshday... Yo qaytib ketishgani durustmikin?  Ichkariga kirishadimi? Qanday kirishadi, nima deb kirishadi? Bu yog‘i mening ishim emas...










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот