JANNAT POYIDAGI DUO


JANNAT POYIDAGI DUO

     O‘shanda Anqarada  edik. Chiroyli  avtobuslardan biriga chiqishni xohlagan Temurbekning talabi bilan, bekatda  poylab,   sariq avtobusga ilashib oldik.
     Kun issiq bo‘lgani bilan, ichkari muzday. Havo aylantirgich ishlab  turardi.   
     Bo‘sh o‘rindiqlarning biriga joylashib  olgach, sersavol o‘g‘lim bilan tashqarida lipillab o‘tayotgan manzaralarni tomosha qila  boshladik.  
- Bu  Leni. Keyin Tayoga ham chiqamiz-a, oyi?
- Xo‘p. 
     Tayo - havorang  avtobus. Yana Gani, Rogi ham bor. Koreyaning avtobuslar xaqidagi multfilmini yaxshi ko‘radigan o‘g‘lim  Turkiyaga kelganimizda rang-barang... avtobuslarga boshlashiga ko‘nikib ketganman.   
- Ana  Nuri,  qarang!  Taksi u. Patni ham ko‘rdim. Polisiya mashinasi. Qoyiil, yashasin! Ana, Xart, Shayn, Spidi ...
- Siz ham ko‘ryapsizmi? Ularga qo‘lingizni silkitib qo‘ying! 
      Bolamni talablarini bajarib, zavqlanib ketayotgandim. Nogahon bitta old o‘rindiqda o‘tirgan ona-bolaning suhbati qulog‘imga chalinib qoldi. Aniqrog‘i, o‘zim istamagan holda ularni eshitishga majbur bo‘ldim. 
- Oyijon, o‘sha ko‘ylakni olib bera qoling. Bitta yangi kiyay. O‘rtoqlarimning yangi ko‘ylaklari ko‘o‘p. 
     Turkchada bijillab, yalinayotgan qizaloq o‘g‘limdan sal kattaroq ko‘rindi.   
- Xo‘p, xo‘p - dedim-ku. Bas qilgin, endi qizim. 
     O‘zi mendan kichik, ammo sochida birortayam qorasi qolmagan, qaddi yetmish yashar kampirlarday bukchayib qolgan ozg‘ingina ona bolasining yalinchoq nolalariga arang chidab, uni sekinroq gapirishga undardi:
- Men  uyalib ketyapman. Atrofdagilar eshityapti. Pulim bo‘lsa olib  beraman deyapman-ku!
     Qizcha esa eshitgisi ham kelmay, battar yalinishga tushdi:
-  Iltimos, olib bering. Axir Yangi yilda so‘rasam, Hayitga olib beraman, degandingiz-ku. Nechta hayit o‘tib ketdi. Hozir sanay; bir, ikki, uch, to‘rt, yaqinda beshinchisi  keladi. Sizni haliyam pulingiz yo‘q! Dadam o‘lmaganida allaqachon olib bergan bo‘lardi.  
     Ona-bolaning egniga qaradim. Ularning usti-boshi nihoyatda xarob  edi. Demak, rostdan ayolning puli yo‘q. Qizcha esa  judayam yangi ko‘ylak kiygisi kelayotgandi.
- Mayli, qizim. Hali Hayitgacha ancha bor. Bir amallarman. Sen mendanmas, Xudodan so‘ra!
- Xudodan milliard marta so‘rayapman, oyijon. Ammo meni eshitmayapdi-ku. Bilasizmi, nima deb so‘rayman. Allohim, bilasanmi, oyim ertadan kechgacha ishlab, zo‘rg‘a nonga pul topadi. U pullardan ko‘ylak oldirsam, egizak ukalarim och qolishadi. Bitta yangi ko‘ylakchaga  yetadigan  alohida pul beriib turgin... - deyman. 
     Ayol  qizining boshini silar ekan, tegrasida achinish bilan baqrayib turgan uch-to‘rtta ko‘zga qaray olmay yig‘lab yubordi. 
     Avtobus oxirgi bekatda to‘xtadi. Ona-bola ham hamma qatori tushishga chog‘lanishdi. Atrofga alangladim. Temurni ko‘tarib  ortlaridan ergashdim. Niyatim sal panaroqqa borgach, ayolni hamiyatiga tegmay, o‘sha yangi ko‘ylakchaga yetadigan pulni berish va  yana shu avtobusda orqaga qaytish  edi.
     Odamlar gavjum joydan  o‘tib, bekatdan ancha uzoqlashishgach yetib borib salomlashdim. Ammo maqsadimni anglatishga  ulgurmadim. Qayerdandir paydo bo‘lib qolgan o‘rta yoshlardagi odam gapimizni bo‘lib, qizaloqqa ayyorona  iljaydi:
- Mening ismim Yusuf. Seniki-chi?
- Reyyan
- Voy, o‘zim aylanay, Jannat darvozasiga yetaklab kelgan Allohimga hamdu sanolar bo‘lsin! Bilasanmi, nega orqalaringdan keldim.  
- Yo‘q, - deyishdi ona-bola bosh chayqab.
  Yusuf  kulimsirab, bekatda to‘xtab turgan boyagi  avtobus tomon ishora  qildi:
- Men  sizlar hozirgina tushgan avtobus haydovchisiman. Bilasanmi bugun qanaqa kun?
- Yo‘q,  - dedi qizcha onasining etagiga yashirinar ekan. 
     O‘zini Yusuf deb tanishtirgan haydovchi telefoniga nazar tashlab, muhim narsani o‘qib berayotganday ovoziga rasmiy  tus berdi:
- Davlat raqami... bo‘lgan  avtobusda. Bugun bir millioninchi yo‘lovchi yutuqli chiptasi o‘ynaldi.  
     So‘ng qizaloqning poyiga tiz cho‘kib, ko‘zlariga tikildi.
- Va sen shu yutuqli chipta sohibiga aylanding, bolam.
     Qizcha bir muddat hech narsaga tushunmay, angrayib qoldi. So‘ng xursand bo‘lib, qarsak  chalgancha, sakray boshladi. Bir necha daqiqadan keyin esa tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganday bo‘shashib qoldi:
- Adashdingiz, amaki. Men hali kichkinaman. Chiptam yo‘q.  
     Yusuf zukko qizchaning e’tirozidan biroz talmovsiradi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, iljaydi.
- Adashganim yo‘q. Chipta sen o‘tirgan o‘rindiq ostiga yopishtirilgan edi va sen o‘sha o‘rindiqqa o‘tirding, to‘g‘rimi? Demak yutuq  seniki. 
     Qizcha yana  quvonchdan sakrab, onasini mahkam  quchoqlab oldi.  
- Rostdanmi? Qanaqa  yutuq?
     Haydovchi yana telefonga ko‘z tashladi. Bir narsalarni xijjalab o‘qiyotganday bo‘ldi, keyin yana ovoziga rasmiy tus berib o‘qib berdi:
- Yutuq - bitta eng chiroyli orzu ijobati. Nimani orzu qilasan, bolam? 
     Onasi va mening mijjamizda yosh qalqdi. Hozir ko‘ylakcha haqida so‘rasa kerak, degan o‘y xayolimdan kechdi darrov. 
     Qizcha  bir egniga, bir onasining abgor libosiga ko‘z tashlab, ovozi titrab chiqdi:
- Agar barcha orzular ijobat bo‘lganida, men otamni tirilib, uyga qaytishini so‘ragan bo‘lardim. Biroq buning iloji yo‘qligini  yaxshi bilaman. Mumkin bo‘lsa, onam va menga bir donadan yangi ko‘ylak xohlagan bo‘lardim. Yutuqli chipta puli  ikkita ko‘ylakka yetarmikan, amaki?
     Yusuf o‘rnidan turib, bir necha qadam chetga chiqdi. "Dod" deb  yubormaslik uchun bo‘g‘zini ikki kafti bilan barobar yopib  "Allah, Allah",  degancha yig‘lab yubordi. So‘ng ko‘zlarini artib, ona-bolaning oldiga qaytdi. Qizchaning qo‘liga bir dasta pul tutqazdi.
- Ma, ol! Bu pul ikkita ko‘ylakka emas, egizak ukalaringga yangi kiyimchalar olishga ham, shirinliklarga ham  yetadi. Juda omadli ekansan, qara! Sen avtobusda Allohdan bitta ko‘ylakcha so‘ragan eding. Yutuqli chiptaga qo‘yilgan mukofot puli esa ancha  ko‘proq ekan.
    Ona nimanidir tushunib, e’tiroz qilishga urindi. Ammo Yusuf ko‘rsatgich barmog‘ini labiga bosib, "jim" ishorasini qildi.
Qizcha unga rahmat aytib, pulni onasining kaftiga tutqazgach, qo‘llarini duoga ochdi:
- Allohim, meni avtobusda eshitdingmi? O‘zingga shukur! Ilohim, shu avtobus hech qachon halokatga uchramasin!
    Yusuf qizchaning duosiga qo‘shilib, "omin" dedi-yu, yana ikki kaftini og‘ziga bosgancha yugurib ketdi.
     Haliyam karaxt turgan onadan manzillarini so‘rab, qizchaga bolalarim uchun olgan bir quti shirinligimni tutib, yuzidan o‘pib qo‘ygach, ulardan  uzoqlashdim. 
    Kelgan avtobusimizga chiqdim. Yusufga rahmat aytib qo‘yish uchun xaydovchi o‘rindig‘iga yaqinlashdim. Qarasam, haydovchi boshqa. Sherigini so‘radim. U menga g‘alati qarab, bosh chayqadi:
- Bizda hech qanaqa Yusuf ishlamaydi. Sherigim ana, ismi Mustafo.  
    Avtobusdan tushib raqamiga qaradim. Yo‘q, anglishmagan edim. Boya kelganimiz, poytaxt markaziga olib borguvchi avtobus edi. 
    Atrofga alangab, bekatga yaqin do‘kondan chiqayotgan Yusufni ko‘rdim. Demak, u haydovchi emas, shunchaki ona-bolaning  suhbatiga guvoh bo‘lgan yo‘lovchilardan biri edi.
- Yusufbey, - dedim baqirib,  - Allah rozi bo‘lsiiin!
    U meni tanib, Temurga qo‘l silkidi va jilmaygancha yo‘lida davom etdi.
  Yuragimdagi yaralar  yangilandi. O‘zimizda ham ba’zan shunday bolalarning orzularini eshitib qolamiz. Kimdir puli arang chiptaga yetgan onasidan koptokcha, kimdir mashinacha, kimdir oddiygina muzqaymoq so‘raydi. Ammo ba’zan  bittagina  Yusuf  topilmaydi...
    O‘tgan hayitda ellikdan ziyod yetim-yesir, beva-bechora, nogiron, xullas o‘ta qashshoq aholi yig‘ilgan ko‘p qavatli uyga borgandim. O‘sha yerda yashovchi bolalarni bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazdim. Qani endi Hayitga bittadan ko‘ylakcha olib bera olsam edi, degan niyatda edim. Xuddi  yuragimdagini o‘qiganday, vodiylik tadbirkor ukalarimdan biri shu taklifni bildirib, bolalarning yoshi, o‘lchamini so‘rab berishimni iltimos qildi. Ellik oiladagi yetmishdan ortiq bolakayning  o‘lchamini mahalla kotibidan bilib bo‘lganimdan so‘ng esa, qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi.
    Unga yana besh, olti marta qo‘ng‘iroq  qildim. Javob bo‘lmadi.   
    Bugun Hayit. Atrofingizga e’tiborliroq bo‘ling! 
    Bir, ikki, uch, to‘rt... Hayitda bitta yangi libos kiya olmagan bolalalar bor. Ko‘ylakchalar-ku topilar, ammo Jannat darvozalariga yetmay, yo‘qotilgan duolar, savoblar topilarmikan? 

Muazzam IBROHIMOVA.










QISHLOQDAN  MAKTUB
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот