Ta’limga ishtiyoq oilada shakllanadi


     Shakarxon Xasanova - 1958 yilning 11 Sentyabr kuni ziyolilar oilasida tavallud topgan. 1980 yilda Toshkent Pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan va shu yildan maktabda ish faoliyatini boshlagan. 2002 yildan 2022 yilgacha 20 yildan beri 186 maktabda ishlab kelayapti. 

- Shakarxon opa, serfarzand oilada tug‘ilgan ekansiz. Bolajon oilada o‘sganingiz bolalarga bo‘lgan mehringizga sababchi desak bo‘ladimi?
- Otam bolalar uyida voyaga yetgan. Shu sababli farzandlari ko‘p bo‘lishini istagan. Oilamizda sakkiz farzand - beshta o‘g‘il, uchta qiz bo‘lganmiz va hammamiz oliy ma’lumot olganmiz.
- O‘quvchilarga mehr bilan munosabatda bo‘lasiz. Har doim og‘ir-bosiq ekanligingizga havas qilamiz.
- Maktabda o‘zimni bolalik davrimga qaytgandek bo‘laman. Bolalardagi faollik, g‘ayrat menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. 
- O‘quvchilarning savol berishi darsga bo‘lgan qiziqishi va faolligini bildiradi. Ammo tasavvur qiling, qaysidir o‘quvchi qo‘l ko‘tarib: "dars qachon tugaydi?"- deb savol berdi. Sinfda "gurr" etib kulgi ko‘tarildi. Siz bunday holatda qanday yo‘l tutasiz?
- Basharti shunaqa savol bilan meni mulzam qilishga urinsa, men tutaqib, qizishib, baqirib, asabimni buzib o‘tirmayman. "Marhamat, siz uchun dars tugadi deb hisoblashingiz va bemalol chiqib ketishingiz mumkin", - deb javob beraman.
- O‘qituvchi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozim? 
- Eng avvalo, o‘qituvchi o‘quvchilarga har tomonlama o‘rnak bo‘la olishi zarur. Kiyinishda ham, muomalada ham, ilm borasida ham va hokazo. "Domlaning aytganini qilginu qilganini qilma", degan gap bor. Taassufki, o‘zi o‘rgatganlariga amal qilmaydigan kishilarga nisbatan aytilgan bo‘lsa-da bu so‘z, o‘qituvchilar sha’niga erish tuyuladi. Shuning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarga nisbatan samimiy bo‘lishi, hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerak. O‘qituvchi qachonki rostgo‘y, halol va o‘rgatgan o‘gitlariga o‘zi ham rioya etsagina, o‘quvchilar nazdida hurmati ortadi.  
- Maktabda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Ayrim ota-onalarning janjal qilishlari yoki shallaqilik qilgancha baqir-chaqirlariga javoban vazminlikni yo‘qotmaganingizga guvoh bo‘lganman. Vazminlikni saqlay olishga, asablaringizni toblashga qanday erishgansiz?
- Taassufki, onda-sonda bo‘lsa ham, bunday nizoli holatlar uchrab turadi. O‘qituvchi, ayniqsa rahbar har qanday bahsli holatlarda og‘ir-bosiq bo‘lishi va o‘zida shu xislatlarni shakllantirishi kerak. O‘qituvchi qizishmasa, ota yo ona xatosini ertami-kechmi baribir anglaydi. Ruhiy barqarorlikka erishish uchun inson irodasini va asabini chiniqtirishi, ruhiyatga oid kitoblar mutolaa qilish barobarida, hayotiy tajribaga ham ega bo‘lishi talab etiladi.
- Bolalarni muayyan mashg‘ulotga qiziqtirishning samarali usuli bormi?
- Bolalar qiziqishi uchun, dastlab, o‘sha mavzu siz uchun ham qiziqarli bo‘lishi kerak. Bugungi kun yoshlari internet orqali dunyodagi jamiki yangiliklardan xabardor bo‘layotgan, tezkor axborot davrida yashayapmiz. Shaxsan men mavzuga aloqador qiziqarli ma’lumot to‘plashga va ularni qiziqtirishga urinaman. Qolaversa, o‘qituvchi ruhiyatshunos va notiq ham bo‘lishi darkor. Shundagina sinfdagilar zerikmaydi va o‘quvchilar diqqat markazida bo‘la olasiz. Tushuntirganlaringiz ham yodida qolishi oson kechadi.

Muzaffar MUHAMMADNAZAR
Manba: "Ilm bulog‘i" jurnalining 2022 yilgi 6-soni.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот