Umr shomidagi nur


 Taniqli adib va dramaturg Qo‘chqor Norqobil "Umr shomidagi nur" sarlavhali hikoyasida inson qalbi og‘riqlarini yuksak badiiy ifoda va samimiyat bilan tasvirlagan. Ayniqsa, hikoya kutilmagan tarzda yechim topadi va o‘quvchi ko‘nglida hayot haqiqatlari borasida yana bir bor o‘ziga xos mushohada uyg‘otadi. Umr shomida nurni ilg‘agan insonning tavba-tazarrusi sizning ham dilingizni ravshan etadi.
   Qo‘chqor Norqobilning hikoyalarida badiiy tilning yuksakligi, sodda va ravon jumlalarda xalq ruhi hamda insoniylik taftini tuyasiz. Yozuvchining ushbu hikoyasida ham ana shu jihat alohida sezilib turadi. Yaxshisi, Siz ham o‘qib ko‘ring!

UMR SHOMIDAGI NUR



    Shahardan yarim tunda yo‘lga chiquvdim, qishlog‘ga ertalab yetib keldim. Hovlida serrayib turganimni ko‘rgan enam bechoragina atrofimda aylanib girgitton bo‘ldi. Dunyo dunyo bo‘lgandan beri bunday duolarni eshitmagan-ov! Qayerdan toparkan, ayniqsa, oyda yilda men g‘o‘ddayma xonadonda paydo bo‘lib qolishim hamona, ikki qo‘l duoga ochilib, enam shunday to‘kiladiki (ha, enam so‘zlamaydi, to‘kiladi) bilmayman, gap bulog‘ini qamab turgan yuragi ochilib ketadiyu, shu yurak qa’ridagi farishtalar enamni sayratib yuboradi.
   Bugun ham shunday bo‘ldi, enam duoni olayapti, kaftimni ochib serrayib turibman.
— Ena, otam ko‘rinmaydi, — deyman alanglab.
— Qulmat bovongning boshi bolishga (yostiqqa demoqchi) tegibdi. Mazasi qochibdi, ko‘rib kelay deb ketdi.
— Qaysi Qulmat bovam?
— Anavi tarix maliming bor-ku, otangning oshnasi... Qulmat kalta...
— Shunday demaysizmi?
— O‘sha malimingnikiga ketdi. O‘ziyam, popiros o‘lgur og‘zidan tushmaydi, burgadaygina bo‘lib qolgan, buning qiltanglashini ko‘r, og‘iz qurg‘urda doimo papiros o‘lgur, paravoz-a, paravoz! Shu isqotini tashla, nima qilasan, joningga azob berib, o‘pkasiyam tutundan to‘kilib kul bo‘lib ketgandir, tag‘inam shuncha yashadi, mushtdaygina holiga. Odamning umri Egasining qo‘lida ekanda-a...
   Ozg‘in, kiroyi-ko‘rgiligi ko‘rimsiz, sariqdan kelgan tatarangor, ingichka bo‘yniga qovun bog‘lab qo‘yganday, chuvak boshidagi sochlariyam sap-sariq, (soch sariq bo‘lgach qosh nima bo‘lardi...) shilpiqko‘z, pakana holiga g‘o‘ddayibgina turadigan Qulmat muallim ko‘z o‘ngimda bo‘y ko‘rsatdi. Muallimni ko‘rmaganimga ham o‘ttiz yillardan oshibdi.
— Senam bor. Ko‘rib qo‘yganing yaxshi-da. G‘animatlikda g‘anim ham aziz, bolam. Otangni ham ergashtirib kelasan. Yo‘lda timirskilanib turtinib-surtinib, yiqilib-netib yurmasin tag‘in. Uyda o‘tiring deganimga ham qaramay ketdi.
    Enam “g‘animatlikda g‘anim” deb bekorga aytmadi. Qulmat muallim bilan suvimiz loyqalanganiga ishora bu! 
    Oyog‘im tortmasa-da, og‘ir bo‘ldim — muallimnikiga yo‘l oldim, borsam boray, o‘sal bo‘lib yotibdi. Gina gunohga gumashta. Balki esidan chiqqandir. Hamma narsa o‘zgarib ketdi-ku... Muallimda nima ayb...
    Enam aytmoqchi, “Kampiri ko‘pga qo‘shilgach, huvillagan uyda so‘li qurib so‘ppayib qolgan, yolg‘iz-arzandasi, xudo bexabargina o‘g‘il esa o‘risgami-chulchitgami uylanib, qaysi bir go‘rlarda sarson-sargardon bo‘lib yurgach xarobayu xurobo hovlida boyo‘g‘liga o‘xshab yolg‘iz qolgan muallimning kulbasiga yaqinlashganimda, yog‘och eshik ochilib ichkaridan otam bilan qo‘shnimiz Haydar bobo chiqib kelishdi. Otam meni ko‘rib esankirab qoldi.
— Enam Sizni olib kel deb jo‘natdi, — dedim hol-ahvol so‘ragach.
— O‘zimiz boraveramiz. Bovangni ko‘rib chiq, — dedi otam ichkari hovliga bosh ishora etib.
    Nimqorong‘u tor xona to‘ridagi yog‘och kravatga tashlangan to‘shakda o‘zga sayyoradan kelgan gumonoidday bir burdagina bo‘lib yotgan sap-sariq kimsaga ko‘zim tushdi. O‘lay agar, muallimni taniy olmadim. Na soch qolgan, na qosh. Uzilgan xandalakdaygina tap-taqir bosh, miltillab turgan bir juft ko‘z, yorilgan pufakchadek shalviragan burun, kichkina og‘zini yumib turgan qoni qochgan lablaridagi iztirobli ihroq, yuragimga og‘riq soldi. Odam bolasi shunchalar o‘zgarib ketarkanda-a...
    Muallimning tepasiga bordim. U menga hayratomuz termuldi, ko‘zlari milt yonib o‘chganday bo‘ldi.
— Muallim, assalomu alaykum, men keldim... Yaxshimisiz?.. (Boshqa nima deyin).
    Muallim bosh irg‘adi. So‘ng iljaydi.
— Meni tanidingizmi?
    Muallim bosh irg‘adi!
— Sattorov!
    Bir qalqib tushdim. Ovozi o‘tliligini ko‘ring... Xuddi o‘sha chog‘dagiday, bolalik bahorimni ostin-ustun qilib, parcha-parchalab portlab sado berganday bo‘ldi uning ovozi.
***
— Sattorov!
— Men.
— Sen bo‘lsang doskaga chiq, — deydi pakana, ko‘zlari yonib turguvchi sariq muallim. — Xo‘sh, ayt-chi, urushlar necha xil bo‘larkan?
— Ikki xil! Adolatli, adolatsiz, — deb chuvillashadi sinfda o‘tirgan bilag‘onlar.
    Men jim turaman. Negadir adolatli, adolatsiz degan nisbat menga erish tuyuladi. Chunki yuz yoshga yaqinlashgan katta momom ikki o‘g‘li — enamning akalari yo‘liga qarayverib ko‘r bo‘lib qolgan edi. Har tong Jonqobil, Norqobil deb farzandlari nomini aytib chiqiraverardi. Katta momom o‘g‘illarini nomini aytib chaqirishi hamono ko‘chaga chiqib ketardim, momomning ovozi eshitilmaydigan joyga — qishloq etagidagi soy bo‘yiga ketib qolaverardim.
   Xullas, men sinfda jimman. Oltinchi sinfda mendan boshqa o‘quvchilar biyron edilar! “Adolatli, adolatsiz...” urush...
— Nima ekan, Sattorov!
— Hech nima? Urush yomon. Hamma urush yomon, — deyman.
— Nemis, fashitlar bosib keldi. Bu adolatsiz urush. Biz Vatanimizni himoya qildik, bu adolatli urush! Shuniyam tushunmaysan-a, axmoq, o‘tir. 
Izza bo‘ldim. Ikki baho oldim. Bir oy avval Salim otaning Sobir degan o‘g‘li afg‘on urushidan o‘lib keluvdi, temir tobuti qaytuvdi. Chiday olmadim. Bolaligimda ham qiziqqon edim. O‘rnimdan dast turib muallimga savol otdim:
— Afg‘on urushi-chi? Afg‘on urishi. Adolatlimi shu urush?! Biznikilar u yerga bostirib borishdi-ku?
   Muallim sholg‘omday qizardi-ya! U yoqdan bu yoqqa yura boshladi, so‘ng menga qarab chinqirdi.
— Yo‘qol! Yo‘qol! Chiqib ket! — u mening yonimga kelib quloq-chakkamga shapaloq tortdi.
— Bosmachining nabirasisanda-a?! Qoning buzuq sening. Ajdod-avloding chayon bo‘lib o‘tganda, gala bosmachi!!!
   Men sinfxonadan chiqib ketdim. Tashqari qor-bo‘ron edi, qahraton edi. Qormidir, oppoq muzqummidir nimadir yuz-ko‘zimga chirsillab urilar, men sovuqni sezmasdim. Uyga kelib bor gapni enamga aytdim. Enam tinmay javradi — Qulmat muallimning go‘riga g‘isht qalab, o‘t qo‘ydi, tentakdan olib tentakka soldi.
    Men besh chaqirim naridagi qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnay boshladim. Sababi Qulmat muallimning o‘ziga duch kelish u yoqda tursin, eslasam ham ich-ichimdan titroq turib, tasavvurim chilparchin bo‘lib, nomini eshitsam seskanib ketardim.
    Bir kun G‘afur polvonning to‘yida kurashdan oldin otam davra chetida turgan Qulmat muallimning oldiga bordi. Ko‘nglim sovuq bir nimani sezib men ham otamga ergashdim. 
— O‘g‘lim maktabingdan ketgandan beri ko‘ngling kengayib qoldimi, murodingga yetdingmi?, — dedi otam muallimga.
     Men “qo‘ying shunga gapirmang” degan ma’noda otamning choponi etagidan tortqilay boshladim.
— Ota, uyga ketamiz.
— Qo‘rqma bolam, qo‘rqma!
    Qulmat muallim turgan joyida tushovlangan toyxarday taysallab qoldi. Yuzi qahrli tus oldi.
— O‘g‘ling ham senga o‘xshash buzuqi bosh. Miyasi aynigan, — dedi tirjayib.
    Otam uni siltab tortdi-da, yoniga qaratib itardi. Qulmatning nima joni bor, uchib ketdi, boshi to‘yxonani yoritish uchun o‘rnatilgan simto‘singa borib urildi. O‘rnidan tura solib kafti bilan yuzini to‘sgan ko‘yi chinqirib to‘yxonadan chopib chiqib ketdi.
    Ertasiga uyimizga melisa keldi. Otamni ikki yilga qamashdi...
    Tomorqamiz tepasidan o‘tgan soy bo‘yidagi bobomni qizillar otgan joyni otam devor bilan o‘rab oq yalov qadab qo‘ygan edi. Qishloqda ana shunday uch-to‘rtta shahid joy — bobolarimiz qoni to‘kilgan muqaddas maskan bor edi. Qulmat kalta ular bosmachilar otilgan joy, deb yuqoriga yozvorib, oxiri shahid joylarni ham tekislatib tashladi. Ko‘p o‘tmay buldozerchi ko‘r bo‘lib qoldi. Qulmat muallimga jin ham urmadi.
    Otam uyga qaytguncha ancha qiynaldik.
    Men qo‘shni qishloqda uch yil o‘qib maktabni tugatdim. O‘qishga ketdim... 
    Yoshim qirqdan o‘tib bugun bolalikning siniq xotiralarini tiklayapman.
   ...Sattorov! Sattorov, — deydi ihroqli ovozda muallim.
— Menman, muallim...
— Keldingmi?
— Keldim.
— Sen ham urushda bo‘lding-a?.. Afg‘onda bo‘lding-a?
— Ha, muallim, — deyman uning yuziga qarashga botinolmay. Bu yerdan tezroq chiqib ketgim keladi.
— Men seni urushdan omon qaytishingni Xudodan so‘rab yalindim. Keyingi yillar Seni ko‘p o‘yladim. Har gal televizorda chiqqaningda o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Sening oldingda gunohim ko‘p. Ko‘cha-ko‘yda aka-ukalaring, ota-onangni ko‘rsam, yalinib-yolvordim: “Rustamga aytinglar, menga bir uchrashsin, zarur gapim bor...” — dedim. Ular mendan o‘zini op qochishdi. To‘g‘riyam qilishdi, qaysi yuz bilan ularga arzi hol qilayotganimni o‘zim ham tushunmasdim. Otang ikkimizni yarashtirish uchun qishloqning hamma oqsoqollarini ishga soldim, uylaringga o‘zim ham boraverib, betimning suvi besh to‘kildi...
— Bovo, qo‘ying endi shu gaplarni.
— Har gal xotira kuni qishlog‘ga kelsang uyingga seni so‘rab odam yubordim... Nega izlardim, bilasanmi?
— Yo‘q...
— Men o‘rgangan ilm meni tuflab tashladi. Men ishongan tarix ham meni aldaganini anglagan kunim, bu dunyoda qup-quruq, hech kim bo‘lib qolganligimni his qildim.
    Muallim xir-xirlab, og‘ir-og‘ir nafas olayapti.
— O‘sha davrning shiori, g‘oyasi shunday edi-da, bovo,  — deyman.
    U yuzlari burqsib menga qaraydi...
— Sen meni kechira olasanmi ?,— deydi tuyqus.
— Kechirganman bova, kechirganman. Esimdan ham chiqib ketgan ekan, qarang-a, — deyman uni tinchlantirish uchun.
— Kechirgan bo‘lsang, shu hovlini senga topshiraman, — deydi u dabdurustdan.
    Men hangu-mang bo‘lib qarayman.
— Yo‘g‘-ye, kerakmas.
— Bilaman, sen olmaysan, buni. Lekin uy-joyim, tomorqam yigirma besh sotixdan kam emas. O‘zing bosh-qosh bo‘lib, rasm-rusumini qilib, shu joyning yarmini odamlar kelib dam oladigan guzar, yarmini kutubxona qilsang, yosh-yalanglarning oyog‘i uzilmasdi. Guzarga kiraverishda mening tarixim, “bosmachi” deb qoralagan bovolaringning xotirasiga katta bir marmar tosh qo‘yib, ularning nomini yozib qo‘y. Kutubxonaning bir xonasini qishlog‘imizdan urushga ketib qaytib-qaytmagan bobolarning xotirasiga muzey qil, afg‘on urushiga borgan safdoshlaring tarixi va taqdirini ham unutma. Shu xonaning eshigi tepasiga “Bu dunyoda hech qachon adolatli urush bo‘lmagan”, degan gapni yozib qo‘ysang bas!
    Keksa muallim jim qoldi. U og‘ir-og‘ir nafas olib hansiraydi. Men uning poyintar-soyintar gapidan hayratlanaman.
— Bu ish oson ko‘chadi. Mahalla ham, hokimiyat ham rozi. Ertaga notariusni chaqirtiraman, — deydi u.
    Men unga yana ajibsinib qarayman.
— Iltimos, yo‘q dema... Ertaga bir kelib ket, — deydi muallim. — So‘nggi iltimosim shu, meni xotirjam o‘lsin, desang, shunday qil!
    Men xonada serrayib turaman. Havo yetishmaydi. Muallimga roziman ma’nosida bosh irg‘ab hovliga chiqaman.
   Borliq charog‘on. Osmon tip-tiniq. Ro‘paramdagi tog‘ qo‘l cho‘zsam yetguday yap-yaqin. Yuzimga bahoriy huzurbaxsh shabboda uriladi. Men qayerlargadir, olis-olislarga ketgim keladi. Qarshimdagi tog‘lar o‘z bag‘riga chorlayotganday bo‘ladi. “Bu ro‘yi zaminda yaxshiyam tog‘lar bor, ular juda baland...”, degan o‘y o‘tadi xayolimdan.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот