Bolalardagi qo‘rquv: sabab va oqibatlar


O‘g‘lim hamma narsadan cho‘chiyveradi...»

— Ikki farzandim bor, katta o‘g‘lim 9, kichkinasi esa 5 yoshda. Katta o‘g‘lim o‘ziga notanish tuyilgan hamma narsadan cho‘chiyveradi. Bu odati yoshi katta bo‘lgach yo‘qoladimi?

Nazira, uy bekasi, Toshkent viloyati. 

Ilhom HOJIBOYEV, psixolog:


— Bola hayotida uchraydigan barcha qiyinchiliklarni vaqt o‘tishi bilan bosqichma-bosqich mustaqil ravishda yengib o‘tishi mumkin. Lekin qo‘rquv borasida bunday xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Bolaning biror narsadan qattiq cho‘chishi natijasida kelib chiqadigan his-tuyg‘u uning fantaziyasi, ijodiy tasavvuri shakllanishi bilan birga rivojlanib borishi mumkin. Masalaning yana bir tomoni borki, bolaning hech narsadan cho‘chimasligi ham ijobiy holat emas. Chunki bu bola hayotiga yomon ta’sir etuvchi xavf-xatarlar ham keltirib chiqarishi mumkin. Bunday bolalar nazoratsiz qolganda baland devorlarga chiqib ketishi, cho‘milish maqsadida o‘zini anhorga tashlashi, yovvoyi hayvonlar, sudralib yuruvchilarga yaqin borishlari ham hech gap emas. Bu esa ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham qo‘rquv, aniqrog‘i, ehtiyotkorlik bolaning xavfsizligini ta’minlovchi himoya mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.
   Bolaning kuchli qo‘rqishi uning ruhiyatida emotsional jarohat qoldiradi, hatto salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Natijada bolada ko‘zini tez-tez pirpiratish, duduqlanish, boshqalar bilan munosabatga kirishishga qiynalishi, o‘ziga nisbatan ishonch hissining yo‘qolishi, ba’zan agressiya kuzatilishi mumkin.
   Ko‘p hollarda ota-onalar bolaga ta’sir o‘tkazish, aytganlarini bajartirish uchun oqibatini o‘ylamay “eng oson” yo‘lini tanlashadi, ya’ni qo‘rqitishadi. Agar bola o‘zini munosib tutmasa, masalan, o‘yinchoqlarini yig‘ishtirmasa, vaqtida uxlashga yotmasa, ota-onalarning ovozlarini balandlatib gapirishlari, baqirishlari, biror narsadan mahrum bo‘lishdan, qorong‘ilikdan, yolg‘izlikdan qo‘rqish hissini keltirib chiqaruvchi “Eldor kelsa, hamma o‘yinchog‘ingni unga berib yuboraman”, “multfilm ko‘rishga ruxsat bermayman”, “yetro‘laga qamab qo‘yaman”, “bir o‘zingni tashlab ketaman”, “gaplarimga quloq solmasang o‘lib qolaman” tarzida gapirishi, jismoniy jazo berishlari unda qo‘rquv hosil bo‘lishining asosiy sabablaridan.  Bu ularni uzoq yillar ta’qib etishi mumkin.
   Buyumlar va o‘yinchoqlar bola uchun tirikdek bo‘lib qoladi. Kattalar yonida bo‘lganida, bola o‘zini xavfsiz his etadi. Ammo kattalar ketishi bilan unda ishonch hissi yo‘qoladi, mavjudlik va o‘ylab topilgan dunyo orasidagi chegara juda mustahkam bo‘lmaydi, bola ko‘pincha to‘qima obrazlar va haqiqatni aralashtirib yuboradi. Ana shunda turli-tuman qo‘rquvlar paydo bo‘ladi. 

«Uch farzandimda uch xil qo‘rquv»

— Hamshira bo‘lib ishlayman. Ikki o‘g‘il va bir qizim bor. Katta o‘g‘lim 14 yoshda, u qorong‘ilikdan qo‘rqadi. O‘rtancham esa 11 yoshda,  u akasiga nisbatan ancha dadil, lekin 7 yoshida oyog‘idan it tishlab olgani uchun, itlardan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Bu qo‘rquv yoshi katta bo‘lgani sari kuchayib bormoqda. Kenjatoyim 5 yoshda, u suvdan juda qo‘rqadi. Tug‘ilganida bunday qo‘rquv hissi yo‘q edi, so‘nggi ikki yil ichida o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi. Nima qilsam, bolalarim bu hissiyotdan xalos bo‘lishadi? 

Zahro, Toshkent shahri.

Ilhom HOJIBOYEV, psixolog:

— Bu oddiy qo‘rquv deb atalsa-da, aslida jiddiy e’tibor qaratish kerak bo‘lgan notabiiylik, ya’ni fobiyadir. Fobiyaning turlari ko‘p: yopiq joy, balandlik, qorong‘ilik, yolg‘izlik fobiyalardir. Fobiya — bola ruhiyatining me’yordan tashqari patologik holatidir.
   Agar bola qorong‘ilikdan qo‘rqsa va qorong‘i xonaga kirishni rad etsa, uni zo‘rlamang. U bilan birgalikda xonaga kirib, tinchlantiring, bag‘ringizga bosib hech nimadan qo‘rqmaslikni tushuntiring. Karavotiga yaqinroq  joyga chiroq o‘rnating. Bola kirishi bilanoq chiroqni yoqadi va bu bilan qo‘rquvini yengib o‘tishni o‘rganadi.
   Itdan qo‘rquvchi bolaga yumshoq kuchukcha o‘yinchoq yoki turli zotli kuchuklarning fotosuratli to‘plamlarini olib berish kerak. Bu itga nisbatan qo‘rquv hissi yo‘qolishiga yordam beradi. Itlar haqida ijobiy ertaklarni so‘zlab berish ham bolada qo‘rquv yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
 Suvdan qo‘rqish nafaqat bolalar, balki katta yoshdagilarda ham uchraydi. Bolani cho‘miltirishdan avval, vannaga suv to‘ldiring va yorqin rangdagi turli rezina o‘yinchoqlarni suvga tashlab qo‘ying. Vannada suzib yurgan rang-barang o‘yinchoqlarni ko‘rgan bolada suvga nisbatan qo‘rquv hissi bir muncha pasayadi. So‘ng biroz vaqt o‘tgach suzish sportiga qatnashtirishingiz ham ijobiy natija berishi mumkin.

Qo‘rquvni bartaraf etish uchun 6 qoida 


   Farzandi  qo‘rquvini yengib o‘tishni istovchi ota-onalar quyidagi  qoidalar bilan tanishishlari foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Oilaviy nizolardan yiroq tuting

  Hamma oilada ham er-xotin o‘rtasida tushunmovchiliklar bo‘lib turishi sir emas. Bolalardagi qo‘rqish hissining kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri — oilaviy nizolar. Kattalar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlar, baland ovozda janjallashish bolaga kuchli psixologik ta’sir o‘tkazadi. Ota-onalarning farzandi oldida hissiyotlarini jilovlashlari muhim. 

Mehr bering


  Oilada keyingi farzand tug‘ilgach, hamma e’tibor unga qaratiladi. Katta farzand esa ko‘pincha tanqid ostida qolib ketishi, hamma “tarbiyaviy choralar” unga qaratilishi mumkin. Bu unda o‘ziga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otadi. Imkon qadar uni ham yaxshi ko‘rishingizni aytib, rag‘batlantiring, xatti-harakatlaringizdan be’tibor emasligingizni his etsin.

Ko‘maklashing va tushuntiring



  Agar bola o‘zining nimadandir qo‘rqayotganini aytsa, demak, unga sizning ko‘magingiz kerak. Bolaning qo‘rquvi qanchalar beozor ko‘rinmasin, uning ustidan kulmang.   Nimalardan qo‘rqayotgan bo‘lsa o‘sha  haqida unga batafsil ma’lumot berishdan erinmang. Toki bu narsa qo‘rqishga arzimasligini bilsin. O‘zingiz bolaligingizda nimalardan qo‘rqqaningiz va buni qanday bartaraf qilganingizni so‘zlab bering. Barcha odamlar nimadandir qo‘rqishi va bu me’yoriy holat ekanligini tushuntiring. 

Diqqatini chalg‘iting


  Agar bola qo‘rqqan bo‘lsa, uni biron bir ish yoki o‘yin bilan chalg‘iting. Ko‘tarinki kayfiyatni ta’minlashga harakat qiling. Boladan juda ko‘p narsani talab qilmang. Sizning haddan ortiq talabchanligingiz yoki tez-tez jazolashingiz bolaning ruhiyati uchun ortiqcha yuklama bo‘ladi va bu ham qo‘shimcha qo‘rquvlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Ko‘proq birga bo‘ling
     

   Inson ruhiyatini junbushga keltiruvchi teleko‘rsatuvlar tomosha qilishi yoki kompyuter o‘yinlarini o‘ynashini qat’iy nazorat ostiga oling. Shunchaki cheklash o‘rniga bularning o‘rnini bosuvchi boshqa oilaviy mashg‘ultlar haqida bosh qotiring. Masalan, bola bilan birgalikda rasm chizish yoki kitob o‘qish ham unda ijobiy his-tuyg‘ular shakllantirishning muhim omili hisoblanadi.  
 
Ertak aytib bering

  Oxir-oqibatda  barcha qiyinchiliklarni bartaraf qilib, har qanday qiyinchiliklarni yenga oladigan qahramonlari bor ertaklar   aytib bering. Ularda  imkon boricha vahimali jumlalar ishlatmang, salbiy qahramonlarning qo‘rqinchlilik darajasini oshirib yubormang. 

 Yodda tuting: 

  Farzandingiz Sizdan buni so‘ramasa-da, hamisha  yordam berishingiz va qo‘llab-quvvatlashingizga ehtiyoj sezadi!  

GULNOZ tayyorladi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот