She’riyat


She’riyat

Kech kuzak, dildagi o‘ylarim notinch,
Ilinib oyning bir tutam nuriga.
Kechib halovatning bahridan sog‘inch,
Talpinar dil tilsim - otash qa’riga.

Qo‘ying endi meni mayda tashvishlar, 
Maydalanib ketdim zarra hisobi.
Iztirobdan bino bo‘lsa yashamoq, 
Mayliga qiynasin she’rning azobi.

Go‘yo osmonlarga ko‘chadi xayol,
Falakning bag‘rida ne siru asror.
She’riyatning tiynatiga boqsang ayon,
So‘zdan o‘zga bari o‘tkinch, bari bekor.

Bu mahzun umrimning shodligi she’rim,
Dovullarni uyg‘otadi qalbda hayrat.
Qanotida men o‘zimni topgum, zamin,
Qo‘yib yubor, samolarga uchgum albat...
***
 Qizlarim...

Umrimning tonglari mayin va sarxush, 
Siz bilan hayotim qizg‘aldoqlari.
Toza niyatlari dilga yoqar xush,
Orzulari osmon qizaloqlarim.

Sochlari tolimu qoshlari yoyim.
Bo‘ylaring bo‘yimga yetibdi qachon. 
Ibodan bir ko‘ylak tikib berayin,
Mehrim iplarila zeb berib chunon.

Kecha beshigingga osib ko‘zmunchoq, 
Allalar aytganda, o‘ynading kulib. 
Bugun yuragimda bir shirin titroq, 
O‘lan  kuylayapman,  yuragim to‘lib.

Jannatning kaliti deydilar qizni, 
Baxtu iqbol in’om aylasin hayot.
Qalbim gavhariday asradim sizni, 
Endi oqqush bo‘lib yoyarsiz qanot.

Yorug‘ baxt manzili chorlasin illo,
Orzularday go‘zal, nafis, nastarin.
Muhabbatning nurli ostonasida,
Yomon nazarlardan O‘zi asrasin.

***
Ko‘zim yo‘lingizga boqsa nigoron,  
Mezonimda esib bahoriy nasim. 
G‘arib bog‘larimga yarashib alvon,
Siz bilan gul-gulzor kelgay, azizim... 

 Nigohlarda bir cho‘g‘, sirli ma’no bor, 
 Ne tuyg‘u, anglamoq azobi azim.
 Shirin xayollarga etib giriftor,
 Siz bilan sir-asror kelgay, azizim... 

Umid bu – qaqragan sahroga najot,
Xasta dilga darmon, farahbaxsh tilsim.
Tushmi bu o‘ngimmi, ro‘yo-xayolot,
 Baxt demish bir tumor kelgay, azizim... 

Umrimning mehmoni jununvash fasl,
Xudoga qasam-ki, yonib sevgum jim..
G‘amlar zaxobidan zada qalbimga, 
Siz bilan navbahor kelgay, azizim...

Zilola XO‘JANIYOZOVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот