O‘TINCH


Mohigul O‘ktam qizi NAZAROVA

O‘TINCH

Siz meni "Gulim" deng, "Gulimohim"deng,
"Sen mening yagonam, bor gunohim", deng.
G‘amlar bo‘ronida adashib qolsam,
"Yonimga kel, jonim, men panohing", deng.

Men Sizni jahonim,borlig‘im deyman,
Xayolim, umidim, zorligim deyman.
Men Sizsiz yashadim, bilmadim qanday,
Shu yolg‘on dunyoda borligim deyman.

Muhabbatim Sizga, bor umrim Sizga,
Qanchalar intiqman, o‘sha bir so‘zga.
Men Sizni suyganman, dunyodan ortiq,
Hech kimni ko‘rmayin o, Sizdan o‘zga.

Siz meni "Gulim" deng, "Gulimohim" deng,
Yuragimda yongan nurli ohim deng.
Qora ko‘zlarimga  bir boqib tikka,
Yonimga kel endi erka ohum deng....

Qaytgil yonimga

Ming yil o‘tdimikan va yo o‘n ming yil,
Sensizlik dog‘ida qovrildi yurak.
Xun bo‘ldi, tun bo‘ldi, nima bo‘ldi dil,
Faqat borligingdan izladi tirgak.

Bilmam, hijron qancha etarkin davom,
Qarog‘ing nuriga dil chayarmanmi?
Qachon bari tugab bo‘ladi tamom,
Yonimda ekaning hech tuyarmanmi?

Ne bo‘lsa o‘tdi-yu, bor umrim sarson,
Buncha siniqlikka u tokay asir?
Charchadim baridan, toliqdim ishon,
Tolemiz kular kun bormikan axir?

Orzular horiqdi taqdir qo‘lida,
Bariga nuqta qo‘y, qaytgil yonimga.
Bo‘ldi, adashmaylik, g‘urur cho‘lida,
Do‘zax olovlari botdi jonimga...

Maktublar biting, azizim

Siz menga maktublar biting, azizim,
Suratini chizing, so‘zlasin sog‘inch.
Maktubingiz o‘qib, adashsin so‘zim,
Yuragim zarblari bo‘lsa-da notinch.

Siz menga maktublar biting, azizim,
Har bir satringizdan ko‘nglim quvnasin.
Har bir satringizda ko‘rinay o‘zim,
Har bir so‘zingizdan essin xush nasim.

Siz menga maktublar biting, azizim,
Mohim deng, ohim deng, yo atang gulim.
Bahorga aylansin mana shu kuzim,
Kuzning gullariday yashnasin ko‘nglim.

Siz menga maktublar biting, azizim,
Orzungiz ranglarin chizing maktubda.
Yoshlikka qaytaylik, bir lahza, bir zum,
Axir xayollarda yashamoq xo‘p-da...

2016 yil, aprel.

AYOLGA NЕ KЕRAK?

Ayolga ne kerak? Bir chimdim mehr,
Bir dona atirgul, Ishqqa to‘lgan dil.
So‘ngan nigohiga  bag‘ishlaydi nur, 
Axir e’tibordan yashnaydi ko‘ngil.

Ayolga ne kerak? Bir shirin kalom,
Sevimli ekanin shunda isboti.
Bitta sovuq  so‘zdan bo‘ladi tamom, 
Mo‘rtgina yuragin botib oftobi... 

Ayolga ne kerak? Bu yog‘i himmat, 
Erkaklar o‘ylasin, axir ular mard. 
Ayolning borligi - eng ulug‘ hikmat,
Ostonada tursa sakkizinchi mart.

Nechun she’r yozaman?

Ruhimga osildi xarsangday savol, 
Nechun she’r yozaman,nega kerak bu?
Kimgadir she’rlarim keladi malol,
Kimningdir qalbiga taratar yog‘du. 
Goho ta’nalar ham eshitdim ortdan,
"Shu yoshda muhabbat haqda yozarmish..." 
Shularga aytgim bor yuziga shartta, 
Kimdir she’rlarimni qalbga bosarmish!
Otamdan merosim - faqat shu ilhom, 
Qonimda, jonimda aylangan nafas. 
Ortimdan qolsa gar she’rim ila nom, 
Bilganim -  she’r menga emasdir havas. 
Ko‘nglimning mulki u, yashashga asos,
Hech kimga aytmagan dardlarim she’rda.
So‘zlarim tuyg‘umga bir oyna xolos, 
Yuragim yo‘g‘rilsa otashin nurga. 
Shukrona aytaman, senga Allohim, 
Bergan in’omlaring - she’rlarim uchun. 
Ta’na, dashnomlarga bir aytar so‘zim, 
Men uchun she’r sabab yorug‘dir ochun...

***

Bilmayman,men seni kimim deb atay, 
Ilk bora qalbimga  ekding sevgingni. 
O‘ylarga to‘ldirgan tunim deb atay, 
Yana xayollar-la  qaytib keldingmi? 
Sen o‘sha muhabbat rasmini chizib, 
Keyin armon rangda bo‘yab ketganim. 
Sen o‘sha Azobdan marjonlar tizib, 
Umrim yullariga to‘kib o‘tganim...
Sen ekkan sevgidan  undi iztirob, 
Ko‘zim yoshlaridan suv ichdi tuyg‘um. 
Taqdir bosh chayqaydi,ranglari xarob, 
Ishonch chehrasiga  o‘zing sochding qum.
Keyin birlashmadi umr yo‘limiz, 
Ko‘nglim ham jim ko‘ndi,qilmadi isyon. 
Esiz,xor tuyg‘ular,esiz umrimiz, 
Haliyam bu qiynoq etmoqda davom...
Sen sabab majruhga aylandi qalbim, 
Sen unga beshafqat tig‘ urding, nomard. 
Qayta sevolmadim,shu buldi aybim, 
Bu bari shunchaki... Armon yozgan xat...
Seni xotirlayman,ilk muhabbatim, 
Haliyam ko‘nglimni yoritgan chiroq... 
Men uchun azizdir haliyam yoding, 
Men seni  sevaman  o‘zimdan ko‘proq!

Beklarga so‘z…

"Sevaman, gulim!" deng, ayting shirin so‘z, 
Mehringizdan go‘zal guldasta tuting. 
Bugun tashvishlardan burib turing yuz, 
Gina,arazlarni bir zum unuting. 
“Sevaman,sen mening hayotimsan!"-deng, 
Eng go‘zal sovg‘ani so‘zga jo aylang. 
" Qo‘shiqqa aylangan bayotimsan",-deng, 
Uni dunyongizda malika saylang... 
"Baxtimsan,eng baland taxtimsan",-deng va,
Barmoqlarin o‘ping bitta-bittalab. 
U sizga jonini aylaydi fido, 
Undan boshqasini aylamang talab. 
Bir og‘iz shirin so‘z, bitta atirgul, 
Shunisi yetadi baxtga yetguncha. 
Shu bilan tu'ladi yarimta ko‘ngil,
Gox, umri o‘tadi shuni kutgancha... 
Ayting-da "Azizam,baxtimga bor bo‘l", 
Bitta o‘pib qo‘ying,peshonasidan. 
Ayol yashnab ketar misli rayhon,gul, 
Shodlikdan taxt qurib koshonasida...

Bir bora yig‘lasam...

Bir bora yig‘lasam, to‘yib yig‘lasam,
Ko‘nglim g‘uborlari ketsa to‘kilib.,
Keyin o‘z-o‘zimga aytsam bir qasam,
Alam bulutlari ketsin so‘kilib..
Yuragimda balqib bir nurli quyosh,
Yoritsa qorong‘u go‘shalarimni.
Kiprigimda o‘lib eng so‘nggi ko‘z yosh,
Unutsam, gumondor kechalarimni..
G‘urur pichoqlaring olgin bo‘ynimdan,
Bir bora imkon ber,yig‘layin to‘yib.
Rozi bo‘lsam hamki o‘tgan umrimdan,
Armon yuragimni olmoqda o‘yib..

2017 yil.
IZLAYSIZ...

Voz kechmoq istaysiz, kecholmay, 
Xotirot kishanlar xayolni.
Bu qo‘hna savdoni yecholmay,
Izlaysiz men telba ayolni.

Jimgina kuzatib holingiz, 
Istayman, fursatdan tasalli.
Ko‘ksimga sanchilib nolangiz,
Kulaman, yig‘lamoq mahali. 

Bu shunday bedavo bir tuyg‘u, 
Unutmoq istaysiz barini.
O‘zga yor quvonchmi yo qayg‘u, 
Anglarmi qalbingiz sirini? 

Taqdirga etaman havola,
Sizdandir voz kechmok, yo ketish. 
Ko‘ngilda umidnur bir tola, 
Yo bizga merosmi ko‘nikish?

Demak taqdir ekan...

Demak taqdir ekan... Demak bu tayin,
 Hijron saltanati mangulik emas. 
Yaqinlab boryapmiz, vaqt o‘tgan sayin, 
Demak bu ayriliq shunchaki bir dars. 

Demak peshonada bor birga bo‘lmoq, 
Qochmoqni istadik, yo‘l topolmadik. 
Ikki qalbni bitta olovda yoqmoq, 
Azobin haliyam unutolmadik...

Demak,sabr bizni eltar murodga,
Bir kun vasl ko‘shki bo‘lar bizniki. 
Hozircha ko‘ngilni berib faryodga, 
Ortamiz vujudga bu ilinj yukin. 

Demak,shu umidni bosib qalblarga, 
Ko‘ngil dardlariga bilamiz darmon.
 Yuraklar his qilgan o‘sha taftlardan, 
Yana tuyg‘ularga yuguradi jon... 

Demak,ko‘rishamiz hali bir kuni, 
Taqdirning toshli bu yo‘llari aro.
Ko‘ngilda miltirar tuyg‘u kukuni, 
Faqat qismat bizni qilmasa ayro...

Bu qanday baxt edi...
 
Bu qanday baxt edi, kamalak rangli, 
Mening quvonchimda raqs tushardi. 
Ko‘nglim qo‘shig‘iga jo‘rmi ohangi,
 Bir maftun nigohga juda o‘xshardi... 

Bu qanday baxt edi,bahorday yangi, 
Bir muddat umrimni gullatib o‘tgan.
 Baland gulxan kabi bir yonib so‘ndi, 
Endi tutunlari dilimni tutgan... 

Bu qanday baxt edi,oniy va sarxush, 
Ruhim olamida  o‘xshashi yo‘q hech.
 Go‘yo ko‘rgan kabi bir betakror tush,
 Go‘yo fursat o‘tib, bo‘lmaganday kech...

Bu qanday baxt edi...Sening borliging, 
Ko‘nglim chiroqlarin yoqqan bir dammi? 
 Nahot bor haqiqat - senga zorligim,
 Baxtning bir tashrifi-umrimda kammi?

Bu qanday baxt edi... Shabboda monand... 
Epkin-u,mavjlari dilga yoqardi. 
Har bir titrog‘iga jonim bo‘lib band,
 Ehtimol shu sabab, sochim oqardi...
 
Manzara

Yomg‘ir yog‘di... Junjikar yaproq, 
Novdalarga yopishib tani.  
Bulutlarga bosh qo‘ydi oftob, 
Issiq kunlar qaylarda,qani?  

Yomg‘ir yog‘di. Yig‘ladi borliq,
 Sovuq suvga tushgan boladay. 
 Xayol bulsa baridan kulib, 
She’rga tushdi, go‘yo noladay...

Shumshayadi uylar, simyog‘och, 
Qarg‘alarning qo‘shig‘in tinglab.
Tabiat ham titrar yalang‘och, 
Kiyimlarsiz qolganin anglab...

Shivirlar yomg‘ir...

Tonggacha erinmay shivirlar yomg‘ir, 
Sog‘inchlar bong urar,uning sasida. 
Ko‘nglimga yuk bo‘ldi o‘sha  qo‘hna sir, 
Charchadim men uning  iskanjasida. 

Aslida telbalik seni kutishim, 
Axir kelmasliging ayon haqiqat.
 Senga baribirmi qonlar yutishim, 
Qaytishing-xayolim to‘qigan ertak...

Tonggacha hamohang  yig‘ladi yomg‘ir, 
Hiqillab bosh urdi derazamga ham. 
Endi g‘ech kelmaysan, shu ekan taqdir, 
Senmas, quchoqlaydi meni o‘sha G‘am.

Va yana qo‘limdan  tutdi-yu hasrat, 
Oxiri itardi Armon bag‘riga.  
Aslida sog‘inchim sen bergan hayrat, 
 Men bo‘lsam bandiman uning sehriga...

Sensizman...

Dunyo-dunyo dardim bag‘rimga bosib,
Yolg‘izlik g‘amini yelkamga osib,
Umid – yuragimni yamagan kosib,
Tanho ketayapman, ko‘z yosh – dengizman,
Netay, qalbim yetim – hamon Sensizman!

Hayot, osmoningda qanotsiz qushman,
Kimgadir orzuman va yoki tushman,
Kimdir do‘st biladi, kim bilar dushman,
Bu alam, qayg‘ular aro tengsizman,
Bilganim – bu dunyo armon, Sensizman…

Koyima, bunchalar anduhi ko‘p deb,
Bu qismat olovi borim qo‘ydi yeb,
Dard, alam ko‘ylagi – taqdir bergan sep,
Kiyganim shu bo‘ldi, qara – yengsizman,
Ranglari za’faron somon, Sensizman...

Sarhadlar  

Sizni xayollarim hech qo‘ymaydi tinch,
Xayollar, sog‘inchlar boshlaydi yo‘lga.
Dilingizda esa bir mitti ilinj,
Shunda telefonni olasiz qo‘lga.

Ohista terasiz raqamlarimni,.
Gudoklar... Ovozim berarmi umid?
Buzmoqni istaysiz sarhadlarimni,
Ammo bormoqda-ku, hislarim so‘nib...

Qo‘ying. Kul ichidan izlamang olov,
Raqamim unuting, bu bari o‘tmish.
Meni o‘ldirdi-ku, o‘sha shum aldov,
Meni o‘ldirdi-ku, g‘iybat va mish-mish.

Bo‘ldi, ontlaringiz menga kerakmas,
Boshqa ishonmayman, alahsiramang.
Menga borligingiz endi tirgakmas,
Endi meni qo‘ying, imkon so‘ramang.

Bo‘ldi, qalbim g‘ijim, hislar bag‘ri qon,
Nimaiki bo‘lsa, hakamdir Alloh..
Endi yuragimni chaqadi Armon,
Sizni deganimmi - men qilgan gunoh?

Yoki ishonchimmi, poyingizdagi,
Siz unga shunchaki artdingiz-ku, poy?
Yoki zabunlikmi bor qalbimdagi,
Mehrobim bulg‘agan balchiq yoki loy?










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот