TUNGI KICHKINA MЕHMON


Nigina NIYOZ

 KICHKINA MЕHMON

   Archa bayrami tugadi. Shundagina horiganimni his qilibman. Bayramga bir-ikkita bolalar kelishmadi. Shularning sovg‘asini qopga joylab, yo‘lga tushdim.
    Ko‘chaga chiqqanimda qosh qorayib qolgandi. Qishda qorong‘i tez tushadi-da, shunisi yomon. Hech narsaga ulgurmaysan, kishi. Qopni orqalab ketayotsam, qorni g‘irch-g‘irch bosgancha ortimdan birov ergashib kelayotganini his qildim. Sharpasi ham, oyoqlari ham kichkina. Yursam yuradi, to‘xtasam to‘xtaydi. Bir safar devor ortiga berkinib ham oldi. Yarim gavdasi ko‘rinib turibdi, yana deng devor ortidan chiqmaydi.
– Hoy bola, men seni ko‘ryapman! – dedim quvlik bilan. – Qani, chiqchi bu yoqqa?!
    Chamasi uch-to‘rt yoshlardagi bola devor ortidan sekin mo‘raladi.
– Chiqsam, urushmaysizmi?
– Nega urushay, men axir Qorboboman-ku!
– Rostakam Qorbobomisiz? – hamon devor ortida qisinib turgancha so‘radi bola.
– Rostakam! – dedim bolaning gapidan kulgim qistab. – Yolg‘ondakam Qorbobo ham bo‘ladimi?
– Bo‘ladi! – dedi u katta odamday salmoqlanib. – Bizni bog‘cha opamiz Qorbobo bo‘p chiqqanla... O‘shanda Nilushga sovg‘a yetmagan! Tushlikdan keyin uxlab yotsam, bog‘chapamiz, Nilushni dadasi sovg‘aga pul bermadi, degan. Uni dadasi yo‘q. Haqiqiy Qorbobolarning sovg‘asi hammaga yetadi-ku, to‘g‘rimi? O‘shanda Nilush yig‘lagan, – bola devor ortidan chiqib qopimga tikilib qoldi.
– Qopingiz kichrayib qopti-ku, sovg‘alarni berib bo‘ldingizmi?
– Berib bo‘ldim-da, toychoq...
– Endi nima qilasiz? Sovg‘alarni sizga kim beradi?
– Yaxshi odamlar yana obkelishadi. “Bobojon, buni bolalarga tarqating”, deyishadi.
     Buni eshitib bolaning ko‘zlari chaqnab ketdi. Menga havas bilan qarab qo‘ydi.
– Nilushgayam berishadimi?
– Ungayam berishadi. Ertaga Nilushni ham chaqirib kel! – men o‘z yo‘limga ketdim, ammo bola mendan bir qadam ham qolmay, ortimdan ergashib kelayotgandi.
– Endi uyingga bor. Ota-onang xavotir olishadi...
– Xavotir olishmaydi. Men ularga Ertaklar mamlakatiga, Qorboboning uyiga boraman, deb aytib kelganman. Ular “mayli o‘g‘lim”, deyishgan, – dedi bola soddalik bilan. Men yana kuldim.
– Yaxshi, unda seni uyingga o‘zim olib borib qo‘yaman. Qaysi tomonda turasan?
     Bola yelka qisdi.
– Uyimiz bekatga yaqin. Qorbobo bo‘p turib, shuniyam bilmaysizmi?
     Boshim qotib qoldi. Endi chinakamiga tashvishlana boshladim. Militsiya uchastkasiga topshirish kerak? Ammo ... Bayram munosabati bilan hamma ichib olgandi, ularga bolani ishonib bo‘ladimi?! Bola esa savol berib charchamasdi.
– Sizning o‘g‘lingiz yo‘qmi?
– Nega endi, bor!
– Doim Qorqiz bilan yurasiz-ku? Qorqizning dadasi o‘g‘lingizmi?
– Uyam qordan yasalganmi? – u yana savol berdi. – Men Qor o‘g‘lingiz bo‘la qolay... Keyin meniyam archa bayramiga olib borasizmi? Ular meniyam “Qor bola, Qor bola”, deb chaqirishadi, – bola o‘zidan mamnun iljayib qo‘ydi.
     Bolaning qo‘lidan tutgancha katta yo‘lga chiqdim, mashina to‘xtatdim. Yaxshisi, uni militsiyaga ertaga olib boraman. Bu bolaning ota-onasi buncha loqayd bo‘lmasa?! Uni yo‘qotganlarini sezishmabdi, ham. Bola yana tanbeh berdi:
– Qorboboyam taksida yuradimi? Ot qo‘shilgan chanangiz qani?
– Chanamni olmaxonu ayiqlarimga berib yuborganman. Ular ham bayramga ketishgan-da...
– Tulkilaringiz odamga o‘xshab gapiradimi? Menam ularni ko‘ramanmi?
– Uxlab qolmasang ko‘rasan,– dedim xotirjam. Hech bo‘lmaganda kursdoshim Nozim kelib qolar, axir u ayiq kiyimida-ku! Endi tuni bilan shu bola uchun rol o‘ynab chiqishimizga to‘g‘ri keladi... Axir bolaning ishonchini so‘ndirsa, u hech qachon ertaklarga ishonmaydigan bo‘lib qoladi.
     Nihoyat, ijara uyga yetib keldik. Bayramga monand, turli yaltiroq qog‘ozu archa o‘yinchoqlari bilan bezatilgan xonani ko‘rib bolaning og‘zi ochilib qoldi. Ayniqsa, balkon yonidagi oziq-ovqat saqlanadigan, o‘chib-yonuvchi chiroqlar o‘rnatilgan ombor eshigidan ko‘z uzolmay qoldi.
– Bu qanaqa eshik? Qorqizning uychasimi?
– Bu... Ertaklar mamlakatiga boriladigan eshik! Taksining ham, ot aravaning ham keragi yo‘q. Eshikni ochib kirishing bilan ertaklar mamlakatida bo‘p qolasan, tushunding...
– U yoqda hamma bolalarning dadasi bormi?
– Bor...
– Dadasi aroq ichmaydimi?
– Ertaklar mamlakatida aroq nima qiladi?
– Ayasi ham yig‘lamaydimi? – kutilmaganda bolaning ko‘zlari ma’yus tortib qoldi. – Meni dadam ichadi. Bugun ham aroq ichib, ayamni urdi. Ayam Mubishani olib ketdi... U kichkina-da, ayamsiz turolmaydi. Dadam meni ob qoldi. Yig‘lagandim, bayramga olib boraman, dedi. Meni archaga kiritib yuborib, o‘zi o‘rtoqlari bilan qoldi... Keyin kelmadi.., – bola chuqur xo‘rsindi.
– Demak, meni aldabsan-da? Nega bunday qilding?
– Qo‘rqdim. Dadasi ichadigan bolalar bilan gaplashmaysiz deb o‘yladim. Baxti, Alishlarning ayasi “alkashning bolasi bilan o‘ynamanglar”, deb urushadi. Baxti baribir keladi. O‘yinchog‘iniyam beradi. Baxtiniyam chaqirsam bo‘ladimi, bu yoqqa?
– Bo‘lganda qandoq! – dedim ichimdan ayqirib kelayotgan alamni “qult” etib yutib.
– Ertaklar mamlakati yaxshi ekan, – dedi bola ko‘zlari porlab. – Ertaga boramizmi? Mashina ham kerakmas-a? – o‘zicha mamnun qiqirlab kuldi, bola.
    Yotar chog‘i bolaga o‘yinchoq ayiqcha berdim. Issiq elitib, u o‘yinchog‘ini quchoqlagancha uxlab qoldi. Bu orada kursdoshim Nozim keldi. Bolani ko‘rib jahli chiqdi.
– Senga ergashgan hamma bolani yetaklab kelaverasanmi? – dedi u tanbeh berib. – Bu ketishda boshingga bir mashmasha orttirmasang edi. Yoningdan sovg‘a olib, keyin bir tiyinsiz qolganingni unutdingmi? Unaqa emas-da, og‘ayni.
     Men unga javob qilmadim. Shu tobda rostdan ham ertak qahramoniga aylanib, manavi sho‘rpeshona bolani himoya qilgim keldi. Ammo...
– Nega hayot ertakka o‘xshamaydi? – dedim do‘stimga qattiq tikilgancha. – Hech bo‘lmasa bir kun yangi yilda ertakka o‘xshasa bo‘lmasmikin?
...Do‘stim indamadi. Ensasini qotirib balkonga chekkani chiqib ketdi. U yoqdan:
– Es-hushi joyidamas, buning! – deb po‘ng‘illagani eshitildi.
     Tong otdi. Hech bo‘lmaganda shu bolaning bir kuni ertakka o‘xshashini xohladim. Shu niyatda azondan grim qilib oldim. U meni oddiy kiyimda ko‘rishini istamasdim. Qorbobo kiyimida bola yotgan xonaga kirdim.”Hozir uning yuzlaridan o‘pib qo‘yaman!”, deb o‘yladim men. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rayki, u o‘rnida yo‘q edi. Bolani butun uydan izlab chiqdim, topmadim. Xavotir bilan balkonga otildim, balki ko‘chaga chiqib ketgandir... Pastga qaradim. Hech zog‘ ko‘rinmadi. “Hoy, bola, qayerdasan?”, baqirdim men derazadan turib. Qarangki, men uning loaqal ismini ham so‘ramagan ekanman.
     Xafsalam pir bo‘lib ortimga qaytdim. Ammo kutilmaganda ochiq qolgan ombor eshigiga e’tibor qildim.
– Hoy bola, bu yoqqa chiq! – boshimni ichkari tiqib, uni chaqirdim men. Sas-sado kelmadi. Omborxona kichkina, katta odam bo‘y barobar sig‘maydi. Shu bois u yoqqa emaklab kirdim. Fonusni yoqib, har burchakni qarab chiqdim, ammo bola yerda ham, ko‘kda ham yo‘q edi... Balki u chindan ham ertaklar olamiga ketgandir? Gap shundaki, u bunga chin yurakdan ishongan. Shuning uchun u yoqqa keta olgan. Biz kattalar esa ishonmaymiz, shuning uchun ham ertaklar mamlakatiga ketolmaymiz... Ammo men endi buning sirini bilaman va balki bir kun kelib men ham ertaklar mamlakatiga keta olarman. Hech bo‘lmaganda bir kun!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот