OQIBAT DЕVORLARI NURAMASIN


Nilufar JABBOROVA

OQIBAT  DЕVORLARI  NURAMASIN

     Rahmatli onam shu gapni ko‘p takrorlardi. Bola qalbim bilan bu so‘zlarini tushunmas, oqibat devori qanday bo‘lar ekan, deya o‘ylardim. Vaqt o‘tgan sari bu so‘zlar ma’nosini anglagandek bo‘ldim. 
   Bir devor qo‘shni, sinfdosh dugonam  bilan maktabga birga qatnardik. Maktabdan qaytgach, uy yumushlarini tez-tez bajarib, uyimiz oldidagi maydonchaga o‘ynagani chiqardik. Bir kuni o‘yin avjiga chiqqanda Gulnoza shoshib qoldi:
–  Uyda bobomning o‘zi qolgandi-ku! Men tez uyga kirishim kerak. Xoynahoy, bobom oshxonaga kirib olib go‘sht pishirayotgan bo‘lsa kerak...
–  Bu nima deganing. Ovqat qilmaganmiding? – deya ajablanib so‘radim.
– Ovqat bor. Ammo necha kundan beri bobom qovurilgan go‘sht yegim kelyapti, deb yurgandi. Aytganini qilib bermagandik, o‘zi pishirib yebdi. Onam bobong go‘shtni kamaytirib qo‘yibdi, nega qaramading,  deb rosa  baqirgandi. Shu bobomni deb tinchlik yo‘q uyimizda. Qari bo‘lsayam tomog‘i yomon-da o‘lgurning. Allanimalarni yegisi keladi. Dadam: “Boboy o‘lsa, shoshib qolmaylik”, deb, bir qopdan  guruch bilan un olib qo‘ygandi. Ko‘p vaqt turganidan mitalab ketibdi.  Noiloj ro‘zg‘orga ishlata boshladik. Ertaga dadam maosh olsa yana guruch, un olib kelarkan. Onam ham, “Sakson beshga kirsayam o‘lishidan darak yo‘q. Joniyam qattiq ekan-da”, dedilar... –  u tinmay gapirar, gapirgan sari oyoqlari uyi tomon shoshib ketardi...
    Ochil boboning qulog‘i og‘irroq bo‘lsa-da, juda mehnatkash, samimiy inson edi. Qachon chiqsam, u kishi doim bir nimalar bilan band bo‘lar, oila a’zolarining oyoq kiyimlarini tikib, butlab o‘tirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Suhbatini eshitsangiz yonidan ketgingiz kelmas, bir-biridan qiziqarli hikoyalarni aytib odamni aslo zeriktirmasdi...
   Shu voqea sabab bo‘ldi-yu, maktabga Gulnoza  kelishini kutmay atayin erta ketib qoladigan bo‘ldim. U bo‘lsa nima bo‘lganiga hayron edi...
    Bir kuni erta tongdan  “Voy, otam-yey”, degan yig‘i eshitildi. Yugurib hovliga chiqdim, ovoz Gulnozalarning uyi tomondan kelayotgan edi. Bildimki, Ochil bobo vafot etibdi... Kechagina hassasiga suyangancha ko‘cha eshigi oldida nimalarnidir o‘ylab o‘tirgandi-ya.  
    Qo‘shni hovlidan chiqayotgan ovoz balandlashgan sari shunchalik soxtadek tuyular, Gulnozaning “Guruchlarimiz eskirib qoldi, buning esa o‘lishidan darak yo‘q”, degan gaplari qulog‘im ostida jaranglayverardi...  
   Endi har gal  Qarshiga borsam bir devor naridan baqir-chaqir, ur-to‘polonlarning ovozini eshitaman. Ukamga nima gap degandek qarayman. Ukam esa xo‘rsinib, “Qaytar dunyo”, deydi. Shunday paytlarda ko‘chamizda Ochil boboning mung‘ayib turgan chehrasi ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi...
    O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloning bolalik xotiralarini qog‘ozga tushirish maqsadida sevimli yozuvchimizning uyiga bordim. Uzoq suhbat davomida keksalikning o‘ziga xos erkaliklariyu injiqliklarini sabr-toqat, mehr bilan ko‘tarayotgan farzandu nevaralarini ko‘rib havasim keldi. Bir vaqtlar tarixning sinovli va og‘ir kunlarini boshidan o‘tkazgan  adib bilan uning  rafiqasi Munavvara ayaning shunday tabarruk yoshda farzandlar ardog‘ida yashayotganida mehr-oqibatning o‘rni beqiyos ekanini angladim. 
    Hamkasbim ishga kelishi bilanoq qo‘shnisining qilmishidan gapira ketdi. 70 yoshli opa ukasini ko‘rgani uning uyiga kelibdi. Kelin esa qaynopaning kelganini ko‘rib eshigini ochmabdi. Bechora ayol uzoq yo‘ldan kelgani uchun qaytib ketishini ham bilmay eshik oldida ancha kutibdi. Aksiga olgandek yomg‘ir tinmay yog‘ar, sho‘rlik ayol esa pana joy topa olmay rosa shalabbo bo‘libdi. Oynadan ko‘rib qolgan hamkasbim qo‘shnisining uyiga qo‘ng‘iroq qilibdi. Go‘shakni ko‘targan qo‘shni ayolga:–  Qaynopangiz eshigingiz yonida turibdi. Qachondan beri qo‘ng‘irog‘ingizni bosadi. Nima, eshitmayapsizlarmi? – deb so‘rabdi. 
–  Voy, eshityapmiz. Jonimizga tegib ketdi-da o‘ziyam. Uyida o‘tirsa bo‘lmaydimi?! Siz indamang, aylanay, kutib-kutib o‘zi qaytib ketadi, – debdi. Oxiri chidolmagan hamkasbim ivib ketgan ayolni uyiga olib kiribdi. Buni oyna tirqishidan kuzatib o‘tirgan qo‘shnisi ikki soatlardan keyin chiqib, “Qachon keluvdingiz, opa, kelin bilan bozorga tushgan edik”, deya noiloj uyiga olib ketibdi. 
    Turfa  tabiat odamlarni ko‘rib hayron qolasan, kishi.  Axir qaynonasining bu xatti-harakatini ko‘rib o‘rgangan kelin ertaga atrofidagilarga qanday munosabatda bo‘lar ekan-a?..
     ...Avtobusda yurishning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Yo‘lovchilarning kayfiyati chog‘. Kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir qo‘shiq eshitayapti, boshqa birov esa atrofni tomosha qilgan...  Qo‘qqisdan konduktor ayolning baqirgani hammani e’tiborini tortdi. 
 – Hozir tushasan. Tushundingmi? Men hech nimani bilmayman. Avtobus to‘xtashi bilan tushasan. Puling yo‘q ekan, nega avtobusga chiqasan? He seni pulsiz jo‘natgan o‘sha ota-onangni...
–  Adashib qolaman-ku, opajon. Pulim bor edi. Ishlatib qo‘ydim-da. Ertaga qo‘shib beraman, – avtobusning o‘rta eshigi yonidan hiqillagan ovoz eshitildi. Chamasi ikkinchi yo uchinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir bolakay yerga qarab turardi. Yoshi ulug‘roq bir ayol konduktor ayolni insofga chaqirmoqchi bo‘ldi:
–  Bu nima qilganingiz? Yaqinda sizga o‘xshagan bir konduktor puli yo‘q bolani avtobusdan tushirib yuborgan ekan, uni naq uch kun qidirishibdi. Bolasi topilgunicha ota-onasining bo‘lari bo‘libdi. Pul kerak bo‘lsa mana men to‘layman. Bolaga indamang, xo‘pmi, – dedi.
–  Pulingiz shunchalik ko‘p ekan bunga o‘xshagan bolalarning hammasiga to‘lay olasizmi? O‘tirib olib muncha donolik qilasiz, – deya baqira ketdi konduktor ayol. 
    Odam ko‘p bo‘lsa-da, avtobus suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Hammaning kayfiyati tundlashdi. Axiyri o‘zining borligi esiga tushib qoldimi haydovchi amaki tilga kirdi:
–  Necha marotaba aytdim senga. Bolalarga indamagin. Puli bor bo‘lsa beradi, bo‘lmasa yo‘q deb. Qanaqa gap tushunmaydigan xotinsan o‘zi, a? Doim bir g‘alva chiqarasan... Axir sening ham farzandlaring, nabiralaring bor-ku. Ular ham bir kuni shunday holga tushib qolishi mumkin-ku,  – asabiylasha boshlagan haydovchining gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki konduktor ayol xotini ekan. 
–  Yaxshi bo‘libdi. Yo‘lingizga qarang. Men hech qachon farzandlarimni pulsiz ko‘chaga chiqarmayman, tushundingizmi... – ayolning borgan sari ovozi balandlashar, yo‘lovchilar manziliga yetdimi yoki yo‘q tez-tez tushib keta boshlashdi.
     Avtobusdan tushar ekanman, ko‘z oldimdan “Sen yetim emassan” kinofilmidagi kadrlar birma-bir o‘ta boshladi. Unda Mahkam ota oilasining och-nahor ahvolida ham turli millat bolalariga g‘amxo‘rlik qilganliklarini bir eslab ko‘ring-a! Bu shunchaki kino emas – bizning o‘tmishimiz, tariximiz! O‘sha nochor zamonlar oldida hozirgi o‘tayotgan to‘kin va osuda kunimizni qiyoslab bo‘lmas darajada qadri, qiymati borligini nega tushunmaymiz. Axir o‘zbek millati, bolaning begonasi bo‘lmaydi, deya dushmanining  bolasigada mehr-oqibat ko‘rsata oladigan buyuk xalq emasmidi!? Endi esa atigi ming so‘m pul uchun konduktor bolani duch kelgan yerda avtobusdan tushirib yuborsa-yu, ota-ona, militsiya xodimlari uni uch kun qidirishsa...
     Yashayversang ko‘raverasan deganlaridek, ayrim er-xotinlarni ko‘rib ajablanasan, kishi.  Shifoxona eshigi oldida bir kelinchakning zorillab yig‘lagani hech ham esimdan chiqmaydi. Ikki tomonlama pnevmoniya (o‘pka yallig‘lanishi), baland isitma bilan kelgan bu homilador kelinchakning eri xotinini shifoxonaga yotishi uchun ruxsat bermabdi. Ustiga-ustak ayoli ichishi lozim bo‘lgan dorilarni ham berkitib qo‘ygan ekan. Nima emish, dorilar uning puliga kelganmish.  Kerak bo‘lsa o‘zing ishlab top, debdi. Shifokorlar kelinchakning eriga gap uqtirolmay boshi qotgan... 
    Ming afsuski, oradan nima gap o‘tishi, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar shu ayol vujudida o‘z zurriyodi borligini, bu mitti jon mehr-muhabbatga, e’tiborga muhtoj ekanligini unutib qo‘yo‘vchi shafqatsiz kimsalar ham oramizda uchrab turibdi.
     Ish yuzasidan  jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudiga bordim. Eshik oldi shunchalik tirband ediki, ko‘rsangiz, “O‘h-ho‘, hamma mehr-oqibat shu yerda ekan-ku”, deysiz. Kerakli hujjatlarni olishim uchun 30-40 daqiqa kutib turishimga to‘g‘ri keldi. Shu vaqt davomida eshik oldini to‘ldirib turgan odamlarni kuzatdim. Bir-biriga nafrat ko‘zi bilan qaragan, jiddiy, asabiy, tund yuzlar... Yonida nabirasi bilan turgan keksa ayolning aytishicha, qo‘shnisi “Nabirang eshigim panjarasiga osilib, o‘g‘irlik qilmoqchi edi”, deya sudga ariza beribdi. E’tiborimni  burchakda boshini changallaganicha o‘tirgan ayol tortdi. Sho‘rlik erining sitamlariga chidolmay uch o‘g‘li bilan ajrashgan, yillar o‘tib, bolalari bo‘yi tengi bo‘lganida qaynonaning, ya’ni “mehribon buvijon”ning nabiralari yashaydigan ikki xonali kvartirasi yodiga tushib qolibdi. Shuncha yashaganlaring yetar, uyni bo‘shatib qo‘ylaring, deya har kuni to‘polon qilarmish. Qo‘shnilari “Axir nabiralaringiz-ku”, deyishsa, “Otasini tan olmaymanu, bolalari nima bo‘lardi”, dermish... Xullas, “dedi-dedi” bilan umrini o‘tkazayotgan odamlarga qarab achinib ketdim. Go‘yoki biror bir maqsadsiz yo‘lga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshashadi... 
    Bugun shahar oralab yursangiz bir-biridan baland qilib barpo etilgan hovlilarga ko‘zingiz tushadi. Xuddiki uylar ham kimo‘zarga qurilayotgandek, go‘yoki ertaklardagi podsholar makoniga  o‘xshaydi-ya. “Tavba, odamzod uchun buncha hashamning nima keragi bor ekan-a?” dedim hayratimni yashira olmay.  Gapimni eshitgan haydovchi amaki qo‘li bilan chap tomonni ko‘rsatib shunday dedi: 
– Singlim, mana shu ko‘chaning orqasida bir ayolning uyi bor. Ishonasizmi, ikki yilda uyini to‘rt marotaba buzib qurdirdi. Uy qurilishi endi tugay deganda boshqa bir hashamdor uyini ko‘rib, bunikidan ham zo‘r qilaman, deb  uyni boshqatdan qurdiradi. Yaqin o‘rtog‘im o‘sha ko‘chada turadi. Uning aytishicha bir hovli uchun ketgan mablag‘ga kamida o‘rtacha sakkizta uy ko‘tarsa bo‘larkan. Achinarlisi, o‘sha ayolning uyidan sal narida ikki bolasi bilan nochor oila yashaydi. Eri nogiron, ayol esa farrosh bo‘lib ishlaydi. Bolalarini bog‘chaga berishgayam puli yo‘q...  Ko‘zi ochig‘u qalbi so‘qir, deb shundaylarni aytishsa kerak-da. Shunchalik puling ko‘p ekan, yoningdagi qo‘shningga yordam qilmaysanmi?..  
     Ikki hafta oldin bir to‘yga bordim. Kelin-kuyov o‘tiradigan joyni bezatish uchun 67 million so‘m xarajat qilishibdi. 4-5 soatlik bazm uchun shuncha isrofgarchilik. Dasturxonni gapirmasa ham bo‘ladi. To‘ydan chiqib do‘konga kirdim. Qo‘lida bolasi bilan bir ayol sotuvchiga qarzga bitta non bering, deb yalinib o‘tiribdi. Sotuvchiyam, “Qarzingiz ko‘payib ketdi. Men bir kichik odam bo‘lsam, xafa bo‘lmang, opajon, boshqa qarzga non berolmayman”, dedi. Mana sizga hayot! Kimdir birpasda 67 millionni havoga sovurib yubordi, kimdir esa 650 so‘mlik bo‘lka nonga zor bo‘lib yashayapti... – haydovchi amaki kuyinib gapirar, asabiylashganidan peshonasidan duv-duv oqayotgan terni dastro‘molchasi bilan dam-badam artib qo‘yardi... 
     “O‘zingga yaxshi ko‘rgan narsangni boshqa odamlar uchun ham ravo ko‘rgin! Olloh Taolo  qiyomat kuni ikki toifa kishi: qarindoshlik aloqasini uzuvchi va yomon qo‘shniga nazar qilmaydi”, deyiladi Baylamiy so‘zlarida. 
    Muhammad s.a.v. aytadilarki: “Qanday yaxshilik qilsangiz, ota-onaga, qarindosh-urug‘ga, yetim-miskinlarga va yo‘lovchi musofirlarga qilingiz. Qanday yaxshilik qilsangiz shubhasiz Olloh uni bilguvchidir”. (Qur’oni karim, Baqara surasi 215 oyat). 
Bir insonni bilaman. Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Gumatak degan chekka qishloqda istiqomat qiladi. Ko‘p yillar davomida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Bundan bir necha yillar muqaddam qishloq bolalarining uzoq maktabga qatnashi, ayniqsa, qishda, sovuq qorlarda loy ko‘chalarni kechib borishi mushkulligini ko‘rib o‘z hisobidan maktab qurishga kirishibdi. Avvaliga qayerdan pul topishni bilmay boshi qotibdi. Keyin bor qo‘y-qo‘zisini sotib pul to‘plabdi. Maktab qurilishi boshlanganidan so‘ng  atrofdagilar ham farzandini yaqin maktabda o‘qishi mumkinligidan quvonib, ushbu xayrli ishga bosh qo‘shishibdi. Qarabsizki, qisqa muddatda maktab qurilishi nihoyasiga yetkazilibdi. Davlatimiz tomonidan maktabga kompyuter jamlanmasini sovg‘a qilinibdi.  U paytda hali tuman markazidagi maktablarda ham kompyuter bo‘lmagan ekan. Har gal tahririyatga o‘quvchilarning dasta-dasta she’rini ko‘tarib keladigan bu ustoz “Bizning o‘quvchilarimiz ham iqtidorli. She’rlari chop etilsa ruhi ko‘tariladi, bundan-da yaxshi o‘qishadi”, deydi to‘lqinlanib... 
     U kishi “Har bir inson o‘ziga “El-yurtga nafim tegyaptimi? Bu oqar daryodek o‘tayotgan hayotda o‘z o‘rnimni topdimmi? Odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib, og‘irini yengil qila oldimmi? Umrim poyonida ortga boqsam, qalbimga taskin beruvchi biron-bir xayrli ishim ko‘rinadimi? O‘tgan umrimga achinmaymanmi? deb xayolan kechmish yillariga nazar tashlab turishi kerak”, dedi. Nazarimda bu chorlov barchamizga qaratilgandek.  
     “Yaxshi ishlarning yana bir afzalligi shundaki, u qalbni yuksaltiradi va uni yanada ezgu ishlarga moyil qiladi”, degan edi Jan Jak Russo. Erta tongdan ko‘ng‘iroq bo‘lib, “Sizga jo‘natma  bor”, deyishdi. Bu haqida hech kim ogohlantirmagani uchun hayron bo‘ldim. Jo‘natmani olgach shoshib ochib qaradim. Qalin qilib to‘qilgan bejirim ro‘mol. Ichidagi xatda “O‘zingizni ehtiyot qiling, opajon! Menga hali ko‘p kerak bo‘lasiz! Ukangiz Farhod”, deb yozilgan ekan.  Ko‘zlarimga beixtiyor yosh keldi.  Oqibatingdan  aylanay, ukajon, dedim.   Sovuq kunlarda  yelkamga tashlar ekanman meni ro‘mol emas, go‘yoki ukam mehrining tafti isitayotgandek bo‘laveradi. Mehr insonga shunchalar xush yoquvchi tuyg‘u ekanligini his etaman.
    Ayrim joylarda aka-uka, opa-singillarning kelishmovchilikdan hattoki vafot etgan jigarini so‘nggi manzilga-da kuzatishga kelmayotganini guvohi bo‘lyapmiz. Bunday odamlarga, “Xudo xayringni bergur, marhumdan ham xafa bo‘lasanmi? Hech bo‘lmasa shunday paytda gina-kudratni unutgin”, deging keladi.
    Yaqinda bir dugonamning onasi saraton xastaligidan vafot etdi. Qanchadan-qancha yelib-yugurishlar, muolajalar hech qanday natija bermadi. Ta’ziyaga kelgan qo‘shnilaridan biri, “Aylanay, qo‘shni ayollar nega bularning ovozi chiqmaydi, deyishyapti. Ovoz chiqarib jonliroq yig‘lang. Axir onangiz o‘ldi-ya, onangiz”, desa bo‘ladimi. Og‘ir judolikdan karaxt bo‘lib qolgan, neki tashvishi bo‘lsa ichida, dardini doston qilishni bilmaydigan  dugonam kutilmagan gapdan qotib qoldi. Dabdurustdan shunday chinqirib yubordiki, bu ovoz go‘yoki fahmsiz, dilozor odamlarga qaratilgan faryoddek tuyuldi menga. Eng qizig‘i bu ayollarning hech biri bemor qo‘shnisini ko‘rgani biror marta yo‘qlab ham chiqmagan ekan...
    Yaxshilik tilda emas, yuraklarda yashasin. Uning nuri har bir ishimizda, amalimizda o‘z aksini ko‘rsatsin. Qalbimizda mehr-oqibatning kurtaklari bo‘y ko‘tarsin. Bir shoir  “Agarki dunyoda yaxshilik va mehr-muhabbatning nurlari qanchalik ko‘p taralsa, yomonlik, falokat  ortga chekinib, yo‘qolib boraveradi...”, degan ekan.
      Shunday ekan kelinglar azizlarim, OQIBAT devorlarini baland qilib ko‘taraylik! 










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот