DUGONALAR


   Nafisa toshoyna ro‘parasida o‘tirgancha ro‘molini yechdi. Qop-qora sochlarini yoyib taray boshladi. Ro‘molchasi bilan ko‘zlari atrofidagi surma yuqini artdi. Yuzidagi pardoz bo‘yoqlarini yuvib tashlasada u chiroyli edi. Uxlashga shay bo‘lgach chiroqni o‘chirib, tungi chiroqni yoqib, derazadan tashqariga razm soldi. Hovli qop-qorong‘u, qaynona-qaynotasi, ovsinining ham chiroqlari o‘chirilgan. Sigaret chekib kelaman degancha chiqib ketgan eri Akbar hovlida ko‘rinmadi. Nafisa soatning o‘n birga qarab ketayotganini ko‘rib uxlashga yotdi. “Birpasda sahar bo‘lib qoladi. Hovlilarni supurishim kerak, xamir qorishim kerak” degancha uxlab qoldi. Ertalab uyg‘onganida kun yorishib qolgan, Akbar unga orqa o‘girgancha qotib uxlardi.

    Nafisa ertalabki yumushlarini bajarib bo‘lib yotog‘ga qaytib kirdi.

– Akbar aka turing, ishga kechga qolasiz, - dedi erining yelkasidan oxista turtib.

– Yana bir oz yotay, o‘zim turaman, - dedi Akbar.

   Nafisa uydan hovliga chiqqan Akbarning har doimgidan o‘zgacha kiyinib olganiga, qo‘lidagi yo‘l sumkasiga qarab ajablandi.

 – Tinchlikmi, nega safarga ketayotgan odamga o‘xshab sumka ko‘tarib oldiz?

 – Rostan safarga ketyapman, - dedi Akbar oyoq kiyimini kiyarkan.

 – Qanaqa safar Akbar aka? – Nafisa ko‘zlarini javdiratib tikildi. -To‘yimizga xali bir oy ham bo‘lmagan bo‘lsa, ishxonangiz chillalik kuyovni safarga yuboradimi?

– Ja g‘alati gaplarni gapirasanda Nafisa. Ishxona chilla-pillani biladimi? Vazifam shu, bilasan-ku mas’uliyatli lavozimdaman, bormasam bo‘lmaydi. Bor-yo‘g‘i uch kunga ketyapman.

  Akbar ketganidan keyin Nafisaning ko‘ngli huvillab, yolg‘izlanib qolgandek sezdi o‘zini. Qaynonasining mehribonlik bilan “hadeb g‘ivir-sivir qilavermang, uy ishi tugamaydi, bir pas dam oling, ichkariga kirib mizg‘ib oling” deyishiga qaramay vaqtni o‘tkazish uchun kun bo‘yi yumush bilan ovora bo‘ldi. Boshqa paytlari “tezroq kech bo‘lsaydi, uxlab olsaydim” derdi. Negadir eri yo‘qligiga uyqusi ham o‘chib ketdi.

  Erining ketganiga ikki kun bo‘ldi. Nafisa soat millarini saharga to‘g‘rilab, endi yostiqqa bosh qo‘ygandi hamki qo‘l telefoni jiringlab qoldi. “Akbar akam bo‘lsa kerak” deb shoshganicha raqamiga qaramay tugmasini bosdi.

– Alo, Akbar aka!

– Nafisa, bu men Shoxidaman, – dugonasining jarangdor ovozi yangradi.

– Shoxida? O‘zingmisan dugonajon, yaxshimisan? – Nafisa dugonasining ovozini eshitib uni ham sog‘inganini his qildi. – Yaxshiyam qo‘ng‘iroq qilding. Bir o‘zim zerikib o‘tirgandim.

– Nafisa uzr, kechasi bo‘lsa ham qo‘ng‘iroq qilaverdim.

– Yo‘q-yo‘q, ovozingni eshitib xursand bo‘lib ketdim.

– Nafisa, senga bir gapni aytish uchun qo‘ng‘iroq qilyapman. To‘g‘ri, kayfiyating tushib ketadi, lekin buni bilmasang bo‘lmaydi, – Shoxidaning ovozi jiddiylashdi.

– Nima ekan tinchlikmi?

– Bugun shaharga tushgandim. Ko‘chada ering bilan Sevarani ko‘rib qoldim. Yaxshiyamki ular meni payqashmadi.

– Ha, Akbar akam kecha ishxonasidan shaharga ketgandi. Sevara ham shaharda ekanmi?

– Nafisa, Sevarani Akbar bilan birga ko‘rdim. Ular xuddi sevishganlardek bir-birlariga chirmovuqdek yopishib ketishayotgandi. O‘zi Sevarani yengiltak qizligini bilardimu, lekin o‘z dugonasining ko‘ziga cho‘p suqishini xayolimga ham keltirmagandim.

  Shoxidaning shosha-pisha gapirgan gaplarini tinglarkan Nafisaning borgan sari yurak urishi sekinlashib borardi.

– Alo Nafisa, meni eshityapsanmi?!.. – Shoxidaning ovozi yanada olislab ketdi.

   Birozdan keyin Nafisa o‘zini qo‘lga olib, qaytadan Shoxidaga qo‘ng‘iroq qildi.

 – Shoxida, ko‘rganlaring aniqmi? Balki o‘xshatgandirsan?

– O‘lay agar, ikkalasini ham otning qashqasidek taniyman-ku! Agar seni yaxshi ko‘rmaganimda, senga achinmaganimda menga nima deb ketavergan bo‘lardim. Gaplarimga ishonmasang borib, o‘z ko‘zing bilan ko‘r!

– Katta shahar bo‘lsa, ularni qayerdan uchratib, qayerdan topaman?

– Men ularning ortidan poyladim. Bilasan-ku, maktabda ham izquvarlik qilib yurardim. Shunchalik jahlim chiqib ketganidan ortlaridan poyladim. Eringni Qo‘yliqda uyi borligini bilarmiding?

– Yo‘q, bilmasdim. – dedi Nafisa yig‘idan ovozi qaltirab. – Shoxida, sendan o‘tinib so‘rayman, menga o‘sha uy manzilini ayt, o‘z ko‘zim bilan borib ko‘rishim kerak.

   Ertalab Nafisa supada qaynonasi bilan choy ichib o‘tirarkan, asabdan barmoqlari, lablari titragancha choy ichishga qiynalardi. Buni sezgan qaynonasi Nafisaga tikilib qaradi.

 – Qizim, mazangiz bo‘lmayaptimi? Rangingiz ketib qolibdi, nimadan siqilyapsiz?

– Yo‘g‘-ye oyijon, – Nafisa yig‘lab yubormaslik uchun o‘zini qo‘lga oldi. – shunchaki ishtaham yo‘q, kechasi yaxshi uxlolmadim, – dedi qaynonasidan nigohlarini olib qocharkan.

– Qizim, xoynaxon sizga ko‘z tekkan bo‘lishi kerak. Tunov kuni bozordan kelayotsam qo‘shni ayollar siz haqingizda gapirib turishgan ekan. Meni ko‘rib biram sizni maqtashdi, biram maqtashdi... O‘shanda, ishqilib kelinimga ko‘z tegmasin degan xavotir xayolimdan o‘tgandi-ya...

– Oyijon, - qaynonasining maqtovi, kuyunib gapirishi Nafisani dadillantirdi. – Maylimi bugun uyimga borib kelsam. Oyim bilan dadamni juda sog‘indim.

   Qaynonasi mayin jilmaygancha Nafisaning yuzini silab qo‘ydi.

– Mayli qizim, mayli. Akbarim uyda yo‘qligiga ham zerikyapsiz shekilli. Eriz yo‘g‘ida borib kelaqoling. Birato‘la oyingiz bilan biron nafasi o‘tkir, yaxshi kinnachiga borib kinna soldirib keling, xo‘pmi qizim.

  Nafisa yumushlarini tez-tez bajarib yo‘lga tushdi. Avtobusda shaharga, undan Qo‘yliqqa borgunicha ich-etini rashk, alam kemirib bordi. Uch oy tinmay sovchi qo‘yib uylangan erining unga xiyonat qilishiga ishongisi kelmas, lekin yaqin dugonasi Shoxidaning ham aldayotganiga ishonishi qiyin edi. Tezroq haqiqatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun o‘sha manzilni topib bordi. Ro‘parasidagi to‘qqiz qavatli uy yoniga kelganida esa boyagi shashti susaydi. Negadir hech oyog‘i tortmas, “Qani endi Shoxida adashgan bo‘lsa. Qanday qilib begona xonadonga kiraman, nima deb kiraman?” dergancha ikkilana boshladi. So‘ng Shoxidaga qo‘ng‘iroq qildi.

– Shoxida, men o‘sha uyning tagida turibman. Negadir kirishga yuragim betlamayapti.

– Nimadan qo‘rqasan? Eringning xiyonatini vaqtida bilganing yaxshi emasmi. Ertaga bir kun baribir bilasan-ku. O‘zingni qo‘lga ol Nafisa, ikkilanma! Qadringni bil o‘rtoqjon!

  Shoxidaning undovi Nafisaga dalda berdi. “Nimadan uyalishim, kimdan qo‘rqishim kerak. Ular mendan uyalsinlar, ular qo‘rqsinlar!” degancha yuqoriga dadil ko‘tarildi.

 Eshik tepasidagi raqamga qaradi. Mittigina qo‘ng‘iroqni bosmoqchi bo‘ldiyu, barmoqlari titray boshladi. Shu damda u ortiga qaytib ketishga ham tayyor edi. Lekin shuncha yo‘l bosib nimaga kelganini o‘ylab bor alami bilan tugmachani bosdi. Biroz o‘tib eshik qiya ochilib, Sevara ko‘rindi. Nafisa diqqat bilan unga tikilarkan, u ham hayrat bilan qotib qoldi.

– Nafisa?!

  Odamning yuzi issiq deganlaridek Nafisa Sevarani ko‘rib yana xayolidan “Balki Shoxida adashgandir, Sevaraning yigitini Akbar akamga o‘xshatgandir” degan o‘y o‘tdi. Shunday bo‘lsada taklifni kutmay ichkariga bostirib kirdi. Kresloda orqa o‘girib televizor tomosha qilib turgan erkakning yoniga umid bilan yaqinlashdi. Uni ko‘rdiyu bor ovozi bilan chinqirib yubordi:

 – Akbar aka!

   Akbar sakrab o‘rnidan turarkan dovdiraganidan rangi bo‘zardi.

 – Nafisa... Nafisa... senmisan? Sen qa-qayerdan kelib qolding?

  Nafisaning bo‘g‘ziga alam tiqildi. Gapirolmadi, bor kuchini to‘plab Akbarning yuziga urdi. Shundagina o‘zida jur’at topa oldi.

– Xiyonatkor, iflos, shu niyating bor ekan nega menga uylanding?!

– Nafisa, senga hozir hammasini tushuntirib beraman. Avval kel, o‘tirgin, – Akbar Nafisani o‘tqazish uchun qo‘lidan tutdi.

– Qo‘lingni ol yaramas! Harom qo‘llaring bilan teginma menga.

  Nafisa yig‘lab yuborishdan o‘zini ba’zo‘r utgancha darvoza tomon otildi. Chiqib ketaturib hamon haykaldek qotib qolgan Sevaraning ko‘zlariga nafrat bilan tikildi.

– Eh Sevar, senga nima yomonlik qilgandim? To‘g‘risini ayt, aloqalaringiz qachondan boshlangan?

– To‘yinglardan avval, – dedi Sevara xotirjam, ko‘zlarida shumlik paydo bo‘lib. – Biz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Agar Akbar akamning ota-onasi qarshi bo‘lishmaganida biz allazamon turmush qurgan bo‘lardik.

– Bolalikdan dugonam eding-ku, nega avvalroq aytmading, to‘yni buzgan bo‘lmasmidim?

– Sen bo‘lmasang boshqasi tegardi, men uchun baribir emasmi kundoshimning kimligi. 

       Nafisa o‘zini dunyodagi eng xo‘rlangan, aldangan ayoldek his etdi. Xolsiz qadam tashlagancha liftga kirdi, tugmani bosib og‘ir xo‘rsindi. Tashqariga chiqqanida g‘ira-shira qorong‘u tushgan, atrofda odam ko‘rinmas, uzoqdan oppoq bo‘lib ko‘prik ko‘zga tashlanardi. Nafisa ko‘prikka qarab yura boshladi. Shu paytda qo‘l telefoni jiringladi.

– Alo, Nafisa! Nima bo‘ldi? Ular uyda ekanmi? Ko‘rdingmi ularni? Nega jimsan gapirsangchi Nafisa! – shosha-pisha gapirardi Shoxida.

– Gumoning haq bo‘lib chiqdi. Ularni ko‘rdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

– Qo‘shnilarini chaqirib, sharmandasini chiqarmadingmi?

 – Yo‘q.

 – Nimaga? Sevarani boplab do‘pposlamadingmi?

 – Yo‘q.

 – Nega? Indamay chiqib kelaverdingmi? O‘zing hozir qayerdasan?

– Bilmayman, hech narsani ko‘rmayapman, uzoqda faqat ko‘prik turibdi, o‘shanga qarab ketyapman.

– Ko‘prik? Qanaqa ko‘prik?

– Bilmadim.

– Nafisa, aqling joyidamasga o‘xshayapti. O‘zingni qo‘lga ol eshityapsanmi? Uf... nega birga bormadima, ko‘chada odamlardan so‘ra, bekat qayerdaligini so‘ra Nafisa. Nega jimsan?

  Nafisaning oyoqlari zirqiray boshladi. Yurgan sari og‘irlik qilar, qo‘l telefoni ham og‘irlashib ketganday qo‘lidan tushirib yubordi. Yerga qaradi, ko‘z oldi jimirlab, qorong‘ida hech narsani ko‘rmadi. Hozir to‘xtab qolsa keyin butunlay yurolmay qoladigandek ko‘prik tomon ketaverdi-ketaverdi...

  Qancha yurganini bilmaydi. Kuzning izg‘irin shamoli yuzlarini achishtira boshladi. Bir zum to‘xtab, “Qayerdaman?” deya atrofga alangladi. Aqlu-hushini yig‘ib oyog‘i ostiga tikildi. Shundagina kimsasiz joydagi ko‘prik ustida turganini bildi. “Kech bo‘lib qolibdi, tezroq bekatga yetib olishim kerak. Ey xudo ishqilib ko‘chada qolib ketmay” degan xavotir bilan shosha-pisha ko‘prik zinasidan tusha boshladi. Shu payt oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qayrilib ketdi. Qulog‘i ostida qarsillagan ovoz eshitildi, muvozanatini yo‘qotib, havoda ucha boshladi. So‘ng gup etib yerga yiqildiyu, butun tanasida og‘riq paydo bo‘ldi.

                                          ***

   Kechgacha qaytmagan kelinidan xavotir olgan Muborak opa ko‘chaga chiqib o‘tgan-ketgan yo‘lovchi mashinalarga qarab turarkan, zora Nafisa kelib qolsa deb umidlandi. Borgan sari mashinalar ham siyraklasha boshladi.

Ichkarida uxlab yotgan erining tepasiga bordi.

 – Dadasi, Nafisa xaliyam qaytmadi, - dedi xavotirini yashirmay.

– Qudang yotib qolaver degan bo‘lsa qolaverganda, - dedi eri Nig‘mat aka uyqusiragan ovozda.

– Kelinim aqlli, andishali, agar yotib qoladigan bo‘lsa albatta qo‘ng‘iroq qilib ogohlantirgan bo‘lardi.

    Nig‘mat aka xotining bu gapidan sergak tortib o‘rnidan turdi.

 – To‘g‘ri aytasan onasi, o‘zing qudangnikiga qo‘ng‘iroq qil-chi.

   Muborak opa qudasining raqamini terdi.

 – Alo qudajon, assalom alaykum. Ha, menman, Xudoga shukr, yaxshi o‘tiribmiz.

   Uzundan uzoq hol-axvol so‘rashgach Muborak opa maqsadga ko‘chdi.

 – Nafisaxon yotib qoladigan bo‘ldimi?  Kelavermaganiga xavotir olib qilayotgandim.

  Xotinining qudasi bilan gaplashayotganiga quloq solib o‘tirgan Nig‘mat aka uning “voy o‘lmasam, hali uyga bormaganmidi?” degan baqirig‘ini eshitib shoshib qoldi. Muborak opaning qo‘lidan go‘shak tushib ketdi, u yoqdan qudasining xavotirli ovozi jaranglay boshladi.

   Ko‘p o‘tmay darvozadan Nafisaning ota-onasi hovliqqancha kirib kelishdi.

– Qizim uyga bormagan bo‘lsa, bu yerga qaytmagan bo‘lsa, unda qayerda bo‘lishi mumkin?! - degancha tinmay yig‘lardi Nafisaning onasi.

– Balki biron dugonasinikiga ketganmikin? – Nig‘mat akaning gapidan hammalari xushyor tortgandek bo‘lishdi.

– Iye, ana xizrni yo‘qlasak bo‘larkan, - Nafisaning dadasi darvoza oldida turgan Shoxidaga peshvosh chiqdi. Shoxida Nafisaning uyga qaytmaganini eshitib hushini yo‘qotayozdi. So‘ng bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Muborak opa yuragini changallab hushidan ketdi.                           

                                          ***

  Nafisa ikki oydirki bemorxonaning shiftiga tikilib yotibdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda eski ko‘prikning zinasidan tushayotib oyog‘i ostidagi yog‘och sinib ketgan, Nafisa zina oralig‘idan pastlikka yiqilib tushgandi. Ertalab ko‘prikka yaqin joydagi qurilishga kelgan quruvchilar uni topib olishgan edi. “Tez yordam” mashinasi Nafisani zudlik bilan shahardagi kasalxonaga olib borgan va og‘ir operatsiyalar, muolajalardan so‘nggina Nafisa o‘ziga kelgandi.

  Jonlantirish bo‘limidan palataga olib chiqilganida ancha o‘ziga kelib qolgan, lekin oyoqlari harakatni sezmasdi. Palataga ota-onasi, Shoxida birin-ketin kirib kelishdi. Ular Nafisa bilan yig‘lab ko‘rishisharkan, Nafisa Shoxidaning yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlarini ko‘rib unga achindi.

 – Shoxida, dugonajon, o‘zingni ayblashni bas qil. Qaytanga bilanim yaxshi bo‘ldi.

– Kechir meni Nafisa, agar shunaqa bo‘lishini bilganimda... Nega aytdima, meni deb shu ko‘yga tushding, - degancha Shoxida yana yig‘lay boshladi.

– Yig‘lama qizim, bolamning peshonasida shu ko‘rguliklar bor ekanki, sodir bo‘pti. Boshi omon qolganiga, tirik qolganiga shukr, – dedi Nafisaning dadasi qizining ko‘nglini ko‘tarishga urinib. – Endi bundan buyog‘iga nomard eringni unut! Mana Shoxida, eng yaqin dugonang, sirdoshing. Ikkalangiz dillashinglar, bir-biringizga esh bo‘lib ko‘nglingizni ko‘taringlar. Xudo xoxlasa shu kasalxonadan otdek bo‘lib chiqib ketsang bo‘ldi. Seni xafa qildirib qo‘ymaymiz, to‘g‘ri uyga olib ketamiz.

– Ha bolajonim, - erining gapini ma’qulladi oyisi. – Xuddi qiz vaqtingda bag‘rimizda qanday o‘ynab-kulib yurgan bo‘lsang yana o‘sha xolingga qaytasan. Ishingga borasan, mana Shoxida qizim bilan yana dugona bo‘lib maza qilib yurasizlar. E... bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi ekan bolajonlarim. Odamning jonidan boshqasi bekor.

   Dadasi bilan oyisi ich-ichidan qizlariga kuyub, ezilishsada sirtlariga chiqarishmas, iloji boricha Nafisani ko‘nglini ko‘tarishga urinishardi. Ularning mehribonchiliklaridan Nafisaning ko‘zlariga yosh keldi.

 – Dada, oyi, endi sizlar boraveringlar. Mendan xavotir olmanglar, men yaxshiman, - dedi Nafisa jilmayib. – Shoxida, agar vaqting bo‘lsa biroz yonimda qol.

– Vaqting bo‘lsa deganing nimasi o‘rtoqjon! Men bugun kechasi bilan oldingda qolmoqchiman. Haydasang ham ketmayman.

 Nafisaning ota-onasi ketishgach dugonalar yolg‘iz qolishdi. Nafisa o‘sha kungi manzaralarni Shoxidaga so‘zlab berdi.

– Nafisa, Akbar nafaqat xiyonatkor, u judayam qo‘rqoq ekan. Umrimda bundayin nomard yigitni uchratmaganman, – o‘zining hikoyasini boshladi Shoxida. – Qo‘l telefoning javob beravermagach, yuragim notinchlikni sezib uyingga yugurib bordim. Men bilan oldinma keyin Akbar ham kirib keldi. O‘sha vaqtda sendan xavotir olganimdan ko‘z oldimdan nimalar o‘tmadi deysan. Yaqinlaringga hammasini aytib berdim. Qaynonang yaxshi ayol ekan, o‘g‘lining nomardligini ko‘tarolmadi, hushidan ketdi. Keyin dadanglar militsiyaga boraylik, qizimni topib berishadi dedi. Shunda Akbarning axvolini ko‘rsang edi, oyog‘im tagiga tiz cho‘kib yalinishga tushdi. Militsiyaga xabar bermanglar, Nafisani o‘zim topaman deb turib oldi. Keyin mashinada Qo‘yliq atrofiga borib seni izladik, surishtirdik. Sen ko‘prik tomon ketyapman deganingni eslab o‘sha yerdagi quruvchilardan so‘ragandik, seni og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketishganini aytishdi. Hayriyat operatsiyadan eson-omon chiqqaningni eshitib bir oz o‘zimga keldim. Kasalxonaga kirib kelayotganimizda Akbarga, agar Nafisaga bir narsa bo‘lgan bo‘lsa seni sog‘ qo‘ymayman deb qasam ichib kirgandim. Vrach bilan gaplashgunimcha qarasam u yo‘q, qo‘rqqanidan qochib ketibdi, nomard.

    Nafisaning ko‘ngli g‘ash tortdi, oyog‘idagi og‘riq yana azob bera boshladi.

– Shoxida iltimos, u haqda boshqa umuman gaplashmaylik. Uning nomini ham eshitishni istamayman, – ingradi Nafisa.

  Shoxida hamshirani chaqirib keldi. Og‘riq qoldiradigan ukol ta’sir qilgach yana suhbatlashib o‘tirishdi. Endi ular maktab davridagi voqealarni, beg‘ubor yoshlik damlarini eslab o‘tirishdi.

   Muolajalar tugagach Nafisaga javob berildi. Endi u qo‘ltiqtayoq yordamida sekin-asta yurishni boshladi. Shoxida Nafisaning ota-onasiga “Sizlar dasturxon tuzab aziz mehmonni kutinglar. Uni o‘zim olib kelaman” deb yo‘lovchi mashinada kasalxonaga yo‘l oldi.

   Haydovchi o‘ttizlarga kirgan, istaralikkina yigit Shoxidani gapga soldi.

 – Yo‘l uzoq, qarindoshingizni tumandagi shifoxonaga yotqizmagan ekansiz-da?

 – Kasalxonadan chiqayotgan odam mening eng yaqin dugonam bo‘ladi, - dedi Shoxida.

 – Dugonangizga nima qilgandi?

  Shoxida ichidagi to‘lib turgan alamlarni kasalxonaga yetib borgunlaricha so‘zlab ketdi.

– Bechora dugonangizga jabr bo‘libdi, - dedi haydovchi yigit yetib kelishgach. – Sizga ham qoyilman, dugonangizni og‘ir kunida tashlab ketmabsiz.

– Ko‘prikdan yiqilib, uch oy bemor bo‘lib yotishida axir mening ham aybim katta. Ishqilib oyoqlari butkul tuzalib ketsin, bo‘lmasa o‘zimni umr bo‘yi kechirolmayman.

   Shoxida tushib ketayotganida haydovchi ketishga ikkilanib qoldi.

– Bilasizmi, shuncha yil haydovchilik qilib bunaqa ayanchli taqdir haqida eshitmagandim. Mening ham dugonangizga juda rahmim kelyapti. Agar yo‘q demasangiz siz bilan birga uni kasalxonadan olib chiqsak.

    Shoxida suyunib ketdi.

– Voy, juda savob ish qilgan bo‘lardiz. Buyumlari ham yig‘ilib qolgandi. Ha, ismingiz nima, endi siz bilan do‘st bo‘lib qolarkanmiz-da!

 – Ismim Davron.

    Shoxidaning ortidan palataga kirib borgan Davron ostonada to‘xtab qoldi, xayolga tolgancha o‘tirgan Nafisani ko‘rib yuragi allanechuk bo‘lib ketdi. U Nafisani yuzlari jarohat natijasida chandiq bo‘lib tikilgan, o‘zi ko‘rimsiz bo‘lgani uchun erining xiyonatiga uchragan ayol qiyofasida tasavvur qilgandi. Lekin Nafisaning chiroyli qosh-ko‘zlari, tiniq yuzlarini ko‘rib qalbida ajib hislar paydo bo‘ldi.

– Tanishinglar, qiyomatli dugonam Nafisa, bu esa mening yangi do‘stim Davron aka bo‘ladilar. Dunyoda ikkita savobtalab inson bo‘lsa, shularning bittasi, – dedi Shoxida quvnoq oxangda.

 – Qo‘ysangizchi, bu mening haydovchilik burchim, – dedi Davron.

 – Rahmat sizga Davron aka.

    Nafisaning siniq ovozi, ma’yus ko‘zlari Davronni yanada unga bog‘lab qo‘ydi.

    Yo‘lga tushishgach jimlikni Shoxidaning quvnoq ovozi buzdi.

 – Davron aka, kelgunimizcha men gapirib keldim. Endi navbat sizga, – dedi Nafisaga qarab ma’noli jilmayarkan.

– Nimani gapiraman? – Davron qizlarning uni diqqat bilan tinglashga shay turganlaridan hijolat bo‘lib dedi.

– Nimani gapirardiz, oilangiz qanaqa, rafiqangiz kim, nechta farzandingiz bor, ro‘zg‘or, qozon-tovoq deganday...

– Mening tarjimai xolim maqtaladigan darajada emas, – gap boshladi Davron jiddiy, biroz g‘amgin tovushda. – Oddiy haydovchiman. Toshkent viloyatida tug‘ilib o‘sganman. Oilamiz katta, sakkiz farzandning o‘rtanchasiman. Otam yoshligimda vafot etgan, onam ertayu kech ekin-tikinga, mol-xolga qarardi. Sut sog‘ib sotib, shuning orqasidan bizlarni ulg‘aytirgan. Maktabda a’lo baholarga o‘qirdim, institutga kirishni orzu qilardim, lekin ishlashim, onamga ro‘zg‘orga qarashishim, akalarimning to‘yiga yordam berishim kerak. Shuning uchun maktabni bitirishim bilan haydovchilikka o‘qidim. Maktab davrida kartoshka, piyoz, sut sotish bilan shug‘ullanganman. Xullas, uch nafar akamdan keyin uylanish navbati menga keldi. Onam “Begonadan ko‘ra o‘zimizning qarindoshni qizini olaylik. Boru-yo‘g‘imizga ko‘nadi” deb amakimning nevarasiga uylantiradigan bo‘lishdi. Sevgi, muhabbat haqidagi she’riy kitoblarni ko‘p o‘qiganimgami juda romantik edim yoshligimda. Bir necha kun o‘zim sevmagan qizga uylanamanmi, muhabbatsiz qanday yashayman deb qiynalib yurdim. Lekin onamning erta oqargan, ajin bosib ketgan yuzlariga har qaraganimda unga juda achinib ketardim. Onam uchun ham qarindoshimizning qiziga uylandim. Mehr ko‘zda deganlari rost ekan. Kunlar o‘tgani sayin xotinimga mehrim tushib, unga bog‘lanib bordim. Akalarimning bolalari ko‘paygani sayin hovli torlik qila boshladi. Ovsinlar bo‘lar-bo‘lmasga janjallashishar, har birlari uy-joyga ega bo‘lishga harakat qilishardi. Endigina ko‘ngil qo‘yib o‘rganayotgan xotinim kambag‘alligimni, o‘zimning mustaqil uy-joyim yo‘qligini yuzimga sola boshladi. Bir kuni janjallardan to‘yib choyxonaga borib o‘tirsam, o‘sha yerda besh-oltita yigitlar Rossiyada haydovchilarga ish borligini, yaxshi haq to‘lanayotganini gapirib qolishdi. Qiziqib qoldim. Keyin men ham ularga qo‘shilib ishlashga ketdim. – Davron bir muddat jimib qoldi,  sigaret olib tutatdi.

 – Xotiniz uzog‘ga ketishizga qarshilik qilmadimi? – so‘radi Shoxida sabri chidamay.

– Birinchi safar olti oyga ketdim. Xotinim yubormayman deb janjal qildi. Men unga ko‘proq pul ishlab kelmasam uy-joy qilolmasligimni, ertaga farzandlarimiz tug‘ilsa qiynalib qolishimizni tushuntirdim. Zo‘rg‘a ko‘ndi. Olti oyda risqimga yarasha pul topib keldim. Arazlagancha kutib olgan xotinim olib kelgan pullarimni ko‘rib chehrasi ochildi. Mana pul, bilganingni qil deb o‘ziga topshirib qo‘ydim. To‘yimda tuzukroq narsa bermagansilar deb bir sidra kiyim-kechak, tilla taqinchoqlar sotib oldi. Bu pullarni qiynalib topgan bo‘lsamda xotinim xursand bo‘laqolsin deb indamadim. Ikki oy dam olganimdan keyin yana ketdim. Shu tarzda har olti oyda kelib bir-ikki oy dam olib yana ketadigan bo‘ldim. Besh yil umrim sarson-sargardonlikda o‘tdi. Bilmaganlar odamlar chet elga borib bir talay pul topib keladi deb o‘ylashadi. Lekin musofir yurtlardagi mashaqqatlar, qiyinchiliklar, sovuqda titrab-qaqshab mehnat qilishlar, buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaguningizcha tasavvur etolmaysiz. Bora-bora sog‘lig‘im ishdan chiqa boshladi. Avvaliga oshqozon ketdi, operatsiya qildirdim, keyin buyragimni qattiq shamollatib qo‘ydim. Birgina onaizorim kuyib ketganidan “Bolam, endi uzoqlarga ketma, buyrak bilan hazillashib bo‘lmaydi” deb ko‘z yoshi qildi. Xotinim esa topgan pullarimni sovurib yuborgani mayliya, shuncha yil Rossiyada yurib nima orttirdingiz, bitta katalakdek uy ham ololmadik deb janjal ko‘tara boshladi. So‘nggi bor safarga borib kelishga qaror qildim. Shu safargisida topganimni mahkam ushlab, faqat uy olaman deb qasam ichdim. Olti oy emas, bir yil ishlab qaytib keldim. Kelsam xotinim ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ketib qolibdi. Men yo‘g‘imda bir erkak bilan gap-so‘z bo‘libdi. Mahallada bosh ko‘tarolmay qoldim. Yig‘ib kelgan pullarimga bir xonali uy oldimda hovlidan ko‘chib ketdim. Hozir bir o‘zim yashayman. Hayotimdan nolisam gunoh bo‘lar, ertalab rulga o‘tiraman, kechgacha odamlar bilan birgaman. Kechqurun huvillagan, xujradek bo‘lsada, issiq boshpanamga borib dam olaman.

 – O‘rtanglarda farzand bo‘lmadimi? – so‘radi Shoxida ta’sirlanib.

– Yo‘q, farzand bo‘lmadi. Bo‘lmagani ham yaxshi bo‘lgan ekan. Erkak kishining xiyonatini kechirsa bo‘ladi. Lekin, onaning gunohi farzand uchun bir umrlik og‘ir tamg‘a bo‘lib qoladi.

   O‘rtaga jimlik cho‘kdi. Hamma o‘z xayoliga g‘arq bo‘lgandi.

– Davron aka, xafa bo‘lmang. Atrofingizda ota-onangiz bor, jigarlariz, urishqoq bo‘lsada yangalaringiz ko‘p ekan. Sizdek diyonatli, xalol, mehnatkash odam baribir ertami kech baxtli bo‘lib ketadi. Hali hayotiz oldinda, – dedi Nafisa.

   Bu tasallidan Davronning ko‘ngli ko‘tarildi. “Aytganiz kelsin” degancha ko‘zgudan Nafisaga qararkan, uning ko‘zidan oqib tushayotgan shashqator yoshni ko‘rib o‘zining ham ko‘ngli bo‘shab ketdi.

    Mashina Nafisaning darvozasi tagiga kelib to‘xtadi.

– Davron aka, mashinadan tushish yo‘q, – dedi Shoxida shoshgancha mashinadan tusharkan – Hozir darvozani ochaman, mashinani  hovliga olib kirasiz. Og‘ir kunimizda yonimizda bo‘ldiz, endi yaxshi kunimizda ham birga bo‘ling-da!

  Nafisaning ota-onasi Davronni qayta-qayta duo qilishdi. Davron ham mehmonxona to‘rida o‘tirarkan devordagi Nafisaning o‘n sakkiz yosh paytida tushgan suratiga hayrat bilan tikildi. “Eh, hayot bunchayam chigal bo‘lmasa... Shunday go‘zal, ko‘zlaridan hayo balqib turgan qiz bir nomardning jufti xaloli bo‘lsayu, u esa qadriga yetmay xiyonat qilsa. Nega menga Nafisani emas, noshukur, yengiltabiat ayolni ravo ko‘rdi taqdir?”. Davronning xayolini Shoxidaning tashrifi bo‘ldi.  U laganda osh olib kirdi, uning ortidan Nafisaning dadasi kirib keldi.

 – Sizlarni bezovta qilib qo‘ydim, – dedi Davron.

– Unday demang mehmon, anchadan beri bu xonadonda xursandchilik bo‘lmagandi. Qizlarimni eson-omon olib kelganingiz uchun sizga rahmat. Qani oshga qarang.

 – Boshqalar-chi, - dedi Davron oshga qo‘l urishga hijolat bo‘lib.

– Qizlar kelinoyingiz bilan ichkarida o‘tirishibdi. – Shunday derkan Nafisaning dadasi ko‘ziga yosh oldi. – Gulday qizim bir nomardning qo‘lida o‘yinchoq bo‘ldi, xor bo‘ldi.

 – Ha... Qizingizni taqdiridan xabarim bor, Shoxida aytib berdi.

– Shoxida ham o‘zimning qizimdek bo‘lib qolgan. Baraka topgur juda ajoyib qiz. Ko‘ngli toza, shirinso‘z, mehribon. Lekin negadir shunday yaxshi qizning baxti ochilmayotganiga hayronman.

 Davron o‘ng‘aysizlandi. Go‘yoki Nafisaning dadasi Shohidani qo‘lini so‘rashga undayotgandek tuyuldi unga.

   Oradan bir necha kun o‘tgach Nafisa bitta xassa yordamida ko‘chaga chiqa boshladi.

 – Qizim, xali o‘zingga kelmaganding. Yana ozgina sabr qil, – dedi onasi kuyunib.

  Nafisa onasining gap ohangidan, uni ko‘chaga chiqargisi kelmayotganidan nimanidir sezdi.

– Oyi, ko‘nglingizdan o‘tayotganlarni bilaman. Agar men Akbarni uchratib qolsam yarasi yana yangilanadi deb o‘ylayapsiz-a? Lekin xavotir olmang, men avvalgi sodda, ishonuvchan qizingiz emasman. Aqlu-xushim joyida, irodam shunchalar metinki, yo‘limda uchrab qolsa uni tanimay o‘tib ketishga kuchim yetadi. Bundan tashqari Akbarga nisbatan qalbimda zig‘ircha ham iliqlik yo‘q, undan nafratlanaman.

  Nafisa xassasiga tayangancha ko‘chada ketib borarkan, do‘kon tarafdan kelayotgan baqir-chaqirni eshitib to‘xtab qoldi. Do‘kon eshigini oyog‘i bilan tepib ochishga urinayotgan mast erkakni avvaliga tanimadi.

  – Ochlaring eshikni, ochlaring! Hammangni ustidangdan arz qilaman!

    Akbarning ovozini tanib to‘xtab qoldi. Unga tikilibroq nazar soldi. 

  Akbarning soch-oqollari o‘sgan, gandiraklab yiqilaverganidan kiyimlari tuprog‘ga belangandi. Shu payt yana bir ajabtovur manzaradan hayron bo‘lib qoldi. Qayerdandir Sevara paydo bo‘ldi. U Akbarni qo‘ltig‘idan tutdi, shang‘illab bir nimalar degancha sudray boshladi. Bu manzarani ko‘rib Nafisaning bo‘g‘ziga xo‘rlik tiqildi. Shu topda har ikkisining xiyonatini butkul unutib, ularning abgor qiyofasiga juda-juda rahmi kelib ketdi. Kechagina lavozimli ishda ishlab, ko‘cha-ko‘yda salobat bilan yuradigan Akbarning piyonista qiyofasiga kirishida, sho‘x-shaddod, olifta liboslari qaddi-bastini bo‘rttirib turadigan Sevaraning yoshiga nisbatan ancha keksa ko‘rinishga ega bo‘lib qolishiga go‘yo o‘zi sababchiday g‘alati ahvolga tushib qoldi.

   Shu yerning o‘zidan to‘g‘ri Shoxidanikiga bordi. Ko‘rganlarini aytib berdi.

– Qaynonang o‘g‘lining xiyonatini ko‘tarolmay, infarkt bo‘lib kasalxonaga tushib qolgach, qaynotang Akbarni oq qilib, uydan haydab yubordi. Akbarning boradigan joyi yo‘q, yana Sevara bilan topishib olishdi. Anovi Qo‘yliqdagi uyi esa xarom pullari evaziga kelgan ekan. Ishi sudga oshirilib, uyidan ayrildi, ishidan haydaldi. Hozir Sevaraning hovlisida yashashyapti. Sevaraning onasi qari, qulog‘i eshitmaydi. Ko‘rganlaring hammasi xudoning ularga ko‘rsatgan jazosi.

– Shoxida, men ularni aslo qarg‘amagandim, tushunyapsanmi, qarg‘amagandim, – dedi Nafisa o‘kinch bilan.

– Sen qarg‘amagansan, lekin eng oliy hakam hayotning o‘zi. O‘zi biladi kimga qanday jazo berishni.

   Shoxida Nafisaning oldiga yanayam yaqinroq surilib o‘tirdi.

– Bilasanmi dugonajon, ishxonamizda bir yigit bor. Tinmay sovchilarini yuboryapti.

– Voy rostanmi? – Nafisaning ko‘zlarida quvonch porladi. – O‘zi qanaqa yigit? Senga yoqyaptimi?

– Yaxshi yigit-u, lekin sal bo‘shroqmi-yey. Menga Davron akadaka yigitlar yoqadi. Bilasanmi Nafisa, men Davron akani yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsam kerak. Yurgan yo‘limda uni o‘ylayapman, kechalari tushimga kirib chiqyapti.

– Yo‘g‘-ye, Davron aka haqiqatdan ham sevishga arziydigan yigit. Sho‘rlik, qancha qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan.

 – Shuni aytaman-da, ayolning, oilaning qadriga yetadi. O‘zi ham kelishgan.

– Davron aka menga har kuni qo‘ng‘iroq qilyapti. Agar istasang bugun unga senga uylanishini maslahat beraman.

– Yo‘g‘-ye, indama, tag‘in meni o‘rgatdi deb o‘ylamasin. Menga qara, axir u bilan birinchi bo‘lib men do‘stlashdim, nega menga biron marta qo‘ng‘iroq qilmayapti? – dedi Shoxida arazlagan oxangda.

– Iye, xalitdan qizg‘anyapsanmi? Men betobman, shuning uchun hol-ahvolimni so‘rayaptida.

 – Demak men ham kasal bo‘lishim kerak ekan-da.

– Qo‘y-ye, unaqa yomon niyat qilma. Ishqilib mening baxtimga sen hamisha sog‘ bo‘lgin dugonajon, – Nafisa Shoxidani quchoqladi. – Sensiz nima qilardim.

                                   ***

  Davron musiqa tinglgancha krovatda xayolga tolib yotarkan Nafisaning goh go‘zal jilmayishlari, goh mayus bo‘lib qolishlarini ko‘z oldiga keltirardi. U bilan tanishgan kunidan beri xalovati yo‘q. Faqat Nafisa haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Ilgarilari yolg‘izlikdan zerikib o‘zi yo‘lovchilarni gapga solgan bo‘lsa, endi Nafisaning xayoli bilan rul boshqarib borarkan, yo‘lovchilar savol bersa, xayolini buzgani uchun asabiylashadigan bo‘lib qoldi.

  Hozir ham uyqusi kelavermadi. Shu tobda ko‘nglidagi shirin dardini Nafisaga aytishga qaror qildi. Uning raqamiga qo‘ng‘iroq qildiyu, jur’atsizlik qilib o‘chirib qo‘ydi. Avval Shoxidadan maslahat olishga qaror qildi.

 – Alo, Shoxida...

   Davronning ovozini eshitib Shoxida sevinib ketdi.

 – Assalom alaykum Davron aka, bormisiz? Nega jim-jit bo‘lib ketdiz?

 – Yuribman, tirikchilik deganday... Shoxida, siz bilan maslahatlashadigan gapim bor edi.

   Shoxidaning qalbi yanada hayajonga to‘ldi.

 – Qulog‘im sizda Davron aka.

– Mening o‘tmishimdan yaxshi xabardorsiz. Nafisa bilan taqdirimiz bir-biriga juda o‘xshaydi. Nima deb o‘ylaysiz, agar Nafisaning qo‘lini so‘rasam u menga turmushga chiqishga rozi bo‘larmikin?

   Shoxida gap teskarisiga aylanib ketishini kutmagandi, jim bo‘lib qoldi.

– Alo Shoxida, meni eshityapsizmi?

– Ha, eshityapman Davron aka. – Shoxidaning tovushi titradi. – Nafisa bilan baxtli bo‘lishga ko‘zingiz yetadimi? Uni baxtli qila olasizmi?

– Shoxida, Nafisani ilk ko‘rganimdayoq kutganim, orzu qilgan ayolimni uchratganimni anglab yetdim. Yuragimda paydo bo‘lgan hislarni sizga tushuntirishim qiyin.

– Bo‘ldi Davron aka, tushuntirishingizning hojati yo‘q, – dedi Shoxida o‘zini yig‘idan tiyib. – Ovozingizdagi xayajondan Nafisani yaxshi ko‘rishingizni sezib turibman.

 – Shoxida, rahmat sizga, siz xaqiqatdan ham yaxshi do‘st bo‘la oldingiz.

  Shoxida ko‘z yoshlarini artib, chuqur xo‘rsindi. Nafisaning raqamlarini tera boshladi. Band. Birozdan keyin yana terdi, yana band.

   Ertalabdan Nafisaning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

– Davron aka bilan gaplashdingmi? – so‘radi Shoxida salom-alik qilishgach.

– Ha... ha, gaplashdim, – Nafisaning uzuq-yuluq so‘zlashidan nimanidir yashirayotgani sezilib turardi. – Davron akaga seni dunyodagi eng yaxshi qiz ekaningni, sendek qiz bilan har qanday yigit baxtli bo‘lishini aytdim.

– U nima dedi? – so‘radi Shoxida Nafisaning yolg‘on gapirayotganini sezib.

– Davron aka ham senga befarq emas ekan. Shoxidadan so‘rab ko‘ring, sovchilarimni yuborsam maylimi, – dedi.

 – Rostdan shunday dedimi?

 – Ha...

 – Aldamayapsanmi?

– Nega aldarkanman dugonajon. Qani edi sen baxtli bo‘lsang edi, seni ko‘rib men ham suyunardim.

– Bo‘lmasa men biroz o‘ylab ko‘ray. Keyin javobini aytaman xo‘pmi? – Shoxida Nafisaning gaplari chinmi-yolg‘onmi bilish uchun Davronga qo‘ng‘iroq qildi.

 – Davron aka, – dedi Shoxida o‘zini qo‘lga olib. – Nafisa bilan gaplashdizmi?

– Ha, Nafisaga uni yaxshi ko‘rib qolganimni, menga turmushga chiqishini aytdim. Lekin u negadir javob bergisi kelmadi, faqat yig‘lay boshladi. Keyin men bir baxtsiz ayol bo‘lsam, undan ko‘ra Shoxidaga uylaning, u sizni albatta baxtli qiladi desa bo‘ladimi, – Davronning kulgusi eshitildi. – Men unga, Shoxida judayam yaxshi qiz, lekin biz do‘stmiz dedim. Siz nima deb o‘ylaysiz Shoxida, Nafisa uyalganidan rad etyaptimi taklifimni yoki meni istamayaptimi?

   Bu gaplardan Shoxida hayron bo‘lib qoldida, tezda o‘zini qo‘lga oldi.

– Yo‘q Davron aka, Nafisa ham sizga befarq emas. U faqat qattiq kuygani uchun yana turmushga chiqishga cho‘chiyapti. Xavotir olmang, u bilan o‘zim gaplashaman, – dedi qat’iy.

   Shohida qo‘l telefonini o‘chirarkan xayolga tolib qoldi: “Davron mengamas Nafisaga ko‘ngil qo‘yibdida... Har ikkisining o‘tmishi bir-biriga o‘xshash, har ikkisi xiyonat qurboni bo‘lishgan. Agar shu topda men o‘zimning ko‘nglimni o‘ylab, ularning o‘rtasiga chaqir tikanakdek turib olsam baxtli bo‘la olarmikinman? Yaqin dugonamga ko‘ngil qo‘ygan inson bilan qanday hayot kechira olaman. Kech bo‘lmasidan turib aqlimni yig‘ishtirib olishim kerak. Sevimli yor bo‘lolmasamda, hech bo‘lmaganda sevimli do‘st bo‘lib qolishim uchun ko‘nglimga emas, yuragimga quloq solishim kerak”.

   Shoxida bor irodasini jamlab Nafisaga qo‘ng‘iroq qildi.

– Nafisa, – dedi u ovoziga xushchaqchaq tus berib. – Senga aytuvdimku, bir yigit sovchilarini yuboryapti deb. O‘ylab ko‘rsam, yomon yigit emas ekan. Unga turmushga chiqishga rozilik bermoqchiman.

– Baxtli bo‘lib ketishingga aminmisan, axir ko‘ngling Davron akada-ku?

– Yo‘q, adashgan ekanman. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsam, Davron akani shunchaki bir do‘st, aka sifatida yoqtirgan ekanman, – dedi Shoxida. – Bo‘ldi qarorim qat’iy yaxshisi o‘sha yigitga rozilik beraman.

  Oradan oylar o‘tdi. Shoxidaning to‘yi bo‘lib o‘tdi. Davron Nafisaga bir necha bor ko‘nglini ochsada, Nafisa unga turmushga chiqishga unamadi. U hamon Shoxidani o‘ylar, go‘yoki Davronga turmushga chiqsa Shoxidaga xiyonat qilayotgandek tuyulardi. Bir kuni Nafisa uyda yolg‘iz o‘tirganida Shoxida kirib keldi.

 – Nafisa, oldinga sovchi bo‘lib keldim, – dedi Shoxida jilmayib.

– Kimdan? – ajablanib kuldi Nafisa.

– Davron akadan.

– Qo‘y, yana o‘sha mavzuni boshlama, – Nafisa hayajonini yashirib nigohlarini olib qochdi.

– Nafisa, men hammasini bilaman. O‘shanda Davron senga qo‘ng‘iroq qilganida seni yaxshi ko‘rishini bildirgani, sen esa meni xafa qilmaslik uchun yolg‘on ishlatganingni, hamma-hammasidan xabarim bor. Men o‘z tengimga turmushga chiqdim. U bilan juda baxtliman-ku. Nega Davron akani qiynayapsan? Nega taklifini qabul qilmayapsan?

   Nafisa yig‘lagancha Shoxidani quchoqlab oldi.

 – Ota-onamdan keyin eng yaqinim faqat sensan. Seni yo‘qotishdan qo‘rqyapman.

    Bu gaplarni eshitib Shoxidaning ham ko‘zlariga yosh quyulib keldi.

– Agar mening aytganimni qilmasang rostdan meni yo‘qotasan, bildingmi! – Shunday deb Shoxida ko‘zlarini artgancha o‘rnidan turdi. – Sen boshingga tushgan baxtsizlikni yengding o‘rtoqjon. Bu endi sening baxting. Tashqariga qara, sovchilikka yolg‘iz kelmaganman.

   Nafisa derazadan tashqariga qaradi. Darvoza oldida Shoxidaning eri, uning yonida esa Davron guldasta ko‘tarib turishardi.

Ra’no MAHMUDOVA.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот