ENG ZO‘R KADR


    Ozroq ehsonim bor edi. Gemotologiya klinikasining bolalar bo‘limiga otlandim.
    Eshik oldida eski aravachada qiyshayibroq o‘tirgan jussasi kichkina qizga ko‘zim tushdi. Kasal bo‘lsa kerak, qo‘limdagini shu bechoraga bera qolay deb salomlashib, gapga soldim. Adashibman. O‘zi ham birorta nochorga yordam berish ilinjida kelgan ekan. Bo‘limga bir guruh artistlar va tasvirga olish guruhi kelgani uchun ichkariga kiritishmabdi. Birgalikda kuta boshladik. Yarim soatlardan so‘ng avval kamera tutgan operator, so‘ng bir to‘p mashhurlar, ularning ortidan esa ichkarida rasmga tushishga ulgurmagan onalar va hali oyog‘ida turgan bolalar yugurib chiqishdi.
   Selfimaniya tugagach ham bizni ichkariga qo‘yishmadi. Men-ku mayli, ataganimni birorta onaga berib ketaveraman. Ammo aravachada o‘tirgan qizga ichim og‘ridi:
 - Iltimos, birorta bolachani xonasiga kirishimga ruxsat bering. Ozgina bo‘lsa ham dalda bo‘lmoqchiman. O‘n daqiqa yetadi.  Yoniga yaqin bormayman. Gripp yoki boshqa yuqumli kasalligim ham yo‘q.
- Bo‘lmaydi! Mikrob tushadi, singlim. Har xil odam kiraversa, bozordan nima farqi qoladi!
    Ortiq chidab tura olmadim:
- Hozirgina bir to‘p odam chiqdi. Ularning mikrobi yo‘g‘u, shu savobtalab qizda bormi? Uyalmaysizmi!
- Ular sog‘lom! Qolaversa, ruxsatlari bor, shaxsan glavrachdan!
  Boshqa toqat qila olmay qoldim. Qo‘lim ko‘tarildi. Biroq qizning o‘zi asta etagimdan tortib to‘xtatdi. Qarasam ko‘zi jiqqa yosh:
- Mayli opa, tortishmang. Ular haq! Kirmaganim ma’qul.
 U ichkariga shoshilgan ayollardan biriga ro‘molchaga o‘ralgan ikkita besh ming so‘mlik va muqovasi chiroyli kitobni tutqazdi:
- Xola oz bo‘lsa ham orttirganimni olib kelaverdim. Manavi ertakni farzandingizga o‘qib bering. Aslo tushkunlikka tushmasin, u dardni albatta yengadi! Meni aytti dersiz, hammasi yaxshi bo‘ladi.
  Boya e’tibor bermabman. Ovozi ham jussasidek omonat ekan. U kitobni ochib mundarijaga ishora qildi:
- Qarang, zo‘r ertaklar bor.
  Shu choq mashhurlarni kuzatib qo‘ygan tasvirchi yigit sumkasiga joylangan kamerani chiqarib, qizni nishonga oldi:
- Iltimos, tasvirga olmang.
  Kitob bilan yuzini to‘sgan ojizadan ranjigan yigit taajjubini yashirmadi:
- Nega? Shunday holatingizda bemor bolalarga dalda beraman deb kelibsiz. Eng zo‘r kadr bo‘lardi! Siz kitobga qarab tursangiz bo‘ldi.
   Qiz bosh chayqab, rozi bo‘lmadi.
   Sal nariroqda turgan rejissyorni esa jahli chiqdi:
- Ketdik ukam. Hamma zo‘r kadrlarni ichkarida olib bo‘ldik. Ba’zilar televizorda ko‘rinishni xohlashmaydi. To‘g‘rimi, singlim?
  Qiz indamadi.
 Men ikkita besh ming va kitobni olgan ayolni astoydil duo qilishini kutgandim. U telefonidan ko‘z uzmay minnatdorchilik bildirib, orqaroqda turgan sherigiga baqirdi:
-O‘l Zamir, qiyshiq obsan-ku! Kallamni yarmi yo‘q. Ko‘zing qattaydi? Essiz, shunday artis kelganidayayayaya....
  O‘sha kuni kasalxonadan dilim ikki karra vayron bo‘lib qaytdim. Nega bunchalik kaltabin bo‘lib ketdik?
  To‘g‘ri, eshik oldida turgan tibbiyot xodimining o‘z vazifasi, amal qiladigan yo‘riqnomasi bor. Jurnalist qiz ham qattiq charchagan. Kallasini yarmi suratga tushmay qolgan onaga ham oson tutmadim. Balki mashhurlar tashrifi ularning qalbiga oz bo‘lsada quvonch olib kirar. Axloqi chaynalaverganidan butun joyi qolmagan falonchixon bilan selfi tushishni ham aybi yo‘q, chunki u yulduz!
   Ammo oxiratda-chi? Balki shu nogiron ojizaning mavqeyi hammamizdan balandroq bo‘lar?!
  Balki hech qaysi operator, rejissyor, jurnalist topa olmagan, ahamiyat bermagan eng zo‘r kadrlar allaqachon Alloh nazari bilan tasvirga olinib bo‘lgandir...


Muazzam IBROHIMOVA. 
2019 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот