UMIDLI DUNYO


   Ishdan horg‘in qaytarkanman, oshxonada kuymanayotgan qizim menga peshvoz chiqadi:
– Oyijon, ovqat qilayapman.
– Qizi o‘nga kirsa, onasi songa kirarmish, – deyman mehrim toblangancha uni bag‘rimga bosib. U maqtovimdan erib ketadi:
– Oyijon, tunov kuni siz tikuvchiga eltib bergan matodan o‘qituvchimiz ko‘ylak tiktiribdilar. Fasonini hali hech kimda ko‘rganim yo‘q, siz ham o‘shanday qilib tiktiring. Sizga juda yarashadi, bayram bazmiga kiyib borasiz.
– Xo‘p, – deyman ming bir o‘ylov girdobida. Tikuvchidagi matoni oyijoni tiktirishga ko‘zi qiymay, qaytarib kelib sandiqqa solganidan bexabar qizim meni o‘sha ko‘ylakda tasavvur etib, yana yumushiga unnab ketadi. Ortidan termulib xayolga tolaman. Uni xayolan o‘sha matodan tikilgan kelinlik libosida ko‘rib, dilim ertangi yorug‘ kun umidida entikadi...
* * *

   Toshoyna qarshisida soch tarayotgan o‘g‘lim telefon go‘shagini ko‘tarib, ohista-ohista kim bilandir so‘zlashadi. Nigohlaridan allaqanday hayajon, ikkilanish, taraddudni ilg‘agandek bo‘laman. Bir ozdan so‘ng cho‘ntagidan qo‘lini chiqardi-da, kaftlaridagi jimitdek qutichani menga uzatdi:
– Oyijon, ertaga bayramingiz. Juda xushbo‘y atir. Yaxshi kunlarda surtib yuring.
  Qutichani olib uzoq tomosha qilaman. Haqiqatan ham, har qanday ayolning dilini rom etadigan sovg‘a. Biroq ko‘nglim sezib turibdi, atir bitta, u menga ham, muallimasiga ham atalgan emas... Ko‘nglim shirin hisdan entikib ketadi. Nazarimda, hovlimga yangalarning sho‘x-sho‘x yor-yori bilan butun vujudidan shu nozik atir hidi anqib turgan kelinchak kirib kelayotgandek tuyuladi. Kaftimdagi qutichani o‘g‘limga uzataman.
– Bolam, mening atirim bor, sinfdoshlaringga sovg‘a qila qol buni.
   U hayajonini, taraddudini sezdirmaslik uchun ko‘zlarini olib qochgancha qutichani oladi. Darvoza tomon shoshib ketayotgan qo‘limning sarvdek qomatiga termulgancha sassiz so‘zlayman:
– Bolam, xushbo‘y atirlaru bezaklar, sho‘xchan davralaru suqli nigohlarni poyingga o‘ldirib, sening mag‘rur boshing egilmasligi uchun onang g‘iybat tog‘laridan ingranmay o‘tayapti. Mening bardoshu chidamimni sinaydigan bu tog‘lar ortida umidli dunyom – sening kamoling bor, o‘g‘lim. Iloyo Tangri shu umidli dunyomni asrasin.

Sayyora ZOIROVA, jurnalist.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот