ONA, SHU BAYRAMDAN KЕYIN BORAMAN


Munavvara USMONOVA 

ONA, SHU BAYRAMDAN KЕYIN BORAMAN
* * * 
Mardona bo‘lmadim, kechiring, ota, 
O‘zimni mahv etar arazim, o‘chim. 
Ojizlik yo mardlik asli nima u? 
O‘zimni yengmoqqa yetmadi kuchim... 
Kechiring, ota... 
Mardona bo‘lmadim, kechiring, ona, 
Gina-adovatdan bo‘lmadim xalos 
Jilmayib turaman ko‘ngil qorong‘u 
Shodon yurganlarga qilaman havas. 
Kechiring, ona... 
* * * 
Ijodim yuksaldi, o‘zim yuksaldim, 
Bo‘yim ham o‘sgandir, yana bilmadim. 
Mayda ko‘rinarkan cho‘qqidan har ne, 
Anglamadim yoki ko‘zga ilmadim. 
Qushlar ovozi ham tingandek, go‘yo, 
Borliqda bir sas yo‘q, hatto shamol jim. 
O‘ylayman, noxosdan sirpansam, Xudo 
Tog‘dan qulaganni tutib qolar kim... 
* * * 
 Bu dunyo manzili bitta yo‘lakcha, 
 Bilsak ham mehrimiz unga bo‘lakcha. 
 Sarhisobin qilsam o‘tgan umrni, 
 Savobim bormikan bitta ko‘lmakcha. 
 Otalar pir bo‘lar, onalar g‘ilmon, 
 Birisi panohdir, biri mehribon.  
 Bo‘lsa xizmat aylang, yo‘qsa, ziyorat, 
 Biri Firdavs erur, birisi Rizvon. 

BAXTLIMAN 

Baxtliman deymanu, garchi bu kunga, 
Yetmoqlik men uchun kechmadi oson. 
Goh guldek yashnadim, gohi o‘tinga 
Aylanib, qirq jonim qilganman qurbon. 
Boshim xam qilmadim kelsa sinovlar, 
Shodligim to‘rt tomon sochmaganim chin. 
Dilxonang bo‘lmaydi, deya birovlar, 
Ko‘nglim eshigini ochmaganim chin. 
Ne-ne mushkulotlar ko‘rdi bu boshim, 
Dardlarim allaga qo‘shib aytganman. 
Hayotdan horigan onda yo‘ldoshim, 
Ro‘zg‘orning yukini birga tortganman. 
Birni birga ulab yetkazmoq sirin, 
Onamdan o‘rgandim, o‘rgatdi yillar. 
Bilmadim, yana ne ilmi yashirin, 
Goh siylab, goh dilim qonatdi yillar. 
Igna, qaychi tutdim qalam o‘rniga, 
Non topmoq ilinji so‘zimdan ustun. 
Ko‘mib tug‘yonlarni qalbim qo‘riga, 
Yelkadosh bo‘lmasam bo‘lmasdik butun. 
Ijara balosi, xarob kulbalar, 
Tovonim teshilgan yo‘lakchasida. 
O‘ylasam alamim qo‘shilib yig‘lar, 
Qizcham yechib bergan zirakchasida. 
Baxtga yetish qiyin, unga yetguncha, 
Qoqildim ehtimol, yetmish ming bora. 
Ko‘zimga mo‘ltirab bola yoshida, 
Qozon quchoqladi qizim bechora. 
Tenglari dunyoga bo‘ylar chog‘ida, 
O‘g‘limning sochida tegirmon gardi. 
Bola yoshida ham suysam gohida, 
Ayajon, ertaga non bormi, derdi. 
Sentyabr oyi – bu tashvish oyi,  
Bir kuni shodlig-u, bir kuni alam. 
Og‘rirdi yurakning eng toza joyi, 
Uniqqan kiyimin kiyganda bolam.  
“Olma yeyman”, degan go‘dagim dodi, 
 Dilim ildizini kuydirgan tun bor. 
 Topganda topmagan kunlarning yodi, 
 Ko‘z yoshimga qo‘shib yedirgan kun bor. 
 Termulib beton uy darchalaridan, 
 Yalpiz islarini sog‘ingan kunlar. 
 Tandir yasab qog‘oz parchalaridan, 
 Ko‘zim yoshlariga qoridim unlar. 
 Baxtga yetish aslo bo‘lmadi oson, 
 Armonlarim tomchi, yuragim tomchi. 
 Necha yil yo‘limga bo‘ldi nigoron, 
 Yo‘l poylar hali ham dadam sog‘inchi. 
 Gohi tosh, gohi qor otib poyladi, 
 Ikki yo‘l orasi, yosuman dovon. 
 Bu yo‘llar meni ko‘p sarson ayladi. 
 Onam o‘kinchiga to‘ladim tovon. 
Armon yo‘q deyman-u, so‘nggi onida, 
Akamning boshini silay olmadim. 
Bir kuni, bir kecha qolib yonida, 
Dardini, ko‘nglini so‘ray olmadim. 
 Erta borarman men, indin boraman, 
 Har kuni bir aldab olaman ko‘nglin. 
 Ona, shu bayramdan keyin boraman, 
 “Mayli, sen o‘zingdan ortganda kelgin!” 
 Kunora bir tashvish yo bir muammo, 
 Do‘stu begonadan arimas xonam. 
 Ko‘pga balogardon bo‘ldim-u, ammo, 
 O‘zimdan ortmadim, kechirsin onam. 
 Bo‘ldi, bas, to‘xtadim, mana jilmaydim, 
 Vujudni ko‘ngilga qilmayman qafas. 
 Hasrat qilmasimdan oldin bilsaydim, 
 Allohga ming shukur olyapman nafas... 

HAYOT TUMORI 

Yuksalib boryapman, qo‘llarim uzun, 
Kichrayib boryapti munisim onam. 
So‘rashi yaxshilik, tilashi to‘zim, 
Keksayib boryapti yolg‘izim onam. 
Onam bor, dardim yo‘q, mushkulim oson, 
Yelkalari tog‘dir, daryo gavhari. 
Titradim, go‘yoki titradi osmon, 
Bag‘rimga boshini qo‘ygan mahali. 
Yodimda, turshak yeb, danagin tutib: 
“Mag‘iz yeyman”, desam tishda chaqardi. 
Turibman yonida yoshimni yutib: 
“Bolam”, deb sho‘rlikning sochi oqardi. 
Tunda kir yuvardi, tongda yopib non, 
Kun chiqmay dalaga ketardi onam.
Bilmadim, vaqt topib mizg‘iydi qachon? 
Oh, desak, jonini tutardi onam? 
Egnida uniqqan obravon ko‘ylak, 
Peshidan rayhonning isi kelardi. 
Malikalar haqda aytganda ertak, 
Onam yig‘laganga o‘xshab kulardi. 
Bilmadim, u paytlar bo‘lmaganmi g‘am, 
Odamlar shodligin ko‘rganmiz, xolos. 
Bolasin bo‘yiga quvongan onam, 
Dunyo qayg‘usidan bo‘lolgan xalos. 
Saksondan o‘tsa ham, jonsarak hamon, 
Qo‘shnini yo‘qlashni kanda qilmaydi. 
Polaponlariga chaynab berib non, 
Qushni tindiradi, o‘zi tinmaydi. 
“Bir quloch” sochimga achinar doim, 
“Uvol qilding”, deya titrab silaydi. 
Yarim tun bexosdan ko‘zimni ochsam 
Mening gunohimni Haqdan so‘raydi. 
Kichrayib boryapti pahlavon onam, 
O‘ylasam... o‘ylasam ... yurak qonaydi. 
Xokisorim onam, sadqa jon onam, 
Yuragi taftidan qumg‘on qaynaydi. 
Bororimdan ko‘pdir onam xumori, 
Diydorimga tashna, mehrimdan judo. 
Duosi ko‘ksimda hayot tumori, 
Boryapman, onamni asrab tur, Xudo! 

ONAM VA MЕN... 

– Ona, mushkullardan horidim, 
– Hayot sinovlarga o‘ch, bolam! 
– Yaqinimdan dilim og‘ridi... 
– Bu chigalni asta yech, bolam! 
– Ona, sig‘may qoldim, uyim tor, 
– Mening yuragimga ko‘ch, bolam! 
– Ona, holsiz tanga ne darkor, 
– Darhol turshak suvin ich, bolam! 
– Ona, do‘stim ekan riyokor, 
– Yolg‘onlarning mag‘zi puch, bolam! 
– Yuragimda ketmas alam bor... 
– Vaqt hakam, alam hech, bolam! 
– Nega majruh sabru sabotim? 
– Bor, tog‘larni borib quch, bolam! 
– Uchar edim bo‘lsa qanotim, 
– Shamol peshin tutib uch, bolam! 
– Majolsizman, nedan bilmadim, 
– Duolarim senga kuch, bolam! 
– Ona, bedorlikdan charchadim... 
– She’rdan, shoirlikdan kech, bolam! 

OVCHI 

Qush sho‘rlikka tegdi ovchi nayzasi, 
Qanoti qayrilib yerga quladi. 
Bir lahzalik ekan osmon orasi, 
Buni odam bilmas, qushlar biladi. 
Nursiz nigohida iltijo, alam, 
Chug‘urlab yo‘l kutar polaponlar och. 
Ovi baroriga sevinar odam, 
Allalar aytadi keksa qayrag‘och. 
Bir tishlam luqmaga shuncha jaholat, 
Qushni-da, inini kuydiradi g‘am. 
Ovchi o‘ljasidan bo‘lmas xijolat, 
Uni it og‘zidan olgan bo‘lsa ham. 
* * * 
Eng avvalo tinglashni bildim, 
Dard aytishsa, yig‘lashni bildim. 
G‘azab tutsa yo‘qlikda sachrab, 
So‘ng yana jon ulashni bildim. 
Yurt dardida yashadim har dam, 
Ajralmadim odamlardan ham. 
Majruhlarning yonida xasta, 
Miskin bilan birga chekdim g‘am. 
Ag‘yordan hol so‘radim yo‘qlab, 
Bo‘lmasligin bilsam ham oqlab, 
Alam qilar nodon yonida, 
Telba bo‘lgan kunimni yodlab. 
Odamlarni suyib yashayman, 
Goh kuyib, goh ko‘nib yashayman. 
Ikki inson yashar ruhimda, 
Men birini ko‘mib yashayman... 

NЕGA 

Nega menga bunday dil berding, Egam? 
Har nega o‘kinib fido bo‘laymi? 
Shodligim jomini chertib turar g‘am, 
To‘kilib, to‘kilib... ado bo‘laymi?.. 
Ko‘ksimga urilar quturgan ummon, 
To‘fondan ming bo‘lak bo‘lib sachrayman. 
Bevatan go‘daklar sarsonu hayron... 
Xayolimda borib uni asrayman. 
Ko‘nglim huvillaydi ketsa turnalar, 
Bag‘rimga in solar qushlar galasi. 
Tushimda tunlari eshik timdalar, 
Ayozda jon bergan mushuk bolasi. 
Tongda qumri sayrar, bulbullar kuylar, 
Terak yaprog‘idan taralar navo. 
Menga, jaholatda bolasi kuygan, 
Onaning faryodin keltirar sabo. 
Bag‘rimni nimtalab bug‘doy sepaman, 
Yuragim qonidan nish urar lola. 
“Ona”, der, xayolda uni quchaman, 
Olamning chetida och qolgan bola. 
Nega menga bunday dil berding, Egam? 
Charchadim, dunyoning tashvishin tortib. 
Gohida o‘ylasam, qiladi alam, 
Men nima qiloldim o‘zimdan ortib... 
* * * 
Lutfing ham boshim ustida, qahring ham... 
Shamsi Tabriziy  
Lutfing ham bosh ustida,  
Qahring ham bosh ustida. 
Qayga urmayin boshim, 
Kelmishi qosh ustida. 
Sarxush edim lutf etib, 
Tole suvin ichirding. 
Men yiqildim poyingga 
Yo kechgin, yo kechirgin… 
Gar nasib etsa vasfing, 
Beparda ko‘rsam vasling, 
Jannati Ma’vo erur,  
Unganim tosh ustiga. 
* * * 
Kimga og‘u berding, kimga osh berding, 
Kimga olmos tuhfa, kimga tosh berding. 
Nega loyiqligim bilmadim, ammo, 
Shukurkim, toza ishq ila yosh berding. 

ONAMNING GAPI 

Kecha sim qoqmading, kun bo‘yi kutdim,
Qo‘limdan tushmadi telfon tunda ham. 
Ovozing eshitsam, yaxshi uxlardim, 
Og‘rib qolmadingmi, o‘yladim bolam. 
Ish deb, jon kuydirib yurasan doim, 
Zahmatlar charchatib qo‘ymasin deyman. 
Saqlasin hasadu qasddan Xudoyim, 
Bolam, tushimda ham g‘amingni yeyman. 
Seni yo‘qlab keldi kecha bir ayol, 
Qizi she’r yozarmish, maqtadi, toldim. 
Bolalik paytingga chorladi xayol, 
Shoir bo‘lganingni sezmay ham qoldim. 
O‘kingan bo‘lsang ham, endi kim bilar, 
Ro‘zg‘orim yukini birga tortganim. 
O‘ylasam ko‘ksimni cho‘g‘dek kuydirar, 
Suygan kitobingni o‘tga otganim. 
Kitobi chiqdi deb, bola yoshida, 
Kimlardir yuribdi qizini maqtab. 
Shoir qildimikan beshik boshida, 
Oyning nurlarida o‘qilgan kitob. 
Orzuing nima deb, so‘ramadim ham, 
Sen mohir tikuvchi bo‘lasan, dedim. 
Mum tishlab yashagan, shoirim bolam, 
Mening har so‘zimga ko‘nasan derdim. 
Kecha ko‘p o‘yladim, duolar qildim, 
Kunora sim qoqsang, nima bo‘lardi? 
Aytaman, ertaga pensam chiqar kun 
Ukang telfoningga to‘lab qo‘yadi... 
* * * 
Odamlarsiz yashay olaman dema, 
Yolg‘iz o‘sgan daraxt meva bermaydi. 
To‘fonda adashsa gar yolg‘iz kema, 
Langar ham, yelkan ham asray olmaydi. 
Mensiz kemtik ular, meningsiz bebaxt, 
Deyishdan o‘zingni tiymog‘ing darkor. 
Bir sensiz, bu hayot to‘xtamas hech vaqt 
Sen kabi odamlar hamma joyda bor. 
Qoqilsang tayanchdir, yiqilsang suyanch, 
Ovutar ko‘ksingni kemirsa alam. 
Boriga shukur qil, sen ham bo‘l yupanch 
Odamlar bor uchun, bordir bu olam. 

DЕDING... 

Deding, ey qoshlari hilol, 
Dedim, yoydir, topma zavol. 
Deding, kipriklaring maysa, 
Dedim, o‘qdir yo bir nayza. 
Deding, ey, ko‘zlari oftob, 
Dedim, razm solsang– girdob. 
Deding, sen-la ko‘nglim shodon, 
Dedim, boqsang dilim zindon. 
Deding, ishqdan adoman men, 
Dedim, kibru havoman men. 
Deding, kechmoqqa dil ko‘nmas, 
Dedim, ishqdan hech zod o‘lmas. 
Deding, qiyosi Mashrabman,  
Dedim, dilimni asrabman. 
Deding, ko‘nglim tushdi toshga, 
Dedim, mening yo‘lim boshqa. 
Deding, xush qol, aytgum vido, 
Dedim, ishqing asrar Xudo! 
* * * 
Bir odam so‘zladi, 
 biri esa jim, 
Bir odam bo‘zladi, 
 biri esa jim, 
Dardin aytgan yo‘lda 
 ketdi indamay, 
Tinglagan o‘rtandi 
 yuragi g‘ijim...

Manba: "Kitob dunyosi" gazetasi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот