BIR KUNI...
Munavvara USMONOVA - "Saodat" jurnalining Bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira.
BIR KUNI...
Yangi yil arafasida Ominaxon onamiz mehmonga keldi. Yaxshi gaplardan gapirib jilmayib o‘tirgani bilan ko‘zlarida mung bor edi. Bolalar ham ta’til payti bo‘lgani uchun buvisining atrofida parvona bo‘lar, biri raqs tushib duosini olsa, birisi ertak o‘qib berib ko‘nglini chog‘lashga urinardi. O‘sha kunlarda yarim tunda yozib o‘tirganimni ko‘rib: “Bolam, kuni bilan ishlab kelib yana oshxonada kuymalanasiz. Ayolning qirqta joni bor degan gapga qo‘shilmayman. Bu bir ertak, bitta joningizga rahmingiz kelsin, vaqtida dam oling”, dedilar boshimni silab.
Bir kuni tunda uyg‘onib, oyoq uchida yurib ulardan xabar olgani kirdim. Joynamoz ustida bedor ekanligini ko‘rib jimgina duoga qo‘l ochdim. Shunda Allohga yig‘lab qilayotgan duolarini eshitib, uyqum qochdi, vujudimga titroq kirdi. Yonlariga borib mahkam bag‘rimga bosdim. Buvi, buvijon nega o‘zingizga o‘lim tilayapsiz. Axir yuzga kirgan insonlar ham o‘ziga umr so‘raydi-ku! Sizni hammamiz yaxshi ko‘ramiz. Farzandlaringiz ardog‘ida yashayapsiz, nimadan kamingiz bor, dardingiz bo‘lsa menga ayting. Tunda turib o‘zingizga o‘lim tilaysizmi? Tezroq omonatingni ol, Egam, deb ko‘z yoshi qilasizmi? Qancha dard, qancha sinovlar boshingizdan o‘tgan. Bir yilda ikki opangiz vafot etganda, yetmish yoshga kirmay onangiz dunyoni tark etganida Yaratgandan o‘zingizga yuz yil umr so‘rab zorlangan siz edingiz-ku! Xudo xohlasa yuz yoshga kiraman, der edingiz-ku, ona. Biz xafa qildikmi? Ko‘nglingizni bilmay qattiq og‘ritdikmi, sizga ozor berdikmi?..
Yig‘lab yubordim. Shunda onamiz vazminlik bilan so‘z boshladi. “Xudoyim menga besh o‘g‘il, to‘rt qiz berdi, behisob shukur. Enamga nevara kelinmas, qiz bo‘ldim, oq yuvib, oq tarab tun-kun parvarish qildim, duolarini oldim. Ijobati odobli farzandlar, mehribon kelinlar berdi, shukur. Shokirjon o‘g‘lim o‘tganida 46 yoshda edi. Olis yurtdan kelgan tobutni quchganim bilan, sovuq diydoriga ham to‘yolmadim. Tuprog‘ini silab, yig‘lab-yig‘lab qaytishdan boshqa ilojim yo‘q. Ojiz bandaman, qazosiga ko‘nishdan boshqa choram yo‘q.To‘ng‘ich qizim yonimda bo‘lsa, korimga yaraydi deb Munojat opangizni ko‘nmaganiga qo‘ymay qo‘shniga uzatdik. Opam ham, singlim ham, dugonam ham shu qizim. Yomon dardga chalinib tig‘ tagidan yarimjon bo‘lib chiqqanigayam uch yil bo‘ldi. Ko‘cha boshida yashaydigan sochlari uchun, chiroyli juvon, chevar Mavludaxon bor edi-ku, uch kun oldin olamdan o‘tdi. Opangiz bilan bir vaqtda operatsiya bo‘lgan. Dardi ham o‘xshash... Chidolmaganim uchun sizlar tomonga yo‘l soldim, bolam. Uzoqroqda bo‘lsam esimdan chiqadi, deb o‘ylagan edim. Dardim, o‘yim o‘zim bilan ekan. Ilondek bag‘rimni o‘yib, chayondek chaqyapti. Minoni uch kun ko‘rmaganimga sog‘inib yuragim ezildi. Bolam sho‘rlikning dardi o‘pkasiga o‘tganmi, tinmay yo‘talib yuribdi. Biriga chidadim, shukur qildim, ikkinchi bolamni yerga bersam qanday bosh ko‘tarib yuraman, nima deb yig‘layman, nima bilan o‘zimni yupataman. O‘zimga o‘lim so‘raganim chin. Yetmishdan oshgan onasini so‘nggi yo‘lga o‘zi kuzatsin, deyman. Onamlab yig‘lasa dardi ariydi, deb o‘ylayman. Qo‘ng‘izdan ham qo‘rqadigan bolam qaro yerga kirishdan qo‘rqmasmidi? Umri tugab borayotganiga aqli yetmasmidi? Kuragimning tagi qattiq og‘riyapti, deganmish singlisiga. Og‘risa ham birga choy ichaylik deb, issiq non ko‘tarib chiqadi. Men u dunyoga undan ertaroq ketsam, ellikayam kirmagan bolam qazosiga qoyim bo‘larmidi, deyman-da! Onam bilan jannatlarda birga bo‘lamiz, deb ko‘zini mahkam yumarmidi, deyman-da!
...Oradan bir oydan ziyod vaqt o‘tdi. 14 fevral kuni tongda onamiz kasalxonaga tushib birdan ahvoli og‘irlashib qolganini aytishganda yo‘lga tushdik. Holi abgorim jonlantirish bo‘limida zo‘rg‘a nafas olib yotardi. Bag‘rimga bosdim. Ko‘ziga yosh olib astagina pichirladi: “Yaxshiyam yetib keldiylar, bolam. Ukalaringiz sizlarga, sizlar esa Allohga omonatsiz... Qizim, Jannatxonga ona mehrini bering. Bilasiz-ku, kenjam erkaroq... Mino... Minojat orqamda qolgani rost bo‘lsin...” dedilar. Qo‘limdan suv ichib, bag‘rimda omonatini topshirdilar. Biz boshida chirqirab faryod urardik, jannatim qo‘li ko‘ksida, xotirjam yotardi...
Oradan to‘qqiz oy o‘tib Munojatxon opamni ham chin dunyoga kuzatdik.
Allohim oxiratlarini obod qilsin.
Olamdan o‘tgan barcha onalarimiz jannatiy onalarimiz qatorida bo‘lsinlar, ilohim!