BIR KUNI...


Munavvara USMONOVA - "Saodat" jurnalining Bosh muharriri,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira.

BIR KUNI...

      O‘sha kezlarda Toshkentga ko‘chib kelganimizga ko‘p bo‘lmagan, gohida ota-onam, yaqinlarimni sog‘inib ko‘zimga uyqu kelmasdi.  Yashayotgan ijara uyimizda telefon yo‘q,  vaqti-vaqti bilan uydagilarga sim qoqib gaplashish diydor o‘rnini bosolmaydi. Shunday kunlarning birida go‘shakni dadam ko‘tardi. Ancha gaplashdik.  Bolalar maktabdan ta’tilga chiqsa, albatta, boramiz, dedim yuragim to‘lib. Shunda dadam: “Kelmang, qizim. Tug‘ilgan kuningiz onangiz bilan birga boramiz.  Keyin sizlar ham biz bilan qaytasiz”, dedilar. O‘sha lahza, o‘sha onda yelkamdan ikki qanot o‘sib chiqqanday shodlandim.  Ota uyimizga borganimga oylar o‘tgan, sog‘inib fursat poylab yurgan mahzun kunlarim quvonchga almashdi.  Oilamiz bilan quvonardik. Bolalar ham yigirma kun... o‘n to‘qqiz kun... deb barmoq sanashardi. O‘sha kunga bir kun qolganida sabrim yetmay, uyga sim qoqdim. Ukam bilan hol-ahvol so‘rashgach, dadamlar qachon yo‘lga chiqishadi, dedim. Undan: “Opa, dadam kasal bo‘lib qoldi. Qon bosimi oshib kasalxonaga tushib qolganlar. Opangga aytmanglar, ovora bo‘lib kelib yurmasin, yo‘l xarajati ham ancha, yaxshi bo‘lsam o‘zim boraman, degani uchun sizga aytmadik”, – degan gapni eshitib, yuragim to‘xtab qolay dedi.  Yigirma kundirki, har kuni dadam tushimga kirardi. Har kuni onam bilan xayolan gaplashardim. Maoshim ustidan qarz olib, jannatilarimga sovg‘alar olgandim. Ularga atab yozgan she’rlarimni  yod olgan bolalarim har kuni imtihonimdan o‘tardi. Gulqog‘ozlari yirtilib, xarob holga tushgan uyimizni (birovning uyi bo‘lsa ham) oqlab-ko‘klab chiroyli qilganimizdan  sevinib yashayotgan edik. Bir kun qolgan edi... Atigi bir kun... Sim qoqmasam bo‘larkan. Qo‘limizdagi bor mablag‘imizni yaxshi kun uchun sarf qilib qo‘yganmiz. Endi qanday qilib tong ottiraman, qanday qilib tug‘ilgan kunimda shodlanib o‘tiraman. Olgan sovg‘a-salomimni bag‘rimga bosib yo‘lga tushay desam, bolalarim yig‘lab qoladimi? O‘sha telefon butkasi yonida qancha o‘tirdim, qanday o‘tirdim, yodimda yo‘q. Uyga sudralib kirib borganimda oqshom cho‘kkan edi. Yugurib ketgim kelardi. Dovonni, yo‘lni, shaharni, o‘zim suyib, o‘zim g‘ururlangan hamma narsani shu topda yomon ko‘rardim. Dadamning yelkasiga bosh qo‘yib to‘yib-to‘yib yig‘lagim kelardi. Sog‘inganimni, sog‘inib ketganimni, uch oydan beri diydoriga tashna bo‘lganimni aytgim kelardi. Uyim ham, undagi sozlangan jihozlar ham g‘ariblashgan, bolalarimning ko‘zlarida mung bor edi. Tong otdi. Ishga otlandim. Bolalarim daftar varaqlariga rangli qalamlar bilan har xil rasmlar chizib devorga ilib qo‘ygan, sharlar bilan xonani bezatib ko‘nglimni ko‘tarmoqchi bo‘lganlarini ko‘rib biroz dilimdagi   g‘ashlik tarqadi.  Ishladim, horidim, shogirdlarim, hamkasblarim tuhfa etgan gullarni ko‘tarib uyga qaytdim. Erta tongda turib yo‘lga otlanish niyatida yo‘l tadorigini ko‘rishga oshiqib borardim. Yo‘lakdan uyga kirib borayotganimda negadir yuragim hapriqa boshladi. Onam burmali ko‘ylagi yoqasiga qadab oladigan qalampirmunchoqning isi dimog‘imga urildi.  Kasal otamni tashlab onam kelarmidi, degan o‘y  bilan eshik ochdim. Ostona hatlashim bilan o‘rik, olcha, olma to‘latilib ustiga tok barglari to‘shalgan qutilarga ko‘zim tushdi. Keyin... keyin uyimiz to‘rida o‘tirgan ota-onamni ko‘rdim.  Dadamning bag‘riga boshimni qo‘yib, yuzlarini silarkanman, “Ozib ketibsiz, dadajon, ranglaringiz ham siniqqan. Kasal holingizga nega keldingiz, ertalab o‘zim yo‘lga chiqardim”, dedim. Mehribonim esa: “Er kishi va’da berdimi, o‘lsa ham lafzida turishi kerak. Qodir Allohim quvvat berdi keldim, oltinim. Tirik ekanman, holingizdan xabar olaveraman. Har faslning mevasi pishganida olib kelaveraman. Uzum pishig‘ida bir kelsam, behi pishganida ikki kelaman”,  dedilar boshimni silab. Farzandlarim ulg‘ayib, davlatim bisyor bo‘lganda, borishga imkon topganimda dadam yo‘q. Onamning boriga behisob shukur, mehri, duolari bilan yuksalib yuribmiz. Ammo  otalar qizlarini boshqacha suyadi-da! Boshqacha mehr beradi-da! Yig‘lasam, tushkunlikka tushib mahzun bo‘lsam, dadam rahmatli tushimga kiradi. Gohida qo‘yniga novvot solib kelsa, birida yangi ko‘ylak tuhfa qilib sevintiradi. Har yili  tug‘ilgan kunimda otam yonimda ekanini yurakdan  his etaman. Jonim otam, bog‘bonim, jannatim otam. Oxiratingiz obod bo‘lsin!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот