YASHASHGA RUH YO‘Q


Adiba UMIROVA
         
  YASHASHGA RUH YO‘Q

Xudoga yuzlanmoq onidur bu on, 
Farishtalar qochar, 
ishq bizdan qochar. 
Odamiylik o‘ldi,
go‘zallik o‘ldi,
Ezgu hislar o‘ldi  -- yer aza ochar.
Muz qotgan, tosh qotgan bu nigohlarni
Endi nima bilan tiriltirayin?
Qaysi g‘ordan izlab topay o‘zimni,
Qaysi kelajakka qochayin tag‘in?
Odamlar qandaydir bir to‘da,
Ammo...
Tilsiz, hissiz, ishqsiz va ko‘ngli qattiq.
Qachondir qushlarga, gullarga oshiq
Inson bo‘lganini eslolmas aniq.
Tirik jon bo‘lganin eslolmaydi hech,
Yo nurdan yaralgan tirik yorug‘lik.
Loaqal quyoshdan issiq qonida
Mehrni avaylab o‘stirganin tik.
Zamin tor,
ko‘zlar och,
yashashga ruh yo‘q,
Odamzod yo‘qotib qo‘ydi negizin.
Biri amal bilan, biri o‘t bilan,
Biri urush bilan o‘ynar betizgin.
Yangi qurol o‘ylab topish bilan band
Chang, to‘zon ichida qolgan makondan.
Qaysi buloqlarning boshiga boray,
Bir najot axtaray qaysi zamondan?
Qaysi osmon, qaysi tuproqdan izlay,
Shaklsiz olamning rangin betinim.
Muhabbat yo‘q joyda, tuyg‘u yo‘q joyda,
Kim uchun yashayin, kimni sevay jim?
Balki, bizdan keyin kelar dunyoga
Biz kutgan mujdalar yonib inchunin.
Xudo suygan shayxlar  -- Xudodan qo‘rqmas
Mullolar ko‘zini ochmoqlik uchun.
Ko‘ngli tinch mo‘minlar keladi balki,
Zavqlarga qul bo‘lmay osar dorlarni.
Tug‘ilmasdan oldin ona qornida  
Aql tishi chiqar payg‘ambarlarning.
Sindirmas kapalak qanotlarini
Qushlar royish topar qo‘nsa qayerga.
Hayot urug‘ini quritmoq uchun
Yovuz chigirtkalar kelmaydi yerga.
Shoqollar, burgutlar qo‘shilib birga
Tashlanmas chirigan saltanatlarga.
Vasvasa ichida qolgan asrlar
O‘zini osmaydi baland daraxtga.
Kibrlar, 
ozorlar onidur bu on,
Guldiraklar oni,
g‘amlar onidur,
Qasrlar topsa ham nasl topmagan
O‘tkinchi havaslar, 
damlar onidur.
Ketmoqqa bir yo‘l yo‘q,
bermoqqa yo‘q qo‘l,
Kul bo‘lmay olovim qanday o‘chiray?
Ishq istagan bilan ko‘chalarda yo‘q,
Topib bering, deya kimga qichqiray?
Bitta men kutarman mijja qoqmasdan
Kelarmi yo kelmas hushlaringizga.
Balki biz o‘ldirgan odamiylikni
Siz asrab qolarsiz tushlaringizda!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот