Baxtsizlikdan himoya qiladigan order bormi?


Teng huquqlimiz…
  HAYOTIMIZ kundan-kunga o‘zgarmoqda. Bir qarasang — go‘yoki hammasi risoladagidek, go‘yo hamma baxtiyordek. Jamiyat¬da ayolning roli oshgandek. Ayollarning baxtu saodati uchun xizmat qiladigan qonunlar, qarorlar ham shunchalik ko‘pki, sanab sanog‘iga yetishing qiyin… Aslida-chi? Aslida ayrim ayollarning atrofidagi baxtsizliklarni, fojialarni, ularning boshidagi ko‘rguliklarni, sitamlarni barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
  Muhtasham idoradagilar yuksak minbarlardan turib “Gender tengligiga erishdik” deb og‘iz ko‘pirtirib maqtanayotgan bir vaqtda olis qishloq chekkasida zo‘rg‘a kun kechirayotgan, usti yupun, nochor, bolalari kasalmand mushtipar ayol bizga “Gender degani nima o‘zi u?” deb savol bergani, unga nima deb javob berishni bilmay tilimizni tishlaganimizni eslaymiz. Alam qiladi…
  To‘g‘ri, Bosh qomusimizning 46-moddasida Xotin-qizlar va erkak-larning tengligi belgilab qo‘yilgan.  Ammo nega shu teng huquqliligimizdan oilamiz buzilgan chog‘ida 4 nafar bolamiz bilan boshpanasiz ko‘chada qolganimizda foydalana olmaymiz? Nega farzandimizga o‘z otasidan aliment undirishni so‘rab sudgacha borganimizda bu “teng huquqligimiz” yordamga kelmaydi? Nega qonunlarimiz hayotimizni emas, qog‘ozlarni bezash uchun qabul qilinayapti? Bolasiga bermaslik uchun hatto ignasini ham boshqalarning nomiga o‘tkazib qo‘yayotgan otalar bilan teng huquqlimiz-mi? Uysiz, joysiz, qarovsiz, mehrsiz qolgan bolalar jinoyatga qo‘l ursa, chorasiz qolgan ayollar o‘z joniga qasd qilsa… yana ayollarning o‘zini aybdor qilishimiz ham “teng huquqliligimiz”dan-mi? Jamiyatdagi bunday xatolarni tuzatishga nega kuchimiz yetmayapti? Hayotni o‘zgartirish uchun qonunlarimizni o‘zgartirishga, baxtidan ayrilgan ayolga, aniqrog‘i, uning voyaga yetmagan bolalariga ozgina yon bosadigan qilib o‘zgartirishga nima yoki kim xalaqit beradi?! Himoya orderi bor-ku, deyishingiz mumkin…

Kimni kimdan himoya qilmoqchimiz?
  Himoya orderi. Bu yangi iborani har eslaganda yurakni bir og‘ir tosh ezadi, xayolni og‘ir tashvish egallaydi. Inson qachon bunday ahvolga tushdi? Bir uyda yashab, bir yostiqqa bosh qo‘yib bir-biridan himoyalanishni aqlga sig‘dirish juda qiyin. Yoki bolalarni onasidan, otasidan, buvisidan, akasidan himoya qilish ojizlik va bag‘ritoshlikdan boshqa narsa emas. Bu odamzod qavmining shafqatsizligidan dalolat. O‘z uyingda seni birov o‘z yaqinlaringdan himoya qilishi kerakligi haqidagi fikr va tasavvur naqadar ayanchli va qo‘rqinchli…
  Oilasi uchun xavfli insonlarning barchasini qafasga solishning koshki iloji bo‘lsa… Temir panjara ortiga esa bundaylarning aksariati jabr ko‘rganlarning kechirimliligi va o‘limdan ham kuchli or tufayli tushmay qolayapti.
  “Osmondagi bolalar” filmini eslaysizmi? Bechora ayol butun umr ichkilikka ruju qo‘ygan noshud erkak bilan yashab, har kuni kaltak yeb, undan jabr ko‘rsa ham, hammasiga chidaydi. Ammo o‘g‘li Hamdamning maktab o‘quvchisi bo‘la turib novvoyxonada ishlab o‘zi peshona teri bilan topgan puliga sotib olgan videomagnitofonini aroqqa almashganiga chiday olmay, piyonista erni militsiyaga topshirib, “Olib ketinglar uni boshqa chiday olmayman, jonimga tegdi…” deb faryod qilgan ayol erini militsiya xodimlari olib ketayotgan chog‘da orqasidan oyoq yalang yugurib, yig‘lab, arizamni qaytarib olaman, qo‘yvoring erimni deb militsiyaning qo‘liga yopishgan sahnasi yodingizdami? Ko‘p o‘tmasdan, garchi bu aroqxo‘r oila boshlig‘i shu “dard” bilan olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, o‘shanda bir pulga arzimaydigan bu erkakni oila qadriyati kechirgandi,  himoya qilgandi.

Himoya orderi himoyaga muhtoj…mi?
  
  Himoya orderi nima o‘zi? Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat. Uning formulasi quyidagicha:
Hukumatning “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan profilaktika inspektorlari himoya orderini berish vakolatiga ega bo‘ldi.
  Himoya orderi, qog‘ozdagi cheklov xolos! U insonni himoya qilishidan ko‘ra ko‘proq ba’zilarning g‘azabini keltirayotgan bo‘lsa-chi? Qanday qilib jonsiz qog‘oz yoki ko‘chadagi inspektor sizni uyingizdagi hayvon qiyofasiga kirgan odamdan himoya qila oladi?
  To‘g‘ri, davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan hududlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi va uning joylardagi filiallari tashkil etildi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan, o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar joylashtirilmoqda. Ammo o‘z uyi, o‘z oshiyonidan o‘zga joyda ayolning baxtli bo‘lishi, bolalari bilan omonat yashashi, albatta, qiyin. Mamlakatimizda esa necha-necha minglab tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ana shunday jabru zulmlardan himoyalanish uchun “himoya orderi” berilayapti, degan ma’lumotlarning o‘ziyoq kishini hushyor torttiradi.
  Markazga murojaat qilgan o‘ta og‘ir psixologik stressga tushib qolgan, tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlar va bolalar markaz shelteriga joylashtirilib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muammolari hal etilmoqda. Afsuski, bu dengizdan bir tomchi xolos.

Qizcha omon qoldi...

  Ikkinchi turmush o‘rtog‘ining gapiga kirib, uch yoshli qizalog‘ini urib, qo‘l-oyog‘ini, burnini sindirgan onani kim deb atash mumkin? Yaxshiyamki, mahalladagilar hovliga kirib qolib, tezda shifoxonaga olib borishdi, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Malikaning joni omon qoldi. Bu qizcha kasalxonadan to‘g‘ri viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi voyaga yetmagan qarovsiz bolalarni vaqtinchalik saqlash markaziga, undan keyin esa, “Mehribonlik uyi”ga joylashtirildi. Hozir uni sevib, ardoqlaydigan, yaxshi ko‘radigan ajoyib xonadon egalari farzandlikka olishgan. Xayriyat, yaxshilar bor. O‘z onasi esa onalik huquqidan mahrum qilindi. Unga aslida bu jazo ham kam.

Himoya orderi bo‘la turib himoyasiz qolgan ayol

  Yana bir yosh ayol esa qo‘lida himoya orderi bo‘la turib, himoya¬siz qolib, bu yorug‘ olamni tark etdi. Nigoraning qo‘lida ichki ishlar boshqarmasi tomonidan berilgan har kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda uyda janjal ko‘taradigan, ayoliga qo‘shib, farzandlarini ham do‘pposlaydigan, qo‘liga tushgan narsani urib sindiradigan aroqxo‘r erdan himoya qiladigan order bor edi. Afsuski, bu order ayolning joniga ora kirmadi, uni mast-alast yuradigan johil erkak changalidan qutqara olmadi. Ruhidagi bitmas jarohatlar bilan to‘rtta bola yetim qoldi.

Qaynonaga bahona kerak…

  Nafisaning bu xonadonga kelin bo‘lib tushganiga 10 yildan oshgan bo‘lsa-da, biror marta qaynonasidan yaxshi so‘z eshitganini eslay olmaydi. Hammasiga besh nafar farzandi borligi, ularning ertasini o‘ylab, otasiz o‘ksinmasin, deb kunlari do‘zaxga aylansa hamki, Yaratgandan sabr so‘rab yashashga o‘rgangani sabab bo‘ldi. U kir yuvishdan oldin turmush o‘rtog‘ining kiyimlarini ko‘zdan kechirishga odatlangan. Bu gal ham shimning cho‘ntagidan 400 ming so‘mni olib, deraza tokchasiga qo‘ydi. O‘zi esa kir yuvish, undan so‘ng boshqa yumushlar bilan ovora bo‘lib, tokchadagi pulni ichkariga kiritib qo‘yishni unutdi. Bu orada qayinsingil pulni allaqachon o‘g‘irlab bo‘lgan edi. Shusiz ham kelinga zug‘um qilishdan boshqa narsani bilmaydigan qaynonaga kelinni o‘g‘rilikda ayblashga bahona topildi. Ko‘chadan kelganda, onasidan “o‘g‘ri kelin”ning tanobini tortib qo‘yish topshirig‘ini olgan o‘g‘il Nafisani hushidan ketguncha urib, tepkilagan paytda uni qaysi himoya orderi himoya qila olardi?

Baxtsizlikdan himoya qiladigan order bormi?

  O‘zbekning oriyati har narsadan kuchli. Turmush o‘rtog‘i xiyonat qilib, bolalari bilan uni tashlab ketganiga qaramasdan, to‘shakda yotgan qaynonasini o‘n besh yil parvarish qilgan baxtsiz ayolni qaysi himoya orderi himoya qilishini ayta olasizmi? Yoki himoya orderi faqat urib, qo‘lini sindirganlar, boshini yorganlar uchunmi? Ko‘ngilni chilparchin qilganlarni insofga chaqiradigan himoya orderi bormi?
  Otasining yuzi qoraligi bolasiga urganida-chi? Garchi, bola ota-onaning qilmishi uchun javobgar bo‘lmasa-da, oilaviy qadriyatlarimiz, or-nomus degan tengsiz tushuncha bu qoidani inkor qilishini yaxshi bilamiz. Otasining yengil tabiat ayol bilan nikohsiz yashayotgani harbiy oliygohdagi o‘qishidan ayirib, uning kelajagini barbod qilganida, ahdu paymon qilgan qizining ota-onasi belgilangan to‘yni to‘xtatib, bunday axloqsiz otaning o‘g‘liga beradigan qizimiz yo‘q, deb to‘yonalarni qaytarib ta’na qilganida-chi? Otasining kasriga qolgan aybsiz o‘g‘ilni himoya qiladigan himoya orderini qayerdan topish mumkin?
  Himoya orderiga e’tirozimiz, qarshiligimiz yo‘q! Ammo u qalbini jaholat, miyasini razolat egallagan, ko‘zi qonga to‘lgan, ma’naviy qashshoq, axloq-odob ko‘chasidan uzoqlashgan, gunoh bilan savobning farqini bilmaydigan, inson degan ulug‘ nomga arzimaydigan odamlardan Sizni, bizni, hech kimni hech qachon himoya qila olmaydi! Shunday ekan, insoniylik qiyofamizni yo‘qotmaylik!

Oila ishlari ham ulug‘ ibodatdir

  Ayolmi, erkakmi, eng avvalo oilada baxtli bo‘lsin! Alloh erkak kishini jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratgan. Oila qurish va uning osoyishtaligini saqlash, bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar erkak kishining zimmasida.
  Ammo, erlarning ayollardan afzalligini, ba’zi fahm-farosatsiz johillar o‘ylaganidek, er ayol ustidan hukm qiluvchi hokim, unga istagan narsasini yuklaydi va xohlaganini buyuradi, ayolning yo‘q deyishga, erining buyrug‘iga qarshi chiqishga haqqi yo‘q, chunki, u xato qilsa ham, zolim va qo‘pol bo‘lsa ham, erdir, deb tushunmoq nojoyizdir. Bunday tushunish bag‘oyat katta jaholatdir. Alloh amriga ziddir!
  Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshisi qatoriga qo‘shishi haqida Rasululloh shunday deb marhamat qiladilar: “Sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Vaholanki, men ham ichingizda ahlimga eng yaxshi (munosabatda)man” (Imom Termiziy rivoyati).
  Azaldan ota-bobolarimiz oila totuvligi va mustahkamligini boshqa masalalardan ko‘ra muhimroq sanab, oilaning tartib-intizomi va tarbiyasi bilan alohida shug‘ullangan. Zero, oila qurish, oilaviy ishlar bilan shug‘ullanish ham ulug‘ ibodatdir.
  Marusa HOSILOVA, jurnalist.
2022 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот