ODDIYLIK... SAMIMIYLIK... FIKRLAR VA TUYG‘ULAR...


  Suhbatdoshimiz - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor, rejissyor va dublyaj ustasi - Faxriddin Shamsimatov. 
  1996 yildan beri rejissyorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Faxriddin Shamsimatov televideniye ekranlari orqali efirga uzatilgan ko‘pgina novellalar, tok-shoular, hujjatli filmlar, reklama va ijtimoiy roliklar muallifi hamda rejissyori.
   2012 yilda "O‘zbekfilm" kinostudiyasida "Soy qo‘shig‘i" badiiy filmini suratga olgan. Ssenariy mualliflari - Igor Blidarev va Sharof Boshbekov.
   2012 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berilgan.
    "Eng ulug‘, Eng aziz" ko‘rik-tanlovi g‘olibi. (Yilning eng yaxshi erkak roli uchun ). Rossiyada o‘tkazilgan "DETEKTIV FEST" Festivalida "Haqiqiy erkaklar ovi" badiiy filmidagi militsiya polkovnigi Ozod roli uchun "Eng yaxshi erkak roli" nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.
  2013-2017 yillarda "O‘zbektelefilm" studiyasida "Oltin davrim" ko‘p qismli televizion serialining rejissyori hamda Ismoil Shomurod bilan birgalikdagi ssenariy muallifi hamdir. 
  Ijtimoiy roliklar festivalida narkomaniyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan ijtimoiy roligi uchun birinchi o‘rinni olgan.
  Shuningdek, Faxriddin Shamsimatov dublyaj sohasiga ham talaygina salmoqli ulushini qo‘shib kelayotgan dublyaj aktyori xamda rejissyorlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, chet el filmlariga ovoz berishdan tashqari, ijod yillari davomida ko‘pgina hofiz aktyorlarga ham ovoz bergan.  Sardor Rahimxon, Ravshan Sobirov, Otabek Mutalxo‘jayev,  Jo‘rabek, "Benom" guruhidagi Komil; yosh o‘zbek aktyorlari orasida Bobir Yo‘ldoshev, Farruh Soipov va hokazo.

  Faxriddin Shamsimatov aksar rollarida mard, jasoratli, qat’iyatli, haqiqiy erkaklar timsolini aks ettira olgan va yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan rollarni ijro etgan. Qolaversa, kaminani ham dublyaj sohasida o‘zimni sinab ko‘rishimda katta yordam berib, seriallardagi ayrim epizodlarni ovozlashtirishim uchun imkon va  sharoit yaratib berganliklari uchun u kishidan behad minnatdorman! Dublyaj sohasi nafaqat mening, ko‘pchilikning orzusi.  Faxriddin Shamsimatovning sharofati tufayli bu orzuyim amalga oshganidan quvonchim cheksiz! Aslida, Faxriddin aka dublyajdagi aktyor va aktrisalarga juda talabchan inson. Shu sababli, u ovozlashtirgan film va seriallarda sheva yo g‘aliz jumlalarni eshitmaysiz. Aktyorlardan holatga kirishni, qanday ohangda gapirishni mohirlik bilan erinmasdan tushuntiradi. Ayrimlardek ovozlashtirish ishlarini tezda bitirib, "qutulib" qo‘ya qolmaydi! Dublyajda mablag‘ vaqtbay emas, qilgan ishiga qarab (ishbay) to‘lanishini inobatga olsak, demakki, dublyajda matnlarni qayta qayta o‘qittirishi, vaqt sarflashidan moddiy manfaatdor emasligi, aksincha, ijrodagi ovozlar tomoshabinlar qalbiga yetib borishini ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini tushunamiz.
  Keling, yaxshisi, dublyaj sohasining yetuk bilimdoni, mohir ustasi - Faxriddin Shamsimatov bilan suhbatimizni o‘qish asnosida uning ko‘nglidagi gaplardan boxabar bo‘ling.

- Faxriddin aka, kino sohasida nima sababdan ancha vaqtgacha vaqtincha tanaffus qildingiz? Asosan, ovozingizni dublyajlarda eshityapmiz, ammo filmlarda anchagacha ko‘rinmadingiz? Buning sabablari kino ixlosmandlari, xususan, Sizning muxlislaringizni qiziqtirayapti.
- Savollaringiz juda ham oson savol va o‘ziga yarasha qiyin savol... Odamni javob bergisi ham keladi, javob bergisi ham kelmaydi. Ba’zida so‘rab qolishar edi: - Nima uchun kinoda kam rol o‘ynaysiz, dublyajda ko‘p ishtirok etasiz?, - deb. Ba’zi insonlar bor: kinoda ko‘p o‘ynaydi dublyajda ishtirok etmaydi, ba’zilari esa, aksincha, dublyajda ko‘p ishtirok etadi, filmda esa kamroq. Yana shunday toifa kishilar borki, butun umri teatrda o‘tadi, kinoga tushmaganligi yoki omad kelmaganligi tufaylimi deb o‘ylaymanda, balki men adashayotgandirman... adashayotgan bo‘lay iloyim, faqat o‘zimni teatrda ko‘raman, deydi. Shuni xam ta’kidlab o‘tishni xohlardimki,  teatr men uchun xam  aziz. Ba’zilar teatr kinodan ko‘ra asosiy o‘rinda turadi, deb e’tirof ham etishadi. Lekin ayrim katta yoshdagi aktyorlarni suhbatidan eshitganmanki, kinoni juda ko‘p teatr aktyorlari orzu qilgan va orzu  qiladi. “Qani edi, men ham bitta bo‘lsada kinoda rol o‘ynasam”, degan umid bilan yashaydi. Teatr men uchun birinchi, kinoni tan olmayman, degan ma’nodagi balandparvoz gaplar yangrab qolgan paytlarda, ichimda:  “ Shu ODAM samimiy gapirdimikan",- deb o‘ylab qolaman . Men teatrni juda ham hurmat qilaman. Agar iloji bo‘lganda, teatrda tomoshabin bilan  samimiy muloqotda bo‘lib, biror bir rol o‘ynagim keladi. Ba’zi bir aktyorlar teatrda haqiqatda ham fidokorona ishlayotganini ko‘rgandan keyin havas qiladi, ba’zilarini esa shunchaki yo‘l-yo‘lakay, ish oyligi bor-ku degan ma’noda yoki staj, shtat uchun, qanaqadir bir narsalar uchun ishlab yurganini sezib qolasiz. Aslini olib qaraydigan bo‘lsak, aktyor sifatida hammasini sahnadagi ijrosini hurmat qilaman. Kinoni, suratga olish maydonchasini ham qadrlayman. O‘zim san’atdagi ish jarayonini televideniyadan boshlaganim uchun, televideniyaga hurmatim juda yuksak. Har bitta o‘ziga yarasha bo‘lgan chirog‘igacha sezaman, his qilaman, bilaman, ozgina bo‘lsa ham tushunaman deb o‘ylayman. Teatrdagi, kinodagi yoki televideniyadagi birinchi plan, ikkinchi plan, uchinchi plan - hammasini, biroz bo‘lsada  tushunib qolganim uchun, uchalasida ham ishlash, o‘ylashimcha, menga qiyinchilik tugdirmaydi. Televideniyaga keladigan bo‘lsak, tok-shoular olganman. Ya’ni suhbat tariqasida bo‘lib o‘tadigan shou bo‘ladimi yoki shov-shuvli musiqalar aralashgan qo‘shiq, o‘yin-kulgu bilan bo‘ladigan ko‘ngilochar tomoshalar. Uni ham suratga olganman. Rejissiyor sifatida oddiy ko‘rsatuvni tasvirga olishda bitta kamera bilan ham, bir vaqtning o‘zida, tok shoularni oltita kamera bilan ham suratga olganman. Rassomlar bilan, xox u televideniye yoki kino rassom bo‘ladimi, har bitta dekoratsiyani qurishda ham, ular bilan yonma-yon xam ishlab ko‘rganman. Dekoratsiya yoki suratga olish jarayoniga tayyorgarlik borasida xam olib qaraydigan bo‘lsak, ikkalasi ikki xil dunyo. Rassom bilan kelishib ishlash, tasavvuringizdagi xayoliy manzaralar va tasvirlarni tushuntirib berish, ular bilan birga til topishib ishlash juda mashaqqatli va bu jarayon murosani, muomalani talab qiladi. Operatorlik borasida ham kino va televideniya operatorlarining o‘rtasida yuqorida rassomlarning tasvirga olish jarayoniga tayyorlanishidagi farq bo‘lgani kabi, bu yerda xam tafovut ancha katta. Ular bilan ham kelishib, hamjihatlikda ishlash kerak. Teatr va kino aktyorlarini ham o‘ziga yarasha farqi bo‘lgani tufayli, men ikkalasini ham tushunib yetganim uchun, ularga fikrlarimni, o‘zim istagan, aniqrog‘i tomoshabinlarning talabini imkon qadar tushuntirib berishga harakat qilaman. Kadrda, kameraning oldida qanaqa qilinsa, osonroq ishlanadi, teatrda qanday qilsa, ravon va silliq bo‘ladi, ya’ni sahnada tomoshabin oldidagi holatlar yuzasidan tushuncha berishga urinaman. Teatr bilan kino jarayoni orasidagi tafovut kerak bo‘lsa soniyalarni tashkil qilishi, vaqtning ahamiyatini qanchalar muhim ekanligini ham  tushuntirishga intilaman. Shuni biroz bo‘lsa-da farqlay olishim, bu mening baxtim deb o‘ylayman.. Faqat men, men deyavermay-ku, avvalo, bu narsalarni tushuntirib qo‘ygani uchun Ollohga behisob shukur, sababchi qilib qo‘ygan ustozlarimning borligiga shukur, deyman.
  Kameraning oldida bir soat yirik planda turib, zerikmasdan ishlashim mumkin. Tomoshabin bilan ham bemalol biror bir spektaklda, u qaysi rol bo‘lishidan qat’i nazar,  ishlashim mumkin, deb o‘ylayman. Televideniyada ham ishlay olaman. Endi baribir, uchalasida ham ishlab ko‘rdim-da.
  Dublyaj borasiga keladigan bo‘lsak yoki aktyorlik mahoratiga to‘xtalsak, kino aktyorlarni hammasi ham har kuni tasvirga olish maydonchasida emas. Yilda ikkita filmda, uchta filmda suratga tushar. Lekin 20 yil mobaynida har kuni kinoda rol o‘ynayvermaydi. Dublyaj esa shunaqangi zo‘r kasbki, ovozlashtirish jarayoni televideniyada ham kerak. Hujjatli filmlar matnini kadr ortida o‘qish, bu film bo‘ladimi, reklama roligimi, badiiy film yoki kadr ortidan o‘qishga mo‘ljallangan, biror bir ko‘rsatuvga tayyorlangan matn bo‘ladimi,  xamma - xammasiga ovozlashtirish (xozirgi paytda barchasi DUBLYAJ deb atalayapti) va shu bilan birga, aynan shu jarayonda asosiy ishlaydigan - matn o‘qiydigan inson kerak bo‘ladi. Yillar mobaynida aynan ana shunday inson bo‘lib kelayotganimdan xursandman. Ana shularni o‘qish jarayonida mikrofonni sezish va ovozlashtirish jarayoniga ko‘nikishni o‘zlashtira boshlaganman va ishlash jarayoni dublyajda filmdagi vaqtdan ko‘ra  ko‘proq vaqtni talab qiladi. Men o‘zimni juda ham kam rol o‘ynagan aktyorlar sirasiga qo‘shmayman. Sababi 1996 yildan asosiy ijodim boshlangan bo‘lsa, kinoda hozirgi kungacha 50 ga yaqin filmda turli rollarni ijro etgan bo‘lsam, aksariyati bosh qahramonlarning roli  bo‘lgan. Kimdir men ishtirok etgan  bitta filmimni ko‘rgan bo‘lishi mumkin  va o‘sha film  orqali meni eslar. Lekin kino sohasida ishlab yurganlar, har bitta filmim yoki juda ko‘p rollarim orqali meni yaxshi eslashadi. Ular meni, ochig‘ini aytganda men uchun erish tuyulsa-da, - "O‘z ishining mohir ustasi”, deb qabul qilishadi, garchi men o‘zimga yuksak baho bermasam ham. Kamchiliklarimni tushunganim uchun, juda ham menligimga alohida urg‘u berib gapira olmayman. Buning sababi – inson men deyish darajasiga yetganda, menimcha, dunyoni tark etishi kerak. Xamma narsaga o‘z kuchim bilan erishganman deb kibrga ketib qolishdan qo‘rqaman. Yo‘q, kamchiliklarim yetarli. Lekin meni professional aktyor, professional dublyaj ustasi, deb tan olishadi, biroq men o‘zimni bu maqomda qabul qilmayman. Negaki, hali meni dunyo miqiyosida hech kim tan olgani yo‘q. Men o‘zim haqimda biror bir narsa deya olmayman. Tan olganlar bordir. Ammo men hali dunyo miqyosiga chiqqanim yo‘q. Hali qiladigan ishlarim ko‘p deb o‘ylayman. San’at institutida talabalarga aktyorlik mahoratidan dars bergan paytimda ham shu narsalarni, aynan o‘zim bilgan, maxorat borasida qanday yo‘nalish bilan ishlansaki, kasbni osonroq ilg‘ashga, samimiy aktyor bo‘lish uchun qanday yo‘llar qo‘llashga, takabburlikdan yiroq bo‘lishga va ularga ham kamtarlik hissini singdirishga harakat qilganman.
- San’at institutida nechanchi yillarda dars bergansiz?
- 2010-2011 yillarda dars berganman. Iltimos, faqat maqtanchoqlikka  yo‘ymangu, hatto boshqa kursdagi talabalar, ya’ni men dars bermaydiganlar ham kelib, darsimda ishtirok etishar edi. Ularga mening ish olib borish uslubim qiziq tuyulsa kerak-da. 

Suhbatdosh - Muzaffar Muhammadnazar.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот