SЕVGI OG‘RIG‘I


Adiba UMIROVA

SЕVGI OG‘RIG‘I

Sevgi!..
Meni qattiqroq sev
bir on, bir nafas,
Bir kunni ham yo‘qotmagin ha, avval boshdan.
Avra, alda, ozorlar ber,
xursand bo‘laman,
Osoni yo‘q bu dunyoda meni aldashdan.
Bir yilgacha cho‘zilsa ham mayli,
qo‘yvorma,
Keyin ushlab qololmaysan -- yomoni o‘sha.
Uchsam
qaytib tuzog‘ingga tushmasman balki,
Istagancha tentaklik qil, ko‘nglimni g‘ashla.
Sevgi!
Mangu cho‘zilmaydi
bu so‘zni dadil
aytyapman titrab qizlik ovozim bilan.
Ikkimiz man etsak o‘lar,
xohlasak yashar,
Boshqalarga nima?..
Baribirdir bilaman.
Men uchishni istamayman,
tugashini ham
Ahdlar buzilmasa, deyman
ammo qayerda?
Sevgi!
Faqat senga ochman, senga tashnaman,
Sendan boshqa hamma narsa ustun bu yerda!

BIR NAFAS... BIRGINA NAFAS

Dunyoning eng baquvvat qo‘llari bilan
Ezib tashladilar nimjon jigarim. 
Menda na bayroq bor, na qorin g‘ami,
Na-da hayqirmoqqa yetmas majolim. 
Qani,  kuch topsaydim  ko‘zim ochmoqqa,
Yostiqdan boshimni ko‘tara olsam.
Har qanday og‘riqqa chidab berardim
Uxlatib qo‘ygan shu narkozlarsiz ham.
Tirik qolsam bo‘ldi tonggacha faqat
Duch kelgan yelkaga boshimni qo‘yib.
Dashtga ketar yo‘lning yoqasidagi
Jizzax tog‘lariga termulsam to‘yib.
Toshkent anhoriga tushib nigohim
Gullardan hidlasam yana anbar bo‘y.
Xiyonatdan boshqa barin kechirgum,
Qabul qilar edim hammasin oddiy.
Uni sevganimni yuzimga solma,
O‘zi ilma-teshik yuragim tergab.
Bir nafas... Birgina nafas oldida
Qolgani  -- ro‘molim silkitgandek gap!
* * * 
Bilganim shu faqat!.. Sevgi oldida
Eng qora ishlar ham oqlanajakdir.
Meni sev, gunohing to‘kilar duv-duv,
Aybing ham ko‘rinmas poklanajakdir.
Xuddi tug‘ilgandek onadan qayta
Go‘dakdek tozarar qoning yap-yangi.
Ichingni yoritib turadi mangu
Sen ho‘plab qo‘ygan shu yulduzlar rangi.
Tushlaringdan chiqib kelgan parilar
Hech kim bilmas sirni senga aytajak.
Yolg‘onlar ichida eng shirin yolg‘on
Sevgidir!..
Haqiqat bo‘lib qaytajak.
Anor donasidek siqilar jonim,
Sensiz qonli yaram qanday bitajak? 
Men bilan ich mana, sevgi sharobin
Oshiqlar dunyodan shahid o‘tajak!..
Oltin hech narsamas sevgi oldida
Men o‘ldim bir marta sog‘inib kutib,
Xudo ham kechirar xatoimizni
Kel, endi shu shahid qo‘llarimdan o‘p!..
 *  *  * 
Men faqat yig‘ladim  o‘pkam bosolmay,
Bo‘g‘ilib havosiz yuragim to‘lib.
Iltimos, mendan ket, egilmayman, yo‘q,
Endi tushlarimdan boqasan kulib.
Qoladi kitobim varaqlarida
Sening ko‘zlaringda tirilgan jannat.
Sevgidan boshqasi sarob va bir pul,
Eslashga arzimas hech qachon, hech vaqt.
Na erta uchrashdik, na kech ayrildik,
Shu dam dam dam edi bari bexato.
Bir marta yashadik lahzada faqat
Qaytib bu lahzani bermadi Xudo!
Qurolim -- ko‘z yoshdir, quroling  -- g‘urur, 
Na so‘rab o‘tindik, na bir yolvordik.
Shunday sevgimizni Xudo yo‘liga
Hammaga sadaqa qilib yubordik.
Endi xafa qilmay duch kelgan odam
Jilmayib o‘ldirar yosh ko‘nglimizni.
Bir sariq chaqadek mayda-maydalab
Dunyo bozorida sarflaydi bizni.
                       * * * 
Yo‘q, yaxshi ko‘rmayman bunday yashashni,
Chiqib ketgim kelar bu yer sharidan.
Menga ham baribir endi hammasi,
Zerikarli... Ko‘nglim qoldi baridan.
Bozorga sotgandek vijdonni pullab
Hech narsa bo‘lmagan kabi faromush,
Uyga kirib borish har kuni toshdek
Bir qop jasad bilan uxlash, uyg‘onish...
Qiziq emas ortiq qamoqxonalar,
Kasalxonalarga qilolmam toqat.
Tirik qolmoq uchun dunyoda, nahot,
Bo‘riga aylanish kerak beshafqat.
Sizlarga bu yashash!.. Menga kerak emas,
Afsus chekmagayman bundan negaki,
Bu yo‘llar bir mo‘min odamnikimas,
O, qanday jahldor bo‘rilarniki...










SIR
SIR
BUXORO
KUYGAN GULLAR
ONA NASIHATI...
Jentlmen er
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот