SIR


Rahmatli onamning ijodlaridan.
Nilufar Jabborova.
SIR

   Sir deb bilganingni do‘stingga ham aytma. Senga o‘zingdan va Allohdan o‘zga do‘st yo‘q bu yorug‘ dunyoda. Qara, do‘st deganing siringni aytib, dil yorganingdan so‘ng qanchalar kiborlanibdi. Ko‘zlari mug‘ambirona chaqnab senga bepisand nazar tashlayapti...Sen uning oldida siringni qay holdagi sirligiga qarab mutesan!

MЕHR

   Mehrga, mehrli so‘zga zorman... Lekin endi o‘sha mehr, mehrli so‘zning beozor yukini ko‘tarishga ham kuch-quvvatim qolmadi. Rosti, mehrning ham sofligiga ishongim kelmaydi. Uning ham hirsu havas, aldov, xiyonat bilan til topishib ketishidan qo‘rqaman...

G‘IYBAT

   G‘iybat, hasad, kin.. Sening yoshing nechada, ota-onang kim? Endigina tug‘ilgan go‘dakdan sut hidi, ezguliklarning bo‘yi keladi... Hozirgina tug‘ilgan g‘iybatdan esa shunchalik badbo‘y hid anqiydiki, yashashdan ham to‘yib ketasan kishi.

ShЕ’R

   Senga havasim keladi. Sen – ishqsan, sen – muhabbat, sen – umid, vaslsan shirin... Ko‘nglim oynasi, andishali yuragimning tilisan, she’rim...

YOLG‘IZLIK

   Odamlarning serfayz davrasidan sen tomon shoshaman. Sog‘inib, qo‘msab shoshaman. Hech joyda, hech kimda sendek ma’sumlik, sendek sokinlik topolmay, huzuringga boladek chopaman... Alanga-otash bo‘lib yonayotgan tanamga panoh istab, muzdek bahringga otaman o‘zni. Dilimning asov to‘lqinlari behis qirg‘oqlaringga urilib sokinlashadi. Fikrlarim tiniqlashadi... Seni yanayam qattiqroq seva boshlayman. Chunki sen shunday beg‘ubor, shunday bokira dunyosanki, senda g‘iybat uchun til yo‘q.
   Senga hirs-havas begona, senda nafs yo‘q. Sen xiyonatni, sotqinlikni bilmaydigan xilqatsan... Tongga qadar ko‘ksingga bosh qo‘yib dardlarim, xayollarimni aytaman... Sen jimgina tinglab, muzdek qalbing qabriga ko‘masan sirlarimni...
   Men tong bilan pok shu’lalaringdan ruhlanib yana serg‘alva dunyoga chiqaman. Sen esa meni mehr bilan sog‘inib, tiriklik dunyosining kimsalaridan qizg‘anib, so‘zsiz kuzatib qolasan...
Meni kut, sokin, begard o‘ylarim bilan yana odatdagidek oqshomda seni sog‘inib bag‘ringga qaytaman, sadoqatligim, pokdomonim yolg‘izlik!!!

Sayyora ZOIROVA, jurnalist.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот