KUYGAN GULLAR


Ozod MO‘MIN XO‘JA


KUYGAN GULLAR
(yaqin tarix hikoyasi)  

                                                                          “Kuygan gullar” iborasiga izoh:
   Gul sotuvchilar sovuq havo yoki suvsizlik natijasida so‘linqirab, o‘z tarovatini yo‘qotayozgan gullarni "kuyib qolgan", deyishadi. 

                                                                                                                       
  Muallif 

   Bu voqea ro‘y bergan paytda yurtimiz Sovet Ittifoqi tarkibida edi. 
  Men anchagina karton qutilarga yetishtirgan gullarimni avaylab joyladim. Ularni olib, vokzalga oshiqdim. Poyezdda ularni Sibirdagi bir o‘rtacha shaharga yetkazishim lozim edi. Gullarimni tanish bo‘lib qolgan vagon kuzatuvchisi ko‘rsatgan bo‘lmaga yukladim. Yo‘lga tushdik. Poyezd har bir uchragan bekatda to‘xtayverib, ikki kundan ortiq vaqtda manzilga yetkazdi. Nihoyat-a, o‘yladim men. 
  Vagon kuzatuvchisiga xizmat haqini berdim-da, karton qutilarni poyezddan tushirdim. Har birini ochib ko‘rib chiqdim. Evoh!.. Gullarimning ko‘p qismi kuyib qolibdi!.. Endi, ularni nima qilaman? Birgina yo‘l, bu gullarni ko‘zlangan narxdan ancha past bo‘lsa ham sotib yuborish edi. Yo‘qsa, shuncha mehnat va harakatlar zoye ketardi. Shu payt, meni kutib olishga va’da qilgan shu manzillik tadbirkor yigit yetib keldi. U gullarimni o‘z shahrida sotishni yo‘lga qo‘ygandi. Unga holatni bayon etdim. Arzimga javoban, yigit ham qutilarning barchasini ochib ko‘rdi va meni yupatdi.    
 – Vahima qilma. Yuragingni siqma. Arzonroqqa bo‘lsa-da, amallab sotamiz. Shakarli va o‘g‘itli suvga solib qo‘yaman, ozgina bo‘lsa-da, tiriladilar. Ularni hozir bozorga olib ketaman. Sen esa dam ol. Yo‘l azobi – go‘r azobi, deyishadi. Ijara uy gaplashib qo‘yganman. Ertaga tongdan ish boshlaymiz. 
  Gullarni uning mashinasiga joyladik va yo‘lga tushdik. Yigit ularni bozordagi savdo do‘konida qoldirdi va yordamchisiga kuygan gullarim haqida ko‘rsatmalar berdi-da, meni yashash joyimga olib borib qo‘ydi va peshvoz chiqqan momoga mening kimligimni aytdi-da, ishxonasiga qaytdi.
   Bu uy shahar chetidagi, qalin o‘rmonga yaqin yerda joylashgandi. U savlat to‘kib turgan bo‘lmasa-da, o‘ziga xos, o‘risona, bir qavatli yog‘och uy edi. Momo ijara haqida gaplashgan o‘g‘li o‘z ishxonasida ekanligini xabar qilib, meni uy ichiga boshladi. Jomadonimni ko‘tarib, ortidan yurdim.  
– Mana, bu sening xonang! – xitob qildi u, kiraverishdan chap tomondagi mo‘jaz eshikni ochib, – yashash haqi sheriging bilan kelishilgan bo‘lsa kerak, men bilmayman. O‘g‘lim kelganda aytadi. Hozircha joylash! Dam ol... Aytganday, qaynoq choy ichasanmi? Qorning ham ochdir?  
– Mayli, – dedim men. 
  Tanamga issiqlik kirishi xabari meni quvontirdi. Bundan biroz bo‘lsa-da,  tetiklashsam kerak. Charchog‘im ham ketadi. Boshqa tomondan, momoning taklifidan ajablandim. Chunki, ko‘pincha, o‘rta mintaqadagi o‘ris xonadonlarida, agar ularga yaqin tanish odam bo‘lmasangiz, bexosdan tashrif buyurganlarga bunday takalluf qilinmas edi. “Balki, uzoq janubdan kelganim uchundir”, o‘yladim men. Umuman olganda, Sibir yerlarida janub deyilganda yo Toshkentni yoki Olmaotani tushunishadi. 
   Yengil kiyimlarimni kiyib, ko‘rsatilgan joyda yuz-qo‘limni yuvdim. Quruq kirmay deb, jomadonimdan bir hovuchdan turshak va mayiz oldim. Ularni stolga yozilgan chiroyli klyonka dasturxon ustiga to‘kmoqchi edim, momo darhol ikki taqsimchani muhayyo qildi. 
– Mana shularga solaqol, – dedi u.  
  Aytganini bajardim.    
– Hoy, janublik! Toshkentdamisan yo Olmaotadanmi? – so‘radi momo, kutganimday.         
  Unga sinchiklab qaradim. Yoshi taxminan yetmish beshlarda. Lekin, bardamgina. Juda ham sharti ketib, parti qolgan va munkillagan kampir emas.   
– Toshkentdanman, babushka! – javob berdim men.  
– Meni babushka dema! Aniy, de! Biz o‘ris emas, tatarlarmiz! – dedi momo qandaydir faxr va g‘urur bilan. – Biz ham senga o‘xshagan musulmonmiz. 
– Ollohga ming qatla shukur! Shunday o‘rmonzorga yaqin joylarda ham musulmonlar bor ekan, – so‘z qotdim men.   
– Choyni issiq-issiq ich! Shakardan sol. Qora non yeyaverasanmi? Ol. Quvvat beradi! Yo‘lda rosa charchagandirsan? – qistadi aniy.    
– Rahmat, aniy! Siz ham manavi turshak, mayizlardan totib ko‘ring! 
    U bir mayizni olib og‘ziga soldi va so‘z qotdi.  
– Choy ichgin-da, keyin uxlab ol. Ish hech qachon tugamaydi. Odamzot doimo hali u yoqqa, hali bu yoqqa chopaveradi, tinim bilmaydi. Bu maskan – kon shahri. Butun hayot shu konga bog‘liq. O‘g‘lim, kelinim va nabiram ham o‘sha yerda ishlashadi, – jilmaydi momo. 
– Ha, shahringizni bilaman, ilgari ham kelganman, – dedim men.
  Aniy menga sinovchan boqdi.  
– Sendan bir narsa so‘ramoqchiman...  
– Bemalol, so‘rayvering! – dedim, aniyni nima bilan xursand qila olar ekanman, deb o‘ylab.  
   U, umuman kutilmagan savolni berdi.    
      – Janoza o‘qishni bilasanmi?    
      – Yo‘-o‘q, – javob berdim hayratga tushib.  
      – Qur’ondan nimalarnidir bilasanmi? – umid bilan so‘radi u.  
      – “Alhamdululloh” bilan “Qulhu ollohu ahad”ni...   
      – Har tugur... Qani, bir o‘qib ko‘r-chi!   
   Men “Fotiha”ni bir marta, “Ixlos”ni uch marta o‘qidim-da, savobini Ollohga, shu yerdan o‘tganlarning ruhiga va umidvorlarga bag‘ishladim. 
    Aniyning ko‘zlaridan yosh chiqdi. Va kaftlarini ochib, yuqoriga qarab, tilak bildirdi. 
 – Yo, Olloh! Yo, parvardigor! Shu yigit uyimdan ketguncha mening jonimni ol!         
 – Voy, nega bunday deyapsiz? – yana hayratga tushdim. – Yaxshi niyat qiling. Yaratgandan umr so‘rang!    
– Biznikida necha kun turasan? – so‘radi u.  
– Bir hafta, – ma’lumot berdim.   
    Momo yana kaftlarini ochdi.    
– Yo, Olloh! Shu hafta ichida mening jonimni ol! – iltijo qildi u. 
– Nega, bunaqa deyapsiz? – so‘radim talab ohangida.     
   Momo biroz jim qoldi. So‘ng, javob bera boshladi.  
– Bir paytlar, kommunistik partiya chaqirig‘i bilan, ota-onam, meni, o‘n yashar qizchani yetaklab bu shaharga kelishgan. Og‘ir davrlar edi. O‘shanday chaqiriqlarga rad javobi berib bo‘lmas edi. Hukumatga yoqmaydigan biror ish qilsang, yo qamashardi yoki otib tashlashardi. Dinga qarshi kurash e’lon qilingandi. Shuning uchun, ota-onam ehtiyotkorlik qilib, menga musulmonchilikdan hech narsa o‘rgatishmagan. Shu holatda vafot etib ketishdi. Shahrimizning aholisi aksar xristianlar. Mening hayot yo‘limda bir tatar yigit uchradi. Bir-birimizni yoqtirdik va unga turmushga chiqdim. U ham men kabi diniy bilimsiz edi. O‘g‘il farzandli bo‘ldim. Uni ko‘rasan, kechki payt keladi. Erim ham vafot etdi, uch yil oldin. Biz na xristianmiz, na musulmonmiz. Bunga sabab, shaharda na masjid bor, na biror bilimdon musulmon bor. Noiloj, erimni o‘rischa dafn etdik. Ammo, men narigi dunyoga bunday borishni istamayman!        
    Men indamay uning og‘ziga qarab turaverdim. Aniy gaplarini davom etdirdi.  
– Axir, Ollohning huzuriga janozasiz, tilovatlarsiz qanday boraman! U meni qanday qabul qiladi? Mening jasadim yonida kim Qur’on o‘qiydi?.. – xitob qildi u.  
– Biror musulmon topilar, shunday katta shaharda? – so‘z qotdim ohista. 
– Yo‘q, hech kim yo‘q! Rosa surishtirdim. Mana, sen har holda Qur’on o‘qishni bilar ekansan. Shu haftada Parvardigor jonimni olsa, to‘ng‘iz qavmida ketmayman. Chunki, sen borsan, ruhimga bag‘ishlab tilovat qilasan. Bilganingcha, meni u dunyoga kuzatasan. Endi, men har kuni iltijo qilaman: shu hafta ichida, uyimizdan ketguningcha, men Ollohning huzuriga boray. Hayotimni yashab bo‘ldim. Endi, orzuim – chin musulmon kabi dafn etilishdir. 
  Men momoga nima deyishni bilmas edim. Dinni chuqur o‘rganmagan, oddiy bir gulchi bo‘lsam?  
– Inson o‘ziga o‘zi o‘lim tilashi noto‘g‘ri, – dedim nihoyat.      
– Seni menga parvardigorning o‘zi yetkazdi, buning uchun shukurlar qilaman. Choyingni ich, sovib qolayapti. Mayli, hech bo‘lmagandan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, menga ana shu suralarni o‘rgat! – iltimos qildi u.   
– Yaxshi, – dedim men. – Bu qiyin emas. 
   Yarim soatcha aniy momoga o‘zim bilgan ikki surani qayta-qayta aytdim. U ham qayta-qayta takrorladi. Lekin, uncha esida qolmadi. Shunda, undan qog‘oz-qalam so‘radim-da, ularni yozib berdim. 
  Ertasi kundan bozorga ketdim. Sherigim bilan gullarni sotishga urina boshladik. Uning shakarli va o‘g‘itli suvi uncha-muncha yordam beribdi. Ko‘plari ancha tirilibdilar. Shu taxlit to‘rt-besh kunda ularni amallab, ko‘targan narxiga sotdik.           Shu kunlarda, har kech, aniy bilan hamsuhbat bo‘lar edim. U yodlagan suralarini menga yoddan aytar, talaffuzi qanday chiqayotganini so‘rar edi. Bilganimcha, ularni tuzatar edim.
   Nihoyat, ketadigan kunim yaqinlashdi. Mo‘ljalimdagi foyda chiqmasa ham, har xolda ziyon qilmagandim. Men gulchiman, ammo yo‘l-yo‘lakay savdogarchilik qilsam, ayb bo‘lmas, degan fikrga keldim. Shuning uchun, bu yerdan o‘zimizda yo‘q mollar xaridlar qilishni, yaqinlarimga sovg‘alar olishni rejalashtirdim. Uni amalga oshirish uchun bir kun ajratdim.  
    Kechki payt, choy ichib, suhbatlashar ekanmiz, momoga safarim qariganini, indinga vatanimga yo‘l olishimni aytdim.  
  Aniy ma’yuslandi. 
– Buncha tez?.. – so‘radi u. – Bir hafta o‘tib ketganini qara. Men shu kunlarda Ollohdan ikki narsani so‘radim: jonimni olishini va kuygan gullaringni sotilishini. U ikkinchi iltijoimni qabul qilibdi... Sen o‘tirib tur, hozir kelaman.           
 U o‘rnidan turib, o‘g‘lini chaqirib keldi. Farzand qirq besh yoshlar chamasida basavlat odam edi. Shu hafta davomida u bilan ko‘p gaplashmagan bo‘lsam-da, uning sofdil, ko‘ngli toza odam ekanligini payqagandim.   
– O‘g‘lim! – aniy unga yuzlandi. – Sen mehmonimizdan u bilgan Qur’on suralarini o‘rganib ol. Uyimizda bugun va erta bo‘ladi. Indinga ketadi. Yaxshilab o‘rgan, vafot etganimda tilovat qilasan. Qanday kafanlashni, qanday dafn etishni ham yaxshilab bilib ol. Undan ijara haqi olma. Indinga uni “Moskvich” mashinangda vokzalga olib chiqib qo‘y! Tushundingmi?   
 – Ha! Xo‘p, ona! Aytganingizdek qilaman, – dedi u. 
  Men aniyning o‘g‘li bilan ketgunimcha shug‘illandim. Unga o‘zim bilgan ikki surani yodlatdim. Ketar paytimda, uyimga yetib borgach, ilmli odamlardan janozani qanday o‘qilishini bilib, xatda yozib yuborishga va’da berdim. 

     ***   

  Yana poyezdda, o‘z o‘rnimga yotib olib shahrimga yo‘l olar ekanman, oxirati haqida qayg‘urayotgan momoni ko‘p o‘yladim. Uyimga kelgach ham, uning gaplari, ayniqsa “Shu yigit ketguncha, mening jonimni ol, yo Olloh!”, deyishlari hayolimdan ketmasdi. 
   Kelganimdan so‘ng, ikki-uch kun ichida aniyning o‘g‘liga bergan va’damni bajardim. Va o‘zimni yengil his qildim. Ammo, o‘sha momo meni o‘zgartirib qo‘ygandi. Borlig‘imiz haqiqatlariga qiziqa boshladim. Xususan, atrofimda yashayotgan odamlarga boshqacha nigoh bilan qaraydigan bo‘lib qoldim.   
 O‘z yurtim odamlarini kuzataman. Ba’zilar o‘zlarining qanday sharoitda o‘sib unganlarining qadriga yetmaydilar. Ularning mahallalarida masjid, atroflarida ko‘p ilmli odamlar bor, ammo oxiratga yorug‘ yuz bilan borishning oddiy talablari bilan umuman qiziqmaydilar, hayollariga vafot etganda qay tarzda va qanday holatda Yaratganga ro‘para bo‘lish to‘g‘risidagi fikr umuman kelmaydi. El qatori ma’rakalarga borsalar, biror surani o‘qiy olmay, boshqalarning og‘ziga qarab turadilar. 
   Ularning dardu g‘amlari faqat pul. Faqat aysh-ishrat...       
   Axir, haqiqiy “kuygan gullar” shular emasmi? 
   Sharoit taqozosi bilan kuyib qolgan gullarni o‘g‘itli va shakarli suvga solib, biroz tiriltirish mumkin. Lekin, inson qiyofasidagi “kuygan gullar”ni o‘sha sibirlik aniy momoga o‘xshab fikr yuritishga qanday o‘rgatish mumkin?..
                                                              
Toshkent. 1997.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот