Bir kuni


U bolamas, chol ekan-ku!

   O‘g‘lim o‘smir yoshda edi. Maktabdan qaytgach, mahalladagi tengdosh bolalar bilan mol boqqani dalaga borardi. Bir kuni yig‘idan ko‘zlari qizargan, ust-boshlari bir ahvolda uyga qaytdi. O‘choq boshida kuymalanib yurganimni ko‘rib yig‘lab yubordi: “Aya, ikkinchi bu mishiq molizi boqqani obormiyman. O‘zi Borining molini tizzasidan keladi-ku, jinnisi qo‘ziganda kuchim yetmaydi. Yo‘lda bir bog‘ning yonidan o‘tayotganda o‘zini boqqa urdi. Arqon qo‘limni qonatguncha tortdim, kuchim yetmadi. Bechora bir keksa boboning bog‘i ekan. Mevali daraxtning shoxini sindirib, payhon qildi. Meni rosa qarg‘agan bo‘lsa kerak, eplolmasa nega mol boqqani boradi, degan bo‘lsa kerak...” Uni bag‘rimga bosib yupatmoqchi bo‘ldim, “O‘g‘lim, sen atay qilmagansan bu ishni. Hayvonni qilgan ishiga buncha qaqshama. Daraxtning shoxi sinsa, yana ko‘karadi. Kelasi yil yana meva beradi...” Shunda o‘g‘lim menga qarab: “Ayajon, kanalga cho‘kib o‘lsam yig‘laysizmi? Yana o‘g‘il tug‘sangiz u Elyor bo‘ladimi? Daraxtning mevali shoxlarini sindirib, payhon qildi deyapman, onasiz-kuuuu”, deb dodlab yubordi. Unday dema, yaxshi niyat qil, deb men ham yig‘ladim. Ertalab dadasi ikkalamiz o‘sha bog‘bon otaning yoniga bordik. Xafa ekan. Ko‘nglini ko‘tarib uzrimizni aytdik. O‘g‘limni gapini aytib berdim. Bobo ko‘zlariga yosh oldi, keyin jilmayib shunday dedi: “Eh, u bolamas chol ekan-ku! Ertadan molini shu boqqa obkelib boylasin. Yolg‘izman, yonimda yursa ermak bo‘ladi...”

Qo‘shnimizning tovug‘i

   Marhamat tuman hokimligida ishlayotgan paytimda qo‘shimcha tarzda 7-gimnaziyada “Odobnoma”dan dars berardim. Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim dars paytida menga ustoz, deb murojaat qilardi. Unga nega ustoz deysan, o‘g‘lim ekaningni hamma biladi, aya deyavergin, desam, sinfda men ham o‘quvchiman, degandi.
   Bir kuni hovlimiz ichkarisidagi somonxonada bir uyum tuxum turganidan hayron bo‘lib, etagimga solib olib chiqdim. O‘g‘lim ko‘rib: “Ayajon, Mahbuba opaning bir tovug‘i doim biznikiga kirib donlab yuradi-ku, o‘sha tovuqning tuxumlari bo‘lsa kerak, keling men obchiqib beraman”, dedi. Mening shumligim tutib, o‘g‘limga: “O‘zing biznikida donlab yuradi, deding. Tuxumlarni teng bo‘lamiz”, dedim. Shunda o‘g‘limning rangi o‘zgarib, yuzlarida norozilik ifodasi paydo bo‘ldi: “Ayajon, o‘zingiz kechagi darsimizda tuxum o‘g‘irlagan ham, sigir o‘g‘irlagan ham birdek o‘g‘ri”, dedingiz. “Qo‘shnining haqi ikki dunyoning orasida bo‘ynimizda turadi”, deb yozdirdingiz. Endi o‘zingiz... Aytgan gapimdan uyalib titrab ketdim. “Hazillashdim”... dedim qizarib. Keyin xursand bo‘lgan o‘g‘lim chopqillab qo‘shniga omonatini berib chiqdi. Birozdan keyin qo‘shni ayol xursand bo‘lib tog‘orachaga solingan tuxumlarni ko‘tarib chiqdi. “Opa, men u daydi tovuq qurmag‘urni tuxumdan qoldi, deb yuribman. Yetti xazinani biri deganlari shu bo‘lsa kerak-da! Sanadim. Teng yarmini sizlarga obchiqdim”, dedi.
   Tuxum qovurib yeb o‘tirgan do‘mboqqinam menga qarab jilmayib, halol bo‘ldi, oling ayajon, dedi...
***
   To‘ng‘ich farzandim Elyorbek ikki-uch yoshli sho‘x bola edi. Sho‘xligidan nolib gapirsam rahmatlik dadam: “Hali nabiram bir yigit bo‘lsinki... Sho‘x bo‘lgani bilan ko‘zlari eslik, qizim”, derdilar.
   Bir kuni o‘g‘lim bog‘chadan uyga kelgach, qulog‘imdagi zirakni olmoqchi bo‘lib injiqlik qilaverdi. Tilini tushunolmay xunobim oshdi. Alhol, ziragimni yechib qo‘liga tutsam, bir poyini mushtchalari orasiga olgancha uxlab qoldi. Dadasi ikkimiz bola nega unday qilayotganiga tushunmay hayron bo‘lardik. Ertalab bog‘chaga ketayotgan paytda bir amallab qo‘lidagini olib qulog‘imga taqishimni bilaman yerga yumalab, dod sola boshladi. Bog‘cha tarbiyachisi Aliya mehribon, ko‘hlikkina qiz edi. Unga bolamning qo‘lidagini aldab olib qo‘ying, demoqchi bo‘lib tursam o‘g‘lim yugurib borib zirakni uning qo‘liga tutdi. U hayron bo‘layotganini ko‘rib bo‘lgan voqeani tushuntirdim. Shunda Aliya ko‘ziga yosh olib o‘g‘limni bag‘riga bosdi. Uning aytishicha, guruhidagi bir qizaloqning tilla ziragi yo‘qolib qolibdi. Bir poyi pol teshigiga tushib ketgandir, deb o‘ylab, hatto eskirgan polni buzib taglarini ham qidirishibdi. Qizchaning onasi: “Senga ishonib topshirib ketgan bolaning tirnog‘idan sochigacha javobgarsan. Sen esa paypoq to‘qib o‘tiravergansan. Bugun ziragi yo‘qoldi, ertaga boshqa birov kelib olib ketsa ham indamay turaverasan, ikki kun ichida topib qo‘limga tutmasang, ustingdan arz qilaman”, deb po‘pisa qilibdi. Bog‘cha opa: “Ayolning gapi ko‘nglimga og‘ir botdi, qolaversa, arzimagan maoshimga qarab o‘tirgan keksa buvim, voyaga yetmagan ukam bor. Topilmasa nima bo‘ladi, deb yig‘lab o‘tirsam Elyorbek kelib qo‘limni silab, bir nimalar deb vijirladi. Har holda shu bolangiz ko‘nglimni ko‘tarishni bildi”, dedi vujudi titrab. Biz tushundik. Mehribon Aliyaga achindim. Dadasi bilan kelishib o‘sha qizchaga yangi zirak olib berdik...

     Munavvara USMONOVA - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Saodat" jurnali Bosh muharriri.










BIR KUNI...
BIR KUNI...
BIR KUNI...
YAXSHI INSON
JANNAT POYIDAGI DUO
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот