OTLIQQA YO‘Q ODAMLAR


Muazzam IBROHIMOVA

OTLIQQA YO‘Q ODAMLAR 

  Bir kuni  o‘quv  dargohlarining  birida  rahbar  xuzuriga kirish  uchun  navbat poylab qolishimga to‘g‘ri kelib  qoldi. Mendan avval beshtacha odam turgan  bo‘lsa, bir ozdan so‘ng yana yigirmattacha yig‘ilib  qoldi. 
    Bo‘ldi.
   Xudoga shukur!  
   Oldimda  turgan  ayol  kirdi.  Keyin  men kiraman.
   Yonimda  sabrsizlik  bilan yer tepinib, xarxasha qilayetgan o‘g‘limni chalg‘itishga xarakat qilaman:
- Hozir, ozgina chida, bolam. Opangni hujjatlarini topshirib qo‘yishim kerak-ku! Keyin  uyga ketamiz....
   Biroq, shu payt allaqayerdan yoshi taxminan mendan o‘n besh yoshlarcha kichik, ozg‘in, oliftagina  ayol paydo  bo‘lib, bepisand  eshikka taqaldi.  Salom-alik yo‘q, takabburona nazar tashlab, sas berdi:
- Bir minutlik ishim bor. 
   Mendan  avval orqamda navbat kutayotganlar chiyillab ketishdi:
- Qanaqa  bir minut?
- Navbatga turing!
- Yoshgina ekansiz-ku, uyalmaysizmi?
  Xonimcha esa eshitib eshitmaganga olganday irshaydi. Aksariyati ayollar bo‘lgan navbatdagilarning battar ensasi qotdi:
- Qoching!  Navbatda turing!
- Surbet!
- Yana hijobdamish? 
    Anchagina beti qattiq  ekan.
    Unga  na   ta’na, na dashnom, na  o‘qdek  nigohlar  ta’sir qilmadi. 
    Meni ham sabr-kosam to‘ldi:
- Bolam bilan turibman, singlim. Qorni och! Orqadagi onangiz tengi ayollar ham issiqda qaynab, damlari qisilib ketdi. Uyaling!
    Miq  etmadi.
   Qabuldagi odam chiqqach, bezbet oliftani siltab deyarli kuch bilan o‘zimni ichkari urdim. U olomondan qochib, orqamdan  otilib kirdi.  
  Direktor meni tanib qolar. Hozir o‘zi navbatsiz kirgan tarbiyasizni tashqariga quvadi, degan umid bor edi.    
   Ammo bunday bo‘lmadi. Olifta o‘zini tanitgach, direktor b..qdan tilla topganday, quvonib, kalovlanib, irshaygancha, yetti bukilib so‘rashgach, men bilan salom-alik ham qilmay, tashqariga chiqib turishimni  aytdi.   
  Xarakterimni ko‘rsatib qo‘ygim keldi-yu, javdirab qolgan  uch yashar o‘g‘limni qo‘rqitmay  deb, indamay  bo‘ysindim. 
   Bir ozdan so‘ng ikkalasi ichkaridan birin-ketin chiqib kelishdi. Avvalgi ayollarning  birortasini kuzatib qo‘ymagan direktor haliyam qaddini rostlab olmagan. 
   "Mayli opajon".
   "Xo‘p bo‘ladi, opaxon".
  "Choy qilmadik-da, opajon"lab,  quyuq xayrlashgach ham ko‘ngli to‘lmay, ortidan tikilib turdi. Keyin jiddiy tortib, ichkariga yo‘naldi. Ortidan kirdim va men ham salom-alikni unutib, savol berdim:
- Kim u?
   Direktor xuddi jiddiy bir imtihondan o‘tib olgan talaba, yo‘q "fas" komandani a’lo darajada bajargan "ovcharka" itday tili osilib, yana bir qur atrofga nazar tashlab (go‘yo xozirgina tashrif buyurgan xonim bu xonadan norizo bo‘lib ketmadimikan, degan o‘yda), ko‘ngli to‘ldi chog‘i, chuqur uh tortgach, javob qaytarishga chog‘landi.
   Jazmani.   
  Faqat shu so‘zgina miyamda aylanayotgandi. Chunki direktorning hayajoni sevgani bilan diydorlashgan oshiqning holidan kam emasdi. Lekin u mutlaqo boshqacha javob qaytardi:
- Eee, gapirmang. Falonchi falonchiyevnaning jiyani ekan. Tepadan qo‘ngiroq qilishsa ishonmagandim. Ishqilib, mendan biror xatolik o‘tmagan bo‘lsin-da...
   Gaplariga yaxshi tushunmay, talmovsiradim.
- Nima, ichkarida u-bu narsa qildingizmi?  Yoki biror  hodisa bo‘ldimi, xatolikka yo‘l qo‘yasiz?
- Yo‘o‘o‘q, - dedi u yana bir qur atrofga nazar tashlab, - Bolasining hujjatlarini olib qoldim, xolos. Shu... salom-alik, muomalamda xatolik o‘tmadimi, deyapman-da. 
 Ensam qotdi-yu, ortiqcha savol bermadim. Hujjatlarni topshirib, eshikka  yo‘nalgan chog‘imdagina qitmirligim tutib,  yana bir savol  berdim. 
- Rosa opaxonladingiz. Lekin yoshi mendan o‘n besh yoshlarcha kichik. Xafa bo‘lmadimi? Qaritib  qo‘ydingiz-da.
 Uning rangi oqarib ketdi. So‘ng nafaqat Temurni, balki meni ham qo‘rqitib "portladi":
- Vaaaax!!!
   Bir sakrab tushsam-da davom etdim:
- Ishqilib, lavozimingizdan oldirib tashlamasin-da!
- Iiii!
- Falonchi Falonchiyevnaga arz qilmasin-da...
- Uuu!!!
  Eshik ochilib, ichkarida nimalar bo‘layotganiga aqli yetmagan navbatdoshlarning kallasi ko‘rindi. So‘nggi zarbani  ularning guvohligida  berganim yaxshi:
- Boya siz e’tibor bermadingiz. Oldingizdan tirjayib chiqdi-yu, sal nariga borib, qovoq uygancha, sumka titkiladi. Manimcha Falonchi falonchiyevnaga qo‘ngiroq qilib,  muomalangizdan arz qildi-yov.
   Bu safar  direktorning ensasi qotdi:
- Yolg‘on ham evi bilan-da. Siz darxol ortimdan ergashdingiz, uni sumka titganini qayerdan ko‘ra qoldingiz?  
  Kulib yubormoqchi edim, ulgurmadim. Eshik oldida turgan ayollardan biri vahima bilan luqma tashladi:
- Men, biz ko‘rdik qovoq solib, sumka titganini. Keyin rosa qo‘lini paxsa qilib, kimgadir shikoyat qildi. Sizni kabinet tomonga qarab, depsinib-depsinib ham qo‘ydi. Ko‘zlari biram olaydi, biram olaydiiii, og‘ziyam qiyshayib ketdi-yov....
- Iiii-yuyuyuv.  
    Bu qichqiriq xotinlardan  chiqdimi, direktordanmi, anglay olmadim. 
   Bir ko‘z qisayotgan navbatdoshlar, bir boshini changallab qolgan direktor tomonga ko‘z tashlab, kulib yubormaslik uchun,  o‘zimni arang tiyib, telefonga ishora qildim:
- Hozir yana qo‘ngiroq qilib qolishadi-yov...
   Gapim tugamay, stol ustidagi ikkita xizmat telefonlaridan biri asabiy jiringlay boshladi. Direktor baqaday qotib qoldi. 
  So‘ng bizni borligimizni ham unutib, go‘shakni o‘pgudek, yalagudek  bo‘lib,  do‘rdoq lablariga bosdi. Ammo ovozi ayollarnikidek chiyillab chiqdi:
- Alyoyoyo.... Kim?  Xa, men!  Nima, ha, xayriyat! Xudoga shukur, sizmisiz? Men falonchi... falonchixon, opaxon...eeee xullas bittasi  deb o‘ylabman-da. Ha, ha... Nima, men hozir qayerdan topaman sizga bolalar yozuvchisini? Maktabda lager tashkil qilindi degani hamma tashvish direktorni bo‘yniga tushadi deganimas-ku! Yozuvchilar uyushmasimi... bir balo tashkilot bor-ku, o‘shalarga qo‘ng‘iroq qilinglar! Bolalar yozuvchisimish... qattan topaman? Otliqqa  yo‘q-ku!
    Bu safar chidamadim.  Qah-qah urib, kulib yubordim.
  Taniqli bir o‘quv dargohini boshqarayotgan ziyoli rahbarning ahvoli shumi? Demak, bu "xomosapiyens" faqat Falonchixon falonchiyevani taniydi, anavi kalla atalmish quti esa faqat Falon...falonchiyevlar  haqidagi axborotnigina o‘zlashtiradi.
  Kulgidan arang to‘xtab, ochiq, masxaraomuz irshaydim. 
  Direktorning jahli chiqib, bo‘g‘riqib, o‘qrayib qaradi.   
- Ha, maymun o‘ynatyapmanmi?  
- Yo‘q! - dedim, tilimni tiyolmay, - Maymunlar sizni o‘ynatishyapti-ku! 
- Kim?!  
   Eshik oldidagilarning popugi pasayib, uzrnamo chuvillashdi. Meni esa to‘pig‘imga suv chiqmadi. Rost-da, kimdan qo‘rqaman? 
  Beshta kitobi nashr etilgan, asarlari darsliklarga kiritilgan, beshta ertagi multfilm bo‘lgan, eng  muhimi otliqqa yo‘q  bolalar yozuvchisiman-ku!










BIR KUNI...
BIR KUNI...
BIR KUNI...
BIR KUNI...
YAXSHI INSON
SAMO ELCHISI
ENG ZO‘R KADR
JANNAT POYIDAGI DUO
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот