BIR KUNI...


    Toshkentga yangi ko‘chib kelib, ishga joylashish ilinjida yurgan  paytlar edi. Arzimagan maosh bilan ro‘zg‘or yukini arang tortayotgan umr yo‘ldoshimga  rahmim kelar, nima qilsam yordam bo‘larkin, degan o‘y bilan yashardim. Ayniqsa, ijara degan balo oy boshida eshik qoqib bezrayib turishi jonimga tekkan edi. Bir kuni ro‘zg‘or kamini qilgani bozorga chiqdik. Bir qizimni yetaklab, birisini  ko‘tarib olganman. Piyoz xarid qilayotgan joyda peshtaxta ustidagi olmalarni ko‘rgan qizim: “Olma yeyman”, deb xarxasha qila boshladi. Qo‘limdagi pul non va piyoz uchun... Olma sotayotgan ayol esa: “Kel qizim, juda shirin olma, qirmizi olma, o‘zingga o‘xshab shiringinaaa olmalardan olib ketinglar”, deb  uni chorlashni qo‘ymasdi. Bir o‘sha yerga o‘tirib olib yig‘layotgan qizimga, bir rastadagi olmalarga qarab nima qilishni bilmasdim. Non o‘rniga olma olishga majbur bo‘ldim. Uyga qaytayapman-u, kuni bilan bolalar nima yeydi, koshki uyda un bo‘lsa, darrov xamir qorib gaz pechida yopsaydim, degan xayol yuragimni parmalardi. Aksiga olib dadasi zarur ish bilan Andijonga ketgan. Bir amallab tong ottirdik. Oradan bir-ikki kun o‘tgach, yana bir kamni to‘ldirgani do‘konga chiqdik.  Qizim menga mo‘ltirab qarab turardi. Uni bag‘rimga bosib asta tushuntira boshladim: 
– Qizim, agar meni tushunsang bir gap aytaman. Sizlarni yolg‘iz uyda qoldirib ko‘chaga chiqishga ko‘nglim bo‘lmaydi. Yetaklab chiqsam, o‘tgan kungidek meni qiynab qo‘yasanmi, deb o‘ylanib qoldim. O‘sha kuni non olish o‘rniga olma oldik, keyin sizlarga non topib berishim qiyin bo‘ldi. Hozir esa kartoshka olishga chiqyapmiz, yana olma, deb yig‘lasang pulni qayerdan olaman, – dedim.  Ko‘zlarimga qarab javdirab turgan besh yoshli qizalog‘im: “Ayajon, men katta bo‘lsam sizlarga ko‘pkina pul beraman, to‘lla olma, shokoladlar obkelaman. Hozir yig‘lamiyman, so‘z beraman”, dedi. Rastalar oldidan o‘tayotgan qizim qo‘lchalari bilan ko‘zlarini berkitib olgandi. O‘sha kuni va’da berganidek u yig‘lamadi. Ko‘rmadi, yaxshi ko‘rgan mevalariga qaramadi ham. Ammo men... men negadir tuni bilan yig‘lab chiqdim...

  Munavvara USMONOVA - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Saodat" jurnalin Bosh muharriri, shoira.










BIR KUNI...
QADR
BIR KUNI...
BIR KUNI...
KUYGAN GULLAR
ONA NASIHATI...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот