BIR KUNI...


Munavvara USMONOVA 

BIR KUNI...

    Har doim ota uyimga borganimda onam bilan suhbat qurib, tunni tongga ulaymiz. Onam bu yil keksayib qoldi. Bir paytlar aytib bergan voqealarni yana qayta  ayta boshlasalar ham xuddi hozir eshitayotgandek jon qulog‘im bilan tinglayman. Buvi, paxta terimida nima bo‘lgan edi, deb so‘rayman eshitgim kelib. Ko‘zlari yolqinlanib hikoya boshlaydi: 
 – O‘shanda  o‘n beshga ham kirmagan edim. O‘quvchi ham, o‘qituvchi ham paxta yig‘im-terimida kolxozchiga aylanardi. Men “mingchi” edim. Mukofotga xonatlas qo‘yilganini eshitib bel bog‘ladim. Brigadamizda menga o‘xshagan terimchilar anchagina edi. O‘n kunlikda birinchi o‘rinni egallash oson kechmasdi. Enang rahmatli: “Qizim, sen mukofotga tashlab ovora bo‘lma,  halol mehnat qilsang ham raisning qizi-da, deb gapirishlari aniq”,– dedi. Baribir aytganimdan qaytmadim. Kim qancha paxta terayotganini har kuni qoralab borardim. Yetti kun deganda mendan o‘zib ketganlar bo‘ldi. Bir kuni uydagilar uxlab yotgan yarim tunda dalaga otlandim. Uyimiz yaqinida qadimgi mozor bor edi. O‘sha yerdan o‘tayotganimda biroz etim junjikdi, ikkilandim. Ortimga qaytib mazza qilib uxlamoqchi ham bo‘ldim. Ammo shijoatim qo‘ymadi. Ko‘zimni mahkam yumib, dala tomonga odimlayverdim. Oydinda paxtazor charog‘on edi. Xuddi birov toshponar yoqib yonimda yurgandek egatlarga yorug‘lik tushardi. Tun ekanligini unutib egat oralardim. Bir-ikki etak paxtani terib, tugib qo‘yganimdan quvonib dala etagiga borib qolganimni bilmay qolibman. Qalin qamishlar qoplagan botqoqlik, ovloq yerlardan qandaydir qushlarning yoqimsiz qichqirig‘i eshitilardi. Ortimga qaytdim. Qaytganda ham yelkamga ortgan paxta to‘la etak bilan ancha yergacha yiqilib-surilib, yugurib bordim. Qo‘llarim shilinib ketgandi. Mozor yaqinidagi dalada oqarib turgan paxtalarni ko‘rib termoqchi bo‘ldim. Bir qadam tashlashimni bilaman, o‘q ariq ustida katta oq ilon kulcha bo‘lib yotganini ko‘rdim. Juda katta ilon edi. Hozir ham ko‘z oldimda turadi. Qo‘rqib dodlab yuboray dedim. Kesak otdim, tosh otdim, jilay demasdi. Borarga boshqa yo‘l topolmaganim uchun chetda o‘tirib ilonning ketishini kutdim. Pinakka ketibman. Tushimda ilon emas, oq chopon kiygan yuzlari nurli oqsoqol o‘sha yerda o‘tirib namoz o‘qiyotgan emish. Otaxonga ko‘zim tushib yolg‘iz emasligimdan quvonib ketibman. Ko‘z ochib tong yorishganini ko‘rib, yana bo‘ynimga etak ildim. Uch kecha- kunduz ko‘z yummay paxta terganim uchun o‘n kunlikda birinchilikni oldim. Uyqusizlikdan ko‘zlarim ichiga botib ketgan, tirsillab yorilgan qo‘llarimdan qon sizib turgan bo‘lsa ham o‘sha damda baxtiyor edim. Ammo... Bilasanmi, bolam, nima deyishgan: “Abdujalil raisning qizi birinchilikni oladi-da! Biz ovora bo‘lib ter to‘kibmiz. Kechasi xirmondan olingan paxtani tugib taroziga qo‘ydi, buni hamma biladi. Birdaniga ikki hissa ko‘p teradigan mingchiga aylanib qolarmidi...” Shunda qo‘limdagi xonatlasni o‘sha jizillab gapirgan ayolning etagiga tashladim. Yorilib, titilib ketgan barmog‘imga ipagi yopishgan  mato   ortimdan yerga sudrala boshladi.  Izimga qaytib uni tashlab ketayotganimda o‘sha ayol kaftimni silab: “Haloling bo‘lsin bolam. Rais bobo qiziga xirmondan paxta emas, ombordan atlasni olib bersa bo‘lardi-ku, o‘zining hukmida edi. Ammo sen ham bizdek etagiga gul tikib bo‘z matodan ko‘ylak kiyib yuribsan, meni kechir qizim, meni kechir”, – dedi.
  Onamning kirtaygan ko‘zlari yoshga to‘ladi. Kaftim bilan avaylab artaman.
–  Onajoooon, atlas ko‘ylak tikib bersam kiyasizmi? –deyman erkalab...










QADR
BIR KUNI...
BIR KUNI...
QISHLOQDAN  MAKTUB
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот