QADR


Munavvara USMONOVA

BIR KUNI...
QADR

     Navro‘z arafasida onamni yo‘qlab bordim. Hovliga chiqib ketib hayallab qolgan onamdan xavotirlanganimni ko‘rgan ukam:
 − Xavotirlanmang, opa, buvim (onamizni buvi deb ataymiz) tovuqlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazyapti. Besh-olti yildan beri bahorda qo‘ni-qo‘shnilarning tovuqlariga kasal tegib nobud bo‘ladi, tabibimiz mohirligidan kasallik hovlimizdan aylanib o‘tadi, – dedi kulib.
Tovuqlar katagi oldida kuymalanayotgan onamni ko‘rib ko‘zimga yosh keldi. Bir etak bola, nevara, chevaralarning koriga yarashdan charchamaydigan, qadr qilib sochlari oqargan, oqibat deb, bellari bukchayib borayotganiga qarab yuragim uvushdi. Qoramni ko‘rib yosh boladek sevinib ketdi.
− Buvi, mahallada bitta sizning tovuqlaringizga kasal tegmasmish, sababini qo‘shnilarga ham aytdingizmi?
− Aytganman, bolam, aytmoq tugul hammasining uyiga kirib dori-darmon ulashgan kunim bo‘ldi. Hafsala qilishmaydi, hozirgi yoshlar negadir erinchoq. Ota-bobolarimiz tovuqni yetti xazinaning biri, deb bejizga aytmagan-da! Tovuqning go‘shti ham, tuxumi ham tanga mador. “O‘lat” tekkan jonivor bir kunda tap etib yiqilib o‘lib qolmaydi. Bemorlangan odamdek rangi sarg‘ayadi, pati hurpayib bir chekkada holi qurib yotadi. Shungayam e’tiborlari yo‘q. Bir hovli tovug‘i o‘lib bo‘lgach qadrini bilib izillaydi…
− Qanday davo qiladi, tabib momomiz? Onam menga qarab: – Gazitga yozasanmi? – deydi mayingina jilmayib. – Bir kosa qatiqqa bir-ikki xil vitamin dori qo‘shaman, qalampir, piyozni maydalab to‘g‘rab aralashtiraman. Hozirgiday “ilikuzildi” davrida haftada bir-ikki tovuqlarimni siylaman. Ba’zida majburlab og‘ziga quyaman... 
     Keyin bir so‘lish olib davom etadi: 
− Qizim, axir tuxumidan jo‘ja ochirib, qismatiga sherik bo‘lganimdan keyin, til-zaboni yo‘q bu jonzotlarga mehr ko‘rsatmasam, Xudoning oldiga borganda nima deyman!
     Kun og‘a boshlaganda onamni o‘choq boshida ko‘raman: 
– Voy-bo‘y, bir qozon ovqat pishiribsizlarmi? Butun mahallaga yetadi-ku!
− Ha, Nazokatxon qozonga urindi, men ugra kesdim. Bugun juma, bolam, mahallada bemorlar, keksalar bor, o‘shalarga bir kosadan ovqat ilinib hol so‘rab turamiz. Jannatxon ayangni ko‘rib chiq. Oyog‘i lat yegan, yotib qoldi. Seni televizorda ko‘rsa quvonib, haqinga duo qilib o‘tiradi. Qizi yo‘q, ko‘ngli yarim. Qo‘shnimas, egachi-singlimdek bo‘lib qolgan. Menga obkegan ro‘molni unga hadya qil, ataylab Toshkentdan sizga obkeldim, degin. Boshiga o‘ratib qo‘y... Dugonang Tojixon bu yil qishda ko‘p shamollab betoblandi sho‘rlik. Peshonasi sho‘r ekan, qismatida borini ko‘rib turmush qurmay o‘tdi. Yoz ichi dalaga chiqib, besh-o‘n so‘m topganini onasiga, ukalarining ro‘zg‘origa sarf qiladi. Seni ko‘p so‘raydi, kelishingni yosh boladay kutadi. Ammo kelganingdan xabar topsayam, negadir kirmaydi. O‘zidan uyalsa kerak. Chiroyli ko‘ylaklik mato olib qo‘ydim, dugonangdan ko‘ngil so‘ra. Etagini to‘ldirib behi, olma olib kelib seni siylardi, doim yoningda edi. Qiyomat qarz-da, bolam...
Nevaramni yetaklab ko‘chaga otlangan paytim onamning ovozi keldi: 
–  Rayhonani olib chiqma! Keyin nabiramni bag‘riga bosib: “Yur, bolam,  senga qurut beraman, buving birpasda chiqadi”. Onamning qilgan ishidan hayron bo‘laman.
–  Olib kirsam nima bo‘ladi, ona, –deyman g‘ashlanib.
–  Dugonalarim nabirasini yetaklab yuribdi, mendan bir tirnoq qolmadi, deb ortingdan o‘kinmasin, deyman-da, bolam. Bolalaring haqida gapirma, Tojixon sodda, xokisor ko‘ringani bilan aqlli qiz...










BIR KUNI...
BIR KUNI...
BIR KUNI...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот