Orzu insonni yoshartiradi


Ma’naviyat saboqlari

Orzu insonni yoshartiradi

  “Ertalab havo sovuq edi. Zokir ismli bolakay mayda mollar bilan savdo qilar, savdodan topgan foydasini o‘zining qog‘oz-qalami uchun sarflar edi. Bir kuni bolakayning qorni ochligidan holi qurib, ishlashga madori qolmadi. U o‘ylab-o‘ylab biror xonadondan yegulik so‘ramoqchi bo‘ldi. Otadan erta yetim qolib onasiga yordam bo‘lar, deb uyma-uy yurib savdo qilayotgan bolakayga kimningdir rahmi kelsa, kimningdir qahri kelardi. O‘sha kuni bolakay bir xonadon eshigini qoqqan edi, yoshgina ayol chiqdi. Non so‘rashga uyalib, bir piyola suv berishini iltimos qildi. Ayol bolakayning ochiqqanini sezib, katta bir piyolada to‘ldirib sut olib chiqdi, bir to‘g‘ram non ham tutqazdi. Zokir shoshilmay sutni simirdi, so‘ng qancha berishini so‘radi. Beka pul olmasligini aytib, “Onamiz bizni xayrli ishlar qilishga o‘rgatgan”, dedi. Zokir esa: “Unda men sizning xaqqingizga duo qilaman, bir kuni katta odam bo‘laman-da, bu yaxshiligingizni albatta qaytaraman”,  dedi quvonchi ichiga sig‘may”.
  Oradan yillar o‘tdi. Zokir ulg‘ayib shifokor bo‘ldi. Bir kuni uni og‘ir bemorning ahvolini ko‘rish uchun viloyat kasalxonasiga chaqirishdi. U bemorni bir ko‘rishdayoq tanidi. Tekshiruvlardan so‘ng uni o‘z kasalxonasiga olib o‘tdi va jiddiy muolaja qila boshladi. Nihoyat kasallik ortga chekindi. Ammo sarf-xarajatlar uchun ketgan pulni qanday to‘layman”, deb o‘ylardi. Shu payt ayolning ko‘zi hamshira qiz tutqazgan bir parcha qog‘ozning chetidagi yozuvga tushdi, unda “Bir piyola sut hisobiga to‘lab qo‘yildi”, deb yozilgan edi. Ayolning ko‘z o‘ngida shoshilmasdan sut ichayotgan bolakay gavdalandi. Yonoqlaridan shuvillab yosh oqdi, Yaratganga shukronalar aytib, bolakayning “Men hali katta odam bo‘lib, yaxshiligingizni qaytaraman”, degan orzusini esladi... 
  Ota-onalar hamisha o‘zlari yetishmagan orzulari ro‘yobini farzandlari taqdirida ko‘rishni istaydilar. Farzandlari murg‘akligidanoq kelajakda kim bo‘lishi haqida shirin orzularga beriladilar.
  Bir ayolni bilaman, turmush o‘rtog‘i qirq yoshida qandli diabet kasalligi bilan olamdan o‘tgan. Yolg‘iz o‘zi besh nafar farzandni oyoqqa qo‘ygan. Tunlarni tonglarga ulab mehnat qilgan, kunduz kuni fabrikada tikuvchi bo‘lib ishlab, tunlari do‘ppi tikib, yana qo‘shimcha ravishda farroshlik qilib, hayotini izga solgan. “O‘qigan odam birovning qo‘liga qaramaydi, mehnat insonni ulug‘laydi, ko‘klarga ko‘taradi, hayotda o‘z o‘rningizni toping” deya farzandlarini mehnatga, ilm olishga o‘rgatgan. Ularning kelajagi haqida shirin orzu qilishdan charchamagan, farzandlariga ham orzu qilish va orzuga yetishish uchun kuch baxsh etolgan bu fidoyi ayol bugun orzulari ro‘yobini ko‘rib, farzandlari baxtiyu, nabiralar qurshovida piru badavlat bo‘lib yashamoqda.
  Men oliygohni tamomlab o‘zim sevgan sohada ish boshladim. Ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishdim. Biroq men o‘z ishimda kasbiy jihatdan o‘sib borishimni boshlaganimda katta dargohlarda ishlashni, katta davralarda bo‘lishni, katta tajribaga ega bo‘lishni orzu qilardim. Bu haqida men yaqin do‘stim, hamkasbimga aytganimda, u kulimsirab, “Men shu yerdan nafaqaga chiqmoqchiman, senga bu yer torlik qilyapti chog‘i”, degandi. Men o‘z ishimni sevishimga, ish joyim juda shinam,xavas qiladigan bo‘lishiga qaramay, orzularim juda uzoq-uzoqlarga tikilgan va men bu kichik jamoada qolmasligim kerak edi. Men ketdim va bundan sira afsuslanmayman. Asta-sekin, lekin ishonch bilan o‘z orzuimga yaqinlasha bordim. O‘zim orzu qilgandek juda katta dargohlarda ishladim, katta davralarda bo‘ldim, o‘zim xohlagandek katta tajribaga ega inson sifatida ustozga ham aylandim va bildimki, inson uchun chin dildan qilingan orzu uning uchun yashash tilsimi bo‘larkan. Hamkasbim esa hamon o‘sha dargohda mehnat qilmoqda. Ba’zan uchrashib qolsak, “Inson orzu qilishdan qo‘rqmasligi kerak ekan”, deb qoladi.
  Yaqinda bir dugonam bilan uchrashib qoldim. U bilan bolalik yillarimizni, bolalikdagi shirin orzularimizni yodga olar ekanmiz, u negadir norozi ohangda gapirib qoldi. 
— Odam orzu qilishda o‘ylabroq ish tutishi kerak ekan. Yodingda bo‘lsa, yoshligimizda nuqul, “men hammalaringdan birinchi turmushga chiqaman, mening turmush o‘rtog‘im juda ko‘rkam, mehribon va sadoqatli bo‘ladi. Birga yursak, hamma bizga xavas bilan qaraydi”, derdim. Taqdirni qaraginki, xuddi o‘shanday bo‘ldi. O‘zim orzu qilganday insonga turmushga chiqdim. Ammo men ahmoq, haqiqiy erkaklarday oilaparvar bo‘ladi, topib-tutadigan, oilaning moddiy ahvoli haqida qayg‘uradigan inson bo‘ladi, demagan ekanman. Mana hali-xamon oila tashvishlari mening zimmamda, turmush o‘rtog‘imning ish borasida sira omadi yurishmaydi. Uyda bolalarga qarab o‘tiradi, men esa ro‘zg‘or tebrataman”.
  Inson uchun orzu qilish juda muhim. Ba’zida xayolot kuchi bilimdan ham kuchli bo‘ladi. Haqiqatga yaqinmi, yo‘qmi biz hammamiz xayol suramiz, orzu qilamiz. Shunday emasmi? Biror ishni rejalashtirar ekanmiz, biz ularni amalga oshirish borasida xayollarga berilamiz. Chunki orzular insonni oziqlantiradi, kuchli qiladi va maqsad uchun kurashga toblaydi. 
  Bugun mening hayotiy xulosalarim aynan orzu borasida shunday, inson uchun dard — o‘tkinchi, afsus-nadomatlar — o‘tkinchi, qalbda ildiz otmaydigan musibatlar — o‘tkinchi, alamli tuyg‘ular ta’sirida keladigan baxtsizliklar o‘tkinchi. Ammo inson uchun bir haqiqat ayonki, hech qachon orzu-istak o‘tkinchi bo‘lolmaydi. Yangi-yangi orzu-istaklar insonni yoshartiradi, yashashga bo‘lgan umidini ulg‘aytiradi. Niyatim — orzu-umidlarimiz sira zavol topmasin.

Feruza  ORIPOVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот