Ilmli ming yil yashar


   Hadislarda yozilishicha, har kuni ota-onangizni ziyorat qilsangiz, siz uchun Jannatning ikki eshigi ham ochiqdir. Agar birini ziyorat qilsangiz, Jannatning bir eshigi ochiq, deyiladi. Demak, farzand ota-onadan hol-ahvol so‘rab turmasa, Jannat eshigi uning uchun yopiqdir.
  Yurtimizda ota-onasining duosini olib yashayotgan farzandlar ko‘p. Shulardan biri, Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida istiqomat qilayotgan Muhammadnazar aka va Malohat opa Umbarovlar oilasidir.
 Oila sardori Muhammadnazar akani ko‘pchilik oddiygina qilib "Mahmud aka" deyishadi. Shunisi ma’qul, ko‘ngilga yaqin bo‘lsa kerak-da! U kishi Surxondaryo viloyat IIBsining tergov bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining katta yordamchisi va prokuror lavozimlarida ishlab kelganlar. Bugungi kunda esa nafaqada, ammo uyda ham tinchgina o‘tirolgani yo‘q. Huquqiy maslahatchi va advokatlik ishlari bilan mashg‘uldir.
- Otam Umar Abdurahmon o‘g‘lini Stalin davrida nohaqdan-nohaq quloq qilib uzoq yurtlarga jo‘natib yuborganlar. Biz ko‘zlarimizda yosh bilan ortidan bo‘zlab qolganmiz. O‘sha paytda qishlog‘imizda juda ko‘pchilik otasidan judo bo‘lib qolgandi. O‘shanda bunday nohaqlikka chiday olmay, o‘z-o‘zimga "Katta bo‘lsam, tergovchi bo‘laman. Odamlar nohaqdan-nohaq surgun bo‘lmaydi. Hammaning otasi o‘z uyida bo‘ladi", deya so‘z berganman. 
   Biz ancha vaqtgacha otamiz mehridan, g‘amxo‘rligidan benasib bo‘ldik. Xrushchev davrida esa otamizni oqlashdi. Xayriyat, otamiz uyimizni to‘ldirib kirib keldilar. Quvonchimizni so‘z bilan ifodalash qiyin. Uzoq yillik ayriliqlardan so‘ng diydor ko‘rishdik.
   Otam dunyoviy va islomiy ilmlarni yaxshi bilardilar. Surgundan qaytgach, Imom at-Termiziy masjidida imomlik qilib, odamlarni faqatgina yaxshilik va ezgulik ishlariga chorladilar. Bizlarni esa halol bo‘lishga, to‘g‘riso‘zlikka, mehnat qilishga undadi. Tog‘am Chori Jo‘rayev Surxondaryo va Namangan viloyatlarida prokuror bo‘lib ishlagandi. Ularga havasim kelardi. Vafot etgach, o‘zi tug‘ilgan, yashagan Sheroboddagi ko‘chalardan biriga nomini qo‘yishdi.
   Otam rahmatli bir rivoyatni bizlarga qayta-qayta aytib berardilar.
   "Rivoyat qilishlaricha, musulmonlar xalifasi Xorun-ar Rashid xalq hayotini o‘rganish uchun faqirona kiyinib, bozorga tushibdi. Bir qassobdan qo‘y sotib olib, undan necha kilo go‘sht va yog‘ chiqishini so‘rabdi. Qassob qo‘yni chamalab, 14 kilo go‘sht va 4,5 kilo yog‘ chiqishini aytibdi.
   Uyga qaytgach, uni so‘ydirishsa, haqiqatdan ham qassob aytgandek chiqibdi. Xalifa o‘sha qassobni toptirib kelib, undan dunyoviy va diniy ilmlardan so‘rabdi. Qassob javob berolmabdi. Chunki u bunday ilm olmagan edi.
- Ey qassob! Qani senda vatanga muhabbat, xalqingga muhabbat! Nahot halol va haromning farqiga yetmasang? - debdi xalifa.
   Keyin jar chaqirtirib, qassobni dunyoviy va diniy ilm olmagani, halol-haromning farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb ostirmoqchi bo‘libdi. Ertasi kuni xalifa oldiga ikki yosh yigitcha kirib kelibdi. Ularning odobini ko‘rgan xalifa "farzanding shunday  bo‘lsa" deb qo‘yibdi. Yigitchalar "Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rang!" - deyishibdi. 
   Xalifa yigitchalarni uzoq savolga tutib, ularning zehni va ilmiga qoyil qolibdi.
- Ey muhtaram jamoa! Bola - loy, ota va ona kulol emasmi? Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki aldoqchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir.
- Otamizga chiqargan hukmni otamizga emas, uning otasiga chiqarish kerak edi. Otamiz o‘zi ilmsiz bo‘lsa ham, bizni shunchalik ilmli, ma’rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi. Otamiz tahsinga loyiqdir, - dedi qassobning katta o‘g‘li.
   Xalifa uzoq sukut saqlab dedi:
   "Vazirim sen iste’foga chiq. Shu  yigitcha  menga vazir bo‘lsin. Qassobni esa ustiga zarbop to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz - farzandlarimiz. Bola tarbiyalashdagi olijanobligi uchun qassob shunga loyiqdir. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘riga o‘ttiz darra uring. Otasi unga qassobchilikdan boshqa narsani o‘rgatmagani uchun", debdi.
   Qissadan hissa shuki, farzandlarimizni o‘qimishli qilish ota-onalarning vazifasidir. Turmush o‘rtog‘im Malohat judayam ko‘ngli bo‘sh, rahmdil, shoira ayoldir. U avvaliga "Saodat", "Guliston" jurnallarida jurnalistlik qildi. Keyin bu yerdagi viloyat o‘lkashunoslik muzeyida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi.
   Beshta farzandimiz bor. Muzaffar - jurnalist, "Hamshira" jurnalida bo‘lim muharriri, Mohigul - chevar, Mavjuda - uy bekasi, Maqsud - bo‘lajak jurnalist, hozircha talaba, Majid - 2-sinf o‘quvchisi.
   O‘zim nafaqada bo‘lsam ham hanuzgacha kimdir eshigimni qoqib maslahat yoki yordam so‘rab kelishadi. Hech qachon ularni noumid qaytarmayman. Kimlargadir kerakligingni his qilib yashash ham baxt ekan.
   Muhammadnazar aka bilan suhbatimiz biroz cho‘zildi. Asosiysi, baxtli oilaning sardori hanuzgacha odamlarning hojatlarini chiqarayotganini anglab, xursand bo‘ldim.

 Xonbibi MAHAMOVA. 2007 yil.
Manba: "Oila tilsimi" gazetasi.










YAXSHI INSON
BU KIMNING ONASI?!
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот