YAXSHI INSON


   Hayotda shunday samimiy insonlar bo‘ladiki, bir ko‘rganingizdayoq, bir gurunglashganingizdayoq beixtiyor mehringiz tushib qoladi; ko‘nglingizdan “Yaxshi odam ekan-da”, degan fikr o‘tadi.

   Biz Muhammadnazar aka bilan uch-to‘rt bor uchrashdik: avval Termizda, so‘ng Toshkentda. Dastlabki ko‘rishuvimizdayoq bir haqiqatga iqror bo‘ldim: Muhammadnazar akaning qanday odamligi, siyrati suratida aks etib turarkan. Beg‘ubor, dilkash, suhbatdoshining izzatini joyiga qo‘ya biladigan, suhbatdoshini eshita oladigan, saxovatpesha ziyoli inson edi u kishi.

   Men u kishi ishlayotgan sohaning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda hoynahoy adabiyotga aloqasi yo‘qdir, kitob o‘qishga vaqti ham yetishmas deb o‘ylagandim. Adashgan ekanman. Dastlabki gurungimizdayoq Muhammadnazar aka bilan zamonaviy adabiyot, xususan bolalar yozuvchi-shoirlari xususida rosa ezilishib gaplashdik. So‘ng, u kishi jo‘shib ketdimi, surxondaryolik bir shoirning bolalarga atab yozgan ijod namunalaridan to‘lqinlanib o‘qib berdi.

   Nasib qilib qoldi, Muhammadnazar aka tug‘ilib-o‘sgan mahallada ham bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Men ana shunda, u kishi mahalladoshlari uchun o‘z hisobidan qurib bergan mo‘jaz va fayzli machitni ko‘rdim...

   Muhammadnazar aka Toshkentga kelib, sevikli farzandining tug‘ilgan kuni bahona bizni mehmonga chorladi. U kishining adabiyotga, ijod ahliga e’tibori, mehri shu qadar baland ediki, qo‘yib bersangiz poytaxtning jami ijodkorini dasturxonga chaqirguday. Ajoyib, fayzli davra bo‘ldi. Ayniqsa shoir Normurod Narzullayevning shukuhli she’rlari davraga o‘zgacha ruh baxsh etdi. Men ana shunda qo‘li ko‘ksida Muhammadnazar akaning ko‘zlari quvonchdan porlayotganini ko‘rgandim...

   Ba’zan tabiatning shafqatsiz qonunlariga duch kelasiz: negadir yaxshi odamlar uzoq umr ko‘rishmaydi. Muhammadnazar aka misolida ham shunday bo‘ldi. Ammo u kishidan qolgan yorug‘ xotiralar, farzandlari, nabiralari Muhammadnazar akaning hayoti davom etayotganidan shohidlik beradi.

 

  Abduqayum YO‘LDOSHЕV - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Adolat" gazetasining Bosh muharrir o‘rinbosari.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот