“HAR DOIM IKKI QADAM ORTDA YURGANMAN...”


“HAR DOIM IKKI QADAM  ORTDA YURGANMAN...”

     O‘zbek kinosi va teatri rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov Namangan viloyatining Chust tumanida, o‘z davrining yetuk hofizi oilasida o‘sib ulg‘aydi, kamolga yetdi. Oilasidagi muhit tufayli san’atga bo‘lgan qiziqishi uni Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga yetakladi. Mirza Azizov butun mahoratini, aytish mumkinki, hayotini san’atga baxshida qildi. “Yusuf va Zulayho”, “Farhod va Shirin”, “Nodirabegim”, “Alpomishning qaytishi” kabi spektakllardagi ijrolari, “Ostona”, “Muhabbat sinovlari”, “Tubanlik”, “Muhabbatimsan” kabi badiiy filmlarda yaratgan obrazlari tomoshabinlar muhabbatini qozondi. Aktyor qayerda va qanday sharoitda yashamasin va ishlamasin, hamisha kuyunchakligi, kamtarligi, saxovatliligi, to‘g‘riso‘zligi, eng muhimi, adolatliligi bilan jamoadoshlari va yaqinlarining muhabbatini qozondi.
     Mirza Azizov qanday rol ijro etmasin, butun vujudi, iste’dodi va mahorati bilan o‘sha obrazni to‘la talqin etdi va o‘zidan o‘chmas nom qoldirdi. Aktyorning o‘zbek kinosi va teatrida o‘z o‘rniga, hurmatiga ega bo‘lishida sevimli rafiqasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, elimizning sevimli xonandasi, xalqimiz ardog‘idagi san’atkor Tojibar Azizovaning hissasi katta. O‘z nav­batida xonandaning sermahsul ijod qilib, muxlislar hurmatiga sazovor bo‘lishida, xizmat ko‘rsatgan artist darajasiga yetishida turmush o‘rtog‘ining salmoqli ulushi borligi shubhasiz. Tojibar Azizova bilan bo‘lgan suhbatimiz shular to‘g‘risida, go‘zal juftlikning umr yo‘llari, ibratli turmush tarzi haqida...

– Tojibar opa, Andijonning olis go‘shasida, Qirg‘iziston bilan chegaradosh qishloqda tug‘ilib, kamolga yetgan ekansiz, san’atga oshuftalik esa jajji qizaloqligingizdan boshlangan ekan. Oilangizda san’atkorlar bo‘lmasa, kimga havas qilib qo‘shiq ayta boshlagansiz? 

– To‘g‘ri, oilamizda san’atkorlar bo‘lmagan. Buvim rahmatlik o‘n ikki nafar farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsalar, ulardan faqat ikki nafari – ammam bilan otam yashab qolishgan ekan. Shuning uchunmi, ular biri-biriga juda mehribon edilar. Otam singlisini sizlab gapirar, yeru ko‘kka ishonmasdi. Bolaga til orqali tarbiya berib bo‘lmas ekan, har bir ota-ona o‘z xatti-harakati bilan ibrat bo‘lar ekan. Bugun otam bilan ammamning bir-biriga munosabati biz, farzandlar hayotida ham davom etmoqda. Biz ham o‘g‘il-qizlarimiz tugul nevaralarimizga ham “siz”lab, mehr va hurmat ko‘rsatamiz. Opa-singillarni-ku aytmang.
     Uyimizning yonida bolalar bog‘chasi bo‘lib, ammam oshpaz bo‘lib ishlardi. U yoshligidan qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rar, uylarning tomlariga chiqib, tomma-tom yugurib qo‘shiq kuylar ekan. Men ham ammamning bog‘chasiga borar, tushlikda uyquga yotishimiz bilan ammam kelib, “Turing, Oyqiz, ketdik”, deb meni olib chiqib ketardi. (Negadir meni Oyqiz deb chaqirishardi. Qizig‘i, yoshim 60 ni qoralagan bo‘lsa ham qishlog‘ga borsam, hanuzgacha hamma meni shu ism bilan chaqiradi). Men ham har kuni ammamni kutib yotardim. Yam-yashil o‘tloqda katta xamir qoradigan tog‘oralarni to‘nkarib, orqasini doira qilib shunaqangi chiroyli musiqa chalib, qo‘shiq aytardilar-ki, o‘ynamaslikning iloji yo‘q edi: 

Chapga tashlang, Oyqiz, 
O‘ngga tashlang, Oyqiz – 

deb qo‘shiq aytsalar, men ham bellarimni ushlab, sochlarimni orqaga tashlab, o‘ynab berardim. Ammam xalq og‘zaki ijodiga mansub juda ko‘p qo‘shiqlarni bilardi. Shu ammamning qo‘shiqlarini aytib, ularning sehriga mast bo‘lib ulg‘aydim. Otam qishloq kasalxonasida bo‘lim mudiri bo‘lib, juda ilmli, zamonaviy odam edi. Toshkentga yubora turib, ”Qizim, yuzimizni yerga qaratmang”, degan gaplari bir umr hayotimda menga dastak bo‘ldi. Onam­ning bergan nasihatlari bugungacha qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘ladi: “Qizim, yer tagidagi yo‘llardan yurmang, yigitlar bo‘ladi, avtobuslarda erkaklar yonidagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirmang”, deganlari uchun 3-kursni bitirib, Mirza akam bilan unash­tirishganigacha ham men tunnel, ya’ni yer osti yo‘laklaridan o‘tmaganman, yigitlar qo‘limni ushlab oladi, deb o‘ylab, avtobuslarda erkaklar yonidagi o‘rindiqqa o‘tirmaganman. Bugun atrof­­ga qarab turib, ota-onamizning bizga shunday tarbiya berish bilan birga, san’atkor bo‘lishimga ruxsat berganlari uchun ming bora rahmatlar aytib, duo qilaman. Negaki, yoshlikdagi tarbiya insonning umr yo‘llarini yorituvchi shamchiroq bo‘larkan.

– Yo‘llar ovullarni qishloqlarga, qishloqlarni shaharlarga bog‘laydi. Mamlakatimiz markazidagi oliygohlar sabab ba’zida yoshlarning ko‘ngil rishtalari ham bir-biriga bog‘lanadi. Taqdir sizning hayotingizni Mirza Azizov bilan qanday bog‘ladi?

– Kirish imtihonlarini topshirayotganimizda Zulayho Boyxonova, Mirza aka uchalamiz tanishib, do‘st bo‘lib qolganmiz, Besh­yog‘ochdagi anhor bo‘yida imtihonlarga tayyorlanardik. O‘sha paytdayoq Mirza akaning dunyoqarashi, fikrlashi, bilimi, iqtidori bizdan ancha balandligi sezilib turar edi. Chunki qaynotam ham diniy, ham dunyoviy bilimga ega, juda ziyoli inson bo‘lib, eng aqliy yetuklik davrida – 65 yoshida Mirza aka tug‘ilgan ekan. U aqlli, bilimli bo‘lib, Zulayho ikkalamiz juda sodda bo‘lganimiz uchun maslahatlarini ayamas edi. Talaba bo‘ldik, Mirza aka kursimiz sardori bo‘ldi. Butun kursda aqlu zakovati, salohiyati, iqtidori, bariton ovozi, boshqaruvchilik, aktyorlik mahorati, kiyinish madaniyati bilan ajralib turardi. Men o‘qishni tugatib, qishlog‘imga qaytaman deb o‘ylaganim uchunmi, turmushga chiqish xayolimga ham kelmagan. Namanganlik qizlarga “Mirzani mahkam ushlanglar, turmushga chiqsang­lar, shunday yigitga turmushga chiqinglar”, deya tavsiya qilardimu o‘zimning hayotim u bilan qanday bog‘langanini bilmay qoldim. 3-kursda o‘qiyotganimizda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramida menga chiroyli lolalar sovg‘a qilgan...
     Uyimizga sovchilikka kelgan qaynonam Muhabbatxon oyijonim ota-onamda yaxshi taassurot qoldirganlar, ular birinchi borganlaridayoq to‘yimizga rozilik berganlar. Chunki qaynonam juda madaniyatli ayol bo‘lib, biz, yoshlarning Toshkentda yashab, ijod qilishimizni istashini aytgan. Bu fikr­lari ham ota-onamga ma’qul kelgan. 5-kursni tugatganimizdan keyin to‘yimiz bo‘lgan.

— Eshitishimcha, yangi oila qurgan vaqtlaringizda turmush o‘rtog‘ingiz harbiy xizmatga ketgan ekan. Har gal Mirza aka sizni ko‘rgani kelgunlaricha do‘ppi tikib, yo‘l xarajatlarini qop­laydigan mablag‘ni yig‘ib qo‘yar ekansiz. Shu to‘g‘rimi? 

— Qaynonaoyim olamdan o‘tganlaridan keyin biz farzandli bo‘ldik. Mirza akam Mudofaa vazirligining ansamblida ishlardi. Harbiy xizmat(2 oylik mashg‘ulot)ni o‘tash uchun Farg‘onaga ketganlar. Har haftada bizni ko‘rishga kelar edi. Tirikchilik tashvishida do‘ppi tikishni o‘rganishga qaror qildim. Bu san’atni shunchalik mehr bilan egalladim-ki, boshqa qizlarning do‘ppilari 8-10 so‘mga sotilsa, mening birinchi do‘ppimni 18 so‘mga sotib olishgan. U paytda bu juda katta pul edi. Keyinchalik esa do‘ppilarim narxini 20-24 so‘mgacha chiqarganman. Barmoqlarim, tirnoqlarim ichi yiringlab ketsa ham chidar, do‘ppi tikishni to‘xtatmas, chunki shanbagacha xo‘jayinim kelishlariga yo‘lkira tayyorlash uchun haftada bitta do‘ppini bitirishim kerak edi. U pulimni olmayman, desa ham, boshqalardan pul so‘ramaslik­lari uchun o‘zim olishga ko‘ndirardim. Lekin men qiynalganman desam, noshukrlik qilgan bo‘laman. Chunki menga qayinopalarim Mukarram, Manzura, Matluba, pochchalarim Nabixon aka, Faxriddin aka, Jo‘raxon akalar ham yordam berishgan. Ammo hamma kamchilikni ularga aytolmasdim. Hadeb birovdan yordam kutish ham insofdanmas-ku... 
     Qiz bolaning hayotdagi ustozi onasi bo‘lishi tabiiy hol. Men ham onamdan ko‘rganlarimni qilardim. Har qanday sharoitda ham turmush o‘rtog‘imning hurmatini joyi­ga qo‘yardim. To‘y-hashamlarga shoshib ketayotgan bo‘lsam ham ostonadan birinchi bo‘lib chiqmasdim, uning orqasidan chiqardim. Onam rahmatlik hamisha “eringizning yuziga tik qaramang, yurganda orqasidan, ya’ni, ikki qadam ortda yuring, hech qachon yonida yurmang”, derdi. Hamisha shu nasihatlariga amal qildim. 

– Hayotda qiynalgan, san’atga qo‘l siltab ketishni xohlagan pallalaringiz bo‘lganmi? 

– Yo‘q, menda san’at sohasidan ketish haqida fikr bo‘lmagan. Negaki, bu soha kishilari hech qachon dilimni og‘ritishmagan, o‘zim ham bunga yo‘l qo‘ymaganman. Aksincha, turmush o‘rtog‘im bilan ikkalamiz hamisha elga manzur qo‘shiq va obrazlar yaratish ishtiyoqida bo‘lganmiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz, ilhom­­lantirganmiz. Ehtimol, bu oilada har ikkalamizning ham san’atkor bo‘lganligimiz uchundir, balki bir-birimizning qalbimizni so‘zsiz tushunganimiz uchundir... To‘g‘ri, Toshkentga ko‘chib kelgan paytlarda juda qiynalganmiz. Qoqilib, turtilib, yetishmovchiliklarga sabr qilib, yana olg‘a intilaverganmiz. Agar insonning nafaqat oilasida, ko‘nglida xotirjamlik va o‘ziga ishonch bo‘lsa, yonida suyanadigan kishisi bo‘lsa, hamma qiyinchilikni yenga oladi. 

– Mirza Azizov institutda 5 yil emas, balki 6 yil o‘qigan ekan. Buning sababi nima?

– To‘g‘ri, ammo bu kursda qolgan yoki biron muammo sababli emas, o‘zining xohishi tufayli. Mirza Azizov yuqorida aytganimdek iqtidorli, lider talaba edi. Uning ovozi juda kuchli edi. Shuning uchun Moskvaga, konservatoriyaga ham taklif qilishgan. Onasi “oilangizni olib ketavering”, deb rozilik bersalar ham, “men kichik o‘g‘ilman, onajon, sizni tashlab ketolmayman”, deb bormagan. 5-kursga o‘tganimizda esa vokalni yanada mukammalroq o‘rganish uchun 4-kursni boshqatdan o‘qigan. O‘sha paytda hamma hayron qolgan, hozir ham bunga ishonish qiyin, ammo haqiqat shu. Bunday talaba oliy ta’lim tizimi tarixida yagona bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shu voqeaning o‘zi aktyorning o‘z-o‘ziga nisbatan talab­chanligini, ilm olishga chanqoqligini, kelajakni ko‘ra olishini, kasbini naqadar sevishini ko‘rsatadi. Vokalni mukammal o‘rganganlari esa aktyorlik faoliyati davomida ham, rahbarlik lavozimida ishlaganida ham, ayniqsa, mening muxlislar yuragiga yetib boruvchi qo‘shiqlar yaratishimda ham muhim ahamiyat kasb etdi.

– Ayol kim bo‘lishidan qat’i nazar, avvalo, rafiqa va ona. Siz ham, albatta, bir necha yil bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lganingiz sababli ijodda tengdoshlaringizdan ortda qolib ketishingiz tabiiy hol. Shunday vaqtlarda turmush o‘rtog‘ingizning ma’naviy ko‘maklarini his qilganmisiz?

– To‘g‘ri, kursdoshlar orasida birinchi turmushga chiqib, farzandli bo‘lganman. Buning ustiga Chustda qolib ketganmiz. Dugonalarim Toshkentda qolib, ijodlarini bosh­lab yuborishgan. Kelinligimda turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatda bo‘layotganlari uchun Chust pedagogika bilim yurtida rubobdan dars berganman. Dugonalarimga havasim kelardi, ulardan ortda qolib ketayotganimdan afsuslanardim. Qaynonam olamdan o‘tganlaridan keyin turmush o‘rtog‘im “endi shu yerda yashaymiz”, deb Namangan teatriga ishga kirganlar. U bilan Chust madaniyat saroyiga borib, yangi qo‘shiqlar yozardik. Bir kuni O‘zbekiston ko‘chma radiosidan shoir va ovoz rejissyori Nuriddin Aminjonov meni izlab topib, Namangan teatri sozandalari bilan qo‘shiqlarimni yozishgan. O‘sha qo‘shiqlar bugungi kunda “Oltin fond” xazinasida saqlanmoqda. Chunki talabaligimdayoq radio va televideniyeda ancha tanilib qolgan edim. Shular turtki bo‘ldimi, Mirza aka “Tojibar, baribir Toshkentda yashashimiz kerak ekan”, dedi. Yaqin do‘sti, rahmatli Yunus aka “Mirza, sizlar Toshkentda ijod qilishlaringiz kerak, katta sahnalarda o‘ynashingiz, katta aktyor bo‘lishlaringiz kerak”, deb, bir kechada Toshkentga olib kelib qo‘ygan. Turmush o‘rtog‘im har doim, har bir ishda mendan ma’naviy ko‘magini ayamagan. Men har qanday sharoitda ayol sifatida ham, san’atkor sifatida ham unga suyanganman. Ba’zan yarim tungacha, ba’zida tonglar otguncha mening ovozim va yangi qo‘shig‘im ustida ishlashdan erinmas edi. 

– Oilada erkak kishi san’atkor bo‘lsa, ko‘pincha, rafiqasi turmush o‘rtog‘ining bemalol ijod qilishi uchun sharoit yaratib berishga harakat qiladi, oila, bolalar tashvishini o‘z zimmasiga oladi. Sizlarda-chi? Bir oilada ikki san’atkorning ijod qilishi qanday muammo va qulaylik­lar yaratadi?

– Mening san’atda o‘z o‘rnimni topishimda bergan yordamlarini aytib, adog‘iga yetolmayman. U kishisiz hatto ovoz yozish studiyasida qo‘shiq yozolmasdim. Vokalda chuqur bilimga egaliklari uchun qaysi so‘zda qattiq nafas olyapmanu qaysi so‘zda oxirgi harf eshitilmay qolayotganigacha ilg‘ardi. Mustaqil yozgan qo‘shiqlarimni avval uyga opkelib, Mirza akamga eshittirsam, “Bir tiyinga qimmat yozgan qo‘shig‘ing, Tojibar, ovozing chiroyli, darding bor, so‘zni g‘ajiysan, so‘zni yeysan! Odamlarning joniga tegadi-ku!” deb qayta ishlashga majbur qilardi. Se’yomkadan charchab kelsalar ham, bolalar uyda yolg‘iz bo‘lsa ham men bilan yarim tungacha studiya­­da o‘tirardi. Biron marta norozi bo‘lganlarini ko‘rmaganman. Ayniqsa, u kishi she’r tanlashda injiq edilar, chunki she’riyatni yaxshi tushunar, she’r yoqmasa, o‘zgartirar, bu satr­lar shoirlarga ham juda ma’qul kelar edi. Shu darajada ilmli va zukko inson edi-ki, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Maxtumquli, Nodirabegim g‘azallarini chuqur tahlil qilardi.
     2001 yilda bolalarim yosh bo‘lishiga qaramay, meni san’atkorlar bilan xorij­ga, naq 40 kunlik safarga jo‘natgan. Bolalarimni so‘rab har kuni telefon qilsam: “Hoy, Tojibar, bolalarni oyoqqa turg‘izguncha rosa qiynalding. Damingni olsang-chi, yana qachon borasan Fransiyaga, bolalarni bog‘chadan oldim, ovqatlantirdim, mana, uxlab yotishibdi, mazza qilib dam olsang-chi”, deb meni tinch­lantirardi. Men uchun, mening san’atim rivoji uchun nima lozim bo‘lsa shuni qilganlar. 

– San’atkorning ayoli bo‘lishning ijobiy tomonlariga to‘xtaldingiz. Salbiy tomonlari nimalardan iborat?

– 35 yil san’atkor bilan yashadim, faqat baxt ta’mini tuydim, yomon tomonini ko‘rmadim. San’atkor bir-birini tushunadi. Agar boshqa soha vakiliga turmushga chiqqanimda yaxshi oila bekasi bo‘lardim, ammo meni san’atkor sifatida hech kim tanimas edi. Shunday inson bilan umrguzaronlik qilganimdan baxtiyorman.

– Bir-birini sevgan odam rashksiz bo‘lmaydi, albatta. Ammo bu tuyg‘u ba’zida o‘rtadagi ishonchning darz ketishiga ham sabab bo‘ladi. Ikki nafar el nazaridagi san’atkorlar orasida bunday noo‘rin janjallarning oldi qanday olingan?

– Rashk azoblarini biz ham ko‘p bora totganmiz. Ba’zan men u kishini, gohida ular meni rashk qilardilar. Ko‘pincha ularning jahllari chiqsa, jimgina yerga qarab turardim, toki jahllaridan tushmagunlaricha. Rashksiz muhabbatli turmush bo‘lmasa kerak. Inson ko‘ngli nimalarni xohlamaydi, deysiz. Yoshligimizda tor, kalta ko‘ylak­lar urf bo‘lgan. Yosh bo‘lgach, tengdoshlaring qatori oxirgi urfda ki­yinging keladi. Mirza akamni ko‘ngillariga qarab, olgan kiyimlarimni xarid qilgan do‘konimga olib borib bergan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. 

– Aktyorning kino muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan “Tubanlik” filmidagi 13 yoshli qizni xotinlikka olgan Turg‘un domla obrazi millionlab tomoshabinlarning “nafrati”ni qo‘zg‘adi. Hattoki, bunday holatlarni inkor etuvchi, “Jamiyatimizdagi yo‘q illat”ni sahnaga olib chiqqani uchun aktyorga qarshi norozilik bildirgan ba’zi odamlar va tashkilotlar ham bo‘lgan ekan. Bu nechog‘lik haqiqatga yaqin? 

– Aslida “Tubanlik” filmi syujeti voqelikka asoslangan. Bir kuni Mirza aka se’yomkadan kelib, og‘ir xo‘rsinib, “juda xunuk sahnani suratga oldik, agar voqealar aslicha berilsa, xalqimiz buni ko‘tarolmasa kerak”, dedi. Kino tayyor bo‘lgach, oilamiz bilan premeraga bordik. Qarasam, Mirza aka xuddi o‘ziga notanish filmni ko‘rayotgandek butun vujudlari bilan tomosha qilayaptilar. Biz ham dahshatga tushib, kino ichiga kirib ketdik. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan ayollar: “bu aktyorni yaxshi ko‘rardim, bu...” deb Mirza aka nomiga haqoratlar yog‘dirib tashlashdi. Kelinim “Adajonmi shu...” deb pinjimga tiqilgan... Men ham kinoligini unutib qo‘yib, Mirza akadan qo‘rqa bosh­ladim, “uyga borsa bir dasturxon atrofida qanday o‘tiraman bu odam bilan”, deyman o‘zimga o‘zim. Kino tugadi. Mirza akani odamlar o‘rab olgan, kimdir olqish­laydi, kimdir so‘kadi. Biz yonlariga yaqinlasholmadik. Shunda bir ayol oldimga kelib, “siz qanday yashayapsiz bu odam bilan, sizga haykal qo‘yish kerak”, desa bo‘ladimi! Men onaxonga “bu kino...” deya tushuntirishga harakat qildim. U olomonning orasiga suqilib borib, Mirza akamni haqoratlab ketdi. Uyga kelgach, holatimni tushuntirsam, “haliyam dahshatli sahnalari olib tashlangan”, dedilar. 
     Premeradan keyin “Abu Saxiy” bozoriga borib, do‘kondan ko‘ylak xarid qilayotsam, ortda qolgan Mirza aka salom berib, do‘konga kirib keldi. Uni ko‘rgan sotuvchi: “E, siz shu odamning xotinimisiz? Boring, men sizga narsa sotmayman”, deb menga ko‘ylak sotmasa deng! “Chorsu” bozoridayam shunday holat bo‘lgan. Bu rol Mirza Azizovga juda katta obro‘ olib keldi. 

– Shamolning shamoliman,
Yaxshining yomoniman.
Ko‘nglini menga bergan,
Mirzo yigit yoriman –

  deya baxtga to‘lib kuylagan qo‘shig‘ingiz qanchalik xit darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, undan keyingi ijodingiz mahsuli bo‘lgan "Men ketarman" ashulasi ham muxlislarning sevimli durdonasiga aylandi. Ammo:

Men ketarman, ketganimni bilmay qoling,

Bilganda ham sira parvo qilmay qoling.
Sizni suyub, parvonadek ado bo‘ldim, 
Bir adodek joyingizdan jilmay qoling – 

kabi satrlar aktyorning nomidan bugun, ya’ni vafotidan keyin aytilishi kerakday go‘yo... Ushbu qo‘shiqni aytishingizga nima sabab bo‘lgan? Unga aktyorning munosabati qanday bo‘lgan edi?


– O‘g‘limizning juda chiroyli ovozi bor. Ammo Mirza aka “san’atning noni qattiq, toshi og‘ir, mana, 40-45 yoshlarga kirganimda odamlar meni Mirza Azizov sifatida tanishdi”, dedi. Ota rizoligi uchun o‘g‘lim boshqa sohani tanlagan bo‘lsa ham qo‘shiq yozishni kanda qilmadi. “Onajon, shu qo‘shiqni aytasizmi”, dedi bir kuni. Mayli, dedim va uni tayyorladik. Ammo olti oygacha bu qo‘shiq haqida turmush o‘rtog‘imga aytolmay yurdim. Hamma do‘stlarimiz eshitgan. Nihoyat bir kuni kursdoshlarimiz davrasida o‘tirganimdan foydalanib, “bir yangi qo‘shig‘im bor, eshitib ko‘rasizmi?”, dedim. “Mayli, qo‘y-chi”, dedi. Lekin birinchi to‘rtlikni eshitishlari bilan “o‘chir”, dedi va ko‘zlari yoshga to‘lib: “Qo‘y, Tojibar, sen ketaman, deb meni kuydirmagin, mening ortimda qolgin bolalarga bosh bo‘lib”, deb yig‘lab yubordi... Anchagacha “bekor shu qo‘shiqni aytibsan”, deb yurdi. Klip­larini suratga olib, efirga uzatilgach, ularga ma’qul bo‘ldi, ammo keyinchalik bu qo‘shiqning bastakori o‘g‘lim ekanligini bilib, yana xafa bo‘ldi.

– Aktyor haqida gap ketganda, kasbdoshlari uning mahoratli aktyor bo‘lishi bilan birga, ilmli, katta ichki madaniyatga ega, g‘amxo‘r, do‘st uchun fidoiy, barchaga birdek yaxshilik sog‘inadigan inson, mehribon rahbar bo‘lganini aytishadi... 

– Yaxshilik... Insondan qoladigan buyuk e’tirof va yaqinlari rizoligi. Endi o‘ylasam, aktyorning har bir qadami nazarimda ana shu rizolikka erishish uchun tashlanardi. 
    Mirza aka haqiqiy do‘st, yaxshi inson edi. Birovdan yaxshiligini ayamas edi. Olamdan o‘tganlaridan keyin ham qancha nochor, begona odamlar kelib, menga va o‘g‘limga uning qilgan yaxshiliklarini aytishdi, qaytarolmadik, qaytarolmaymiz ham, faqat duo­­da bo‘lamiz, siz ham rozi bo‘ling, deyishdi.
    Ota sifatida ham farzandlariga juda mehribon va kerak joyida qattiqqo‘l bo‘lgan. “Sen ortiqcha g‘amxo‘rlik qilasan bolalarga”, derdilar-u ammo o‘zlari ham juda ko‘p mehr ko‘rsatar edi. O‘g‘lim ham, qizim ham sodda va samimiy, odamlarga yaxshilik ulashgilari keladi, mehri daryo bularning, deyman. Ularga shumlik yoki mug‘ombirlik begona. Bu xislatlar otasidan meros bo‘lib qoldi...

– O‘tgan yili Prezidentimiz yurtimizning bir guruh fidoiy farzandlarini vafotlaridan keyin “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi. Ular orasida birinchilardan bo‘lib Mirza Azizov nomi e’ti­rof etildi. Yurtboshimiz qo‘llaridan aktyorga atalgan ordenni olayotib, ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

– Mirza aka haqiqatan omadli inson edi. Hayotligidayoq mehnatlari qadr top­­di, bir necha bor taqdirlandilar: O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti, “E’tirof”, Bishkekda Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro mukofotni oldi. O‘zi o‘qigan maktabiga Mirza Azizov nomi berildi. Mana, vafotlaridan keyin ham Yurtboshimiz “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi. Orden qo‘limda turibdiyu, ko‘z yoshlarim orden qutisiga tomayapti. Bu quvonch yoshi, inson qad­ri ulug‘langan yurt ayolining iftixor ko‘z yoshlari edi. Shunday yurtda yashayotganimdan, shunday Yurtboshimiz borligidan shukronadaman. O‘tganlarni tirik­lar qatorida e’tirof etgan Yurtboshimizga ming rahmat! 
     Vodiyliklarga xos ibo, hayo, go‘zallik va nazokat kabi betakror xislatlarni o‘zida jamlagan, nafosati sohir ovoziga yanada jozibadorlik baxsh etuvchi Tojibar Azizova hijron, ayriliq, sog‘inch va jufti halolidan faxr va unga ehtirom tuyg‘ularini kuyga soladi. Uning daryo yanglig‘ to‘lib-toshib, jo‘shib aytayotgan qo‘shiqlari jarangi esa o‘zbek san’ati dovrug‘ini ellardan ellarga tarataveradi.

“Adolat” muxbiri Saodat MATYOQUB qizi suhbatlashdi.
Manba: "Adolat" gazetasi.
2022 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот