BODOM SHOXI TITRAGANDA...


Munavvara USMONOVA

BODOM SHOXI TITRAGANDA...


     Umr yo‘ldoshim sim qoqib tez kunda poytaxtga ko‘chib ketishimizni aytganida maslahat qilish uchun qaynonamning yoniga bordim:
 – Bolam, mening opa-singlim yo‘q, sizga suyanib qolganman. Oilamning to‘ng‘ichi ota o‘rnida yonimda bo‘lsa, ko‘nglim to‘q bo‘lardi. Ammo, taqdirning ishiga ilojimiz yo‘q, er qayerda bo‘lsa xotin o‘sha yerda bo‘lishi kerak. Ro‘zg‘oringiz to‘rt tomonga chochilmasdan bir butun bo‘lsa yanayam xotirjam bo‘laman. Cholim rahmatli shaharda yashashni orzulab o‘tdi. Hayot bo‘lganida suyunib sizlarni o‘zi birga olib borardi. Ota-onangiz bilan ham gaplashib ko‘ring. Dadangiz sizga boshqacha mehr qo‘ygan, olisda yashashingizga ko‘narmikan, rozilik berarmikan -dedi o‘ylanib.
     Dadam mening gaplarimni tinglagach,biroz indamay o‘tirdi-da, keyin: “O‘zingiz qanday fikrdasiz, qizim? – dedi menga savol nazari bilan qarab.
 – Men nima deyishga hayronman. Nevarangiz bu yil maktabni tamomlash arafasida. Ish, uy-joy, mol-qo‘y degandek, hammasini qanday tashlab ketaman,– dedim yig‘idan arang o‘zimni tiyib. 
 – Qizim, qiz bola palaxmon toshi degan gap mening ko‘nglimda yana bir isbotini topib turibdi. Sizlarga boshqa qishloqdan sovchilar kelsa “kanaldan pastiga qiz bermayman”, – deb katta gapirib, qo‘shni mahallalarga uzatibman. Taqdirdan qochib bo‘lmaydi. Singlingiz oilasi bilan shahar markaziga ko‘chib ketdi. Bugun siz undan olisga ketishga shaylanib turibsiz, rozilik bermay, ilojimiz yo‘q. Jondek yaqin, mehribon aka-ukalaringiz bo‘lgani bilan ular farzandlaringizga ota mehrini berolmaydi. “Tog‘a” deganiga jonini nisor qilsa ham, “dada” deb chaqirsa hech biri ortiga o‘girilmaydi. Ammo, dilingizga tugib olishingiz kerak bo‘lgan bir – ikki nasihatim bor. Inson qayerda bo‘lsa ham vatanparvar bo‘lishi, o‘zini emas xalqning manfaatini o‘ylab ish tutishi kerak. Haloldan rizq topib yegan odamning xalqumi toza, vijdoni uyg‘oq bo‘ladi. Kamol topaman, desangiz kamtar, xokisor bo‘ling. Boshi osmonni teshaman deb havolanib yurganlar ham, kimxob libos kiyib, va yo yamoq chopon kiyib o‘tganlar ham barchasi bir yerda, bir maqomda shu xokisor tuproqqa bosh qo‘yadi. Umr yo‘ldoshingiz nima desa sizga o‘sha gap qonun bo‘lishi kerak. Ardob atala ichsa-ichasiz, bo‘z matodan kiyim olib bersa, kiyasiz. Boriga ko‘nib — yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashasangiz hayotingiz havas qilgudek bo‘ladi. Olis joyda dard aytadigan yaqiningiz yo‘q – o‘g‘lingiz ota bo‘lsin, qizingiz ona. Bilaman, boshingizda yana qancha uqubat, qancha zahmat bor. Hammasini yangidan boshlashingiz kerak. Umr yo‘ldoshingiz oilam bilan birga bo‘lsam ishimda unum, topganimda baraka bo‘ladi, deb sizlarni chorlagan bo‘lsa kerak. Bir gapimni unutmang: Bir paytda “Oila omonligi – til bilan” deb nomlangan maqolangiz qo‘lma-qo‘l bo‘lgan, ko‘p yoshlar ibrat olgan. O‘z so‘zingizni oqlashingiz kerak qizim! Tilingizga erk bermang. Erning gapini qayirib, oyoqosti qilgan ayolning oxiri voy bo‘ladi. Gullagan bog‘im, yasatilgan uyim, jigarlarim qolib, kelganim shu to‘rt devor ichi bo‘libdimi, ketaman, deb tuguningizni qo‘lga olib yo‘lga tushsangiz, aro yo‘lda qaytib kelsangiz, men sizni kechirmayman. Ro‘zg‘or yukiga ikkilanmay yelka tuting. Boriga baraka bersin, deb Egamdan tilab harakat qilinglar. Katta shaharda o‘zingizga mos ish topolmasangiz, hunaringizni ishga soling. Buvixon chevarning nevarasi ekaningizni unutmang. Yana aytaman qizim, sabrli bo‘lishda hikmat ko‘p. Bir etak bola-yu, bir dunyo tashvishi bo‘la turib, dalaga chiqib ketmon chopgan, ipak qurti boqib, tunlari mijja qoqmay chiqqan onangiz hayotidan nolimay yashadi. Ikki tandir non yopsam, bir kunga yetmadi, – deb u aytmadi, katta ro‘zg‘orning kamini bir o‘zim tortyapman, hurmatimni joyiga qo‘y, deb men aytmadim. Ammo, oramizdagi izzat-hurmat hech qachon barham topgani yo‘q. Ijodingizni davom ettirsangiz, katta shoirlar izidan borib asl shoir bo‘lsangiz, nur ustiga nur, ammo, aksi bo‘lsa ham ruhingizni tushirmang. Oila degan qo‘rg‘onning bir tayanch ustuni bo‘lib qolasiz. Hayotning hamisha sahifasi ochiq turadigan “Ibrat” nomli kitobi bor. O‘sha kitobga mehribon ona, yaxshi beka, sodiq ayol degan nom bilan qayd etilasiz. Uyingiz, molu mulkingiz, oilangiz Ollohga omonat bo‘lsin. Bahorning ilk oylarida turibmiz. Qizim, men sizni o‘rningizga bodom ekaman... 
     Ketdik. Oilamiz bilan Toshkentga ko‘chib ketdik. Otam ekkan bodomlar qahraton qahridan qaqshab, arang bahorga yetib olsa ham, ayoz xanjari vujudini nimtalagan bo‘lsa ham qurimadi. Gullayverdi, gullayverdi, ko‘kka qarab intilaverdi, otamga mendan habar aytaverdi... aytaverdi... Bodom shoxi titraganda, dadam meni yo‘qlab boraverdi... boraverdi...
– “Anjonga boramiz”, – degan gap aytilgan lahzadan boshlab yuragim uyg‘onib ketadi. Ko‘zimdan uyqu qochib, vujudimni shodlik qamraydi. Ayniqsa, vodiyga yaqinlashganda mashinadan tushib gul ekilgan yo‘laklardan yugurib ketgim keladi. Dimog‘imga rayhon, issiq non isi uriladi. Yuragim xapriqib bo‘g‘zimga qadaladi. Yo‘lga chiqqanimizdan xabardor bo‘lgan dadam, ko‘cha darvoza yoniga to‘shak solib: o‘tirib olib, yo‘limizni poylaydi. “Dovon oshib meni ko‘rgani kelgan polvon qizim,”-deb erkalaydi. Shunday kunlarning birida dadam: “Sizda gapim bor, qizim”,– deb qoldilar. Jon deb quloq tutdim:
– Dadajon, borganimizga xali ko‘p bo‘lgani yo‘q-ku, keling desangiz uydagilar bilan maslahatlashib yo‘lga chiqamizda. Tinchlikmi?
     Dadam bizni sog‘inib, yaxshi kunlarini ilinib, yo‘llarimga termulib, to‘kilib-to‘kilib, o‘kinib kutardi. Oilasi but, xonadoni tinch bo‘lsin, deb o‘zi oq fotiha bilan tugunimga qand cho‘ntagimga pul solib kuzatgani bilan umrining oxirigacha diydorimga tashna bo‘lib o‘tdi. 
    2011 yil 5 may kuni dadajonim 85 yoshga kirdilar. Tug‘ilgan kunlarida mehmon kutishni, nevara, chevaralar, jigarlar bilan diydorlashishni yaxshi ko‘radigan dadamning tug‘ilgan kunlari katta bayramdek o‘tar, uyimiz mehmonga to‘lib ketardi. O‘sha kunlari katta akamning umr yo‘ldoshi, kelinoyimiz bevaqt vafot etgani bois hammamizning dilimiz qayg‘uda edi. Dadamni telefon orqali qutlab, xotira kuni boraman, dedim. “Meni xotirlaysizmi, qizim”,–deb hazillashdilar. “Yo‘q, dada o‘tganlarni xotirlab, sizni qadrlab boraman”, – deb javob qildim. O‘sha kuni borganimda dadamning negadir xayoli parishon edi. Taomgayam, odamgayam e’tibor qilmay, xayol surib o‘tirgan dadamni kuldirmoqchi bo‘lib, “Oltinim-u-uv”,- deb erkalab chaqirdim. “Huv”, – deb men tomonga o‘girilgan payti “o‘n kunda odam shuncha o‘zgarib ketadimi-a, men sizni tanimayapman, dada”,- dedim. 
– Qizim, bahorda, may oyida dunyoga kelgan edim. Mana shu oyda ketsam kerak. Sizdan bir iltimosim bor. Akalaringiz, xabar bersa, tez keling. Ko‘zim ochiq bo‘lsa xudoning inoyati, agar ko‘z yumgan bo‘lsam ham boshimga kelib: “Dada, men keldim”, – deng. Ruhim halovat topishi uchun ham shunday qiling. Bir yaxshi farzandidan otasi ming marta rozi bo‘lsa, men sizdan million, yuz million marotaba roziman. Onangiz ikkimiz sizlarni dunyoga keltirib har biringizga kasb-hunar, berib qatorga qo‘shib kam bo‘lmadik. Hammangizdan yaxshilik, mehr-muruvvat ko‘rdik. Mening boyligim ham, bisotim ham – sizlar. Uch qizni tarbiyalab, yaxshi xonadonga uzatib baxtini ko‘rgan ota-ona jannati bo‘ladi deyishadi. Xudo xohlasa, mahshar tongida ochiq yuz bilan uyg‘onaman. Shoir qizim meni, ikki yo‘lda ovorai sarson bo‘lib, qadr qiladigan bolam meni, bag‘rimdan uzilgan lola qizim, ona qizim, onam qizim meni...
    O‘sha kuni ota-onamning duosini olib, xayrlashib, endi mashinaga o‘tiraman deganda: “Munavvarxon qizim-u-u-uv” –deb ortimdan dadamning chaqirgani eshitildi. Qaytdim, yana qaytdim, o‘sha kuni besh marta xayrlashib, besh marta ortimga qaytdim. Umr yo‘ldoshim ham, meni kuzatib ortimda turganlar ham hayron bo‘lib qolishdi. Kun og‘a boshlagan paytida ham boyaqish, otam mendan ko‘nglini uzolmasdi, bir qadam tashlasam ortimdan ismimni aytib chaqirardi. Hamma narsani unutib o‘sha kuni dadamning yonida qoldim. Endi bilsam o‘shanda so‘nggi marta gaplarini eshitgan, oxirgi marta ko‘ksiga bosh qo‘yib vidolashgan ekanman.
     Odamlar paxsa, guvala bilan uy solgan o‘sha davrlarda dadam mehnat qilib hech kimnikiga o‘xshamaydigan ko‘rkli imorat tiklagan. Ko‘pincha ayvon ustunlariga qarab quvonib, “baland, chiroyli qurilgan uyda ulg‘aygani uchun ham o‘g‘il – qizlarimning qaddi tik, ruhi baland, burgut qarashlari bor-da”, – deb faxrlanib qo‘yardilar. 
Oilamning mustahkam bo‘lishi, farzandlarimning ko‘ngli butunlik bilan ulg‘ayishi uchun dadam o‘z mehrini, sog‘inchini, o‘kinchi-yu, armonini mening yo‘llarimga poyondoz qildi. “Andijonni sog‘inganimda”, deb yozgan she’rimni o‘qib berganimda, qo‘limdagi she’r bitilgan varaqni ko‘zlariga surtib, “Andajonim qoldi”,– deb yozgan Bobur bu yurtning tuprog‘iga zor bo‘lib o‘tdi. Siz ikki qadam tashlasangiz – Andijonni bo‘ylari ko‘rinadi. To‘ylarida, yaxshi kunlarida, Andijonni, Marhamatni yo‘qlashni, yozishni unutmang ,– degandilar. Azaldan Andijonimning tuprog‘i qutlug‘, nomi ulug‘ edi. Endi esa otam bosh qo‘yib yotgan bu mukarram tuproq men uchun ham aziz, ham muqaddasdir. 

Sekin borib, otam poyiga
Tiz cho‘kaman boshimni qo‘yib.
Yuzim bosib tuproq-loyiga, 
Ostonada yig‘layman to‘yib.

So‘ng gullagan bodom tagida
O‘tiraman daraxtni quchib.
U – otamning qizi bo‘ldi-da,
Men ketganda Toshkentga ko‘chib.










BIR KUNI...
BIR KUNI...
QADR
BIR KUNI...
UMIDLI DUNYO
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот