Ko‘z yoshingni hech qachon hech kimga ko‘rsatma


Nazira as-Salom: «Ko‘z yoshingni hech qachon hech kimga ko‘rsatma»

     Elimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf she’rlarini bugungi kunda o‘qimagan, yod olmagan kishi oramizda juda kam bo‘lsa kerak. Muhammad Yusufning rafiqasi, shoira Nazira as-Salom bilan shoirning umr yo‘llari haqida suhbatlashdik.

— Nazira opa, agar Muhammad aka hozir yoningizda bo‘lganlarida, nimalar degan bo‘lar edingiz?

— Muhammad aka bilan xayolan suhbatlashmagan kunlarim deyarli yo‘q. Bolalarning, o‘zimning muammolarimni aytib maslahat so‘rayman. Otamni yo‘qotganimdan keyin ular eng katta suyanchiq bo‘lganliklarini o‘sha lahzalarda sezmagan ekanman. Vafotlaridan butunlay dovdirab qolganman.

— Taskin va armonlaringiz…

— Bilasizmi, vaqt o‘tganidan keyin qismatga ko‘nglingiz ko‘nmasa ham, o‘zingiz ko‘nishga majbur ekansiz. O‘n yildan so‘nggina Muhammad akaning yonimda emasligiga ko‘nikdim, shunda ham yuragim ko‘ngani yo‘q. Bolalarim uchun kerakman degan fikr, xalqning ich-ichiga kirib borganim sari tadbiru uchrashuvlarda Muhammad akaga bo‘lgan mehr-muhabbat meni hayotga qaytardi, yuragimda yashash ishtiyoqini oshirdi. Sevimli shoirimizning adabiy merosini yig‘ish, nomlarini abadiylashtirishda hayotim mazmunini topdim desam, mubolag‘aga yo‘ymang. Men shundan kuch olaman va yashayman.
  Eng katta armonim ularning hech bo‘lmaganda ellik yoshga kirmaganlari. 80-yillarning oxirida hozirgi «Istiqlol» san’at saroyida «Muhammad Yusuf ijodiy kechasi» o‘tkazilib, unda to‘rt mingdan ziyod muxlislar ishtirok etgandi. Birorta odam o‘rnidan turib ketmasdan she’r tinglagan. Mahmudjon Azimov, Oxunjon Madaliyevlar qo‘shiq kuylashgan. Vafotlaridan bir hafta oldin «Zarafshon» restoranida ijodiy kecha tashkillashtiraylik, degan taklif bilan kelishgan. Men esa «Avvalgidek «Xalqlar do‘stligi» saroyida qilsangiz, yaxshiroq edi», desam, rahmatli «Siz orzulagan katta uchrashuvni ellik yoshga kirganimda o‘tkazamiz», degandi. Buni qarangki, bunday katta yubiley Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qarorlari bilan o‘zlari bo‘lmasalar ham shu dargohda nishonlandi.
     Muhriddin Xoliqovning rafiqasi Gulsaraxon bilan gaplashganimda bu ayolga havasim keldi. Rahmatli san’atkorning ijodlari ham, oddiy hayotdagi faoliyatlari ham videolarga muhrlangan ekan. Muhammad aka suratga tushishni unchalik xush ko‘rmasdi. Hatto, birga tushgan suratlarimiz ham kam.
   Shu o‘rinda jurnalist suratchi Abdug‘ani Jumaga minnatdorchilik bildiraman. Chunki ular Muhammadjon akani qayerda ko‘rsa, fotoga muhrlab olavergan ekanlar. Vafotlaridan keyin shu fotosuratlarni jamlab, katta albom qilib berdilar. Evaziga mendan biror narsa so‘raganlari ham yo‘q. Yana televideniyeda ishlaydigan Jo‘ra Boborahmat ham o‘zi olgan ko‘p suratlarni berdi.
     Muhammad aka mening biror joyga borishimni uncha yoqtiravermasdilar. «Siz yozavering, o‘zim kitob qilib chiqarib beraman», derdilar. Xuddi shu tarzda, ularning ishlari bilan shug‘ullanishimni ham istamasdi. Shu boismikan, vafotlaridan keyin men ancha qiynaldim.
  Katta qizimiz Ma’sudani bosh bo‘lib uzatib, nabiramizga Bilol deb o‘zlari ism qo‘ydilar. Armonlarimdan biri – ikki qizimizning to‘yini ko‘rmaganlari. Qizlarimning ko‘ngli umrbod yarim bo‘ldi. Hech narsa ularga otalari o‘rnini bosolmaydi. Yana bir armon, agar hayot bo‘lganlarida qanchadan-qancha go‘zal she’rlar dunyoga kelib, elimiz undan bahramand bo‘lardi.

— Shoirning «Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr» degan satrlarini o‘qib, bejiz yozmagan ekanlar, deb o‘ylaysan kishi.

— Bu she’rning o‘ziga xos tarixi bor. Oxunjon Madaliyev bilan Muhammad aka tanishishganda xonanda Farg‘onada yashagani sababli boshqa san’atkorlar kabi tez-tez uchrashib turishmagan. Namanganda katta stadionda ikkalalarining ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Oxunjonning Muhammad akaga juda mehri baland edi. O‘shanda u «Aka, ijodiy hamkorlik ham qilolmayapmiz. Tadbir tugaganidan keyin yangi she’rlardan yozib bering», deya iltimos qilgan. Muhammad aka shu yerda o‘tirib, qisqa fursatda to‘rtta she’r yozib bergandilar. Shularning bittasi «Tug‘ilmagan qo‘shiqlarim, sizdan uzr», ikkinchisi «Farg‘onamning parivashlari» edi.
    Umuman olganda esa ular juda kuzatuvchan edilar. To‘yga borsalar, davrada biroz o‘tirib, «Hozir bir-ikki og‘iz gapim bor edi», deb samovarchining yoniga borib gaplashib o‘tirishni yaxshi ko‘rardilar. Ular shu tarzda odamlarni kuzatar ekanlar, o‘rganarkanlar. Yana «She’r yozish uchun ko‘proq proza o‘qish kerak», derdilar.
— Shoirning rafiqasi sifatida u bilan yashash, uning quvonch-shodliklarini baham ko‘rish, tashvishu iztiroblarini bo‘lishish oson kechmagandir?

— Ijodkorning ijodkor bilan yashashining oson tomoni shundaki, bir-birining ruhiyatini tushunishadi. Bu degani uning she’rni o‘zi istagandek to‘la-to‘kis yozishi uchun shart-sharoit yaratib berish, xalaqit qilmaslik. She’rning dunyoga kelishini to‘lg‘oq tutayotgan paytga qiyoslash mumkin. She’rlarini asosan uyda, farzandlaridan xotirjam bo‘lgan chog‘larida yozganlar. She’r qog‘ozga tushayotganda ular xalal bermasligi shart edi. Yozganlarini, albatta, menga o‘qib berardilar. Men yonlarida bo‘lmasam, butun boshli she’rning bahridan o‘tgan paytlari ham bo‘lgan, yirtib tashlaganlar. Shuning uchun har doim sergak turishim kerak edi. Ularni tushunib yetganim uchun haqiqiy do‘stga aylangandim. Meni shuning uchun qadrlardilar.

— Siz nimalardandir voz kechgansiz, to‘g‘rimi?

— Bu mening ixtiyorimdagi narsa edi. Muhammad aka meni ko‘p yozishimni xohlardilar. Balki ko‘nglimni ko‘tarish uchundir, balki ijodiy jarayonga qo‘shilib ketishimni istabmi, «Mana bu she’ringiz ancha kuchli, yaxshi», derdilar. Mening esa ularning she’rlarini o‘qiganimdan so‘ng yozishga bo‘lgan xohishim asta kamaygan. «Men aytmoqchi bo‘lgan narsalarni yozib bo‘ldilar», deb ancha yillar qo‘limga qalam olmay qo‘yganman.
     Shoir odam aslida anchayin injiq bo‘ladi. Muhammad akaning ham fe’l-atvori o‘ziga xos bo‘lgan. Agar ko‘chadan uyga kirib kelganida taom tayyor bo‘lmasa, indamasdan yana ko‘chaga chiqib ketishi ham mumkin edi. El tanigan odam bilan yashash, bir-birini tushunish, she’rlarini sevish, meni shoira sifatida tan olishlari ham katta baxt edi.

— Aytgancha, kenja qizingiz Madinaxon she’r yozadi, deb eshitgandim. Bugungi kunda ham u she’riyatga oshnomi?

— Madinaxonning ilk she’rlar to‘plamini ayni kunda nashrga tayyorlayapman. U otasini juda sog‘ingan damlarida qo‘liga qalam oladi. She’rlarining deyarli barchasi otasiga bag‘ishlov. Kasb borasiga kelsak, siz bir narsani o‘ylaysiz, hayot yo‘llari esa boshqa to‘lqinga olib ketishi hech gap emas ekan. Katta qizim Ma’sudaning shifokor bo‘lishini istagandilar. U esa o‘zi jurnalist bo‘lishni xohladi. Іozir «Yoshlar» telekanalida faoliyat yuritayapti. Ilk ko‘rsatuvi efirga ketganida Qoraqalpog‘istonda ko‘rib, rahbariga qo‘ng‘iroq qilibdilar: «Qara, qizim, ancha eplabdi. Jurnalist chiqadi, shekilli» debdilar. Ikkinchi qizim Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘qidi, u ham gazetada ishlayapti. Eng kichigimizni tug‘ma yurist bu qizim, huquqshunoslikda o‘qiydi, derdilar. U Jahon tillari universitetini bitirib, bankda ishlayapti, o‘z ishidan, jamoasidan juda xursand.
— Farzandlariga qanday o‘gitlar qilardi?

— Avvalo bolalarimizga qiz yoki o‘g‘il bola deb emas, farzand – Allohning eng buyuk ne’mati deb qaragan va yeru ko‘kka ishonmagan. Qizlarimizni o‘g‘il bola qanday ishni uddalashi kerak bo‘lsa, hammasiga asta-sekin o‘rgatganlar. Masalan, mashina haydashni. «Bolalar sport bilan shug‘ullanishi kerak», deb hisoblaganlari bois o‘zlari mashqlarni birgalikda qilardilar. Uyimizda trenajyor bor edi. Іaliyam o‘sha joyda turibdi. Qizlarimga ko‘proq erkinlik berardilar, men esa qattiqqo‘llik qilardim. Menga aytmagan so‘zlarini qizlariga aytardilar, qizlar ham ba’zan otalari bilan sirlashishardi. Katta qizimga «Sen o‘zingni qiz bolaman deb hech qachon ojizlik qilmagin, ko‘z yoshingni hech qachon hech kimga ko‘rsatma», degandilar. Kichik qizim Madina «Dadam yosh vafot etishlarini sezgandek, bizga kuchli bo‘linglar, deya tarbiya berganlar», deydi.

— So‘nggi suhbat chog‘ida nimalar to‘g‘risida gaplashgandingiz?

— O‘shanda qizlarim buvimiznikiga boramiz, deb xarxasha qilishgan. Qaynonam rahmatli juda mehribon bo‘lganlari uchun sog‘inib, ularni ko‘rgilari kelaverardi. Muhammad aka esa arang ko‘ndilar, men bolalarni olib Andijonga ketdim. Rahmatli umr yo‘ldoshim uyda yolg‘iz qolishni juda yomon ko‘rardi. Ertasiga azonda izimizdan Andijonga yetib bordilar. «Bolalar yo‘q, sen yo‘q, siqilib ketdim», dedilar o‘zlarini oqlab. Oradan bir kun o‘tib, Toshkentga qaytamiz, deb qoldilar. Qizlar esa yana ozgina qolaylik, deb turib olishdi. Shundan keyin ikkalamizga samolyotga chipta oldilar. Bugungi kunda o‘shanda ichki sezgilari ayon qilgan, deb o‘ylayman. Samolyotning uchishi kechiktirilgani bois, bo‘sh vaqtimiz borligi uchun meni butun Andijonni aylantirganlar, ba’zi joylar bilan tanishtirganlar. «Anchadan buyon meni yo‘qlayotgandi», deb mashhur bokschi Muhammadqodir Abdullayevning choyxonasiga olib bordilar. Lekin uning o‘zi yo‘q ekan. Yordamchilari chiroyli kutib olishdi. Keyin qahvaxonaga olib bordilar. Sherali Jo‘rayev ijrosidagi bir qo‘shiqni qayta-qayta qo‘ydirib eshitdilar. Shu kuni har xil mavzularda rosa gaplashdik. Samolyotga o‘tirganlarida esa yelkamga bosh qo‘ygancha pinakka ketdilar. Bir ozdan keyin cho‘chib uyg‘onib, menga qarab shunday dedilar: «Noz, sening mehribonchiligingga yarasha javob qaytarolmadim, qadrlolmadim. Mendan xafa bo‘lmagin», dedilar. Bu so‘zlardan hayron bo‘lib, «Biror marta men sizdan xafa bo‘ldimmi?» dedim. Shu tarzda yana suhbatimiz davom etdi. Uyga qaytganimizdan keyin ko‘p o‘tmasdan Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdilar. «Negadir, oyog‘im tortmayapti, lekin odamlar kutishayapti, bormasam bo‘lmaydi. Bir insonni ziyorat qilish niyatida edim. Shu bahona shu niyatimni ham amalga oshiraman», deb yo‘lga chiqdilar. Balki odamlar oldidagi mas’uliyatni his etganlaridan shunday degandirlar. Oxiratlari obod bo‘lsin.

Ma’pura NABIYEVA suhbatlashdi.
Manba: "Darakchi" gazetasi. 2018 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот