“ERIMNI O‘YNASHI BILAN TUTIB OLDIM...”


SHAHARNI SOG‘INDIM

    Erim uch kunlik xizmat safarini ro‘kach qilib turib oldi-yu, erinmasdan borib, meni o‘zining qishlog‘iga tashlab keldi.

   Kelishuvimizga ko‘ra, bu yerda bir hafta turishim, so‘ng shanba kuni ertalab yo‘lga chiqishim kerak edi. Sodiqjon akam meni avtobekatda kutib turadigan bo‘lgandi.

  Ammo, ochig‘ini aytay, shaharning qulay shart-sharoitlariga ancha o‘rganib qolgan ekanman. Qishloqda oddiygina gazni aytmay qo‘ya qolay, chiroqning tez-tez o‘chib turishi, ayniqsa, sovuq suvning vaqti-vaqti bilan kelishi asablarimni o‘ynata boshladi.

   Axir shahar baribir yaxshi-da: bir jo‘mrakni buraysan, muzday suv keladi, ikkinchi buraysan — qaynoq suv.

   Qishloqdagi chang-g‘ubordan so‘ng kechqurun hech bo‘lmasa muzday suvga bir chayinib olgim keladi. Qayoqda deysiz. Ariqqa borib suvga tushib kelishga uyalaman.

   Kechqurun esa endi o‘zim yaxshi ko‘radigan serial boshlanish oldidan chiroq bir-ikki lipillab turadi-da, o‘chadi-qoladi.

  Qishloq odamlari bunga o‘rganib ketishgan. Parvo ham qilishmaydi. Mabodo kechqurun chiroq o‘chavermasa, xavotirlanib tez-tez soatga qarab qo‘yisharkan:

— Vaqt bo‘ldi-ku, — deb qo‘yishadi norozi tarzda. — Nega o‘chmayapti?

Beixtiyor:

— Nega axir o‘chishi kerak? — deb yuborishdan o‘zimni bazo‘r tiyaman.

   Nihoyat davradan kimdir izoh beradi:

— Bugun o‘chmaydi. Falonchinkida to‘y. Kunduz borib energetiklarning og‘zini moylab kelgan.

Dasturxon atrofida o‘tirganlar bir narsani tushunganday:

— Ha-a, unda yaxshi bo‘pti, — deb qo‘yishadi.

   Ishqilib, shunday kunlari televizor ko‘rib qolaman.

   To‘y bo‘lmagan oqshomlari esa yotaveraman, yotaveraman, sira tong otmaydi.

   Qishloqda hayot juda erta boshlanarkan. Keksa qaynonam bilan qaynotam namoz o‘qishgani uchun ham tong saharda turib olishadi. Ularga issiq suv tayyorlaydigan katta ovsinim Ulbo‘sin chol-kampirdan avval turib olishini ko‘rib, hayratga tushaman.

   Mushtday Ulbo‘sin kun bo‘i tinim bilmaydi. Xuddi prujinasi burab qo‘yilgan qo‘g‘irchoqday u yoqdan-bu yoqqa zipillab qatnagani-qatnagan.

   O‘, bu Ulbo‘sinning charchamaganini! Hovli supuradi, sigir sog‘adi, non yopadi, ovqat qiladi, bo‘tana suvda idish-tovoq yuvadi, yana orada vaqt topib mendan xabar olib qo‘yarkan:

— Zerikmayapsizmi? — deya mehribonlik ham qiladi.

   Uch kun chidadim, to‘rt kun, qarasam, juda qiynalib-ezilib ketayapman. Shaharning muzday suvlarini sog‘ina boshladim. Bu yerning iliq, ta’mi allaqanday g‘alati suviga hech ko‘nika olmadim. Choyini-ku, ichib chanqog‘im qonmasdi.

   Ahvolimni sezdi shekilli, Ulbo‘sin bir kuni hech tugamaydigan yumushlari orasida mendan xabar olib qo‘yishga kelgan mahali jilmayib turib:

— Qaynimizni sog‘inibsiz-ov, — dedi.

   Ochig‘iga ko‘chdim:

— Qayningizni bilmadim-u, lekin shaharni sog‘inganim rost.

   Ulbo‘sin yana jilmaydi:

— Har kimning o‘rgangan joyi. Biz bu yerga ko‘nikib ketganmiz. Shaharga borsak qiynalib ketamiz. Hamma yoq uy, hamma yoq odam. Yerdan qaynab chiqqanday...

— Shunday, — deb qo‘ya qoldim.

   Bu yerda bir ishni yolchitib qilishim amrimahol edi. Buning ustiga tinib-tinchimas Ulbo‘sinning menga biron ish qoldirishi yoki qildirishini tasavvur etishning o‘zi mushkul edi.

   Shu sababli sof vijdon bilan o‘zimni o‘zim ko‘ndirdim-da, Ulbo‘sin orqali qaynona-qaynotamga shaharga juma kuni qaytishim lozimligini, chunki xuddi shu kuni Sodiqjon akam meni shahardagi avtobus bekatida kutib turishini bildirdim.

   Ishqilib, bir kun bo‘lsayam ertaroq qaytmoqchiydim.

   Zero, qishloqqa kelganimdan buyon har kuni terlayman. Go‘yo vujudimga achimsiq ter isi o‘rnashib qolganday. Cho‘milayin desam...

   Sodiqjon aka meni shu ahvolda ko‘rmasin, degan o‘yga ham bordim. Axir onangni otangga bepardoz ko‘rsatma deganlar.

   Yaxshisi uyga borib, maza qilib yuvinib, kiyimlarini almashtirib, atir-upalarning yoqimli isiga burkanaman-da, erimni kuti-ib o‘tiraman.

   Sodiqjon akamga bir “syurpriz” tayyorlay.

   Vaholanki, o‘sha payti o‘zimni qanday “syurpriz” kutayotganligi xayolimga ham kelmabdi.

  

O‘Z UYING — O‘LAN TO‘SHAGING

 

   Baribir, qishloqning qandaydir sehrimi, mehrimi bor.

   To‘g‘risi, erim tug‘ilib o‘sgan qishloqdan chiqib ketar mahal his qildim buni.

   O‘zim ham kutmagandim buni. Huddi yuragimning bir parchasi shu yerda qolib ketayotganday. Holbuki, ketgancha oshiqayotgandim-ku.

   Qanday eplagan, hayronman, kelgan kunimdan beri mendan aylanib-o‘rgilib charchamaydigan qaynonam katta ro‘zg‘or xaltasiga bir tandir patir yopdirib beribdi. Boshqa bir xaltada turshak, mayiz, yong‘oq va hattoki parvardagacha bor.

   Bunday mehribonlikni ko‘rib ko‘zlarimda yosh paydo bo‘ldi...

   Bechora qaynonam bungayam qanoat hosil qilmabdi. Kichik bolalarini chaqirib:

— Kelin buncha yuk bilan qiynalib qoladi, birontang oborib tashlasang yaxshi bo‘lardi, — deya maslahat solibdi.

   Qarasam, bir emas, ikkita qaynim men bilan shaharga dovur keladigan.

   Ish qizigan payti bo‘lsa, bechoralarning bosh qashishga vaqti yo‘g‘-u, men bilan salanglashib yurishadimi? Shu sababli bu taklifni darhol rad etdim. So‘ng ko‘zimni lo‘q qilib:

— Avtostansiyada Sodiqjon akam kutib oladi, shunga kelishganmiz, — deb turib oldim.

   Ishqilib, ularni ishontirdimu, eski bir avtobusda terlab-pishib shaharga yetib keldim.

   Pulni har qancha iqtisod qilishga urinmay, baribir sabrim chidamadi — avtobekatdan uyga qadar taksida keldim.

   Hamishagiday, “dom”imiz hovlisi bo‘m-bo‘sh edi. Shungayam xursand bo‘ldim. Zero, hozir biron qo‘shni ayol bilan gurunglashib turadigan ahvolda emasdim. Chunki hamsoyalar bilan har qanday gurung, hattoki shunchaki hol-ahvol so‘rashish ham eng so‘nggi yangiliklar bilan qo‘shilib kamida yarim soat, bo‘lmasa bir soat davom etishini aniq bilarim.

   To‘rtinchi qavatga uchib chiqdim o‘ziyam.

   Eshikni ichkaridan yopdimu, o‘zimni qushday yengil sezdim!

   Nihoyat o‘z makonimga yetib keldim! O‘z uying — o‘lan to‘shaging, deb bejiz aytmaganlar axir.

   Uyimning har bir qarichi ko‘zimga o‘tday ko‘rinib ketdi.

   Chuqur nafas oldim va baxtiyor qiyofada devorga suyanarkanman, hozir vannaga kirib, muzday suvda maza qilib cho‘milishimni tasavvur qildimu, badanim huzurdan jimirlashib ketdi.

 

KUTILMAGAN SOVG‘A

 

   Bir paytlar rahmatli onam aytardilar:

— Erga tekkan ayoldan hech narsa qochib qutulmaydi, endi u  terisi bilan ham ko‘ra boshlaydi.

   To‘g‘risi, bu gapga aslo ishonmagandim.

   O‘zi doim shunaqa bo‘larkan, boshingga tushmaguncha...

   Xullas, engashib poyabzalimni yechayotgan paytimda...

   Men avvaliga his qildim. Begona isni.

   Ha, bu begona is edi va, adashmasam, ayol kishiga tegishli edi. Har qalay, bunaqa o‘tkir hidli atirni ishlatmasligim aniq edi.

   Sodiqjon akam ham hech qachon bunaqa hid taratib yurmagan.

   Birdan bo‘shashib ketdim.

   Tuflimni apil-tapil yechdimu, narsalarni shu yerda qoldirgan ko‘yi yotoqxonaga otildim.

   Ko‘nglim bir narsani sezgan ekan...

   Yotoqxonada bu hid dahshatli darajada hamma joyni egallab olgan edi.

   Bo‘g‘ilib ketdim. Ammo eng dahshatlisi hali oldinda edi.

   Mening... bizning to‘shagimizda birov yotgani aniq-tiniq ko‘rinib turardi. G‘ijimlangan ko‘rpa divandan sirg‘alib, pastga tushib qolgan. Oppoq choyshab behayolarcha ochilgan...

   Nima qilishimni bilmay qoldim.

   Ko‘ngilda esa bitta, birgina istak: “Hozir oshpichoqni olamanu, Sodiqjon akamni qiymalab tashlayman!..”

Beixtiyor pichirlab yuboribman:

— Mana, qanaqa ekan erjonimning xizmat safari...

   Ayol kishining qonida bormi izquvarlikka moyillik yoki bunaqa paytlari yashirin iste’dodlar ochilib ketadimi, haytovur, men engashib, nimagadir xonaga to‘shalgan gilamni diqqat bilan kuzatib chiqa boshladim. Nima izlayapman, o‘zim ham bilmasdim.

   Yo‘q, tezda topdim. Bu yana bir dalil edi — ayol kishining uzun-uzun soch tolalari. Qo‘ng‘irtob. Demak bo‘yalgan. Demak “modnitsa” juvonlardan.

   Beixtiyor Sodiqjon akam bir-ikki marotaba ishdan shunday qizlarning rangli suratlari tushirilgan jurnallarni olib kelganini eslagandim.

   O‘shanda:

— Ha, tinchlikmi, mallavoylarni ko‘tarib qopsiz? — deb so‘ragandim ham.

   Erim:

— Ha, endi bular go‘zallik timsollari, san’at asari, — deb qutulgandi.

   Demak, o‘sha paytlariyam ko‘ngli sust ketib yurgan.

   Demak, xizmat safari bahona men omi, befarosat xotinidan qutulganu, shartta bittasini boshlab kelgan!

   Kim biladi, qachondan beri yuradi! Kim biladi, qayerlarga birga borishgan!..

   Tutaqib ketdim. Asta-sekin ko‘zimga qon to‘la boshladi.

   O‘zimcha qonli o‘ch olish rejasini tuzishni istardim, ammo hozircha buni eplay olmayotgan edim.

   Men erimga qo‘shib o‘sha malla sochli oyimchaning ham boplab ta’zirini berishni istardim.

   Lekin qanday qilib?..

 

KUNDOSHIM O‘Z OYOG‘I BILAN KIRIB KЕLDI

 

   Tan olay, saratonda yoqqan qorday bu kutilmagan holatdan esankirab qolgandim. Bu mening xotirjam mulohaza yuritishimga xalaqit berardi.

   Ko‘zimga ko‘ringani qon va yana qon edi, xolos.

   Istagim ham shunga yarasha: qonli qasos!

   Shu turgan holatimda qotib turib qoldim.

   Axiyri qo‘rg‘oshinday og‘irlashgan oyoqlarimni arang sudrab, oshxonaga o‘tdim. Xolodilnik eshigini ochdim. Kutganimday, ikkita kon’yak, bittasining og‘zi ochilgan, suv, qazi-qarta, shokolad va tort.

   Issig‘im chiqib ketdi.

   Men u yoqda yuribman terga botib, bu yerda esa Sodiqjon aka maishatning zo‘rini qilib, kon’yak ichib, gazagiga shokolad yeb yuribdi!

   Stolga qaradim. Ikkita finjon.

   Beixtiyor shivirlab yubordim:

— Kofe ichishibdi, yashshamagurlar! 

   Holbuki, bu finjonlarni erimning o‘zi 8 martda sovg‘a qilgandi. O‘shanda hatto maqtanib:

— Qish kelsa, sovuq tushsa bularda maza qilib kofe ichi-ib o‘tiramiz, — deb maqtangandi ham.

   Shu gaplarni aytguncha tilginang uzilib tushsa bo‘lmasmidi, munofiq!

   Dasturxonga qo‘l tekkizishga ham jirkanardim.

   Ana shunda...

   Ana shunda tashqaridagi temir eshikka kimdir kalit solganini eshitganday bo‘ldim.

   Asab tolalarim benihoya zo‘riqqan edi, har bir narsani ko‘rib, his qilib, ko‘rmaganlarimni tasavvur etib turardim.

   Adashishim mumkin emas edi.

   Men shamoldek yelib bordim va qishloqdan o‘lay deb ko‘tarib kelgan xaltalarni ko‘tarib balkonga o‘tqazib qo‘ydim.

   O‘zim esa... eshik ortiga o‘tib, yashirinib oldim.

   Men nimanidir kutardim.

   O‘lay agar, nima kutayotganimni o‘zim ham bilmasdim. Biroq hozir nimadir sodir bo‘lishini sezib-his qilib turardim.

   Mana, temir eshikning ikkinchi qulfi ham ochildi.

   Nimadir shiqirladi, taqillagan tovush esa polga baland poshnaning urilganiga o‘xshardi.

   Oradan men uchun yillardek cho‘zilib ketgandek tuyulgan bir necha soniya o‘tdi va men...

   Men ko‘rdim. O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim.

   Yigirma besh yoshlardagi, yelkasiga tushgan silliq sochlari malla, rosa bo‘yab-bezangan, torgina, yoqasi o‘yiq qora ko‘ylagi badanini sirib, qomatini ko‘z-ko‘zlab turgan juvon... hushtak chalgancha, beparvo tarzda kirib keldi.

   Nima qilishni ham bilmay qoldim. Ammo hamon eshik tirqishidan ko‘zimni uzmasdim.

   Ayol hushtak chalgan ko‘yi yotoqxonaga kirib ketdi va zum o‘tmay guldor xalatni yelkasiga tashlab chiqdiyu, vannaxonaga kirdi-ketdi.

   Men joyimda shamday qotib turardim.

   Vannadan suvning shovullagani eshitildi.

   U... megajin mening vannamda cho‘milmoqda edi. Men olislardan terlab-pishib, orzu qilib kelgan vannamda!

   Miyamga qon tepdi.

— O‘ldiraman! — deya pichirladim o‘zimga o‘zim. — Ikkalasini ham! 

   Ayni damda dilimda shundan o‘zga istak yo‘q edi.

   Sekin oshxonaga o‘tdim va tortmadan erim go‘sht maydalagan kezlari ishlatadigan boltacha oldim.

   Boltachaning muzday dastasi menga quvvat bag‘ishlaganday bo‘ldi.

   Oyoq uchida borib, asta, shiqirlatmasdan vannani ustidan qulfladim. Endi erimning o‘ynashi qopqonda edi. Ichkarida hamon suv shovullardi. Manjalaqi bir nimalarni xirgoyi qilgancha cho‘milmoqda edi. 

   Miyam juda tez ishlardi.

   Nimadir qilishim kerak edi.

   Erim keladimi yoki yo‘qmi? Kelsa, qachon keladi?..

   Asta yurib kichkina xonaga o‘tdim.

   Bunaqa paytlari ayol kishi kimga ham dardini aytardi? Eng yaqin, sirdosh dugonasiga-da.

   Erimning (Endi u kishini xayolimda ham “Sodiqjon akam” deb aytolmasdim) yigirma yillik qadrdon do‘sti Murodjonning xotini Lobar bilan juda apoq-chapoq edim. To‘g‘risi, hammaning bu oilaga havasi kelardi. Eri xotiniga qanchalar mehribon, xotini eriga! O‘ziyam yarim kun ko‘rishmay qolishsa bas, bir-birini sog‘inib o‘lishardi! Er-xotinning bir-biriga muhabbati tillarda doston edi, ko‘pchilik ularni orqavoratdan ham, oldilarida ham “Layli-Majnun”, qisqaroq qilib esa “LM” deb atashardi. Xuddi atayin qilganday, Murodjon aka aynan shunaqa nomli sigareta chekardi. Hatto bu ajoyib, hammaga ibrat bo‘larli oila haqida gazetada yozishgan, ularni bir necha marotaba televizorda ham namoyish qilishgan.

   Xullas, bu er-xotinning sadoqatiga, mehriga, muhabbatiga tasannolar aytmay iloj yo‘q edi. Hamma qatori men ham ularga havas qilardim va tez-tez bu Layli-Majnunni erimga ibrat qilib ko‘rsatardim:

— O‘rtog‘ingizni qarang! Xotinini boshiga ko‘taradi-ya, boshiga! Ikki soat ko‘rmasa sog‘inib, tentakka o‘xshab qoladi! Oila degani shunday bo‘lsa-da...

   To‘g‘risi, ko‘p masalalarda Lobarga maslahat so‘rab murojaat qilardim. Bu go‘zal juvonning oqilaligiga ham tan berardim. Bir so‘z bilan aytganda, Lobar bilan Murodjon bir-biriga uzukka qo‘yilgan ko‘zday munosib edilar. Hech kim ularni bir-biridan ayro tasavvur etolmasdi.

   Nima qilay, dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib turgan mahali biirnchi bo‘lib ablah erimni emas, oilasidan baxt topgan go‘zal, oqila Lobarni esladim.

   Lobarga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo u qo‘l telefonini ko‘targandan keyin ham bir necha soniya nima deyishni bilmay, entikib turib qoldim.

   Qo‘l telefonida raqam paydo bo‘lgan shekilli, nihoyat Lobarning o‘zi:

— Bu sizmisiz, Dilrabo? — dedi. Indamay turganimni anglagach esa xavotir bilan so‘radi: — Tinchlikmi, dugonajon.

   Men arang lablarimni qimirlatdim va o‘limga mahkum qilingan asira yanglig‘ sado berdim:

— Men erimni o‘ynashi bilan tutib oldim...

   Lobar ham bir zum jim qoldi. Keyin ohista so‘radi:

— Endi nima qilmoqchisiz?

— O‘ldiraman! — dedim.

— Kimni? — hayron bo‘lib so‘radi Lobar.

— Ikkalasini ham! — dedim pichirlab.

— To‘xtang, to‘xtang, — dedi Lobar shoshib. — Avval o‘zingizni bosib oling. O‘ldirish qochmaydi.

— Baribir o‘ldiraman! — deb shivirladim qat’iylik bilan.

— O‘ldirish qochmaydi, — deya takrorladi Lobar. — Avval bu xiyonatning sababini aniqlash kerak.

— Xiyonatda... sabab bo‘ladimi? — dedim dovdirab.

— Albatta-da, — ta’kidladi Lobar. — Odatda, er kishi uyida yoki xotinida yetishmagan narsani ko‘chadan, boshqa ayoldan izlaydi. Keling, Sodiqjonni bu yo‘lga boshlagan sabablar haqida gaplashaylik.

— Men hech narsani bilmayman, Lobar opa, — dedim dovdirab.

— Sizni tushunmayapman, — dedi Lobar xavotirlanib.

— Bunday kun sizning boshingizga ikki dunyodayam tushmaydi. Shuning uchun meni tushuninishingiz qiyindir. Lekin men...

   Ortiq gapira olmay qoldim. Tomog‘imga mushtday bir nima kelib tiqilgandi.

— To‘xtang, shoshmang! — deb qoldi Lobar. — Men hozir yetib boraman. Birgalikda xotirjam o‘tirib, hammasini muhokama qilamiz. Iloji bo‘lsa Sodiqjon aka bilan o‘zim gaplashaman...

   Lobar hamon allanarsalarni kuyib-pishib gapirardi. Men go‘shakni apparatning yoniga qo‘ydim va boltani changallagan ko‘yi asta vanna tomon yurdim...

  

QON TO‘KILDI

 

   Hali aytganimday, bunaqa mahallari ming titrab-qaqshamang, ba’zi lahzalarda miyangiz xuddi soatday aniq chiqillab ishlarkan. Bo‘lmasa go‘shakni joyiga qo‘ymasligim lozimligini, chunki unda Lobar qo‘ng‘iroq qilaverib bezor qilishini o‘ylab ham o‘tirmadim, shunchaki bu ishni beixtiyor bajardim.

   Keyin vanna yoniga keldim.

   Ichkarida mallasoch manjalaqi hamon suvni shovullatib, bir nimani baqirib xirgoyi qilgancha cho‘milmoqda edi.

   Ichkaridan harom isi kelardi!

   Men... chiroqni o‘chirdim. Vanna ichi qop-qorong‘u bo‘lib qoldi.

   Birdan suv o‘chdi. Keyin ichkaridan manjalaqining nozli ovozi eshitildi:

— Bunaqa hazillmashmang, akajon! Qorong‘ida biron narsani sindirib qo‘ysam, keyin o‘zingiz baloga qolasiz sevimli xotiningizdan!

   Voy “akajon” degan tillaring uzilib tushsin! Xotini borligini bilib turib...

   Lekin indamadim.

   Jimlikdan xavotirlandi shekilli, juvon endi sal hayiqqan ohangda ovoz berdi:

— O‘zingizmisiz?

   Mana shunda “sichqon-mushuk” o‘yinini bas qildim

— Bu menman! — dedim.

— Voy! — deb yubordi juvon jon holatda. Keyin ichkari birdan jim-jit bo‘lib qoldi.

— Qani u? — dedim.

— Hozir kelib qoladi... — axiyri sado berdi juvon. — Mashinamga benzin solay deb ketgandi...

   Istehzoli kulib qo‘ydim.

   Erim bechora bir... xotinning oldida o‘zini boy ko‘rsatish uchun biron o‘rtog‘ining mashinasini ham olib turganga o‘xshaydi. Kimnikini oldiykin? To‘g‘ri, do‘sti Murodjon akaning “Neksiya”si bor. Lekin Murodjon aka hech qachon bunaqa ishlar uchun mashinasini berib turmasligi aniq. Aksincha, erimni urishib-so‘kib tashlagan, biramallab bu yo‘ldan qaytargan bo‘lardi. Demak boshqa birovdan olib turgan u yaramas! Sichqon sig‘mas iniga-yu...

   Xuddi shu payt temir eshik ochilganday bo‘ldi.

   Bu erim edi!

   Boshqa birov bo‘lishi mumkin emas!

   Men jon holatda atrofga alangladim. Nimagadir ishni birdan boltadan boshlamayin degan qarorga keldim. Avval ikkalasini yuzlashtirib...

   Ko‘zim oshxona eshigi yonida turgan chiqindilar solingan paqirga tushdi. Paqir ichida bitta bo‘sh konüyak shishasi, bodring-pomidorlar, tuxum po‘choqlari ko‘rindi.

   Shaxt bilan og‘irgina chelakni ko‘tardimu kirish yo‘lagiga otildim.

   Allaqachon ichkariga kirib olgan erim endi engashib tuflisini yechayapti ekan.

   Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi. Alam ustida jon-jahdim bilan chelakni erimning boshiga soldim.

   Chelak darangladi. Ichidagi narsalarning bir qismi erimning boshiga, ustiga sochildi.

   Erim munkib ketdi, ammo yiqilmadi. Bir amallab qaddini rostladi.

   Shu darajada qattiq uribmanki...

   Erimning chakkasidan qon oqardi. Yuzida bodring-piyoz po‘choqlari... Usti-boshi chiqindi...

   Erim chayqalib ketdi va muvozanatini yo‘qotib, gursillab yiqildi.

   Men qasos onlari yetib kelganini o‘ylab, nafrat bilan uning yuziga qaradim.

   Ammo...

   Bu mening erim emas edi.

   Bu erimning eng yaqin o‘rtog‘i Murodjon edi...

  

KIM KIMGA XIYONAT QILDI?

 

   Biroq men hatto hayratlanishga ham ulgurolmadim.

   Xuddi shu mahal zinalardan kimningdir tapillab, shosha-pisha chiqib kelayotgani eshitdim.

   Zum o‘tmay yo‘lakda rang-quti quv o‘chgan Lobar paydo bo‘ldi va o‘sha yerda turiboq menga qarab baqirdi:

— Ulgurdimmi?

   Lekin men javob bermasimdan burun Lobarning ko‘zi yerda uzala tushib yotgan erkakka tushdi.

   Lobar jon achchig‘ida:

— Sodiqjon aka! — degancha erkakka otildi.

   Aytganimday, bu uning “Sodiqjon akasi” emasdi...

   Chiqindiga belanib, chakkasidan qora qoni oqib yotgan erini ko‘rgan Lobarning esxonasi chiqib, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi...

   Shu lahzada esa vanna ichida, qorong‘ulikda o‘tirgan boyagi manjalaqi eshikni gursillatib urdi va bor ovozda:

— Murodjon aka! Keldingizmi? — deb baqirdi. — Qutqaring meni psix xotiningizdan!

   Hammasi aralash-quralash bo‘lib ketganday edi.

   Ammo bizning boshimizga tushgan savdolar shu bilangina tugamagan ekan.

   Mana shu g‘avg‘oning ustiga qo‘lida odatda safarlarga chiqqanda olib ketadigan kattagina jomadonini ko‘targan erim kelib qoldi!..

    Xullas, voqea bunday bo‘lgan ekan.

   Erim chindan ham xizmat safariga ketayotgan ekan. Lekin bundan xabar topgan Murodjon aka “Uyingning kalitini ber, ish vaqti ozgina dam olishga kirarman”, deb turib olgan. Sodiqjon akam hayron bo‘lgan, lekin baribir kalitni bergan...

   Mallasoch juvon esa Murodjonning yangi kotibasi ekan...

   Uyni uch kun tozaladim o‘ziyam.

   Baribir nimaningdir yomon isi o‘rnashib qolganday, hech uyga kirgim kelmasdi. Nazarimda, bu xiyonatning isi edi...

   Erimga ham avval ishonmadim. U qasam ichib, har bir gapini yuzlab dalillar bilan isbotlab tashlashga urinardi. Hatto u kishi xizmat safarida bo‘lgan joylarga ham borib keldik.

   Eng qizig‘i...

   Eng qizig‘i, mening kutganimning butkul aksicha, Murodjon bilan Lobar ajrashishmadi.

   Ular hamon baxtiyor er-xotin... Ko‘pchilikka ibrat.

   Hamma ularni hamon havas bilan tilga oladi.

   O‘zlarini bir ko‘rsangiz edi, siz ham bunga iqror bo‘lardingiz. Mehribonlikda er xotinidan o‘tgan, xotin eridan... Bir-birlariga mehr bilan, muhabbat bilan boqishadimi-yey...

   Faqat nimagadir men ularni bu ahvolda ko‘rsam o‘z-o‘zimdan uyalib ketaveraman...

   Balki shu sabablildir, keyingi paytlarda hammaning hurmat-e’tiboriga sazovor bu baxtiyor oila bilan bordi-keldi qilmay qo‘ydik.

   Shunisi bizga ma’qulroqday...

   Bizning oilamizda esa...

   Bilmadim, balki yanglishayotgandirman, ammo o‘sha voqeadan keyin oilamizda nimadir darz ketgandek. Bo‘lmasa yurgan birov, xiyonat qilgan birov...

   Lekin baribir nimadandir ko‘nglim to‘lmaydi. Ba’zan “Murodjon nima uchun aynan bizning uyni tanlagan? Demak tillaring bir bo‘lgan!” deb erim bilan jiqillashib olaman. Sodiqjon akam kuyib-pishib o‘zini oqlashga tushib ketadi, ota-onasini o‘rtaga qo‘yib qasamlar ichadi.

Bularni eshitib, sal taskin topganday bo‘laman.

   Lekin bu tuyg‘u vaqtincha ekanini sezib turaman. Zero, uch-to‘rt kun o‘tib, bari boshidan boshlanadi...

   Shunday paytlari Lobarni o‘ylayman. Nimagadir unga... achinaman. Achinish barobarida yig‘lab-yig‘lab olaman...

   Ha, biz ayollar shunaqamiz. Bizni tushunish qiyin...

 
Dilraboning dil so‘zlarini Abduqayum Yo‘ldoshev qog‘ozga tushirdi










BIR KUNI...
BIR KUNI...
BIR KUNI...
YAXSHI INSON
KUYGAN GULLAR
QISHLOQDAN  MAKTUB
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот