O‘ZIMNI O‘LDIRAMAN!..


“HAQIQIY ERKAK SHUNAQA BO‘LADI!”

   Talabalik davringda hayot ko‘zingga boshqacharoq ko‘rinarkan. Nima desam ekan. Xuddi bir umr shunday beg‘am, betashvish yashaydigandaysan, sen uchun hammasi oldindan belgilab qo‘yilganday, ortiqcha g‘am-tashvish uchun aslo ehtiyoj yo‘qday. Bor-yo‘q arzirli qayg‘u — olti oyda bir keladigan sessiya imtihonlari. Biroq kursdan-kursga o‘tgan sayin bu qayg‘u ham rangsizlana boraveradi.  

    Kim biladi, balki shuning uchun talabalikni “Oltin davr” deb atashar.

   Ehtimol o‘tmishni ideallashtirish mengayam xosdir, lekin, nazarimda, talabalik davrim o‘yin-kulgu ichida, xursandchilik bilan o‘tganday.

   Bo‘lg‘usi hisobchi va iqtisodchilar o‘qiyotgan guruhimizning asosiy qismi qizlardan iborat edi.

   To‘g‘ri, qizlarga xos g‘iybat, “mish-mish”lar yetarlicha topilib turardi. Ayni paytda bizlar qalin dugonalar ham edik.

   Men qashqadaryolik Nigora bilan ancha yaqin edim. Buning ustiga, ikkalamiz yotoqxonada ham birga turardik.

   Ancha-muncha sharttaki, ayrim qaltis gaplarni ham yuzing-ko‘zing demay shartta betga aytib tashlayveradigan Nigora bolaligida “qulog‘i tishlab” qo‘yilganlardan edi. Yaqin qarindoshlarining o‘g‘li tomonidan. Biroq dugonam bundan sira xijolat chekmas, aksincha, g‘ururlanib, maqtangani-maqtangan edi.

— Komiljon akam soyamga ko‘rpacha soladi, — derdi Nigora gerdayib. — Albatta, hammaning oldida emas. Axir, erkak degan nomi bor. Birovlarning oldida qiz bolaga egilib turish u kishiga yarashmaydi.

— Birovlar yo‘q payti u soyangga salom berishdan boshqa yana biron ishgayam yaraydimi? — deb so‘rardim atay beparvo ohangda.

   Nigora bo‘sh kelmasdi:

— Ichi qoralik qilmay qo‘ya qol, Dilfuz. Xudoga shukr, Komiljon akam haqiqiy erkak, juda o‘lib turgan bo‘lsayam, to‘y bo‘lguncha sabr qilib turadiganlardan. 

   Men dugonamning g‘ashiga tegishda davom etardim:

— Endi, do‘xtir baribir do‘xtir-da. Har kuni qanchadan-qancha ayollarni yorib, yuragini yurakka, jigarini jigarga, ichagini ichakka ajratib turgandan keyin kishida his-tuyg‘u degan narsa qolarmidi? Juda nari borsa “Yurak bu bir parcha go‘sht” deb qo‘ya qolar. Men yigitingning eti o‘lib qolmaganmi, deb so‘rayapman-da.

— Sen-chi, — deya menga qovog‘ini uyib qarardi dugonam, — bu narsaning g‘amini yeguncha... Xudoga shukr, Komiljon akamning hamma a’zolari yaxshi ishlaydi.

   Menga esa shu gap kerak bo‘lardi. Qah-qah urib kulib yuborardim.

— Nima, sinab ko‘rdingmi, dugonajon?

   Qizarib-bo‘zarib ketgan Nigora jahl bilan qo‘l siltardi:

— E, bor-e! Shu yoshga kirib, biron yigit bilan quchoqlashmagan, bitta muchchi bermagan senday mohpora oyimqizga bir narsa tushuntirishga uringan men ahmoq!..

   Ammo tez orada Nigora bejiz og‘zini to‘ldirib maqtanmayotganiga ishonch hosil qildik. Bo‘lg‘usi shifokor Komiljon bir kuni dugonamizni yotoqxonagacha kuzatib qo‘ydi. Shunda biz uni ko‘rdik.

   Komiljon deganlari qarchig‘ayday yigit ekan. Qosh-ko‘zlari qop-qora, yaltiroq sochlari tepaga silliq taralgan, ko‘zlari yonib turadi, sal oldinga turtib chiqqan iyagi irodali ekanligidan shohidlik berib turganday, yuz terisi oqish, xushmo‘ylov, baquvvat, novcha, qaddini tik tutib yuradi... Xullas, talaba emas, kino yulduzining o‘zi!

   Biz qizlar uvillab yubordik.

   Komiljoni ketar-ketmas Nigorani o‘rab olib, so‘roqqa tutdik.

— O‘l-a, pismiq! Shu paytgacha Alan Deloningni bizdan yashirib yurgan ekansan-da!.. Nega endi olib kelding?

   Nigora odatiga ko‘ra burni ko‘tarilib, viqor bilan bizga mensimasdan bir-bir qarab chiqarkan, bepisand ohangda dedi:

— Shunday qilmasam bo‘lmasdi-da. So‘laklaring oqib ketishini oldindan bilardim!.. Bir kuyib o‘linglar dedim-da!.. Bilib qo‘yinglar, haqiqiy erkak degani shunaqa bo‘ladi!..

   Nima bo‘lganda ham, Nigora juda beg‘ubor qiz edi. Ishqilib, suyuklisi bilan baxtli yashayotgan bo‘lsin...

 

“AMMAMNING BUZOG‘I”

 

   Diplom himoyasi arafasidagi kunlar edi.

   Hali kutubxonaga chop, hali rahbarga yozganlaringni ko‘rsatib kel, hali qaytadan hisob-kitobga o‘tir...

   Ta’bir joiz bo‘lsa, bosh qashishga qo‘l tegmayotgan shunday kunlarning birida qishloqdan kelgan Sarvi opam xonamizga joylashib o‘tirib oldi-da, dabdurustdan:

— Shunday yuraverasanmi? — deb so‘radi menga qattiq tikilib.

   Men hayron qoldim.

— Qanday?

— Sen tengilar bolali bo‘lib ulgurishdi, — deya opam darrov maqsadga o‘ta qoldi. — Sinfdoshing Sanobar yaqinda uchinchisini tug‘ib oldi.

— Nima qilay, — dedim gapni hazilga burish uchun stol ustida turgan qog‘ozlarga ishora qilarkanman, — hozir sira ilojim yo‘q.

— Senga gap bo‘lsa! — o‘shshaydi opam. — Xullas, gap shu. Men senga begona emasman. Yomonlik ham ravo ko‘rmayman. Ko‘nglingda birov bo‘lsa ayt. Menga aytishga uyalsang, o‘shaningga ayt, uyga odam yuborsin. Bo‘lmasa biz topgan yigit bilan bir uchrashib ko‘r.  

  To‘g‘risi, ancha-muncha yigitlar bilan tanish bo‘lsam-da, haliga dovur birontasi yuragimni jizillatmagandi.

— Yov quvayaptimi buncha. Hech bo‘lmasa diplomimni himoya qilib olay, — dedim vaqtdan yutish uchun. — Keyin bir gap bo‘lar.

— Keyin bir gap bo‘lmaydi, — shartta gapimni kesdi opam. — Vaqtida otni qichamasang, keyin qariqiz bo‘lib qolasan. Ana, qishloqda qanchasi o‘tiribdi uydan chiqishga beti bo‘lmay. 

— Ja unchalik emasdir, — dedim opamni hovuridan tushirishga urinib. — Erkak zoti anqoning urug‘i bo‘lib ketmagandir.

— Uylanmagan yigitlar kamayib ketayapti, — deya gapning ochig‘iga ko‘chdi opam. — Qayoqqa qarasang qiz, qiz...

— Daraxtni tepsang qiz tushadi deng.

   Hazilim yoqmadi chog‘i, opam menga o‘qrayib qaradi.

   Hijolat chekib, tilimni tishladim.

   Zero, opamning besh qizi bor edi...

— Ko‘zingga qara, qiz, — endi do‘q urishga o‘tdi opam. — Ertaga afsus chekib qolma tag‘in. Hozir-ku, o‘qishdasan, bilinmaydi, ertaga ota-onamizning uyida uch-to‘rt yil yashasang bilasan qariqizlikning azobini! Vaqt borida birontasining etagidan mahkam tut.

— Kostyumidan ushlab olsam ham bo‘ladimi?

   Ammo hazilning o‘rni emasdi. Opam bag‘oyat jiddiy edi.

   Ishqilib, men o‘z sharoitimni tushuntirishga urindim, o‘z navbatida opam bir dunyo dastaklarni qalashtirib tashladi...

   Oxir-oqibat pochchamning uzoqroq qarindoshining farzandi bo‘lgan, tuman markazidagi paxta zavodida ishlayotgan bir yigitdan uyimizga sovchi kelganligi ayon bo‘ldi. Endi, agar “xohlaganim” bo‘lmasa,  shu yigit bilan uchrashishim kerak ekan.

   Opam bu yigitni og‘zidan bol tomib naq yarim soat ta’rifu tavsif qildi. Nima emish, chekmasmish, ichmasmish, ayol zotiga tik qaramasmish, ishga borarmishu, ishdan qaytarmish, vaqt-bemahal ko‘chaga ham chiqavermasmish...

  Avvaliga ko‘nmadim, ammo opam ikki oyog‘ini bir etikka tiqib turib oldi. Hatto diplom ishimning men uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi haqidagi vajlarimga ham ko‘nmadi.

— Olarsan o‘sha bir parcha qog‘ozingni! — dedi opam izohlarimni shartta kesib. — Bo‘ldi. Tamom-vassalom. Pochchangga aytaman. Shanba kuni soat o‘n ikkida uchrashuv. Joyini ayt... Orada men turibman-a... Pochchangning oldida sharmanda qilma. O‘zi shusiz ham bo‘larim bo‘lib yuribdi...

  Opamning ko‘zlariga yosh qalqdi.

  Ha, beshinchi farzand ham qiz tug‘ilganidan keyin pochcham ancha janjal ko‘targanidan, “Boshqasiga uylanaman” deb to‘polon qilganidan xabarim bor edi...

  Noiloj ko‘ndim. 

  Chindan ham vaqtim juda tig‘izligi bois “svidaniya” uchun yotoqxonamizga eng yaqin istirohat bog‘ini tanladim.

  Uchrashuvga Nigora bilan chiqdim.

  Dushanba kuni dugonam diplom ishini himoya qilishi kerak edi. Shu sababli oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab tursa-da, men bilan qo‘ltiqlashib uchrashuvga chiqayotgan chog‘i piching qilishdan o‘zini tiyib turolmadi:

— Olamga o‘t ketganmi, nima balo! 

  Pochchchamning uzoq qarindoshi bir do‘stining mashinasida kelgan ekan...

  Xullas, Ibrohim aka bilan tanishdik.

  Kun issiqligiga qaramasdan qora kostyum-shim kiyib, enligina bo‘yinbog‘ taqib olganining o‘ziyoq Ibrohim akaning uchrashuvga chiqqanligidan shohidlik berib turardi. Uning qo‘lidagi odmigina guldastani ko‘rgan Nigora istehzo bilan lab burishdan o‘zini tiyib turolmadi.

  Ibrohim aka juda kamtarin yigit ekan shekilli, salom-alikdan keyin darrov guldastani menga uzatdiyu, ko‘zini yerdan uzmay turaverdi.

  Haliyam Nigora jonimizga ora kirdi.

— Diplom ishi qilayotgan bechora studentkalarga biron narsa oberasizlarmi yo yo‘qmi? — dedi u dabdudurustdan.

  Ibrohim akam nogoh sholg‘omday qizarib ketdi va nimadir demoqchi bo‘lib bir-ikki og‘iz juftladi, lekin gapirolmadi. Yaxshiyam birga kelgan o‘rtog‘i mahmadonagina ekan. Shu yigit darhol:

— Oberamiz-da! — dedi ishonch bilan. — Atay qizlar bilan morojniy yeymiz deb keldik-da bu yerga.

  Nigora yigitga yovqarash qildi:

— Gaplaringiz ham oberadigan morojniyingizga o‘xshab muncha sovuq! Ichimni muzlatib yubordingiz-ku! Biz taraflarda avval shashlik, tabaka yeb, keyin ustidan muzqaymoq olish odati bor! Desertga. Ya’ni to‘q qoringa.

— Buni qarang-a, biz taraflarda ham xuddi shunday qilinadi, — mahmadonalik qildi yigit.

  Nigora xo‘rsinib qo‘ydi:

— Hech bo‘lmasa shu masalada fikrimzdan bir joydan chiqqanidan xursandman.

  Dugonam menga achinganday qarab qo‘ydi-da, odatiga ko‘ra yana ochiq gapirdi:

— Seniyam jon deb taklif qilardim-u, hozir tomog‘ingdan ovqat o‘tmasa kerak. Lekin sen o‘ylanma. Haqingni salafanga o‘rab, sumkamga solib qo‘yaman. — Nigora haydovchi tomon o‘girildi: — To‘g‘rimi, yigit?

— To‘ppa-to‘g‘ri, yaxshi qiz, xuddi shunday qilamiz, — dedi yigit shu zahoti.

  Xullas, dugonam bilan haydovchi bog‘ yonidagi qahvaxona tomon ketishdi.

  Qarasam, Ibrohim akadan hali-beri sado chiqadiganga o‘xshamaydi. Yerga qarab olgancha turibdi miq etmay.

— Parkni aylanaylik, — dedim noiloj.

— Ha, ha, — rozi bo‘ldi Ibrohim aka shoshib.

  Yarim soatcha istirohat bog‘ini aylangan bo‘ldik.

  O‘lay agar, kallamning bir qismida diplom ishi. Ikkinchisida esa...

  Ora-sira Ibrohim akaga qiziqsinib qarab-qarab qo‘yaman. Qanday odam ekan? Nimalarga qiziqarkan? Nimalarni o‘ylarkan? Nimalarni orzu qilarkan?

  Hozir qarshimda yangi ust-boshidan xijolat chekkanday qizarib-bo‘zarib ketayotgan mana shu yigit nahotki mening umr yo‘ldoshim bo‘lsa?.. Shunday, dabdurustdan-a?...

  U-bu ma’lumotlarni so‘rab olgan bo‘ldim.

  Ibrohim aka oilada uchinchi farzand ekan.

  Bir akasi uylangan. Bir opasi turmushga chiqqan. U kishidan keyin yana bir o‘g‘il va ikki qiz.

  Zavodda ishi yaxshi ekan.

  Bir paytlar tuman markazida ishlagan otasi ikki xonali uy olib qo‘ygan ekan. Ibrohim aka hozir o‘sha uyda yashayapti ekan...

  O‘zim haqimda gapirmoqchi bo‘ldim. Biroq alaqachon pochcham vositasida barcha ma’lumotlar olinilgan ekan...

  Suhbatimiz juda unchalik qovushdi, deb ayta olmayman. Gap so‘rasam aksar hollarda Ibrohim aka “ha” yoki “yo‘q” bilan kifoyalanadi. O‘zi tashabbus ko‘rsatib, bir nimalarni gapiravermaydi. 

  Nihoyat bir soatga yaqin vaqt o‘tdi va men biz tomonga yaqinlashib kelayotgan Nigorani ko‘rib, yengil tortdim.

  Shu yerda xayrlashdik. Yotoqxonagacha olib borib qo‘yamiz, deyishgandi, Nigora ko‘nmay turib oldi:

— Biz hali bu yerda o‘tirib dars qilamiz...

  Ikkovlon mashinaga o‘tirib, jo‘nab qolishdi.

  Ikki dugona bir zum jim qoldik.

  Axiyri Nigora men tomonga o‘girilib, bir muddat yuzimga diqqat bilan tikilib turdi-da:

— Ammamning buzog‘i... — dedi. — Na zabon bor, na bunday bir erkakka xos shiddat.

— Hammayam Komiljon bo‘lavermaydi-da, — deb qo‘ydim nimadir deyish uchunoq.

— To‘ppa-to‘g‘ri, — ta’kidladi dugonam. — Komiljon akam dunyoda bitta! Boshqa unaqa yigitni kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysan!

  Alamim keldi.

— Qo‘ng‘iz ham bolasini oppog‘im derkan, — dedim achitib. — Har kimni o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga...

— Sen maqolbozlik qilguncha ertangni o‘yla, — shartta gapimni kesdi Nigora. — Har kimning ta’bi. Lekin menga ammamning buzog‘i erkaklar yoqmaydi. Ular juda pismiq bo‘lishadi...

— Pismiqqa o‘xshamaydi, — dedim nimagadir Ibrohim akaning yonini olib. — Faqat yangi kiyim kiyib, po‘rim bo‘lib olganidan uyalayapti.

— Meni nimaga olib chiqding o‘zi? — jahl bilan o‘shqirib berdi Nigora. — Yo to‘rtta shashligingga zormidim! Qisqasi, hayot o‘zingniki, o‘zing tanla, o‘zing qaror qabul qil. Menga baribir!..

— Haliyam o‘zim qaror qabul qilaman, — dedim bo‘sh kelmay.

 

“SHOXING BORMI?”

 

      Darvoqe, tez orada tashvish-to‘polonlari bilan diplom himoyasini ham omon-eson o‘tkazib oldim.

  Bu orada opam ikki marta kelib ketdi. U kishi hamon Ibrohim akani og‘zidan bol tomib maqtagani-maqtagan edi.

  Opamning aytishiga qaraganda, men Ibrohim aka juda yoqibman.

— Og‘ir-bosiq, aqlli, tarbiya ko‘rgan qiz ekan, — debdi u kishi men haqimda.

  Albatta, birinchi o‘rinda “aqlli” ekanligim haqidagi e’tirof menga unchalik o‘tirishmadi. Zero, har qanday bo‘yi yetgan qiz kabi (kim biladi, balki yanglishayotgandirman) men o‘zimni chiroyli deb hisoblashlarini istardim...

  Xullas, to‘y bo‘lib o‘tdi.

  Men nikoh oqshomini, harir kelinlik libosida o‘zimni baxtning yettinchi osmonida his qilganlarimni batafsil tasvirlab o‘tirmayman.

  To‘y bazmiga dugonalarim qatori Nigora o‘zining Komiljoni bilan ham keldi. Uning ham tez orada to‘yi bo‘lishi kerak edi.

  Dugonalarim to‘yda maza qilib, ko‘pchilik yigitlarning havasini keltirib raqsga tushishdi. Ayniqsa Nigora bilan Komiljon rosa yayrashdi. 

  Men to‘ydan keyingi hayotimiz haqida muxtasarroq ma’lumot berib o‘tay.

  Aytganimdek, to‘ydan keyin Ibrohim akaning tuman markazidagi ikki qavatli beton uyning ikkinchi qavatida joylashgan ikki xonali uyida yashay boshladik.

  Opamning qat’iy talabiga ko‘ra, barcha rasm-rusumlarga og‘ishmay amal qildim. Ya’ni to‘ydan keyin qirq kun o‘tgach, chillam chiqqandan keyingina ishga kirdim.

  Baxtimga uyimiz yaqinidagi bankka kichik hisobchi kerak ekan.

  Ibrohim akam ishga kirishimga qarshilik qilmadi. Aksincha:

— Shuncha yil qiynalib o‘qiganingdan keyin ishlash ham kerak-da, — dedi ko‘nglimni ko‘tarib. 

  Shunisiga ham shukr dedimu, jon-jahdim bilan ishga kirishdim.

  Men mana shunda oliy o‘quv yurtimizdagi domlalarimiz bot-bot ta’kidlaganlaridek, zamon o‘zgarayotganiga, hisobchi, iqtisodchi kadrlarga ehtiyoj oshib ketganiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Amalda.

  O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring. Bankimizda ikki yuzdan ortiq fermerning hisob raqami ochilgan ekan. Ammo ularning aksariyatning hisob-kitoblari... Bilmadim, bunaqangi hisobchilarni fermerlar qayerdan topishadi? Hatto hech narsa yozilmagan to‘lov varag‘iga muhr bosib, gajakdor imzo qo‘yib keladigan, so‘ng:

— Falon joyga pul o‘tkazishga yordam bering, — deb turadigan fermer akalar qancha.

  Holbuki, pul hisob-kitobni yaxshi ko‘radi.

  Va men yeng shimarib ishga kirishdim.

  Har qanday amaliy ish odamga ko‘p narsani o‘rgatarkan. Faqat buning uchun nazariy bilimlar ham yetarli bo‘lishi kerak ekan.

  Ishqilib, institutda olgan bilimlarim qo‘l kelganday bo‘ldi.

  Avvaliga menga unchalik ishonqiramay qarab qo‘yayotgan tajribali hisobchilar ham bora-bora ba’zi bir mas’uliyatli topshiriqlarni ishonib topshira boshlashdi.

  Bankda ishlashning bir yaxshi tomoni bor edi. Ya’ni istagan fermer xo‘jaligining debit-kreditiga, choraklik hisobotiga bir ko‘z tashlashdayoq men xo‘jalikning moliyaviy ahvoli haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lardim.

  Tan olaman, avvaliga ba’zi fermerlarning hujjatlarini, to‘lov varaqalarini tekinga, bir so‘m olmasdan to‘g‘rilab berib yurdim. Keyinroq borib shu fermerlarning o‘zlari u-bu narsa sovg‘a qilishadigan yo bo‘lmasa stolimga uch-to‘rt so‘m tashlab ketishadigan bo‘lishdi.

  Ochig‘i, juda xijolat chekardim. Xuddi o‘g‘irlik qilayotganday qizarib-bo‘zarib ketaverardim. Vaholanki, boshqa hamkasblarim buni juda oddiy, xuddi shunday bo‘lishi kerakday qabul qilishar edilar. Ular, odatda fermer yoki biron tashkilotning hisobotini to‘g‘rilab berishsa hech uyalmasdan o‘zlarining foizlarini olardilar.

  Biroq bu menga to‘g‘ri kelmasdi.

  Nihoyat o‘ylay-o‘ylay bir-ikki tanish fermerlarga ularning xo‘jaliklarida yarim stavka hisobchi bo‘lib ishlashni taklif etdim. Axir vaqtim bor. Buning ustiga fermerlar har chorakda bir marta hisobot topshirishadi, xolos.

  Buni qarangki, fermerlar jon-jon deb rozi bo‘lishdi. Axir, bu ularga juda qo‘l kelardi-da.

  Shunday qilib, men qonuniy ravishda uchta fermerning hisobchisi bo‘lib oldim.

  Tabiiyki, maoshim ham shunga yarasha oshdi. Men endi uyga ko‘proq pul olib keladigan bo‘ldim. Buncha pulni ko‘rib Ibrohim akaning yuzi yorishib ketardi.

  Tez orada esa boshqa fermerlar ham menga xaridor bo‘lishdi. Tuman fermerlari orasida “bilimi zo‘r, hamma hujjatlarni hech bir xatosiz tayyorlaydigan hisobchi” sifatida nom chiqardim.

  Albatta, hamma fermerlarda hisobchi bo‘lib ishlay olmasdim. Ammo ba’zi bir ishbilarmon fermerlar har chorakda ellik dollar evaziga ularning hisobotlarini yozib berishimni iltimos qilishdi...

  Avvaliga rozi bo‘lmadim.

  Ammo pulning jodusi bo‘ladi.

  Buning ustiga, yosh oilamiz. Qarindosh-urug‘larning to‘yi bor, ma’rakasi bor, hammasiga quruq qo‘l bilan borib bo‘lmaydi. Yaxshi yeb, yaxshi ichadigan paytlarimiz.

Xullas, boshim bilan ishga sho‘ng‘ib ketdim.

  Ishda sira ulgurolmasdim, shuning uchun asosiy hujjatlarni uyda tayyorlardim.

  Natijada deyarli har kuni tun yarmigacha ishlaydigan bo‘ldim.

  Ayrim otaxon fermerlar meni:

— Bug‘altir qizim, — deb erkalab chaqirishardi.

  Xuddi shunday yoshi katta fermerlar hech narsadan istihola qilmay uyga kelishar va o‘z hisobotlarini yozdirib ketishardi.

  O‘ziyam hisobot payti har bir so‘mni qayta-qayta hisoblardim. Bir so‘z bilan aytsam, har qanday ishni qo‘l uchida qilmasdim.

  Mijozlar soni orta bordi.

  Xudo haqqi, ehtimol mijozlarimdan bir-ikkitasi menga yomon ko‘z bilan qarasa qaragandir, ammo men hech kimga ko‘z suzmadim. Men uchun asosiysi pul ishlab topish edi. Zero, men qo‘l uchida kun ko‘rishni istamasdim. Shu sababli mijozlarimga kulib qarashga majbur edim.

  Oxiri bir kuni erim chidab tura olmadi.

— Nima, sening shoxing bormi?— dedi u g‘alati tarzda ishshayib. — Nimaga hamma sening oldingga kelaveradi? Yo rayonda boshqa bug‘altir yo‘qmi?

— Bilmadim, — deb qutuldim. So‘ng erimni yupatgan bo‘ldim: — Sal sabr qiling. Keyin o‘zlari kelmaydigan bo‘lishadi.

  Darhaqiqat... ikkiqat edim. Keyingi paytlari sho‘r narsani eslasam og‘zimning suvi qochadigan bo‘lib qolgandi.

  Toksikoz davri... Yog‘ isi yoqmaydi...

  Pulni ayamay, bozordan tayyor yeguliklar sotib ola boshladim.

  Qornim qappaya bordi.

  Ammo iltimos bilan keluvchilarning keti uzilay demasdi.

  Oxiri ularning ba’zilariga ochiq aytishga majbur bo‘ldim:

— Endi boshqa hisobchi topasiz, aka.

  Shunda ham gapimni tushunmaganlarga, hatto xizmat haqini oshirmoqchi bo‘lgan sodda odamlarga esa ochiqdan-ochiq:

— Yaqinda dekretga chiqaman, — derdim.

  Axiyri bir amallab mijozlar sonini kamaytira boshladim.

  Ta’tilga chiqdim.

  Tez orada ko‘zim yoridi.

  O‘g‘il!

  Naqadar baxtliman!

  O‘g‘limga Baxtiyor deb ism qo‘ydik.

“PUL KЕRAK, PUL...”

     Aytib o‘tganimday, yaxshi pul topardim.

  Men hech qachon pulni yashirmaganman. Umuman, oilada pul yashirishni o‘zaro ishonchsizlikning boshlanishi deb hisoblayman.

  Shu sababli topgan pulimni shifonerimiz tepasidagi kichkina chamadonga solib qo‘yardim.

  To‘g‘ri, pul miqdori tez-tez kamayib qolardi. Ammo men u paytlari bunga unchalik parvo qilmasdim. Axir Ibrohim aka erkak kishi, to‘yga boradi, ma’rakalarga, o‘tirishlarga. Har qalay, cho‘ntagida uch-to‘rt so‘m yursa yaxshi-da. Pul belni baquvvat qiladi, axir. Buning ustiga, o‘zidan kichik uylanmagan ukasi, ikkita singlisi bor. Ularning qo‘liga bir-ikki so‘m berib qarashib turgani ma’qul. Har qalay, aka degan nomi bor.

  Erimga atab qimmatbaho, sifatli kiyim-bosh xarid qilishdan erinmasdim. Poyabzalning ham faqam asl charmdan tikilganidan olardim. Yetti kunga yetti rang paypoq, yetti xil dastro‘mol sotib olgandim.

  Nazarimda, hayot endi doimo shunday davom etadigandek edi.

  Ammo...

  Farzandimni tug‘ruqxonadan olib chiqqan kuni uyga kelib, sal nafas rostlagach, xolodilünikni qarasam, bo‘m-bo‘sh. Darrov shifoner tepasidagi jomadonchani oldim. Biroz pul olib, jiyanlarimdan birontasi bozorga yubormoqchi edim. Axir, chaqaloqni muborakbod etgani onam yoki qaynonam kelib qolishi mumkin. Dasturxonga u-bu narsa qo‘ymasangiz uyat bo‘ladi.

  Ammo chamadon bo‘m-bo‘sh edi.

  Hayron qoldim.

  Har nechuk, tug‘ruqxonaga ketayotganimda ancha-muncha pul qolgani aniq edi.

  Erimga qo‘ng‘iroq qildim.

— Chamadon bo‘shab qolibdi. Birovga qarz berdingizmi? — deb so‘radim.

  Xudo haqqi, ko‘nglimda boshqa gap yo‘q edi.

  Shu sababli erimning sal dag‘al ohangda:

— Qaytaraman shu pulingni! — deganini eshitib, ochig‘i, hech narsani tushunmadim.

  Shu bilan aloqa uzilib qoldim.

  Bu mavzuda Ibrohim aka bilan kechqurun gaplasha oldim.

— Ukam uylanayapti, — dedi erim menga tik qaramasdan, ko‘zlari olib qocharkan. — Ozgina yordam berdim.

— Ozroq o‘zimizga ham qoldirmapsiz-da, — deya o‘pkaladim. — Bolalik uy. Mehmon kelishi bor. O‘zim ham tuzukroq ovqatlanishim kerak.

— Ochdan o‘lmaysan, — deb qoldi to‘satdan erim. — Erta-indin oylik olaman.

  Tuqqan, demakki bir o‘limdan qolgan xotinning ko‘ngli nozik bo‘larkan. Shungami “Ochdan o‘lmaysan” degan ta’na menga anchayin og‘ir botdi. Ammo indamadim. O‘zimni bosdim.

  Lekin maosh qurg‘ur ertasiga ham, indiniga ham kelavermadi.

  Yaxshiyam ishxonamizdan hamkasblarim kelib, bolalar aravachasi va anchagina pul tashlab ketishdi.

  Bu pul esa juda tezlikda ado bo‘ldi.

  Shunday kunlarning birida onam kelib qoldi chaqaloqni muborakbod etishga.

  Uyda bir siqim qattiq konfetdan boshqa hech nima yo‘q edi dasturxonga qo‘yishga.

  Uyatdan yerga kirib ketguday bo‘ldim.

  Haliyam onam bechora nondan tortib uzumgacha ko‘tarish bilan kifoyalanmasdan bir lagan osh ham olib kelgan ekan. O‘zining ziyofatini o‘ziga tutdim...

  Onam ketganidan so‘ng xo‘rligim keldi.

  Axir Baxtiyorjonim to‘yib-to‘yib sut emishi uchun ham yaxshi yeb, yaxshi ichishim kerak-ku.

  Kechqurun shu gapni aytdim.

— Adasi, — dedim birinchi marotaba Ibrohim akani shunday atab, — sut yetishi uchun tuzukroq ovqatlardan yeb-ichib turishim kerak ekan. Shunga uch-to‘rt so‘m pul bo‘lsa yo o‘zingiz bozor qilib kelsangiz...

  Erim bir muddat o‘ylanib qoldi, so‘ng og‘ir uf tortib qo‘ygach, ohista dedi:

— Hammaga pul kerak, pul... Lekin pul topish oson emas. Menam o‘ynab yurganim yo‘q. Oylik bergandan hammasini olib kelib qo‘lingga tutaman. Qo‘rqma, o‘zimga bir so‘m ham olib qolmayman...

  Aytdim-ku, sal ko‘nglim nozik paytlar edi. Shu sabablimi, chidab tura olmay, e’tiroz bildirdim:

— Men qo‘rqayotganim yo‘q, adasi. Lekin oila bo‘lgandan keyin uyda uch-to‘rt so‘m turgani yaxshi edi-da...

  Men gapimni tugatolmadim. To‘satdan erim menga o‘qayib qaradi va:

— Minnat qilayapsanmi? — dedi qahr bilan. — Topgan pulingni minnat qilayapsanmi? Menga sening bir so‘ming kerak emas edi. O‘zing ishlading...

— Voy, qanaqa minnat, Ibrohim aka...

  Xullas, shu kuni birinchi marotaba janjallashib qoldik va alohida xonalarda yotdik.

 

MASHAQQATLI KUNLAR

 

     Janjal o‘z yo‘liga.

     Biroq erimning oyligi kelishi juda qiyin kechdi.

  Nihoyat va’da berilganining yettinchimi-sakkizinchi kuni Ibrohim aka bir hovuchgina pulni olib kelib, stolga tashladi.

  Oylikni sanab chiqdimu, qo‘rqib ketdim.

  Bu pulni nimaga yetkazib bo‘ladi?..

  Hali oldinda beshik to‘yi bor.

  O‘ylay-o‘ylay, axiyri onamga qo‘ng‘iroq qildim...

  Yashirmayman, uch oydan ko‘proq vaqt mobaynida onam berib turgan pul evaziga ro‘zg‘orni tebratib turdik, uncha katta bo‘lmasa ham, bundayroq qilib beshik to‘yini ham o‘tkazdik...

  Erim, har qalay, ahmoq yoki farosatsiz odam emas-ku, pul qayerdan kelayotganini anglab-bilib turgandir.

  Lekin Ibrohim aka miq etmasdi...

  O‘ylab qarasam, bunday ahvolda yashab bo‘lmaydi.

  Erga chiqqan, buning ustiga o‘z farzandim bo‘lsayu, hamon onamning ne azoblarda topgan puliga sherikchilik qilsam...

  Bunaqa paytlari o‘z-o‘zimni yomon ko‘rib ketardim.

  Buning ustiga, qo‘ldan berganga qush to‘yarmidi.

  Hamma narsada iqtisod qilishga urinardim.

  Axir erimning topgani ro‘zg‘orga urvoq ham bo‘lmasdi...

  Qiynalib ketdim.

  Nimadir qilish kerak edi.

  Ammo nima?

  To‘g‘ri, erim ishlayapti, maoshini to‘laligicha olib kelayapti. Ibrohim akamning qo‘lidan bundan ortiq nima kelishi mumkinligini o‘ylab aqlimga sig‘dirolmasdim.

  Zamon o‘zgarmoqda-ku, axir. “Olma pish, og‘ziga tush” deya osmonga qarab yotish yoki bo‘lmasa ozgina maoshga qanoat qilib yashash ham mumkindir, ehtimol. Ammo men bunday hayotga rozi emasdim. Inson dunyoga bir marta kelganidan keyin...

  Ibrohim akani bir-ikki marta tadbirkorlik qilishga, hech bo‘lmasa bozordan biron kichikroq do‘koncha ochib qo‘yishga ko‘ndirishga urinib ko‘rdim.

  Ammo barcha sa’y-harakatlarim behuda ketaverdi.

— Bunaqa ishlar mening ham qo‘limdan keladi, — deb turib oldi erim ko‘zini lo‘q qilib. — Lekin bunaqa ishlarni boshlash uchun uchun ham katta pul kerak...

  Mana shu so‘nggi dalil shu eslatishsiz ham menga ayon edi.

— Eh, qandi endi ming dollargina pulim bo‘lganda, — dedi erim hayajonlanib. — Katta bir ishni boshlardim. Do‘kon ochib, kuniga ming-minglab pul topardim. Ana o‘shanda ko‘rarding mening kimligimni! Bozorda zo‘r joy bor. Oziq-ovqat do‘koni ochsang, yonboshidan pivbar ochib qo‘ysang pul degani oqib kelib yotadi-da o‘ziyam...

— Nasib qilib qolar, — dedim pichirlab.

  Ammo avval chamadonchada yiqqan pulimiz ming dollardan oshganida ham nega bu ishga qo‘l urmagani sababini erimdan so‘rolmadim...

“BUNI BOPLAYMAN!”

     Baxtiyorjonim to‘rt oylik bo‘ldi.

  Uni emizishda hamon qiynalardim. Ro‘zg‘orda ovqat kuniga bir maxal tayyorlanardi. Bolamga davlat to‘layotgan pul ham ro‘zg‘or kamchiligiga, hech adog‘i ko‘rinmas to‘y-ma’arakalarga ketib qolardi.

  Oxiri chidab turolmadim.

  Chaqalog‘imni ko‘tarib bankka bordim.

  Go‘yoki hamkasblarimdan bir xabar olgani.

  Aslida esa...

  Yanglishmagan ekanman.

  Eski mijozlarimdan ikki-uchtasi yo‘liqdi.

— Bolangiz bo‘lsa, bizning otchyotlarni uyingizda bo‘lsayam qilib beravering, singlim, — deb qoldi ulardan biri. — Bilmayman bu padarqusur bug‘altirim oyog‘ida hisoblaydimi, ishqilib, boshim jarimadan chiqmay qoldi...

  Aslida shu niyatda kelgandim bu yerga.

  Otdan tushsam ham egardan tushgim kelmagani bois, beparvoroq ohangda gapirishga urindim:

— Ha, mayli, qo‘lim ishdan chiqib qolmasligi uchun qilib beraman.

  Fermerning yuzi yorishib ketdi:

— Baraka toping-yey, singlim...

  Shunday qilib, men uyimda fermerlarning hisobotlarini tayyorlab bera boshladim. Avval ikkitasiniki, keyin uchtasiniki...

  Tez orada mijozlarim soni yana ko‘paydi.

  Bu esa jaraq-jaraq pul degani edi.

  Ibrohim akam barisini ko‘rib-bilib turardi, ammo miq etmasdi.

  Ro‘zg‘orimiz yana to‘kinlashdi.

  Olgan pullarimni olib borgandim, onam urishib-urishib qaytarib berdi.

— Sen tinch yashasang bas, qizim, — dedi onam ko‘ziga yosh olib. — O‘sha pul bosh-ko‘zingdan sadag‘a.

  Bu safar pishiqlik qildim. Topgan pulimning taxminan uchdan birini o‘sha chamadonchaga qo‘yardim, qolganini esa yashirib tashlardim. Zero, chamadonchaga qancha pul qo‘ysam ham baribir erimning sarf-xarajatlaridan ortmasligini yaxshi anglab yetgan edim.

  Nihoyat yashirin jamg‘armam taxminan ming dollarga yetganida Ibrohim akamni chaqirdim va yana bozordan do‘kon ochishni taklif etdim. Erim pul haqida gap ochganida mablag‘ni qo‘liga tutdim.

— Bu yerda roppa-rosa ming dollar, — dedim. — Boring, ko‘ring, maslahatlashing. Doimiy daromad kelib turadigan bir do‘kon ochib qo‘ying.

— Buni boplayman! — dedi erim gerdayib. — Shu paytgacha pulim bo‘lmay qisilib yurgandim-da. Mana ko‘rasan, hali sendan ham ko‘p pul topadigan bo‘laman!

— Iloyo aytganingiz kelsin, — dedim chin ko‘ngildan.

 

O‘ZIMGA ISHONDIM

 

     Bekorga elburutdan xursand bo‘lgan ekanman.

     Ming dollar pul roppa-rosa o‘ttiz to‘rt kunga yetdi.

  Erimning do‘kon, pivbar haqidagi orzulari yulduz ko‘rmay jon berdi.

  Ibrohim akam avvaldan bozorqo‘mga, soliqqa, ishqilib kim so‘rasa cho‘tal beravergan, nihoyat ijaraga bir do‘kon ham olgan. Lekin ulovidan tushovi qimmatga tushgan do‘kon ikki hafta ishlab, olti yuz dollarlik zarar bilan chiqqan. Eshitishimcha, birdan saxiy tadbirkorga aylanib qolgan erim qaysi tanishini ko‘rib qolsa bas, kilolab kolbasayu yashiklab pivolarni tekinga ulashavergan...

  Erim sindi...

  Biroq hayot davom etayotgandi.

  Yashash kerak edi. O‘zim uchun, farzandim uchun.

  Men yana yeng shimarib ishga kirishdim.

  Endi qolgan fermerlarni o‘zim izlab bordim.

  Endi o‘zimga va faqat o‘zimga ishondim.

  Mashaqqatli ish kunlari boshlandi.

  Baxtiyorjonimni emizishim, kun bo‘yi qimirlaymay o‘tirib hisobotlarni tayyorlashim, savol tug‘ilib qolgan taqdirda fermerlarning hech risoladagiday ishlamaydigan qo‘l telefonariga qo‘ng‘iroq qilib, baqira-baqira bir amallab lozim raqamni olishim kerak edi.

  Ustiga-ustak kechki ovqat tayyorlash, kir-chir, uyni supurib-sidirish...

  Bir yillik umrim og‘ir mehnat bilan o‘tdi.

  Axiyri Baxtiyorjonimni sutdan ayirib, bog‘chaga emas, onamning qo‘liga topshirdimu, ishga chiqib ketdim.

  Erim bunga qarshili qilmadi. Aksincha, sukut ila rozilik bildirib turganday edi nazarimda...

  Men yana boshim bilan ishga sho‘ng‘idim.

  Pul topib kelishdan charchamasdim. Hamon olib kelgan pullarimning uchdan ikki qismini yashirib qo‘yardim. Qolgan uchdan birining tagiga erim suv quyardi.

 

“BOSHQASINI TOPDINGMI?”

 

     Endi hayotim mana shunday tarzda kechadiganday edi.

  Faqat... endi erimni ortiq hurmat qilmay qo‘ygandim.

  Yo‘q, yo‘q, men aslo topib kelgan pullarimni minnat qilmoqchi emasman. Agar Ibrohim akam hech bo‘lmasa bir marta “rahmat” deb minnatorchilik bildirib qo‘ysa edi. Qayoqda! Xuddi shunday bo‘lishi kerakday, men pul topib kelishga majbur bandiday ishdan kechqurun qovog‘ini ochmay keladi, yana shu alpozda ertalab chiqib ketadi.

  Bora-bora charchadim.

  Axir men ayolman, betinim ishlaydigan konveyer emasman.

  Bu ko‘ngil yaxshi gap, mehr istaydi. Shirin so‘zlar eshitsam deyman, erim menga pul to‘la qopga qaraganday qaramasa, shirin so‘zlar aytsa, suyib-erkalasa deyman...

  Holbuki, orada muhabbat degan ulug‘ tuyg‘uning “m” harfi ham qolmagan...

  Men...

  Ajralishga qaror qildim.

  Axir o‘zing sevmagan, hech bo‘lmasa hurmat qilmagan odaming bilan qanday qilib bir umrga yashab o‘tish mumkin?..

  O‘ylay-o‘ylay, axiyri bu niyatimni erimga aytdim.

  Buni kutmagan ekan, Ibrohim akaning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. So‘ng o‘shqirib so‘radi:

— Aytdim-a, keyingi paytlari yurishlaring juda boshqacha deb. Topib olibsan-da bittasini. Ayt, kim u? Hoziroq borib qornini yoraman.

  Avval kulgum qistadi.

— Yorolmaysiz qornini! U katta odam! Bilmay chertib qo‘ysangiz ham umringizni qamoqda chiritadi.

  Shunda erim boshqacha yo‘lga o‘tdi:

— Boshqasini topdingmi? Unday bo‘lsa bilib qo‘y, agar meni tashlab ketsang, o‘zimni o‘ldiraman! — dedi u. — Keyin yurasan javob berib.

  Hayron qoldim.

— Siz o‘zingizni o‘ldirsangiz, nega endi men javob berarkanman?

  Ibrohim aka vahimali ishshaydi:

— O‘zimni o‘ldirish oldidan xotinim buzuq bo‘lib ketgani uchun shunday qildim, deb yozib ketaman.

  Endi baralla kulib yubordim:

— Qo‘ying, Ibrohim aka, baribir bu ish qo‘lingizdan kelmaydi. Odamning o‘zini o‘ldirishi uchun ham... yurak kerak.

  Shu bilan dahanaki jangimiz tugadi.

  To‘g‘ri, erim bir-ikki marta ishxonamga bostirib keldi, mijozlarimga yovqarash qilib turdi-turdi-da, oxiri indamay chiqib ketdi.

  Ayol kishining eridan hafsalasi pir bo‘lsa yomon ekan!

  Suymagan oshingni ichking kelmaydi-ku axir!

  Oxiri sudga ariza berdim.

  Ammo sudda niyatimni tushuntirib berolmadim.

  To‘g‘ri-da, erim menga xiyonat qilmasa, ichmasa, chekmasa, ishga vaqtida borib, vaqtida kelsa...

  Ammo hayot deganlari faqat shulardan iborat emas-ku axir!

  Sud o‘ylab ko‘rish uchun olti oy vaqt berdi. Axir, o‘rtada farzand bor, bolani tirik yetim qilmang, deb maslahat ham berishdi.

  Ko‘ch-ko‘ronimni oldimu, onamnikiga ketdim...

 

KUTILMAGAN MUHABBAT

 

   Erim ortimdan bir-ikki marta odam yubordi. “Qaytib kelmasa o‘zidan ko‘rsin! O‘zimni o‘ldiraman!” deb yuboribdi vakillardan Ibrohim aka.

— Tinchgina javobimni bersin, — dedim vakillarga. — Men baribir bu odam bilan uzoq yashay olmayman. Yo o‘lib qutulaman, yo tentak bo‘lib!

  Mana shunday kunlarning birida...

  Ey xudo, bu nima, bandang ustidan kulishmi?!

  Mana shunday kunlarning birida... men sevib qoldim!

  Yo‘q, yo‘q, bu haqda ortiqcha gapirib o‘tirmayman. 

  Ammo sevgi deganlari chindan ham sirli, sehrli tuyg‘u bo‘larkan! Go‘yo shu paytgacha oq-qora ranglarda bo‘lgan dunyo birdan kamalak misol tovlana boshlaganday!..

  U hech qanaqangi “katta odam”, “amaldor” emas, oddiygina erkak. Ayoli vafot etgan ekan. Bir farzandi bilan yasharkan...

  Shunaqa gaplar.

  Erim ishxonamga ham ikki-uch marta keldi. Gaplashmadim. Oxiri u bir parcha xat tashlab ketibdi. Ochib ko‘rsam, ikki og‘iz so‘z: “O‘zimni o‘ldiraman!”

  Bankda ishlab, qonun-qoidani o‘zlashtirganm yaxshi bo‘lgan ekan. Ancha-muncha kredit olib, uyimiz yonidagi bir hovlini sotib oldim. Ozroq ta’mirdan so‘ng uy birdan chiroyli bo‘lib ketdi nazarimda.

  Buni eshitgan erim darhol hovliga ko‘chib kelmoqchi bo‘libdi...

PO‘PISALAR DAVOM ETMOQDA

     Belgilangan olti oy ham o‘tdi.

     Sudda o‘z aytganimda turib oldim. Baxtimgami, erim sudüyaning savollariga javob berayotgan mahal:

— Bu bittasini, katta odamni topib olgan, — deb yubordi.

  Bir nimani tushunganday boshini sarak-sarak qilgan qozi nihoyat bizni ajratdi.

  Uyga qushday yengil bo‘lib qaytdim.

  Dunyo... go‘zal edi.

  Uy-joyim, shiringina farzandim, o‘zim g‘oyibona ko‘ngil qo‘ygan odamim bor. Baxtli yashash uchun bundan ortiq yana nima kerak?..

  Ammo, mana, ajrashganimizga besh oy bo‘lib qoldiki, sobiq erim meni sira tinch qo‘ymaydi.

  U goh odam yuborib, agar yarashmasa o‘zini o‘ldirmoqchi ekanligini bildiradi. Gohida qo‘ng‘iroq qilib:

— Mayli, xiyonatingni kechirdim! Darrov uyga qayt yo bo‘lmasa meni uyingga kirit! — deydi. — Bo‘lmasa o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!

  “Qanaqangi xiyonat?” deb so‘rasam baloga qolishim aniq. Shuning uchun indamay qutulaman.

  Sobiq erim kunda-kunora bank eshigi yonida meni o‘qrayib kutib oladi. So‘ng yonimga keladi-da, vishillaydi:

— Agar yarashmasang, o‘zimni o‘ldiraman!

  Men avvallari yotig‘i bilan Ibrohim akaga endi biz ajralishganimizni, bitta oila emasligimizni tushuntirishga urinib ko‘rdim. Ammo bu befoyda edi. Sobiq erim baribir o‘z bilgandan qolmasdi...

 

     Hurmatli muxlislar! Olimlar, ruhshunoslar! Maslahat bering, nima qilay? Zero, agar ahvol shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, tez orada aqldan ozib qolishim ham mumkin. Axir... bir odamni yaxshi ko‘raman. Unga bir nima deyishga esa uyalaman. Axir u ham erimning xurmacha qiliqlarini ko‘rib yuribdi-ku.

Nima qilay, azizlar? Qanday yo‘l tutay? Iltimos, maslahat bering...

 

Hurmat va ehtirom bilan, sizlarning maktublaringizgi kutib qolguvchi

Dilfuza. Samarqand viloyati

Oqqa ko‘chiruvchi - Abduqayum Yo‘ldoshev.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот