HAYOT QO‘SHIG‘I


Tunni yoritgan oy ko‘nglimga tushdi,
Balki qancha yillar umrimga tushdi,
Bir navo qalbdagi qumrimga tushdi,
Derazam oldida gullar nastarin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Tongdan chug‘urlaydi qushlar basma-bas,
Dillar mehrobida ilohiy nur, sas,
Daryolar to‘xtamas bir zum, bir nafas,
Chumoli inida har kungi yig‘in,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Kechagina edi o‘riklar gullab,
Bulbul chax-chaxlardi gul vaslin tilab,
Bugun-chi g‘uralar boqar shivirlab,
Tiriklik chorlaydi, asl oshig‘in,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Musicha xas tashir in qurmoq o‘yi,
Borliqni yashnatar yomg‘irlar kuyi,
Osmon gavjum, demak, qaldirg‘och to‘yi,
Kelinchakdek sochin tarar oq qayin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Zumda jala tinar, oq bulut suzar,
Oftob zarqalam-la ufqqa she’r yozar,
Soat chiqillaydi, sukutni buzar,
Anglaganday bo‘ldim, bu olam sirin
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Qaydadir yuzida tabassum doya,
“O‘g‘il!” deydi masrur – el uchun qoya,
Davom etayotir mangu hikoya,
Ko‘ngillar topmoqda bunda bir-birin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Qachon imtihonsiz o‘tgan bu zamon,
Quvonch va tahlika yonma-yon hamon,
Iymon, umid borki, bu davron omon,
Har bir sinovida hikmat yashirin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Chilla saqlar sobir dunyomiz yana,
Go‘yo xavotirli mushtipar ona,
Olam misli ulkan bir shifoxona,
Baxt ne’matin ta’mi bunchalar shirin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Shifokor najotkor farishtami yo,
Har bemor boshida o‘n mehridaryo,
Oppoq xalat kiymish hamshira dunyo,
Ko‘ngil anglar Haqning ilmu mantig‘in,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Bir xasta tuzalsa, olamga quvonch,
Mo‘ltirab turgan u bolamga quvonch,
Daftarimga quvonch, qalamga quvonch,
Umid ko‘targaydir dunyoning dardin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Goh ko‘ngilga sig‘mas qo‘shig‘u yalla,
Ufq belanchagin solgan tong palla,
Qaysi bir hovlidan taralar alla,
Olam tinglamoqda go‘dak nafasin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Najot qal’asiday har bir xonadon,
Olovqalb tandirlar tutar shirmoy non,
Bug‘doyzor tebranar har boshoqda don,
Dehqon masrur cho‘g‘in ko‘rar hosilin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Maktab desam o‘g‘lim yuzida chiroy,
Derazadan boqar muallima oy,
Cho‘zilgan ta’til ham tugar hoynahoy,
Ko‘zga surtging kelar kitoblar gardin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Omonmiz, tiriklik etur bardavom,
Qaldirg‘och tilida ilohiy kalom,
Marvarid tut shoxi bermoqda salom,
Qizargan giloslar qilar tasdig‘in,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Osmon mehr bilan yerni quchog‘lar,
Inson irodasi – vazmin bu tog‘lar,
Jannat mujdasiday bol shaylar bog‘lar,
Tuting, der poyimga tiriklik jomin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Ul Quyosh bo‘ylab Yer yurmoqda axir,
Shundan ko‘kda oftob kulmoqda axir,
Olamning yuragi urmoqda axir,
Nayson yuvar Ona zaminning qalbin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Ey dil, najot Haqdan, titroqni ko‘tar,
Bobong xoki yotgan tuproqni ko‘tar,
Har bir qalbda umid – bayroqni ko‘tar,
Qizg‘aldoqlar tutmish yurtning qir adrin,
Umr so‘zin aytar, hayot qo‘shig‘in!

Minhojiddin MIRZO, shoir










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот