KAYFIYAT


KAYFIYAT

Ey-kim, qadamimdan qusur topganlar,
Qusur topmoqlikdan huzur topganlar,
Ey, har to‘kislikdan putur topganlar,
Ey, har tekislikdan g‘udir topganlar –
Ey, qaddu-dimog‘i osmon bo‘lganlar,
Ey siz fisq taxtida sulton bo‘lganlar,
Kibr kaftindagi inson bo‘lganlar,
Va yo insonligi gumon bo‘lganlar –
Abadiyat duni sizga qolganmi?
Butlig-u, to‘kini sizga qolganmi?
Qasdning qirg‘ichidan so‘zi urvoqlar,
Qarichi maydalar, izi urvoqlar,
Ojizga hukmdor, zo‘rga yaltoqlar,
Olddagiga yov-u, ortga o‘rtoqlar – 
Ey, bulbul tupugin totib ko‘rmagan,
Ey, oy beshigida yotib ko‘rmagan,
Loy bag‘rida gulni o‘pib ko‘rmagan,
Dil dajjolin ko‘zin yopib ko‘rmagan,
Riyolarning chini sizga qolganmi?
Sanolarning uni sizga qolganmi?
Ey, niholning unin uqmayotganlar,
Ishq rangidan azob tug‘mayotganlar
Ey, tuyg‘u totini tonglarga sochib, 
Tunda yulduzlardan yig‘mayotganlar,
Ey, do‘st yayrog‘idan yayrolmaganlar,
Ey, adl zahrida sayrolmaganlar,
Vatan ishq,  ulus ishq, ishqdir haqiqat, 
Ey so‘zini ishqda qayrolmaganlar -
So‘z xanjarin qini sizga qolganmi?
Va yo yaldo tuni sizga qolganmi?
Ey, men mudom arshda yurgum, deganlar,
Dun taxtida abad turgum, deganlar,
Dovrug‘ birla toshni yorgum, deganlar,
Faqat ot ustida borgum deganlar -
Nafosatpeshani noqis ko‘rganlar,
Or-u, andishani ojiz ko‘rganlar,
Ey, manfaat korin ko‘zin bilganlar,
Har korda dastini uzun bilganlar –
Muzaffarlik to‘ni sizga qolganmi?
Osmonning ustuni sizga qolganmi!
Ey, siz, ko‘p g‘amidan dardi bo‘laklar,
Tuprog‘i bo‘laklar, gardi bo‘laklar,
Ey, vujud sahnida qaddi bo‘laklar,
Ey, ulush zavqida haddi bo‘laklar -
Ey, pishib tushganlar, g‘o‘r bo‘lmaganlar,
Sozi dil rozi-la bir bo‘lmaganlar,
Ey, elning ustida ko‘kni kezgan-u,
Ey, elning ostida yer bo‘lmaganlar –
Eh... Ko‘nglimning kuni sizga qolganmi?
                                   Eh, ko‘ngilning kuni sizga qolganmi...                                               
Shahlo AHROROVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот