Ayrim tomoshabinlarning madaniyatsizligidan ranjiyman


  Suhbatdoshimiz - Qozog‘istondagi Chimkent O‘zbek Drama teatrining latofatli va iste’dodli aktrisasi - Klara Shodibekova.  
- Teatringizda bu yil qanday yangi spektakllar sahnalashtirildi? Spektakllarning mazmuni va unda ko‘tarilgan masalalar sizni qay darajada qoniqtirayapti?
- Teatrimiz ijodkorlari tomonidan bu mavsumda Sh. Pardayev qalamiga mansub "Afandizoda" fars komediyasi, A. Vampilovning "Farishta bilan 20 daqiqa" komediyasi va G. Gorinning "Noming o‘chsin, Gerostrat" tragikomediyasi sahnalashtirildi. Bu uchala spektaklning mazmun-mohiyati haqida fikrim ijobiy. Chunki, har bir asarda hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan muammolar sahnaga olib chiqilgan. Xalq uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega. "Afandizoda"da davlat soliqlari, mansabdorlarning ayyorligi, ochko‘zligi, xotinlarning makri va shunga o‘xshash masalalar ochib berilgan. 
  "Farishta bilan 20 daqiqa"da esa, farzandlarning ota-onaga bee’tibor bo‘lib borayotgani, yaxshilik qilishni, yordam berishni istagan kishilardan har bir odamning gumonsirashi ko‘rsatilgan. 
  "Noming o‘chsin, Gerostrat" spektaklida insonlarning o‘zini ko‘rsatishi, arzimagan narsa bilan bo‘lsa ham nom chiqarish, tarixda nomim qolsin deb har qanday bo‘lmag‘ur ishlarni qilishi, xullas, hozirgi blogerlarni missiyasi nima bo‘lsa, shunga o‘xshash voqealar mohirona yoritilgan. Garchi, Gerostrat voqeasi 4 asrda yuz bergan bo‘lsa-da, hozirgi  zamonga ham, kelajakka ham to‘g‘ri keladi, deb o‘ylayman. 
  "Afandizoda" va "Farishta bilan 20 daqiqa" spektakllarini teatrimizning rejissyori, aktyori - Javlon Sayitov sahnalashtirdi. 
  "Noming o‘chsin, Gerostrat" spektaklini esa Ch. Aytmatov nomidagi xalqaro mukofoti laureati - Quandiq og‘a Qosimov sahnalashtirdi.

- Rahmatli Otangiz huquq sohasi vakili bo‘lgan bo‘lsalar-da, san’atni sevganlarini va bu muhabbat sizga ham o‘tganligini ijtimoiy tarmoqlarda ta’kidlaysiz. Otangiz haqida gapirib bersangiz.
- Rahmatli Adajonim - Anormat aka Shodibekov 1946 yili 20 iyulda oddiy dehqon oilasida tavallud topganlar. Lekin bobojonim Shodibek aka Isamuxammadov Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi, Sovet Hukumati kommunistlar partiyasi a’zosi bo‘lgan. Sayramda savodsizlikka barham berib, yoshlarni bilimli bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan inson. Maktabda direktor lavozimida ham ishlagan. "Kommunizm" kolxozida turli lavozimlarda ishlagan. Onalari Halima oyim Isamuxammadova kolxozda turli sohalarda ishlaganlar. Ipak qurti boqib, pilla yetishtirganlar. Adajonim 1954 yili maktabga 1-sinfga borib, 1965 yili maktabni a’lo baholarga bitirganlar. Ularning aytishicha, husnixati chiroyli bo‘lmagani uchun oltin medal emas, kumush medal berishgan ekan maktabni bitirganlarida. Shu yili Toshkent Elektrotexnika Aloqa institutiga o‘qishga kirganlar. U yerni 1970 yili bitiradilar. "Avtomatik elektr aloqa" muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha diplom olgan va shu bilan birga "Leytenant - muhandis" degan xarbiy unvonni oladi. O‘qishni bitirgach, xarbiy xizmatga chaqirilgan. Yosh ofitser Anormat Shodibekov 2 yillik xarbiy xizmatni Shimoliy Kavkaz xarbiy okrugi, Ozarbayjonning Kirovobod shahridagi №06715 xarbiy bo‘limga tegishli №44307 aloqa bataloni vzvod komandiri lavozimida boshlab, 1972 yili iyul oyida xizmatni tugatib, "Katta leytenant - muhandis" xarbiy  unvonini olib qaytganlar. 1972 yildan boshlab 1998 yilgacha Chimkent viloyati ichki ishlar boshqarmasida turli  lavozimlarda ishlaganlar. 1998 yili nafaqaga chiqdilar, unvoni "Militsiya podpolkovnigi" edi. Nafaqaga chiqqach, xususiy xavfsizlik agentligida birozgacha direktor bo‘lib faoliyat yuritgan. Adajonimni medallari, ordenlari va boshqa mukofotlari ko‘p edi. Barchasiga halol ishlab erishgan edi. Men doim Otamni komil inson deb hisoblaganman. Sababi - kuchli, mard, zabardast, bir so‘zli, tartib-intizomli, saxiy, oqko‘ngil inson edilar. Rahmatli adajonim va umrlari ziyoda bo‘lsin - oyijonimlar bizni xalol va haqiqatgo‘y bo‘lishga o‘rgatganlar, shu bilan birga qattiqqo‘llik bilan tarbiyalaganlar. Ular har birimizni judayam yaxshi ko‘rishardi. Barchamizning o‘qishimiz, kelajagimizga alohida e’tibor berardilar.. Besh farzandni o‘stirib, o‘qitishdi. Bizni Inson qatoriga qo‘shishdi. Men ulardan umrbod minnatdorman. Qattiqqo‘l bo‘lganlari uchun ham. Aks holda, bugungi kunga, mana shu yutuqlarga erishmagan bo‘larmidik. Hatto san’atga kirib kelishimga ham Adam rahmatli sababchi bo‘lganlar. Allohim ota-onamdan rozi bo‘lsin, ikki dunyo saodatini tilayman. Adajonimni Alloh rahmatiga olib, Jannatdan joy ato aylasin. Oyijonimni O‘z panoxida asrasin. Umrlari ziyoda, rizqlari barokatli bo‘lsin. 
  Adajonim ustoz san’atkor, buyuk san’at darg‘alaridan biri - Erkin aka Komilov bilan bir yilda, bir kunda tug‘ilganlar. Otajonim olamdan 2017 yili o‘tdilar. Allohim O‘z fazliga olgan bo‘lsin. Ammo Erkin akaning umrlari ziyoda bo‘lsin. 100 ga kirsinlar, ilohim. Xalqimizning mehri, muhabbati, duolari doim ular bilan birga. Sog‘-omon bo‘lsinlar. (Erkin akaning o‘zlarigayam bu haqda aytganman).

- Siz aktrisalikdan tashqari chiroyli raqsga tushishingiz bilan ham tanilgansiz. Raqs san’ati bo‘yicha biror raqqosa yo baletmeysterdan alohida tahsil olganmisiz yoki raqsga tushish o‘zingizning sevimli mashg‘ulotingizmi?
- Raqs - mening eng sevgan mashg‘ulotim. Bolaligimdan raqs san’atiga judayam qiziqaman. San’atga, ayniqsa raqsga qiziqish menga Adajonim va Oyijonimdan o‘tgan. Adajonimni "Vesna" rusumli magnitofoni bo‘lardi. Hozir ham bor uyda. Shu magnitofon bilan Adajonim TVdagi hamma konsertlar, filmlarning qo‘shiqlarini yozib olardilar. Oyijonim esa shu qo‘shiqlarga raqs tushishni bizga o‘rgatardilar. Ayniqsa, hindcha raqs jonu dilim edi. Hind olamiga shunchalik mehrim tushgan ediki, 5 sinfda o‘qiyotganimda tuman maktablari aro raqs musobaqasida hindcha raqs tushib, tanlov g‘olibi bo‘lganman va o‘sha paytda endi urf tusiga kirayotgan katta rangdor chiroqlari o‘chib yonadigan yangicha magnitofonga, yangi uychali soat budilnik, faxriy yorliqlarga ega bo‘lganman. Magnitofonni maktabga sovg‘a qildim. Uychali budilnik haligacha uyimizda turibdi. Judayam shirin xotiralar. Hind filmlarini hamma kabi rosayam miriqib ko‘rardim va xayolan Bollivud olamida sayr qilardim. Hattoki 6-7 sinfda o‘qiyotgan chog‘imda handcha so‘zlarni o‘rganib, gapirishni boshlaganman. Shunda kelajakda albatta Hindistonga, Agraga boraman, Tojmahalni ko‘raman, deb niyat qilganman. Hindcha raqs bilan bir qatorda o‘zbekcha milliy, horazmcha, arabcha, qozoqcha, ispancha, turkcha, uyg‘urcha, xorijiy raqslarni ham ijro etardim. Adajonim bilan Oyijonim o‘zim qiziqqan yo‘nalishim bo‘yicha doim sharoit yaratib berishardi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin. Maktab davrimda tadbirlarda doim raqsga tushardim. Keyin teatrga ishga kirdim. Albatta, konsertlarda, spektakllarda raqsga tushardim. Teatrimizda aktrisa hamda xoreograf opamiz borlar - Zulkaram To‘g‘onboyeva.  Teatrdagi raqslarimni ko‘rib, kamchiliklarim bo‘lsa aytib, to‘g‘irlab berardilar. Hozirgacha u kishi teatrimizni xoreografi. Umrlari uzoq bo‘lsin.

- Teatr tomoshabinlarining madaniyatidan ko‘nglingiz to‘layaptimi?  Bu borada sizni xursand qiladigan, o‘ylantiradigan va xafa qiladigan jihatlar nimada?
- Quvonarli jihati mana o‘n yildan oshdi-ki, xalqimiz o‘zlari spektakl ko‘rishni chin dildan xohlab, izlab teatrga kelishadi. Doimiy muxlislarimiz bor, Allohga shukur. Spektakllarni ham judayam ajoyib tanqid, tahlil qilishadi, tushunishadi. Sevib qiziqib tomosha qilishadi. Madaniyatga kelsak, teatr tomoshabinining madaniyatidan ko‘nglim 100 foiz to‘lmaydi. Negaki, hozirda ham tomosha zaliga kirganda o‘zini qanday tutishni bilmaydiganlar, spektakl mobaynida aktyorga xalaqit bergancha baqirib, telefonda gaplashib o‘tiradiganlar ham, aktyorga qarab gap tashlab o‘tiradigan tomoshabinlar ham topiladi. Lekin "Moskva ham darrov qurilgan emas" kabi iboralar bejizga aytilgan emas. Hamma narsaga birdan erishish mumkin emas. Asta-sekin bo‘ladi hammasi. Biroq o‘n yil, hatto besh yil avvalgi tomoshabin bilan bugungi kun tomoshabinining madaniyatini solishtirsak, ijobiy tomonga ancha o‘zgarish bor. O‘ylantiradigan jihati esa, hammamiz ham borgan sari sabrsiz bo‘lib boryapmiz. Buni yashiradigan joyi yo‘q. Mana hozirgi kunda odamlarning teatrga ataylab kelib, o‘tirib, telefoniga daqiqa sayin qarayvermay, telefonni bir yoki bir yarim soatga o‘chirib qo‘yib, spektakl tomosha qilishi katta kuch talab qilyapti. Kelajakda qanday bo‘lar ekan???

- O‘zingiz orzu qilgan rolni ijro eta oldingizmi?  Sizning orzuingizdagi asar va rol qaysi?
- To‘g‘risini aytsam, men boshqalar kabi "Mana bu rolni ijro etaman", deb orzu qilmaganman. Balki, u darajaga hali yetmaganim uchundir. Ammo teatrda har bir rejissyorning menga ishonib topshirilgan har qanday rolini chin yurakdan, maromiga yetkazib ijro etishga harakat qilaman. U xoh epizod bo‘lsin, xoh asosiy qahramon bo‘lsin, yoinki ikkinchi darajali rol bo‘lsin, menga farqi yo‘q. Ijro etgan rollarimni har biri  men uchun qadrli va  sevimli.

- Onangiz yutuqlaringizdan quvonib, Sizni duo qilganlarida ko‘nglingizdan nimalar kechadi? Farzand sifatida onangiz oldidagi burchlaringizni bajara oldim deb hisoblaysizmi?
- Ko‘nglimdan "Adajonim shu kunlarni ko‘rmadi", degan armon o‘tadi. Lekin Oyijonim hayot bo‘lganlari, yonimda ekanliklari uchun, shu kunlarga birga yetganimiz bois alxamdulillah, Allohga behisob hamdu sanolar bo‘lsin, degan gaplar xayolimdan kechadi. Farzand qachon ota-ona oldidagi burchlarini bajara oladi? Hech qachon. Kimlardir, balki farzandlik burchimni bajardim, deb hisoblar o‘zini. Biroq menimcha, umrimiz davomida farzandlik burchimizni to‘liq ado etolmaymiz. Shu tufayli ko‘proq Oyijonimni xursand qilishga, iloji boricha hayot tashvishlaridan avaylashga harakat qilaman. Baribir eplay olmayman. Onalar yuragi bilan his etishadi. Ularni aldab bo‘lmaydi. Oyijonim haqida gap ketsa, Alisher Fayzning qo‘shig‘i esimga tushib ketadi. "Yaratganim o‘zing ber imkon... Onamni sog‘ tut, meni ham omon, men Onamni rozi qilguncha". Allohimdan Onajonim uchun salomatlik, barokatli umr, to‘kin rizqu nasiba va uzoq umr so‘rayman.

Suhbatdosh - Muzaffar MUHAMMADNAZAR.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот