Hech kim bilmas sir


Mendan ajrash juda ham oson,
Hech kim bilmas siri bor buning.
Mendan ayro ketgan bo‘lasan
Tosh yo‘limdan noligan kuning.

Axir senga boshda aytganman,
Kelganim yo‘q tep-tekis yo‘ldan.
Hamon qo‘rqib eslayman, o‘tgan,
Ko‘priklarim hammasi qildan.

Ro‘molimga tekkan qon dog‘i -
Tuhmat toshin qilgan "hunari",
Ko‘rib sekin ketishin mumkin,
Bu g‘amdiyda ayoldan nari.

Aytaversam, yoqa tutasan,
Bu ko‘z bilan nelar ko‘rganman.
Taqdir sinov qilgan yo‘llardan,
Ayol boshim bilan yurganman.

Qo‘rquv chalsa oyoqlarimdan,
Yiqilardim, yiqa olmasdim.
Agar boshim bilan yurmasam,
U yo‘llardan chiqa olmasdim.
***
Ota, umrim o‘tgani sayin
Yaqin keldi Vatan degan so‘z.
Shundan o‘tgan kunim azizdir,
Shundan kelar kunlarim aziz.

Vatan degan so‘z bilan bog‘liq
Qayg‘um go‘zal, quvonchim go‘zal.
Ko‘zlarimning issig‘i shu so‘z,
Hayotimning mazmuni o‘shal.

Buloqlari dardimga darmon,
Shamollari – oltin tarog‘im.
Tuprog‘ini ko‘zimga surtsam,
Ravshan tortar chashmi qarog‘im.

Vatan desam, onam keladi
Oq ro‘mollar o‘rab boshiga.
Men onamdan qarzdor kabi
Qarzdorman shu so‘z qoshida.

Kitob bilan nonni teng ko‘rgan
Ulug‘lar darsxonasi – Vatan.
Mehnat bilan sochi oqargan
Onaginam onasi – Vatan.

Humo qushi bezab turibdi
Qomusining hoshiyasini.
Tongda turib kuylar qushlar ham
O‘zbekiston madhiyasini.

* * *
Qaydasan deb so‘ramagin,
Men ko‘ngil tarafdaman,
Sen mening jonimsan degan
Shirin til tarafdaman.

Qirmizi qabodaman,
Qizil gul tarafdaman,
Bargida durri shabarro‘z
Atirgul tarafdaman.

Chuchmomalar chiroq yoqqan
Nurli yo‘l tarafdaman.
O‘zbekiston deb kuylagan,
Shod bulbul tarafdaman.

Oydin oqshom g‘azal aytgan
Oydin dil tarafdaman.
Fuzuliyda, Yassaviyda,
Men Bedil tarafdaman.

Navoiyda ham Boburda,
Ahli dil tarafdaman,
Ahli xushfe’l, ahli xurshid,
Xushnud el tarafdaman.
Bayramdaman, xurramdaman,
To‘y, sayil tarafdaman.
Yurtni g‘aflatdan uyg‘otgan
Ul fozil tarafdaman.

* * *
Ko‘nglim ko‘ngli gulga payvand bo‘libdir,
Ta’bim fasli gulga payvand bo‘libdir.
Men qaydan bilibman, seni ko‘rgandan
Ko‘zim ashki selga payvand bo‘libdir.

Men qaydan bilibman, sevgi beshafqat,
Sabzavorim cho‘lga payvand bo‘libdir.
Dedilar, ishq yo‘li borsa xatarli,
Borsa kelmas yo‘lga payvand bo‘libdir.

Men dedim, ko‘zimdan oqqan daryolar
Oshiq degan elga payvand bo‘libdir.
Dedilar, ishq bog‘in olmalarin yeb
Malikalar qulga payvand bo‘libdir.

Men dedim, saroylar, taxti ravonlar
Ishq yo‘lida kulga payvand bo‘libdir.
Faqat ishq, faqat ishq chamani mangu,
Qolganlari yelga payvand bo‘libdir.

Dedilar, sahroda oshiqlar bog‘i,
Toshlar gapirib tilga payvand bo‘libdir.
Bu bog‘da Laylining ko‘z yoshin yalab,
Kiyikchalar qo‘lga payvand bo‘libdir.

Dashti Karbaloga oqmish daryolar,
Magarkim dil dilga payvand bo‘libdir.
Dunyoning eng nurli yo‘li, ishq yo‘li
Ajal kelmas yo‘lga payvand bo‘libdi.

BAHOR XABARIM BOR

Mening ne ishim bor bexabar bilan?
Bahor xabarim bor, gul xabarim bor.
Bir qo‘shnim Laylidir, bir qo‘shnim Shirin,
Yurakka boruvchi yo‘l xabarim bor.

Bag‘ritosh, toshlaring boshimga tegmas,
Toshlarni qaytarar Muqbil xabarim bor.
Guliston avlodman, nurdan bunyodman,
Gulzodlar nasliga singil xabarim bor.

Mening ne ishim bor bexabar bilan?
Parilar yurtidan dil xabarim bor.
Bir qo‘shnim Zuhrodir, bir qo‘shnim Uzro,
Muhabbat bog‘iga kel, xabarim bor.

Olovda yonmasman, suvda cho‘kmasman,
Qaqnus xabarim bor, bulbul xabarim bor.
Qachon tark etasan zimistoningni,
G‘anim, zulmatingdan kechgil, xabarim bor.

Mening ne ishim bor shumxabar bilan?
Shodlik xabarim bor, shoddil xabarim bor.
Bir qo‘shnim Zuhaldir, biri Zulayho,
Yusuf xabarim bor, Bedil xabarim bor.

Olamning gullari qalbimga ko‘chmish,
Fasli ishq saylida sumbul xabarim bor.
Baxtim, shu gullarni dillarga eltish.
Oqilu orufu odil xabarim bor.
Mening ne ishim bor bexabar bilan?

* * *
Shu Vatanni sevaman jondan,
Sevdim, yana go‘zal bo‘ldi u.
Oqqush bo‘ldi har tushgan qori,
Har yomg‘iri asal bo‘ldi u.

Qo‘limga suv qo‘ydi bulog‘i,
Shamollari tutdilar sochiq,
U qo‘lini ochgani sayin
Yo‘li bo‘ldi shunchalar ochiq.

Shu Vatanni sevaman jondan,
Sevdim yana dilbar bo‘ldi u.
Oq kaptarlar – opam, singlimu
Jayronlari jigar bo‘ldi u.

Gulzor ichra xonqizchalari
Labin qo‘ydi barmoqlarimga.
Musichasi tunlari yuvvosh
Yurib chiqdi qaboqlarimda.

Shu Vatanni sevaman jondan,
Sevdim, baxti bekam bo‘ldi u.
Bo‘richalar emishganlarim,
Qoplonlari akam bo‘ldi u.

She’rlarimga sarlavha yozdim
Kiyik o‘tgan so‘qmoqlaridan.
Hayratimning nafasin sezdim
Qizg‘aldoqning titroqlaridan.

Shu Vatanni sevaman jondan,
Sevdim, qatra qonim bo‘ldi u.
Ko‘zim, so‘zim, umri bayonim,
Jonim bo‘ldi, jonim bo‘ldi u.

* * *
O‘zing ayt, qurboning bo‘lay,
O‘zing ayt, sadag‘ang ketay.
Ko‘zim faqat gulni ko‘rib,
Tikonni ko‘rmasa, netay?

Men qandayin o‘q yemayin,
Men qandayin yiqilmayin?
Ko‘zim oqqushlarni ko‘rib,
Kamonni ko‘rmasa, netay?

Bu ko‘ngil, maftuna ko‘ngil,
Qandayin bartaraf etay?
Ko‘zim baxtlar saroyida,
Vayronni ko‘rmasam netay?

Olma otib o‘ylayurman,
Gulga botib o‘ylayurman.
Mayda-chuyda foydasiyu
Ziyonni ko‘rmasam netay?

Tunlar oyning yog‘dusida,
Oyna ko‘lning ko‘zgusida.
Farishtalarni ko‘rsam-u,
Shaytonni ko‘rmasam netay?

Qoshimga qo‘nsa qaldirg‘och,
Barmog‘im o‘psa bo‘zto‘rg‘ay.
Chumoliga qo‘l uzatib,
Chayonni ko‘rmasam netay?

Salom bermay o‘tdi dermish,
O‘zing ayt, qandayin qilay?
Bo‘yi chumolidan ham past
Ultonni ko‘rmasam netay?

Nafasidan bog‘lar so‘lib,
Kir ichlari kirga to‘lib,
Ba’zan bari birga bo‘lib
O‘ldirsa, o‘lmasam, netay?

* * *
Sen deganda ko‘zimda nam,
Sen deganda boshginam xam,
Ey mehribon, ey muhtaram,
Unutmoq kasbi odatmu?
Sen kelmassan, men bormasman,
Rutubatda uchgan xasman,
O‘lsam hamki kel demasman,
Bu xorlik toj ila taxtmu?
Ishq olovmi – o‘cholmasim,
Olovda ko‘z ocholmasim,
Ey oltinim, ey olmosim,
Bu og‘riq jonga rohatmu?
Ishqi yo‘qlar bordir, ishon,
Tolibi may, mastu maston,
Ey parishon, lutfi ehson,
Sevolmaslik ham san’atmu?
Bo‘g‘zimda tosh qotgan so‘zim,
Sen jim, men jim, bu olam jim,
Ey anisim, ey azizim,
Bu jimlik buyuk ne’matmu?
Kimga yoz, bizga ayozmu?
Bu turbadlar hali ozmu?
E’tirozim, ey e’zozim,
Bu furqatlar farog‘atmu?
Nur sochib turar hasratim,
Gul yog‘ib yurar hayratim,
Ey izzatlim, ey hazratim,
Bu baxtsizlik bizga baxtmu?
* * *
Parilar mulkida – Bog‘i Shamolda,
Qirmizi olmalar pishdi, to‘kildi.
Men unga olmalar bermoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.
Oshiqlar mulkida, shamlar ilkida,
Ipak ko‘ylagida kuydi parvona,
Shamida parvona bo‘lmoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.
Fozillar yurtida, azmi Toshkentda,
Marvarid oq tutlar pishdi, to‘kildi.
Men unga oq tutlar bermoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.
Jonimga sayyodim, fayzi fayodim,
U unsiz faryodim, u go‘zal yodim.
Yodi-la bir umr yurmoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.
Bog‘dagilar uchrashar, bog‘lar uchrashmas,
Odam tog‘ emas-ku, tog‘lar uchrashmas.
Bog‘ bo‘lib, tog‘ bo‘lib turmoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.
Oshiqlar mulkida – Bog‘i Balandda,
Bog‘i Feruzada, ul Samarqandda,
Abadiy bahor bor, abad so‘lmaydi.
Oshiqlar o‘lsa ham, ishqi o‘lmaydi,
Ul bog‘da bir umr qolmoqchi edim,
Men uning ko‘zlarin ko‘rmoqchi edim.

ONAM OYNING QIZI

Onam oyning qizi oyshahar edi,
Otam tog‘lar o‘g‘li toshchaynar edi.
Onam ohularning ko‘zidan o‘pib,
Otam ayiq bilan tosh o‘ynar edi.

Onam aytsa, sellar o‘pkasin bosib,
Aylanib o‘tishni yo‘lin qilardi.
Otam saratonga choy damlab berib,
O‘tganu ketgandan gurung qilardi.

Bir muanbar o‘ylar, muattar bo‘ylar,
Onamning boshida durrasi edi.
Rashk degan joyida, fe’li aynisa,
Otam izg‘irinning jo‘rasi edi.

Qahraton qaqshardi qizg‘onishidan,
Biz muzlab qolardik, qotib qolardik.
Erkak zoti kelsa darvozamizga,
Hovlining to‘riga qochib qolardik.

Qattiq qizg‘onardi otam onamni,
«Tishingni oqini ko‘rsatma!» – derdi.
Onam yayramadi uning zug‘midan
Er degan shundayin bo‘ladi» – derdi.

Otam hovlimizda ko‘tarsa bo‘ron,
Uchta qiz eshikni ochgancha qiya,
Sim – sim yig‘lar edik, jim yig‘lar edik,
O‘ksirdik onamni sevmaydi deya.

Onam vafot etdi qirq bir yoshida,
Ko‘p erta chorladi u dunyoi chin.
Otam ko‘nikmadi onamsiz baxtga,
Otam uylanmadi onamdan keyin.

Biz esa...
O‘ksibmiz onamni sevmaydi deya.
Onam oyning qizi oyshahar edi,
Otam tog‘lar o‘g‘li toshchaynar edi.

* * *
Kimningdir yo‘lida uchragandirsan,
Men senga qon yig‘lab yetdim haqiqat.
Suvingdan bir hovuch ichmoqlik uchun,
Bir daryo og‘ular yutdim haqiqat.

Gulgun yoshligimni egdi xiyonat,
Achchiq ko‘z yoshlarda oqdim haqiqat.
Yurakni nishonga olganda tuhmat
Sen tomon umid-la boqdim haqiqat.

Kimlarnidir kutib toliqqandirsan,
Men sen deb otashdan o‘tdim haqiqat.
Kimnidir yo‘lida yo‘liqqandirsan,
Men seni bir umr kutdim haqiqat.

Tog‘da gulxan yoqib ajdarlar bilan
Sen haqda suhbatlar qurdim haqiqat.
Qotil bo‘lmasin deb ilon pariga
Kaftimda shakarlar berdim haqiqat.

Mungli dostonimni eshitib turib,
Devlar qishlog‘imga olov yoqmadi.
Qirq kun Vaxshuvordan ko‘chgan ilonlar,
Muzday tegib o‘tdi, ammo chaqmadi.

Qashqirlar o‘ragan yolg‘iz ot edim,
Qorlarga to‘kilgan qonim – haqiqat.
Tirik qolish uchun har kuni yondim,
Sen buncha kechikding, jonim haqiqat.

Endi yiqilmayman, endi o‘lmayman
Haybati haqiqat, qudrati haqiqat.
Sen kelding, izingni ko‘zga surgayman,
Hazrati haqiqat, hazrati haqiqat.

Zulfiya MO‘MINOVA










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот