OTA VA QIZ


Abduqayum YO‘LDOSHЕV

OTA VA QIZ
Hikoya

     Shaharda yashaganim bilan ovuldan uzilib ketolmadim. Butun yaqinlarim shu yerda: to‘y bor, ma’raka bor. Ulardan orttirib o‘ttiz-qirq kunda, ba’zan, ish ko‘payib qolganida esa ikki-uch oyda bir kelib-ketaman. Shunga qaramay, O‘zbekovulda bo‘layotgan barcha gap-so‘zlardan, katta-kichik voqealardan miridan-sirigacha xabardordekman: hol-ahvol so‘rashib, hali nafasimni rostlab ulgurmasimdan xeshlarim taxi buzilmay turgan yangiliklarni oldimga dasturxon qilib yoyishadi. 
     Qishlog‘imizning ba’zi odamlari haqida esa o‘zim so‘rab-surishtiraman: “Falonchi aka bor edi-ya... Pistonchi nima qilyapti?..”
     To‘g‘ri, bir tanishimning ismini tilga olgim kelmaydi, u haqida o‘ylasam bas, yuragim uvishib ketadi. Ammo, na iloj, gapdan gap chiqadi va nogoh anglaymanki... 
* * *
     Ovulning yosh-qarisi tan bergan: Qobil – falokat-da, bechora kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi, deganlari asli shu o‘zi – kutilmagan dardga chalinib, esi kirar-chiqar bo‘lib qolgan opasini tashlab qo‘ymadi; ayrimlarga o‘xshab, sho‘rlik qizni tupkaning tubidagi, aytishlaricha, sochi taqir olingan bemorlari yirtiq-yamoq, dog‘-dug‘ bosganidan rangini ham ajratib bo‘lmaydigan ko‘ylak-ishtonda yuradigan nomi yomon joyga oborib tashlamadi. Vaholanki, qancha hamqishloq unga shunday jo‘yali maslahat berdi, hatto “Qog‘ozbozligiga biz turib beramiz”, deya ko‘krak kerganlaram bo‘ldi, ammo – padariga ming rag‘bat bunday mehribon va sadoqatli, g‘amxo‘r va fidoyi jigarning! – Qobiltoy qutqularga uchmadi, aksincha, bir qorindan talashib tushgan opajonisi O‘g‘iloyni avaylab-asradi, undan bir to‘g‘ram beminnat nonini ayamadi. 
     To‘g‘ri, hamma joyda bo‘lgani kabi, O‘zbekovulda ham uchrab qoladigan ba’zi bir ichi qora, badbin kimsalar O‘g‘iloyning molxona yonidagi poli yo‘q hujrada shit­raga botib yashashini, umri ukasining mollariga qarash bilan o‘tayotganini, inchunin, uning tekin xizmatkordan – yo‘g‘-e, hattoki xizmatkor ham oylik talab qiladi-ku, tong-sahardan qorong‘i tushguncha tinim bilmaydigan aqli noqis qariqiz esa qorni to‘yganiga xursand – farqi yo‘qligini aytib qolishadi. Ha, nima, deya ularning sassiq g‘iybatlarini shartta kesishadi ovul oqsoqollari, bechora Qobiltoy bitib ketgan boymidiki, opasi uchun alohida qasr qurib bersa; shusizam dasturxoni bir, yegan-ichgani bir; shuncha uyida bo‘ldik, biron marta, darhaqiqat, shitraga botib yuradigan opasidan irganganini, uni ko‘ksidan itarganini ko‘rmadik; aksincha, mehribon va g‘amxo‘r, g‘amxo‘r va mehribon – naq boshiga ko‘taradi-ya! Shu holida O‘g‘iloyni dalaga chiqarib, ketmon choptirib qo‘yganida, nima, xursand bo‘larmidilaring? Xo‘p, ana, dalaga chiqardiyam deylik, biroq, Xudo ko‘rsatmasin-u, miyang xato – beaql – qiz o‘t chopaman deb, ketmonini bironta bola-molaning boshiga sob qolsa, dardingni kimga aytasan? Shuni bilganidan, birovga damini chiqarmay, uyginasida asrab o‘tiribdi-ku! Haliyam shu bolaga rahmat denglar, otasi bergan tuzni oqladi lekin. Ungayam oson emas... Odatda, bunday po‘pisali e’tirozlar biron ko‘ngli bo‘shab ketgan mo‘ysafidning qo‘l ochishi va titroq ovozda tilak bildirishi bilan yakunlanardi: “Kelinglar, shu bolaning haqiga bir duo qilib qo‘yaylik. Iloyo, shundayin oqibatli, solih farzand har ota-onaga nasib aylasin...” 
* * *
     Qobil uylanganida el qatori to‘yga chaqirildim, ammo bormadim... borolmadim. Jobir otani so‘nggi yo‘lga kuzatishayotganida esa yetib keldim. O‘shanda, qabristondan qaytib, fotiha qilib chiqayotganimizda Qobilning bir qiz, bir o‘g‘illi bo‘lganini, qaysidir fermerning qo‘lida ishlayotganini eshitgandim. 
     Ba’zi narsalarni, hattoki tanishlarni, ularning qiyofalarini, gap-so‘zlarini esdan chiqarsam, butkul unutsam deysan. Ammo el-ulus bunga yo‘l qo‘ymaydi. Teshik quloq: har tus gap eshitasan; ochiq ko‘z: ko‘rasan. 
     Xullas, bir kelganimda menga to‘lib-toshib gapirib berishdi. Qobilning uchinchi sinfda o‘qiyotgan qizi Noroy maktabda dugonasining qo‘g‘irchog‘ini o‘g‘irlaydi. Menga do‘konda xuddi o‘shanaqa qo‘g‘irchoqni ko‘rsatishdi: bo‘yi bir yarim qarichcha keladigan uzunoyoq “Barbi”. Qishloq qizlari o‘rtasida endi-endi urf bo‘layotgandi, shekilli. Havasi kelgandir-da. 
     Ertalab deng, tasodifan buni ota ko‘rib qoladi, ya’ni darsga borish oldidan qizaloq yayrab qo‘g‘irchoq o‘ynayotgan bo‘ladi. Tabiiyki, uydagi ignaga qadar yoddan biladigan Qobil qizidan “Barbi”ni qayerdan olganini surishtiradi. Otani aldab bo‘larmidi? Qo‘lga tushgan qiz qo‘rqa-pisa aybini bo‘yniga oladi. 
     Ana shunda... Qobil qizini bo‘ynidan changallaydi, hovliga sudrab chiqadi, xurjunga tiqilgan xalacho‘pni oladi-da... Noroyni to maktabga qadar dikonglatib sudrab, xalacho‘pda tinmay urib olib keladi. So‘ng qizini sinfiga sudrab kiradi, anqayib qolgan muallimaning ko‘z oldida Noroyni o‘sha sabil qolgur qo‘g‘irchoqni egasiga topshirishga majbur etadi. Uyat, alam, vahimadan dir-dir titrayotgan, zorillab yig‘layotgan qizaloq jahldan ko‘karib ketgan ota­si­ning aytganini qiladi. 
     Ana shundan keyingina pachaq ko‘kragini mag‘rur kergan Qobil butun sinfga eshittirib: “Bizning uydan bunday sharmanda chiqmagan! Yana birovning bir narsasiga teginsa, aytinglar, buni o‘zim urib o‘ldiraman!” deydi va “gurs-gurs” qadam tashlagancha xonadan chiqadi-ketadi.
     Bolalar... Bolalarni eplab bo‘larmidi... Maktabda darslar tugar-tugamas butun ovul “o‘g‘rigina qiz” tarixidan boxabar bo‘lib ulgurdi.
     Nechukdir bu voqea ovulning o‘n-o‘n besh yoshi ulug‘roq oqsoqol va kayvoni momolariga ma’qul ko‘rinadi. Ular ataylabdan kelib, bir piyola choydan boshlangan to‘kin dasturxon ustida Qobilni rosa alqab ketishadi. 
     Qilar ishni qilib qo‘yganidan so‘ng yuragi po‘killabgina raiyatning xulosa-hukmini kutib o‘tirgan, azaldan maqtovga o‘ch, o‘z sha’niga aytiladigan shirin so‘zlarni sotib olishga tayyor Qobilga Xudo berib qoldi-ku... Elchilik, qorni bir to‘ygani evaziga saxiy mezbon sha’niga shirin xushomad so‘zlarini yog‘dirishning rosa hadisini olgan Pirimqul naynovu Akmal hamsoyalarning izdoshlari ovulda yetarli edi: ular ipakday eshilib, Qobilni madh etishdan charchashmadi, uy egasi bo‘lsa ularga das­turxon yozib...
     E, Xudo, goho oshqozon izmida naqadar maydalashib ketamiz-a...
     Bu izdihom hatto shu voqeaga beixtiyor shohid bo‘lgan muallima Nazokat opaning qiz bola ruhiyati, qalb jarohati xususidagi ojizona e’tiroz aralashgan mulohazalarini ham bosib ketdi. “Qobilboy pedagogika-medagogika, ilmiy yondashuv deb, lanjlik qilib o‘tirmadi, – deya uning gapini qayirib tashladi o‘qituvchilar yig‘inida direktorning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor aka. – U allaqachon palak otib, barg yoyib kelayotgan muammoni ildiz-pildizi bilan sug‘urib tashladi. Ikki yuz foiz kafolat beraman, endi uning bolalari ikki dunyodayam o‘g‘irlikka qo‘l urishmaydi! Bu, aslini olganda, boshqa bolalargayam jonli ibrat bo‘ladigan hodisa, mana shu jihati bilan ham bizga yanada qadrli!” 
     Ishqilib, ovulda shu paytgacha telba opasini tashlab qo‘ymagan mehribon uka sifatida tanilgan Qobilning obro‘yi yanada oshib ketdi, endi u “bolalarining egriqo‘lligini ko‘tarolmaydigan, bunday isnodga chidolmaydigan qattiqqo‘l ota” sifatida ham dong taratdi.
     Ha, Qobil tom ma’noda qo‘li qatttiq ota ekan. Maktabda sharmandai sharmisor etilgan Noroyning badanida ko‘karmagan joyi qolmagandi. 
     Xalacho‘p izlari-ku, hafta-o‘n kun deganda tuzalib ketdi. Ammo qiz bechora qattiq qo‘rqqan ekanmi, shundan keyin tili tutilib, yaxshi gapirolmaydigan bo‘lib qoldi. Ammo qattiqqo‘l, lekin adolatli va o‘ta mehribon ota qizini maxsus maktabga yuborishlariga ko‘nmay turib olipti, “Sog‘ida kerak qizim, kasalida kerakmasmi? Yo‘q, Noroyim har ne bo‘lsayam, yonimda bo‘ladi”, debdi. Bu qadar oliyjanob­likdan hayratga tushgan ovul ahlining qancha-qanchasi ko‘z yoshlari shashqator oqar darajada mutaassir bo‘lishgan, yana qanchasi chopib kelib, to‘kin dasturxon boshida bag‘ridaryo otaning shaxsan o‘ziga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etishga shoshgan... 
     Men bu qizni ko‘rdim...
     Qaysiyam bir yili Navro‘z bayramida maktabda uchrashuvga taklif etib qolishdi. Rasmiy tantanaga biroz vaqt bor ekan. Shuning uchun, o‘qituvchining ruxsati bilan to‘qqizinchi sinf o‘quvchilarning darsiga kirdim. 
     Oxirgi partadagi qizning yonida joy bor ekan, o‘sha yerga borib o‘tirdim.
     Muallima mavzuni tushuntirishda davom ettirdi. Razm solsam, yonimda o‘tirgan sarg‘ish yuz qiz diqqat bilan dars tinglayapti. Unga xalaqit bergim kelmadi, shuning uchun sumkamdagi kitobimdan bir-ikkita olib, ichki muqovasiga “O‘zim o‘qigan maktab o‘quvchisiga muallifdan” deya dastxat yozib qo‘ya boshladim.
     Bir payt yonimda o‘tirgan qiz kitobimga qiziqsinib, o‘g‘rincha qarab-qarab qo‘yayotganini sezdim. 
     Qizga qaradim. U birdan ko‘zlarini olib qochdi, so‘ng, xuddi bir gunoh ish qilganday, parta chetiga surildi, aybdorona qunishib, g‘ujanak bo‘lib qoldi. 
     Pichirlab so‘radim:
– Sovg‘a qilaymi?
     Bunaqa taklifni kutmagan ekanmi, bir soniyalik esankirashdan so‘ng tuyqus quvonchdan ko‘zlari charaqlab ketgan qiz shosha-pisha bosh irg‘adi. 
– Otingni ayt, yozib beraman. 
     Qiz duv qizardi, so‘ng, men tomonga sal engashgancha, qiynalib, yutinib arang:
– No... no... No-roy, – deya oldi.
     O‘lay agar, avvaliga qiz hayajon­langanidan shunday gapiryapti, deb o‘yladim. Ammo shu payt oldingi partada o‘tirgan qiz yonidagi dugonasiga shivirlab qoldi:
– Duduq sinfimizni yana sharmanda qiladigan bo‘ldi. 
     Shundagina men yonimda Qobilning qizi o‘tirganini bildim.
     Dovdirab, kitobimga dastxat yozib berishga ham ulgurmadim: kelganimdan xabar topgan, shekilli, direktor sinfga chopib kirdi va meni izzat-ikrom bilan kabinetiga olib ketdi. 
     Uchrashuv chog‘i zalga diqqat bilan ko‘z tashladim, ammo Noroy ko‘rinmadi. 
     Shu bilan qiz, uning siymosi yodimdan ko‘tarilib ketdi. 
* * *
  Mana, oradan o‘n yil o‘tib, Noroyni bugun esladim. Eslaganda ham juda aniq-tiniq. Xuddi bir gunohi borday, parta chetida aybdorona qunishib, g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan sarg‘ish yuzli qiz...
     Noroy tuman markazidagi kollejni bitirgach, ammasi O‘g‘iloy bilan uy ishlarini qilib yurgan. Oradan uch-to‘rt yil o‘tsa ham, qizga sovchi kelavermagan. 
     Qobil bu borada duduq farzandining tolesi porlashiga unchalik ishonmagan, shekilli, Noroyni imi-jimida qo‘shni qishloqdagi xotini o‘lgan bir erkakka uzatib yuboradi. 
     Goh u ulfatining, goh bu ulfatining uyida, ba’zida esa qishloq choyxonasida haftalab yotib ichadigan erning qo‘li yugurikroq bo‘ladi. Noroy kaltaklarga besh-olti oy sabr bilan bardosh beradi. Ammo navbatdagi “urdi-urdi”dan so‘ng qornidagi homilasi tushib qolgach, jon achchig‘ida uyiga qaytib keladi. 
O‘, o‘sha lahzalar tafsilotini O‘zbekovul ahli ancha paytgacha gapiraverib-gapiraverib, saqich qilib chaynab yubordi o‘ziyam. 
     Tasavvur eting: yuz-ko‘zi, bo‘yniyu qo‘llari ko‘kargan, quyi labi yorilib, do‘mbiraday shishgan, behol – axir, bola tashlagan, oyoqlarini bazo‘r sudrab bosayotgan juvon qishloqqa kirib keladi va uni uyining yonida – kim noxush xabarni yetkazib, suyunchi olib ulgurgan, noayon – qo‘llarini beliga tiragan, cho‘qqi soqolli iyagi dir-dir titrayotgan darg‘azab otasi kutib oladi.
     Tomoshatalablar qo‘shni uylardagi derazalardan, darvozalardan bo‘ylashadi, bezbetroqlari bemalol ko‘chaga chiqib ham oladi. 
     Hali baxtsiz juvon ostonasiga yetib kelmasidan ota ko‘zlarining paxtasi chiqib, qo‘llarini palaxsa qilgancha o‘shqiradi:
– Men seni chaqirmadim, nega kelyapsan?! Men senga eringning uyida tosh bo‘lib qol, deganmidim, shunday bo‘lib qolasan!
     Sho‘rlik Noroy nimanidir tushun­tirmoqchi bo‘ladi, qo‘rqqanidan, vahimaga tushganidan battar duduqlanadi:
– O... o-ta...
     Ammo ayni damlarda o‘zini juda oliyjanob, maqtovlarga sazovor yo‘l tut­yapman, deb ishonib turgan, bu tuyg‘udan sarmast, o‘zini o‘zi juda yaxshi ko‘rib ketayotgan ota qizini eshitmaydi ham. Qobil yana pachaq ko‘kragini keradi va qiziga hozirgina o‘zi sudralib kelgan qishloq tomonni ko‘rsatadi: 
– Uyingga bor! Vataningga bor! Eringning, qaynona-qaynotangning xizmatini qil! Bu yerga ko‘z yoshingni oqizib kelganingni ko‘rmay! 
     Otasining o‘z qaroriga mutaassiblarcha yopishib olishini, undan endi o‘lsa ham qaytmasligini, har qancha yalinib-yolvorgani bilan zig‘ircha ham yon bermasligini ko‘rgan Noroy yig‘lay-yig‘lay ortga qaytadi. 
O‘zbekovul ahli Qobilning bu jasoratini yana ko‘klarga ko‘tarib madh etadi, ne-ne sarkash kelinlarga, ko‘ngli yumshoq otalarga ibrat, namuna qilib qo‘rsatiladi... 
     Bu voqea o‘tgan yillar mobaynida besh-olti marta takrorlanadi. Har gal ota zabun, ezilgan qizini qat’iyat ila ortiga qaytaraveradi. Hatto bir safar devordan angrayib bo‘ylab turgan opasini ko‘rsatgancha, titroq ovozda: 
– Menga ammangning tashvishi kammidi o‘zi? – deya nola qilib yuboradi. 
     Buni eshitgan alkash er battar quturaveradi. Faqat, aytishlaricha, bu maxluq endi ayyorlik aralash vahshiylik yo‘liga o‘tadi: ayrim hamqishloqlaridan, mahalla-ko‘ydan dakki eshitavergach, xotinining ustiga ho‘l latta tashlaydi-da, enasining paxta savalaydigan xivichida ura boshlaydi: shunday qilsa, tanada iz qolmas ekan... Iz yo‘qmi, dalil ham yo‘q-da... 
* * *
     Navro‘z arafasida qishloqqa kelgandim. 
     Tongga qadar qozon boshida o‘tirib chiqdim: ayollar sumalak pishirishdi. 
     Sahar palla sal dam olay deya uyga ketayotgandim, ko‘chamiz tarafdan shovqin eshitilganday bo‘ldi. Qadamimni tezlashtirdim. 
     Qobil darvozasining yonida haykal misoli g‘o‘ddayib turardi. Yon-atrofda besh-olti erkak-ayol o‘zaro gaplashib, uni kuzatishmoqda.
     Ko‘cha boshida shu tomonga sudralib kelayotgan bir qora ko‘rindi. 
     Qora yaqinlashdi va men Noroyni bazo‘r tanidim. Bu turmush tashvishlari, xo‘rlik-haqoratlarga duch kelaverib, adoyi tamom bo‘lgan qarimsiq ayol edi.
     Qobil teatr aktyori misoli chuqur nafas oldi, keyin o‘ng qo‘lini aftodahol qizi sudralib kelgan qishloq tomon cho‘zdi:
– Qayt!
     Bu farmon edi. Otaning qiziga farmoni.
     Noroy gapirishga urindi:
– O... o-ta... 
     Bu iltijoni Qobilning qahrli ovozi buzdi:
– Qayt, dedim men senga!
     Bu buyruqda salobat, qudrat shu qadar zo‘r chog‘i, bir necha lahza ikkilanib turib qolgan Noroy aloha indamay ortiga qaytdi. 
     Tomoshabin erkak-ayollar hayratlanib bosh chayqashdi:
– Buni qaranglar-a... Ota-da, ota: qizining tinchini o‘ylaydi... Bizning kelinlar u, uyiga chopib borsa, ota-onasi darrov quchog‘ini ochadi... Qobil aka bop­ladi lekin...
     Va hokazo. 
     Shu lahzada eshik g‘iyqilladi. Birov ko‘rdi, birov ko‘rmadi: bor-yo‘g‘i bir qarichcha ochilgan eshikdan sirg‘alib chiqqan, uniqib ketgan ko‘ylak-lozimdagi, yalangbosh, yalangoyoq savdoyi O‘g‘iloy nechukdir Noroy ortidan zipillab yo‘lga tushdi. Atrofni tezak isi tutdi. 
     Tomoshabinlarni aylanib o‘tib, uyga oshiqdim. Ammo...
     Sovuq xabar tez tarqaladi.
     Ovulimizda negadir quduqlarni juda tor qilishadi. Oyog‘ing bilan tushsang-ku, hay-hay, hech bo‘lmasa, paqir arqoniga osilib, jon saqlab turishing mumkindir. Ammo boshing bilan tushdingmi, tamom, ming urin, ming harakat qil, befoyda: bir quloch kelar-kelmas aylanada o‘zingni o‘nglab ololmaysan. Xuddi oyog‘idan osilgan odamga o‘xshab qolasan. 
     Noroy o‘zini quduqqa boshi bilan tashlagan ekan... 
     Orqadan yetib kelgan O‘g‘iloyning kuchi dod solishga yetibdi. Shu... telba qiz sezgan narsani biz sog‘lar sezmabmiz...
* * *
     Janoza mahali ko‘rdim: Qobil ora-sira hassakashlar qatoriga kelib, “Kizim-o... qizim-o...” deb ovoz chiqarib qo‘yadi, so‘ng yana kelayotgan odamlarni kutib olishga, ularni joylashtirishga shoshadi, orada choy qaynatayotgan, non tashiyotgan yigitlarni nazorat qilishga ham ulguradi. 
     Ichaverganidan to‘rvaday osilib qolgan ikki bujur yuzi qip-qizil, qaynotasining “Qizginam kindik qoni to‘kilgan uyidan chiqadi”, degan talabiga shosha-pisha rozi bo‘lgan alkash er ham kelgan ekan, uyam ora-sira xirillab, bo‘g‘iq ovoz chiqarib qo‘yadi: “gulim-ov... gulim-ov...”
     Akam bilan borib ko‘ngil so‘radik, “Bandalik...” dedik. Qobil meni mahkam quchib oldi, o‘pkasi to‘lib gapirdi:
– Qoyim aka! Bechora... kitob o‘qishni bir yaxshi ko‘rardi-yey... 
     Darvoza yoniga “Neksiya” kelib to‘xtadi. Qobil hovliqib shu tomonga chopdi... 
     Mayitni suvga olishlari oldidan odamlar orasida visir-visir gap o‘rmalab qoldi: “Mulla janoza o‘qimayman, deyayotganmish... Xudkushlarga lozim ko‘rilmas ekan...”
     Noxush xabar qulog‘iga yetib borgan, shekilli, Qobil tashvishmand qiyofada, ko‘zlari g‘iltillab ichkariga kirib ketdi va oradan besh-olti daqiqa o‘tar-o‘tmas katta muammoni hal qilgan odamday mamnun qiyofada chiqib keldi. 
* * *
     Yoshgina juvonni shosha-pisha yerga joylab, qaytayotganimizda odatdagi savolni o‘rtaga tashlash hardamxayolroq ahvolda turgan mullaning yodidan chiqdi, shekilli, darvoza yoniga yetganimizda ortimizda kelayotgan Qobil to‘satdan sado berib qoldi: 
– Xaloyiq! Mening qizim qanday qiz edi?.. 
     Odamlar gurillab “Yaxshi edi... Yaxshi edi”, deyishdi. 
     Kimdir bosh chayqab qo‘ydi:
– Ota-da, ota...
     Yana birov unga jo‘r bo‘ldi:
– Qobil shu qizini yer-ko‘kka ishonmasdi lekin...
     Shu yerdayam o‘zi haqida maqtov eshitganidan erib ketib, lab-lunjini yig‘ishtirolmay qolgan Qobil qadamini tezlatdi. 
     U yonimdan shoshib o‘tayotgan mahali tirsagimdan tutdi. Seskanib ketdim. 
– Qoyim aka! Hozir tuvri uyga borasiz. Ozroq jilitmamiz bor edi...
     Rosti, Qobilning nima deyotganini tushunmadim. Buni sezdi, shekilli, u qayg‘uli tusda izoh berdi:
– Boquvda uch yashar tanamiz bor edi... 
     Orqadan kimdir ovoz berdi: 
– Tanamish. Kamtarlik qilib o‘tirmay, bemalol ho‘kiz deyavering, Qobil aka. 
     Chag‘ir ko‘zlari yiltillab ketgan Qobil yanada hokisor qiyofaga kirdi:
– Shu tanani... Mol odamning jonidan aziz bo‘ptimi, dedim-da, so‘yib, qozon osdirib qo‘yganman... Qirqiga... qirqiga ikkita jonliq atayman hali...
     Jon halpida Qobildan uzoqlashmoqchi bo‘ldim, ammo ulgurolmadim: kimdir chaqirib qoldi, chog‘i, uning o‘zi oshig‘ich tarzda nari ketdi...

Manba: "Kitob dunyosi" gazetasi










BIR KUNI...
QADR
KЕCHIKKAN MUHABBAT
KUYGAN GULLAR
ONA NASIHATI...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот