KЕCHIKKAN MUHABBAT


AYOLNING ARMONI

  — Endi shunday o‘tib ketamanmi?..

   Nozima ba’zan o‘ziga o‘zi vahima bilan shivirlab qolardi. Ammo bu savolga javob topish oson emas edi.

   Kelajak esa... Kelajak ham xuddi shu savolning javobi kabi mubham edi.

  Fursat esa yeldek uchib o‘tib borardi.

  Nozimani maktabni bitirganiga bir yil bo‘lar-bo‘lmas turmushga beradigan bo‘lishdi.

  Nozima ko‘nikdi. Uning nazarida, hammasi shunday bo‘lishi ham kerakday edi. Shu sababli bo‘lg‘usi eri bilan uchrashuvga chiqqanida qizarib-bo‘zarib, yerdan ko‘z uzmay, hayajondan terak bargiday titrab turaverdi.

   Nihoyat uch-to‘rt savoliga javob ololmagan yigit mamnun tarzda iljaygan bo‘ldi:

— O‘zimga o‘xshab... kamgapgina ekansiz. Kamgap kamgapni qorong‘ida topgan ekan. 

  Qiz so‘nggi gapga unchalik tushunmadi. Zero, atrof yop-yorug‘ edi, ko‘kda quyosh charaqlab turardi. Birovning boshqani topishiga qorong‘ilikning nima aloqasi bor?

   Ammo qiz yana miq etmadi. Uyalinqirab turaverdi.

   Mana shu uyatchanligi ham Qosimjonga ma’qul keldi chog‘i, ishqilib, tez orada to‘y bo‘ldi.

   El qatori yashay boshlashdi.

   Qosimjon xo‘jalikda oddiy ishchi bo‘lib ishlardi. Ammo qo‘li gul duradgor edi. Shu sababli dala ishlari tugagandan so‘ng qish bo‘yi boshqalar qatori uyda sasib yotmasdi — randayu arrasini ko‘targancha shaharga, mardikorlikka jo‘nab ketardi.

   Hash-pash deguncha oradan besh yil o‘tib ketdi. Bu orada Qosimjonning sa’y-harakati bilan yosh oila alohida uyga bo‘ldi. Nozima ham qarab turmadi — qatorasiga to‘rt farzandli bo‘ldi. Xuddi buyurtma qilingandek: ikki o‘g‘il, ikki qiz.

   Hayot o‘z yo‘lida davom etardi. Nozimaning nazarida hayot mana shunday sokin tarzda to umrining oxiriga qadar davom etadigandek edi.

   Axir norozi bo‘lishga asosi ham yo‘q-da: oz-moz ichib turishini hisobga olmaganda, eri urmaydi, so‘kmaydi, faqat og‘ziga so‘k solib olganday uyga jimgina kelib, jimgina ketadi; hatto bir oylik mardikorlikdan qaytsa ham uydan bir soat burun chiqib ketganday yana indamay, jiddiy tarzda kirib kelaveradi. Nozima ba’zan bunaqa paytlari sal og‘ringanday bo‘ladi. Uningcha, bir oy ko‘rishmagandan keyin... er degan jonivor uyga sal oshig‘ib, hovliqib, hech bo‘lmasa ko‘zlari chaqnabgina kirib kelishi kerakday. Qosimjon bo‘lsa... og‘ziga suv yutgan baliqday miq etmaydi... Ko‘zlari ham o‘sha-o‘sha... Oqshom, hatto chiroq o‘chib qolgandan keyin ham to‘shakka shoshavermaydi. Hovlini aylanib yuradimi-yey... Axiyri kelgach esa... jimgina yotadi-da, jimgina uxlaydi... Go‘yo kun kecha birga bo‘lishganday, oradan shu-uncha vaqt o‘tmaganday... Iliqib qolgan taqdirdayam hamishagidek ishini jiddiyat ila, mohir usta yo‘niladigan daraxtni sinchkovlik bilan ushlab-ushlab ko‘rayotganday, sovuqqonlik bilan bajaradi. Bir og‘iz “Sog‘indim...” hech bo‘lmasa “Uyga shoshdim...” deyish yo‘q. Juda nari borsa so‘ragani: “Tashlab ketganim kartoshka-piyozga yetdimi, qarz bo‘lib qolmadilaringmi?.. Go‘sht qancha bo‘ldi? Shaharda falon so‘m... ” Nimanidir intiq kutayotgan Nozima battar siqiladi, ko‘zlariga quyilib kelayotgan alam yoshlarini bir amallab yashiradi-da, teskari o‘girilib olgan ko‘yi hisobot beradi: “Tashlab ketganingizga buncha piyoz oldik, uncha kartoshka... sabzi... Go‘sht bizda buncha bo‘ldi...” So‘ng, eri pishillab uxlab qolgach, juvon alam bilan bolishini tishlaydi, quyilib kelayotgan issiqqina ko‘z yoshlariga erk berishni istaydi.

   Biroq bunaqa paytlari juvon ko‘nglida paydo bo‘lgan norozilik uchquniga darrov suv sepishga shoshadi: “Nima, uch kunlik kelinchakmidimki, noz qilaman... Necha yillik er-xotin bo‘lsak... Ko‘z chaqnashiga balo bormi... “Sog‘indim” degan gap yosh kelin-kuyovga yarashadi... Endi bizning bo‘larimiz bo‘ldi...”

   Lekin bir narsani tan olgisi kelmaydi Nozimaning: u “sog‘indim...” degan so‘zni kelinchaklik paytlari ham eshitmagan... Negadir, juvonning nazarida, shu so‘zni erining og‘zidan eshitsa bas, yetmish ikki tomiri bo‘shashib, yuragi dukirlab urib ketadigandek... Eng asosiysi — o‘zini chindan ham baxtli his qiladigandek...

   Nozima ba’zan bunaqa o‘ylarini chuchmal hind kinolarining ta’siri deb o‘ylaydi. Balki shu sabablidir ortiq bunaqangi ahmoqona xayollarga berilmaslikka ont ichadi. Ertasi kuni esa... hammasi boshidan boshlanadi.

   Ammo qismat o‘z aytganini qildi.

   Nozima erining og‘zidan bir marotaba “Sog‘indim...” so‘zini eshitolmay armonda qoldi.

 

YOLG‘IZLIK IZTIROBLARI

 

   Falokat oyoq ostida, deganlari shu-da.

   Bo‘lmasa Qosimjon yolg‘iz bo‘lmagan, uchta sherigi bilan navbatdagi buyurtmani yakunlashganini nishonlashgan. Uy egasi yaxshigina haq to‘lagan ekan. Shunga quvonib ketgan mardikorlar choyxonaga borib, osh qilishgan.

   Tabiiyki, osh ustida avval qittak-qittak otishgan ham. So‘ng ishtahalari ochilib ketib, yana opkelishgan o‘sha zormanda shaytonning suvidan.

   Xullas, oqshom to‘rtovlon gandiraklashib katta ko‘chaga chiqishadi.

   O‘n besh yashar bir o‘smir otasini aldab, “Yuvib kelaman” deb olib chiqqan mashinani katta ko‘chada yeldirib ketayotgan ekan. Xuddi shu mashina kelib-kelib to‘satdan gandiraklab ketib, yo‘l o‘rtasiga chiqib qolgan Qosimjonni urib ketadi... Qo‘rqib ketgan bola birdan tormozni bosgan, mashina ag‘darilgan. Xullas, bolani ham asrab qolisholmagan...

   Qosimjonni qishloq chekkasidagi qabristonga qo‘yishdi.

   Nozima yigirma uch yoshida beva qoldi.

   Avvaliga ota-onasi olib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo Nozima ko‘nmadi. “Qosimjon akaning chirog‘ini yoqib o‘tiraman”, deb turib oldi. Bu gap keksayib qolgan qaynota-qaynonaga ham ma’qul bo‘ldi.

   To‘g‘ri, ayrim qaynog‘ayu qayinopalar “Bu uyni ukamiz o‘z qo‘li bilan qurgan, demak, bu bizga tegishli” qabilida pisanda gaplar qilib ko‘rishdi. Ammo Nozima shu masalada bo‘sh kelmadi. Zero, u o‘zini emas, to‘rt farzandini o‘ylardi. Ikki qizi-ku, bir kun kelib, nasib qilsa, joyini topib ketar, chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari; ammo ikki o‘g‘lini uylantiradigan bo‘lsa kelinlarni qayerga tushiradi? Ota-onasining katalakday uyigami? Yo‘q, nima bo‘lsa ham uyni qo‘ldan chiqarmaslik kerak...

   Juvon ushbu qarorida qat’iy turib oldi.

  Bolalarni boqish kerak edi. Nozima ketmon ko‘tarib dalaga chiqdi. Avval chopiqchilik qildi, keyin mashoq terdi, so‘ng paxta. Kuzda mehnati evaziga berilgan bug‘doyni tegirmonda torttirdi. Bahordan ipak qurtiga yopishdi.

   Odam har narsaga ko‘nikar ekan.

   Nozima ham yolg‘izlikka ko‘nikkanday bo‘ldi. Bir-ikki xotin qo‘ygan yoki xotini o‘lgan erkaklar og‘iz solib ko‘rishdi. Juvon rad etdi. Er desa Nozimaning ko‘z o‘ngida indamas turmush o‘rtog‘i Qosimjon namoyon bo‘ladi. Nimagadir bunday erga juvonning ko‘ngli chopmaydi... Biroq ovul erkaklarining bir qismi Rossiyaga borib ishlab, suluv-suluv, oqbadan o‘ris ayollariga ko‘ngil qo‘yib ulgurgan ekanlarmi, ishqilib, Nozimaga og‘iz soladigan boshqa mard topilmadi.

   Ertalabdan to qorong‘u tushguncha ish, ish...

   To‘g‘ri, uzluksiz mehnat odamni turli xayollardan alahsitarkan, ammo vujud charchagani bilan, miya qurg‘ur sira charchamas ekan. Aksincha, ishlayverarkan, ishlayverarkan.

   Har qancha horib-charchab, vujudi qaqshab o‘ringa cho‘zilsa-da, Nozima birdan uxlay olmas, ba’zan tonggacha mijja qoqmay chiqardi. Juvon bunday mahallari beixtiyor o‘ziga o‘zi vahima bilan shivirlab qolardi:

— Endi shunday o‘tib ketamanmi?..

   Holbuki, voqelik bari aynan shu tarzda kechishidan shohidlik berib turganday edi.

   Zero, eri vafotidan keyingi bir yil... ikki yil... uch yil... to‘rt yil... besh yil xuddi shu alfozda, to‘g‘rirog‘i ikki tomchi suvday bir-biriga benihoya o‘xshash tarzda o‘tdi.


BIR OG‘IZ SHIRIN SO‘Z 


   Qishloq kattagina bo‘lib, to‘y-ma’rakalarga qatnashmaslik kishini el ko‘ziga yomon ko‘rsatib qo‘yardi. Nozima ham imkon darajasida yurtga aralashar, ammo qishloqda bo‘layotgan gap-so‘zlar yoki yangiliklardan unchalik boxabar bo‘lolmasdi.

   Balki shu sabablidir, bahor kunlarining birida xo‘jalik idorasi yonidan o‘tib borayotgan Nozima yo‘l yoqasida yangi qurilgan pastakkina novvoyxonani ko‘rganida avval hayron bo‘ldi, so‘ng quvonib ketdi. U necha oylardan buyon bolalariga qora bug‘doy unidan non yopib berar, anchadan beri ularga sap-sariq undan tayyorlangan issiqqina non sotib olishni o‘zicha rejalab yurardi. Puli bo‘lsa bor.

   Nozima novvoyxonaning qiya ochiq eshigidan mo‘raladi:

— Issiq non bormi? 

   Tandir yonida turgan basavlat, boshiga oq ro‘mol o‘rab olgan erkak shu tomonga o‘girildi va opoq tishlarini namoyish qilayotganday kulimsirab:

— Keling, singiljon, — dedi iltifot bilan. — Issiq ham gapmi, qaynog‘idan bor.

   Nozima ichkariga kirdi.

— Noningiz necha pul? — deb so‘radi. 

   Novvoy narxni aytdi.

— To‘rtta, — dedi pulini chamalab ko‘rgan juvon.

— Marhamat.

   Darhaqiqat, novvoy yon tarafdagi so‘ri ustida turgan qaynoqqina, bug‘i chiqib turgan nonlarda to‘rttasi shu tomonga surdi.

   Nozima pulni bergach, nonlarga qo‘l cho‘zdi.

— Iy, qaynoq dedim-ku, singiljon, qo‘lingiz kuyadi-ya!

   Juvon shoshib qo‘lini tortdi.

— Sumkangiz yo‘qmi?

— Yo‘g‘idi.

   Novvoy atrofga alangladi.

— To‘xtab turing, bir narsa o‘ylab topamiz. Mana, hozir...

   Shunday deya novvoy so‘ri chetida turgan gazetalardan birini oldi-da, qaynoq nonlarni shu gazeta ustiga qo‘yib berdi.

— Mana, marhamat, singlim.

   Shuncha iltifotga javoban Nozima rahmat aytmoqchi bo‘ldi, ammo nimagadir istihola qildiyu, novvoyxonani tark etishga oshiqdi.

   Kechqurun ko‘chada kechayotgan bekorchi gurung orasida Nozima hamsoyasi, qishloqdagi jami gap-so‘zdan xabardor Rahimadan so‘ragan bo‘ldi:

— Kontorning oldiga yangi novvoyxona tushibdimi?

   Rahima unga ajablanib qaradi.

— Yangi deganingiz nimasi? Uch oydan oshdi-ku. Lekin yangi novvoy kliyent yig‘aman deb nonlarni zo‘r qilib yotibdi. Ko‘pchilik shuning oldiga boradigan bo‘lgan.  

   Bu to‘laqonli ma’lumotdan so‘ng Nozima novvoyning shirinso‘zligi boisini anglaganday bo‘ldi.

   Ehtimol dunyoda biz erkaklar anglamaydigan, ammo nozikta’b ayollar qalbi bilan his qiladigan nechukdir sirli-sehrli ishoralar, g‘ayritabiiy imdodlar bordir.

   Har nechuk, Nozima keyingi hafta yana ikki marta yangi novvoyxonaga borib xushta’m, qaynoq-qaynoq nonlardan olib keldi.

   Bu orada Rahimadan qiziqayotganini bildirmaslik uchun keyingi ma’lumotlarni sezdirmasdangina so‘rab olishni uddaladi.

— Novvoyning oti Ergash. O‘zini Baxmaldan deyishadi. U joylarda odam ko‘p, ish kam-da. Xotini o‘lgan ekanmi nima balo, ishqilib novvoyxonaning o‘zida yotib yuradi. Shuning uchun tong sahardan tayyorlab qo‘yadi-da nonni...

   Nozima... yana va yana non olishga borar, novvoy Ergash esa oppoq tishlarini namoyish qilganday samimiy jilmayishniyu xaridorga iltifot ko‘rsatishni boplardi.

 

“KO‘NGILGA BUYURIB BO‘LMAS EKAN...”

 

   Har qancha katta bo‘lmasin, qishloqda gap yotarmidi.

   Xullas, kutilmaganda Nozimaning novvoyxonaga serqatnov bo‘lganligi haqidagi mish-mishlar ayolu erkak og‘zida ancha vaqtgacha saqich bo‘lib chaynalib yurdi.

   Bu orada Rahima yangi gap topib kelib qoldi:

— O‘zim ko‘rdim! — deya chinqirdi u avtobusdan tushasola bekat yonidagi kichik bozorcha oldida to‘planishib turgan ayollar safini yorib kirarkan. — O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim! — Juvon shu so‘zlarni aytar chog‘ida ko‘rsatkich barmog‘ini o‘ng ko‘ziga suqib yuborar dararaja vahima bilan yaqinlashtirdi. — Yuribdi ikkalovi! Og‘iz quloqda! Atay orqalaridan poyladim. Kap-katta odamlar uyalmay kafega kirib, muzqaymoq yalab o‘tirishibdi! O‘zim ko‘rdim!..

   Axiyri qayta-qayta so‘rovlardan so‘ng xotin-xalaj gap kim haqida ketayotganini anglab yetishdi: bu Nozima bilan Ergash novvoy edi.

   Ovul kayvonilari bet chimchilashdi, oryaavoratdan Nozimaning go‘riga erinmay g‘isht qalaganlan ham ko‘pchilik edi. Nihoyat keksaroq ayollardan bir-ikkitasi

Ertasi kuni atay yig‘ilishib, Nozimaning uyiga borishdi.

  Odatdagidek, gurung butunlay bezarar mavzulardan, xususan narx-navo, bolalarning quloqsizligiyu rahbarlarning qancha pul ishlayotganidan boshlanib, bora-bora hozirgi zamonda ayrim erkaklarning yolg‘iz ayollarni aldab ketayotganligiyu, ayrim xotinlarning qariganda elga kulgu bo‘lishdan uyalmay, katta ko‘chada begona erkaklar bilan yetaklashib yurishiga kelib taqaldi.

   Avvaliga Nozima o‘zini hech narsaga tushunmayotganday tutdi. Biroq bu hiylasi ish bermasligini anglagach, tuyqusdan boshini egdiyu, qizarib-bo‘zaragancha:

— Nima qilay, ko‘ngilga buyurib bo‘lmas ekan... — dedi.

   Ana xolos! Kayvonilar ang-tang qolishdi. Sun’iy jag‘i og‘zidan tushib ketgan Norxol momo qo‘lini juvonga bigiz qilgancha bir-ikki:

— Shen... shen... — dediyu, ammo aniq nima demoqchiligini bilmagani bois, shu bilan kifoyalanib qo‘ya qoldi.

   Shu bilan gap-so‘z tugadi.

   Kayvonilar to‘ng‘illay-to‘ng‘illay bu xonadonni tezroq tark etishga oshiqishdi.

   Nozimaning ajabtovur e’tirofi esa birpasda qishloqda gap-so‘z bo‘ldi...

  Buni eshitgan ne-ne keksalar “Tavba-a” deya yoqa ushlasharkan, mutlaqo ajablanishib:

— To‘rt bolali yesir xotinda ko‘ngil bo‘larmikan... — deyishardi.

   Afsuski, bo‘lar ekan. Axir, muhabbat yosh tanlamas deb bejiz aytmaganlar-ku...

 

MUHABBATNING KЕCHI BO‘LMAYDI

 

   Nozima esa... baxtiyor edi!

  Ergash novvoyni ko‘rsa va hattoki uning ismini eshitib qolsa mohpora oyimqizday qizarib ketadigan, ko‘zlari chaqnab ketadigan ahvolga tushgan juvon o‘z hissiyotlarini shu qadar no‘noqlik bilan yashirishga urinardiki, hammasi “manaman” deya ko‘zga tashlanib turardi.

   Novvoyning ahvoli ham juvonnikidan behroq emasdi.

   Hamma narsadan tezlikda xabar topa olish salohiyatiga ega odamlarning (ularning ba’zi birlari barcha ishini tashlab, erinmasdan Baxmalga ham borib kelgan deyishadi) aytishlariga qaraganda bechora Ergash azroilmonand xotini dastidan uydan bosh olib chiqib ketgan ekan. Bo‘lmasa qo‘lida gulday hunari bor, novvoy hammaga ham kerak...

  Xullas, Nozima bilan Ergashni goh shaharda, goh novvoyxonada birga ko‘rishaverishdi, ko‘rishaverishdi, shunga yarasha gap-so‘zlar ham xamirturushi oshganday ko‘piraverdi, ko‘piraverdi...

   Bu ikkala kap-katta odamga qaragan odamning kulgusi kelardi. O‘zlariyam iltifotu shirinso‘zlikning, bir-birlarini boshga ko‘tarib muomalada bo‘lishning tirik namunasi edilar-da. Juvon novvoydan muloyim, novvoy juvondan... Bir-birlariga quvnab, ko‘zlari chaqnab termulib qolishlari-chi... Ha, nima desangiz deng, ammobaayni erta-indin to‘yi bo‘ladigan yigit-qizning o‘zi...

   Muhabbat nafaqat yosh tanlamaskan, balki muhabbatning kechi ham bo‘lmas ekan...

SINOV


   Gap-so‘zgar toshga tomayotgan tochiday gap — baribir bir kuni qaydandir teshib chiqadi.

   Muhabbat sharobidan mast Nozima bilan Ergash ham tez orada dastlabki sinovga duchor bo‘ldilar.

   Bir kuni non olish bahonasida novoyxonaga kirgan ovul oqsoqollaridan bo‘lmish Ravshan chol Ergashni siquvga oldi:

— Menga qara, hoy bola, maqsading nima o‘zi sening? Nozima bizning urug‘dan, uni birovga xafa qildirib ham  qo‘ymaymiz. Agar niyating yomon bo‘lsa, teringni shibi olaman sen bolaning!.. Yo bekorchilikdan ermak izlab qoldingmi?

   Novvoy jilmaydi:

— Niyatim yomon emas, otaxon. Bekorchilikdan ermak izlasam, bir bechoraning boshini og‘ritmay, shunaqa joylarga borardim-qo‘yardim-da.

   Ravshan chol jahl bilan hassasini ko‘tardi:

— Unda chaynalavermasdan ayt ko‘nglingdagini!

   Novvoy oqsoqolga qattiq tikildi:

— Men shu juvonga uylansam deyman...

   Tabiiyki, bu gap ham shamol tezligida qishloqqa o‘rladi.

   Endi ayollar Nozimani siquvga olishdi:

— Hoy, xotin, kim o‘zi bu novvoy, xotini bormish deb eshitamiz, bolalari bormikan, xotinidan ajrashganmikan...

    Juvon barcha savollarga yelk aqisish bilan javob qaytardi:

— Bilmayman. Lekin...

   Ovul ayollari sergak tortishdi:

— Nima “lekin”?

   Bir muddat o‘y surib qolgan Nozima oxiri ko‘nglidagini aytdi:

— Shu odamni ko‘rsam xursand bo‘lib ketaman. Shu odamni o‘ylasam ham xursand bo‘lib ketaman...

  Oqila ayollar Nozimani haftafahmlikda, aqlsizlikda ayblay-ayblay qaytib ketishdi.

   Muhabbat odamni ko‘r qilib qo‘yadi deganlari ham chin ekan.

   Gap-so‘zlar avjiga chiqqan kunlarning birida... Ergash novvoy Nozima bilan nikohdan o‘tishibdi!

   Qiziq tomoni, kelin tomondan guovhlikka Rahima o‘tibdi. Novvoyning o‘zi esa bir o‘rtog‘ini boshlab kelibdi.

   Qishloq ari uyasiday g‘uvillab qoldi.

   Ayniqsa ovul qahramoni aylangan Rahima deyarli har bir uyga kirib, nikoh marosimi qanday bo‘lganligini og‘zini to‘ldirib, ipidan-ignasiga qadar aytib berardi. “Guvoh”ning aytishicha, sabri chidamagan sho‘rlik Nozima mulla birinchi marta “Rozimisiz?” deb so‘ragandayoq “Ha” deb yuborgan emish...

   Nikohdan so‘ng Ergash novvoy... Nozimaning uyida yashay boshladi.

   Ertasi kuniyoq hamma narsaga qiziqadigan qiz-juvonlar novvoy ishga ketgan mahal asta yopirilib kelishdi va hovlida ming‘irlab xirgoyi qilgancha kir yoyib yurgan Nozimani o‘rab olishdi. So‘ng odatda bunaqa paytlari beriladigan qitmir savol o‘rtaga tashlandi:

— Xo‘sh, checha, qalay?

   Nozima bir muddat o‘zining og‘ziga tikilib qolgan qiz-juvonlarga uyalinqirab jilmayib qarab turdi-da, so‘ng samimiyat ila:

— Haqiqiy hayot neligini endi bildim... — dedi.

   Qiz-juvonlar gurillab kulib yuborishdi. Nozima battar qizarib ketdi...

 

FALOKAT

 

   Ha, Nozima baxtiyor edi. Mudom nimanidir o‘ylab, boshini yerga egib yuradigan, yuzida tashvish ifodalari qotib qolgan, yoshiga nisbatan qarimsiq ko‘rinadigan bu juvon qandaydir bir-ikki oy ichida butunlay o‘zgarib, bemalol aytish mumkinki, yosharib ketdi. Endi Nozia qaddini ko‘tarib, mag‘rur yurar, ko‘zlarida baxtiyorlik o‘ti chaqnar, yonoqlar ol tus olgan, oz-moz bo‘yoq surilgan lablarida tabassum o‘ynar, peshonasi ham tekislashganday, ajinlar allaqayoqqa yo‘qolgandi.

   Ergash novvoy ham baxtning yettinchi qavatida uchib yurganini ilg‘ash uchun unga bir qarashning o‘zi kifoya edi.

   Novvoy ikki marta butun qishloqqa qaynoq non ulashib chiqdi. Tekinga.

   Bu ikki jon, Nozima bilan Ergash mana shu ulkandan-ulkan dunyoda shuncha yil adashib-uloqib yurib, nihoyat endi topishganday bir-birlarini yer-ko‘kka ishonishmas, bir-birlarini boshlariga ko‘tarishar, Ravshan chol istehzo ila aytganiday, bir-birlarining soyasiga salom berib, hattoki ko‘rpacha ham to‘shardilar...

   Kutilmaganda...

   Ko‘rganlar ancha vaqtgacha gapirib yurishdi.

   Militsionerlarning xizmat mashinasida ikkita mirshabni ergashtirib kelgan bir baqiroq xotin kuppa-kunduzi Ergash novvoyning novvoyxonasi yonida “Hoy, musulmonlar! Xotinbozning dastidan dod! O‘lar bo‘lsa o‘lib bo‘ldim-ku!..” deya baqirib-chaqirgancha yuzini tilavergan!

  Bu tomosha besh daqiqacha davom etgan. Axiyri adoyi tamom bo‘lgan, birdan bukchayib, qarimsiq kimsaga aylanib qolgan novvoy ichkaridan otilib chiqqanu, hech kimga qaramasdan o‘zini mashina ichiga urgan.

   Yana ko‘rganlar gapirib yurishdi: yuzi qonga belangan vahshiy xotin novvoyning ortidan o‘zini mashina ichiga urganu, yana kuppa-kunduzi, hammaning ko‘z o‘ngida mushtdaygina bo‘lib qunishib o‘tirgan Ergash bechoraga yopishib, uni yumma talay ketgan...

   Mashina shiddat bilan oldingan intilgan...

   Bu voqeadan zudlikda ogoh etilgan Nozimaning yuzi birdan qorayib ketgan, juvonning o‘zi “shilq” etib polga o‘tirib qolgan...

  Bu voqeani nafaqat ko‘rgan, balki erinmasdan tekshirishga tushgan ovul ahli gapirib yurdi: kelgan azroil Ergash novvoyning xotini ekan. Ular o‘n yildan beri birga yashasharkan, ammo o‘rtada farzand yo‘q ekan. Ergash novvoy avvallari ham bir-ikki marta uydan chiqib ketgan ekan, lekin har safar xotin milisa ukasi ko‘magida erining qayerdaligini aniqlab olib, balo-qazoday bo‘lib bostirib borarkan.

   Novvoy “ajrashaman” derkan, ammo eriga qarindoshlik iplari bilan ham bog‘langan xotin bu haqda eshitishni ham istamas ekan...

 

YAKUN

 

   Oradan bir oyga yaqin vaqt o‘tdi.

   Ergash novvoydan bir xabar bo‘lmadi. Nozima adoyi tamom bo‘ldi.

   Juvon birdan qarib qoldi, xunuklashgan, yonoq suyaklari turtib chiqqan yuzini ajinlar bosdi; qaddi bukchaydi.

   Nihoyat qirq kun deganda Nozima to‘ng‘ich o‘g‘lini olib, hech kimga bildirmasdan tong saharda katta yo‘lga chiqdi va Baxmal tomonlarga jo‘nadi.

   Ona-bola qorong‘u tushganda qishloqqa qaytib kelishdi.

   Uyiga arang qadam tashlab, gandiraklab kirib kelgan Nozima o‘zini ko‘rpaga tashladi va shu holida uch kun alangi otash bo‘lib yotdi.

   Tajribali Rahima to‘ng‘ich farzandni so‘roqqa tutdi:

— Bordilaringmi? Ko‘rdilaringmi?

   O‘g‘il bosh irg‘adi.

— Nima dedi?

   O‘g‘il hayron bo‘ldi:

— Kim?

   Rahimaning jahli chiqdi:

— Kim bo‘lardi, novvoy-da.

— Indamadi.

   Ayol baqa bo‘lib qoldi:

— Miq etmadimi?

— Indamadi. Faqat...

   Rahima jonlandi.

— Ayt, nima faqat? To‘g‘risini ayt. Esi ko‘p bolasan-ku...

— U kishi bizni ko‘rgandan yig‘layverdi.

— Yig‘ladi? Uyida-ya?

— Yo‘q! Biz u kishi bilan qishloq chekkasida ko‘rishdik.

— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?

— Hech narsa.

— Oying-chi? —joni hiqildog‘iga kelgan Rahima beixtiyor baqirib yubordi. — Oying bir narsa degandir.

— Yo‘q, oyim ham indamadi.

— Indama-ay, ammammning buzog‘iga o‘xshab turaverdimi?

— Yo‘q, oyim ham yig‘ladi...

— Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi?

— Hech nima. Keyin biz uytga qaytdik.

— Hoy, inson! — yana baqirib yubordi Rahima. — Qancha ko‘rishdilaring o‘zi o‘sha... novvoy bilan?

— Uch soatcha.

   Rahimaning ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi.

— Uch soat... ko‘zining siydigini oqizib o‘tirishmagandir. Bir-birini yalab-yulqab deganday...

— Yo‘q, u kishi yig‘ladi, oyim yig‘ladi. Keyin indamay orqaga qaytdik. Oyim avtobusdayam  tinmay yig‘lab keldi...

— Buni qara-ya...


TAQDIR


   Nozima to‘rtinchi kun deganda sal o‘ziga keldi.

   Holsiz, lablari po‘rs-po‘rs yorilib ketgan, ko‘zlar ich-ichiga botgan bu juvon bunday bir oy oldingina nisbatan yigirma yoshga qariganday edi...

   Har qancha katta bo‘lmasin, qishloq ahlining o‘ziga yarasha tashvishi bor. Nozimaga ham alohida e’tibor berib o‘tirishmadi.

   Juvon taqdiriga tan berganday edi. U yana dalaga chiqib ketdi.

   Faqat kechalari Nozima uxlay olmaydi. To‘shagiga yantoq solinganday sira uxlay olmaydi, tinmay uh tortib, ag‘darilib chiqadi. Yulduzlar ko‘kka bodroqday  sochilgan kezlari esa juvon hovliga chiqadi va hushsiz odamday hovlini aylanaveradi, aylanaveradi...

   Balki Nozima taqdiriga tan bergan ham bo‘larmidi. Ammo...

   Baxmaldan sovuq xabar keldi: shu ovulda uch-to‘rt oy novvoy bo‘lib ishlagan Ergash ismli kishi yurak sanchig‘idan olamdan o‘tibdi. Mayitni falon soatga chiqarisharkan...

   To‘yga bormaslik mumkin, ammo janozaga... Ovul oqosoqollari yo‘lga tushishdi...

   Nozima... Har qancha taqdirga tan berganday ko‘rinmasin, yurakning tub-tubida bir ojizgina umid uchquni yiltirab turardi: “Bir kuni u qaytadi...” Mash’um xabarning sovuq epkini shu uchqunni ham so‘ndirdi...

   Nozima chidab tura olmadi: dod solib yig‘ladi, aytib-aytib yig‘ladi, o‘zini devorlarga urib bo‘zladi, kiyimlarini yirtib-yulqib bo‘zladi... Juvon kech kelgan baxtini, o‘zining ayol sifatida huzur qilib, yayrab yashashiga sababchi bo‘lgan suyuklisini yo‘qotgandi axir... Ha, Nozima haqiqiy hayot, haqiqiy baxt neligini bildi, ko‘rdi. Oz muddatga bo‘lsa ham. Ammo endi unga o‘sha tengsiz baxtni ato etgan inson yo‘q... Bunga qanday chidab bo‘ladi axir...

   Yig‘la, Nozima, yig‘la...
Abduqayum Yo‘ldoshev










KUYGAN GULLAR
SAMO ELCHISI
ENG ZO‘R KADR
Jentlmen er
NIMA DЕYMIZ...
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот