NAQADAR BAXTLIMAN!..


    ...Inson tabiatida ba’zan aqldan ustun jihatlar yuz ko‘rsatib qoladi, deyishadi. Bo‘lsa bordir. Tabiiyki, bu gap asosan muhabbat atalmish sirli, sehrli tuyg‘u haqida.

    Yoshim o‘n sakkizdan oshib, o‘n to‘qqizga qadam qo‘ydim, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirib, bir yil o‘qib qo‘ydim hamki, biron yigitni ko‘rganimda kitoblarda tasvirlanganidek yuragim gupillab urib ketmas, tomirlarimda qaynoq qon chopqillab qolmasdi.

  Biz nafaqat o‘z hissiyotlarimizni, balki har bir qadamimizni asoslashga o‘rganib qolganmiz. Ehtimol shu sabablidir, men keyingi yillarda o‘zim juda hurmat qilgan yozuvchi Chingiz Aytmatovning bir hikmatli gapini ko‘nglimning bir chekkasiga tugib qo‘ydim: “...sevgi degan narsa — inson har tomonlama kamolotga yetib, aql-idroki to‘lgandan so‘ng paydo bo‘ladigan tuyg‘umikan?”

   “Xuddi shunday!” degan qarorga keldim o‘zimcha. Demak, men hali kamolga yetmaganman, har narsaning o‘z vaqti-soati bo‘lgani kabi, ishq tuyg‘usi ham fursati yetganda meni o‘ziga asira aylar-qo‘yar.

  Umuman olganda ham, hayot faqat muhabbatdan iborat emas-ku. Kamolga yetishning asosida esa chuqur bilimga erishish, malakali mutaxassis bo‘lib yetishish yotadi.

   Eh-he, hali qancha o‘qishim kerak. Avval bakalavrlik, keyin magistratura...

  Sobiq sinfdosh dugonalarim birin-ketin erga tegib ketishdi. Guruhdosh qizlar ham tanaffus paytlarida, ba’zan hatto dars chog‘larida ham pichir-pichir qilishib, allaqanday ishqiy maktublaru sirli uchrashuvlarni, diskotekayu tungi kuzatib qo‘yishlarni, hattoki qaynoq bo‘salarni tilga olishardi.

  Goho, biron bayram yoinki tug‘ilgan kun bahona yig‘ilib qolganimizda ham guruhimizda o‘qiydigan qizlar muhabbat sarguzashtlarini aytib charchashmasdi. Ayniqsa Komila. Biqqigina, charos ko‘zlari yigitlarga allaqanday loyqalanib, ishvali boqadigan, suluv Komila birga o‘qiyotganimiz bir yildan ortiqroq davr mobaynida kamida beshta yigitni sevib qoldi-yov.

— Tamom! — deya e’lon qilardi Komila har safar yangi “uxajyori” bilan tanishganida. — Nihoyat ko‘nglimdagi yigitni topdim. Bo‘ldi! Endi unga chirmovuqqa o‘xshab yopishib olaman, hech qayerga qo‘yib yubormayman! Agar shu yigitdan ayrilsam, o‘zimni o‘zim bir balo qilib qo‘yaman!

   Darhaqiqat, Komila dastlabki bir-ikki hafta mobaynida suyuklisiga “chirmovuqdek yopishib olishni” boplar, ya’ni baxtdan yetti qavat osmon ustida sayr qilib yurgandek, ko‘zlari yanada sirli chaqnab, yonoqlari lov-lov yongancha yigiti bilan ko‘cha-ko‘yda, ayniqsa bizning oldimizda namoyishkorona  qo‘ltiqlashib yurar, kechqurunlari qaylargadir yo‘qolib qolar, yarim tundami, tongdami yotoqxonamizga masrur, entikkan holda, hayajonlanib kirib kelarkan, hammamizning intiq nigohimizga javoban ilohiy quvonchdan titrab-qaqshab:

— Tamom! Endi baxtimni topdim! — deya e’lon qilardi.

    Ochig‘i, bechora dugonam o‘zi aytayotgan gaplarning samimiyligiga chippa-chin ishonar va har gal e’tirofini chin dildan aytardi.

   Ana shundan so‘ng Komila atrofini qurshab olgan biz kabi sodda dugonalariga o‘sha “dunyoda yagona yigit”ni qanchalar sevishini to‘lib-toshib gapirib qolardi.

   Albatta, avvaliga biz og‘zimizni ochgan holda, ba’zilarimiz esa oshkora havas-hasad bilan uning gaplarini tinglab o‘tirardik. Biroq bora-bora dugonamning hissiyotlari bu qadar tez o‘zgarib turishi, ya’ni har ellik-oltmish kun orasida yangi “yagona va tenggi yo‘q shahzoda”sini topaverishi mening ko‘nglimda ba’zi bir shubhalarni uyg‘otdi. Ayniqsa Komilaning o‘z tuyg‘ularini bu qadar to‘laqonli, bu qadar serbo‘yoq tarzda ifodalab berishi, yangi suyuklisini ideal tarzda tasvirlab, ko‘klarga ko‘tarishi, hayajonlanib-to‘liqib, ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan: “Uni bir soat ko‘rmasam, ichim kuyib ketadi” deyishlari... Har qalay, kamina ba’zi bir adabiy asarlarni mutolaa qilib turardim. Yanglishmasam,  bir paytlar Petrarka “Þragi qanchalar kuyayotganini gapirib bera olgan odam u qadar kuymayotgan bo‘ladi”, deb yozgandi. Bu yoqda esa Komila...

   Ishqilib, dugonamning tuyg‘ulari samimiy ekanligiga nisbatan paydo bo‘lgan gumon urug‘i serhosil zaminga tushgan urug‘day kundan-kunga ulg‘ayib, ildiz otib, kattalashib, meva bera boshladi.

   Axiyri chidab turolmay, kunlarning birida davrada gurung qizigan chog‘i, to‘g‘rirog‘i Komilaning yakka o‘zi navbatdagi muhabbatini to‘lib-toshib so‘zlab berayotgan mahal ehtiyotkorlik bilan murojaat qildim:

— Odamlar kishi hayotida faqat bir marta sevib qoladi, deyishadi. “Birinchi muhabbatim” deganda o‘pkasidan tutun chiqadiganlar qancha. Sen bo‘lsang...

   Dugonam uzun-uzun kipriklarini pirpiratgan ko‘yi ajablanib tikilarkan, menga achinayotgani shundoq bilinib turgan ohangda dedi:

— Bu tasalli senga o‘xshagan pismiqlar uchun chiqarilgan-da... Senga o‘xshaganlar qariqiz bo‘lib, churib ketsayam oq otda keladigan shahzodasini kutib yuraveradi...

   Bu gapni eshitgan davradagi qizlar baralla kulib yuborishdi. Uyatdan qip-qizarib ketdim, issig‘im chiqdi. Mening ahvolimni ko‘rgan Komila nasihat ohangiga o‘tdi:

— Qaysi asrda yashayapsan, dugonajon? Osmonga qarab, “Olma pish, og‘zimga tush”, deb o‘tiradigan zamonlar o‘tib ketgan. Zamonaviy qiz o‘z baxtini izlashi, kerak bo‘lsa o‘z baxti uchun kurashishi kerak... Yana bir gap. —  Endi dugonam barcha qizlarga murojaat qildi: — Menda bu gapning ilmiy isboti bor. Chet elning olimlari hisoblab chiqishibdi, odam umrida o‘rtacha olganda yetti-sakkiz marta sevib qolarkan...

   Shubhasiz, hamma qizlar ham Komilaning dard dostonlarini anqayib eshitib o‘tirmas, ularning ichida gurung chog‘i istehzo bilan iljayib o‘tiradiganlar ham bor edi. Shundaylardan biri chidab turolmay, piching qildi:

— Shu ketishing bo‘lsa, planingni ikki yilga yetkazmay oshirib bajarasan-ku!

   Qizlarning ayrimlari piqirlab kulib yuborishdi. Biroq og‘zidagi gapini birovga oldirib qo‘ymaydiganlardan bo‘lgan Komila bo‘sh kelmadi:

— Nima qipti? Dilnozaga o‘xshaganlarning planiniyam o‘zimga qo‘shib olaman-da! Chunki uning bir marta sevib qolishigayam gumonim bor. Bunga o‘xshaganlar ota-onasi topgan yigitga indamay tegib ketaverishadi...

   Qizlar gurillab kulib yuborishdi. Uyat va nomusdan ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Axir “Dilnoza” deganlari men edim-da...

   O‘sha kungi gurungdan keyin qizlardan, ayniqsa Komiladan o‘zimni olib qochadigan bo‘ldim. Zero, Komilaning andak besharm gapidan keyin ba’zi qizlar menga haqiqatan ham “ammaning buzog‘i”ga qaraganday sal achinib, ayrimlari esa battar mensimay tikilib-tikilib qo‘yayotganliklarini sezib-bilib turardim...

   Xullas, oradan yana olti oyga yaqin vaqt o‘tdi. O‘qish tashvishlari bilan bo‘lib Komilaning o‘sha gaplarini unutganday bo‘ldim. Ammo ko‘nglimning tub-tubida xavotirga o‘xshash bir his yashirinib olgan va ba’zan bu tuyg‘u mening asablarimni qaqshatib, dardi dunyoyimni qorong‘u qilardi: “Nahotki Komilaning gapi to‘g‘ri bo‘lsa... Nahotki men... menga o‘xshaganlar shunday... o‘tib ketaversa...” Albatta, o‘zimga qolsa-ku, hali-hamon “kamolga yetmaganim”ni dastak qilardim. Biroq...

   Shunday kunlarning birida Komila ko‘ch-ko‘ronini ko‘tardiyu, yotoqxonadan chiqib ketdi. Eshitishimcha, qaydandir ijaraga bir xonali uy topganmish. Tez orada esa Komila darslarga ham kam keladigan odat chiqardi. Qaqajon, ko‘pchilikning nazaridagi qiz emasmi, uning yo‘qligi darhol bilinardi-qolardi.

   Bir kuni kechga yaqin kutubxonadan qaytayotib, fakulütetimiz binosi yonidagi o‘rindiqqa yalpayib joylashib olgancha, ochko‘zlik bilan sho‘r bodringni karsillatib chaynayotgan Komilani ko‘rib qoldim. Menga ko‘zi tushgan dugonam darhol teskari o‘girilib oldi.”Balki kayfiyati yo‘qdir”, degan o‘yda indamay o‘rindiqdan uzoqroqdan o‘tib keta qoldim.

   Biroq... qiz bolaning ko‘zi o‘tkir bo‘ladi, deyishadi. Ishqilib, shunday qizlarimizdan ba’zi birlari Komilaning qorni odatdagidan sal kattaroqligiga e’tibor beribdi, boshqalari esa sho‘r narsa haqida gap ketgandan uning og‘zidan so‘lagi oqa boshlashiga...

   Oradan ikki-uch oyi o‘tib esa barchasi oydinlashdi: dugonamiz ikkiqat ekan. Homila ancha oylik bo‘lib qolganligi sababli, abort haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas ekan.

   To‘g‘ri, bu paytga kelib Komila umuman darslarga qadam bosmay qo‘ygan edi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, u ko‘zi yoriyotganligi munosabati bilan bir yillik akademik ta’til olibdi.

   Endi bunisi afsona yoki latifaga o‘xshab tuyular. Ammo qizlarning ishonch bilan ta’kidlashlariga, hatto ba’zi birlarining qasam ichib takrorlashlariga qaraganda, Komila viloyatdan ijaradagi xonasini topib kelgan onasining:

— Bolaning otasi kim? — degan savoliga aniq javob berolmay, ikkilanib qolibdi.

   Bundan o‘zicha xulosa chiqargan shekilli, ona qizini yupatganday tarzda, ammo ishonch bilan debdi:

— Sen bolani tug‘aver-chi, otasini keyin topib olamiz...

   Har nechuk, mehribon ona bu bilan nimani nazarda tutganini aniq aytish qiyindir, ammo sho‘x qizlarimiz guruhimizdagi, kursdagi Komilaga yaqin barcha yigitlarga:

— Yaqinda analizga qon topshirasizlar, kimning gruppasi chaqaloqniki bilan to‘g‘ri kelsa, o‘sha ota hisoblanadi! — deya ularni rosa vahimaga solib yurishdi.

   Bu hazilning tagi zilligi shunda ham ko‘rindiki, bosqichimizdagi bir emas, uch-to‘rt yigitning labiga uchuq toshib, o‘zlariyam ancha vaqtgacha ko‘zlari alang-jalang holda, ranglari o‘chib yurishdi.

   Voqealar rivojidan sal oldinroqqa o‘tsam-da, ushbu hodisa nima bilan tugaganligini muxtasar bayon etib o‘tib qo‘ya qolay.

   Xullas, Komilaning ko‘zi yorigan. Bechora qo‘chqorday o‘g‘il ko‘rgan. Ammo mehribon ona chaqaloqning otasini topish uchun  qizining barcha tanish yigitlarini do‘xtirxonaga haydab borib yurmagan. Buni qarangki, necha yillardan beri bir tirnoqqa zor bo‘lib yurgan harbiylar oilasi tug‘ilayotgan chaqaloq xususida kimdandir eshitib qoladi. Natijada tez orada Komila, uning onasi va farzandga zor oila o‘rasida bitim tuziladi. Aytishlaricha, bu bitim tufayli Komila ancha-muncha sarmoyador bo‘lib qolgan.

   Har qalay, bu gaplarda jon bo‘lsa kerakki, akademik ta’tili tugab, bizdan bir kurs quyida o‘qiy boshlagan Komilani tasodifan uchratib qolganimda avvaliga tanimadim. So‘nggi modada kiyingan, bo‘yniga enli tilla zanjir osgan, quloqlariga brilliant ko‘zli uzuk taqqan, upa-elikka chaplangan, sun’iy kipriklari uzun-uzun, katta ko‘chada o‘rta yoshlardagi bir to‘lagina erkak hamrohligida tamanno ila qadam tashlab ketayotgan Komila  go‘yo meni tanib qolsa darhol: “Dilnoza! Mana endi haqiqiy baxtimni topdim!” deya e’lon qilib qoladiganday shosha-pisha ko‘zlarimni olib qocharkanman, ichimda chin dildan: “Iloyo baxtli bo‘lsin!” deb qo‘ydim.

   Zero... zero men hammaga, ha, ha, hammaga baxt tilaydigan ajoyib-g‘aroyib ahvolda edim. Zero... zero men sevib qolgan edim!

   Yo‘q, yo‘q, men ortiqcha tafsilotlar bilan boshingizni qotirmoqchi emasman. Men sal irimchiman. Takrorlanmas tuyg‘ularimga, hissiyotlarimga ko‘z tegib qolishidan cho‘chiyman.

   Holbuki, muhabbat har kimda har xil kechishi, birovning kechinmalari aslo o‘zgada takrorlanmasligi o‘z-o‘zidan ayon, albatta. Axir, bir qozoq shoiri yozganiday: “Sevgi tili so‘zsiz til, Ko‘z bilan ko‘r, dildan bil. Bir qarash yo bir imo Bilan bog‘lanar ko‘ngil...”

   Haq gap, bir nigoh, birgina nigoh yuragingizni tubiga qadar ag‘dar-to‘ntar qilib, muhabbatning sirli, tengsiz olamiga sizni olib ketarkan...

   Ha, yaratganga ming qatla shukrlar bo‘lsinki, men sevib qoldim. Va, nazarimda, bu endi maqtanish bo‘lib tuyulmas, meni ham sevadilar... Ha, muhabbat meni o‘z oyog‘i bilan izlab keldi va topdi...

   Azizjon akam dunyodagi eng mard, eng tanti, eng to‘g‘ri so‘z, odil, halol yigit... Bu kishiga o‘xshagani dunyoda boshqa topilmaydi. Bu aniq. Hech bo‘lmasa men uchun. Illo, siz bir martagina u kishiga mening ko‘zlarim bilan qaraganingizda edi, naqadar ajoyib, tengi yo‘q yigitga ko‘ngil qo‘yganimga o‘zingiz ham ishonch hosil qilardingiz.

   Ilk bor hurkak nigohlarning duch kelishi, iymanibgina berilgan salomlar, titroq ovozda hol-ahvol so‘rashishlar... Qaydan jur’at paydo bo‘lgani noma’lum (buyam muhabbatning bir inoyatimikin!), ammo ilk bor uchrashuvga chiqishlar... Dastlab sovg‘a etilgan guldasta... kino... istirohat bog‘i... muzqaymoq... Ilk bor hayajondan titragan barmoqlarning bir-biriga tegib ketishi... Vujudning tok urganday titrashi... ol yonoqlar... ilk bo‘sa...

   Evoh, bularning qay birini so‘z bilan ta’riflab beray... Yo‘q, yo‘q, asl hissiyotlar oldida har qanday kalom ojiz...

   To‘rtinchi kursni bitirishim arafasida to‘yimiz bo‘ldi.

   Yangi xonadon... Qaynonamga ilk bor egilib bergan salomim, u kishining ko‘zlarida sevinch yoshi bilan qilgan duolari...

   Azizjon akamning ota-onasi tushungan-bilgan, ziyoli kishilar ekan. Ular mening o‘qishimga aslo qarshi chiqishmadi. Aksincha, ming istihola-andisha ila  magistraturada o‘qishni davom ettirish niyatim borligini aytganimda ham darrov meni qo‘llab-quvvatlashdi...

   Shu kunlarda esa... vujudimda yana bir mitti vujudcha paydo bo‘lgandek...

   Naqadar baxtiyorman!

   Hayot deganlari naqadar shirin!

   Hayot deganlari naqadar lazzatli!

   Shu qadar baxtiyormanki, xursandligimdan boshim aylanib, ko‘zlarim tinib ketadi.

   Yashash go‘zal...

   Mana shunday baxtning o‘zi uchunoq yashasa arziydi...

   Men bu kamtarin bitiklarimni qog‘ozga tushirib ham o‘tirmasdim. Balki yanglishayotgandirman, ammo keyingi paytlarda qaysi jurnal yoki gazetani qo‘limga olsam, hayotda baxtga yolchimagan, umri besamara o‘tayotgan ayollarning qaro kechmishi haqida maqolaga ko‘zim tushadi. Bu balki to‘g‘ridir ham. Axir hayotidan rozi, o‘zini baxtli his qilgan odam, ayniqsa ayol kishi matbuotga bu haqda yozib o‘tirishga istihola qilar. Þqoridagi singari voqealarni chop etishdan ezgu maqsad esa odamlarni hushyorlikka chorlash, bir-birlariga, ayniqsa xotin-qizlarga, kelinchaklarga nisbatan mehribonroq bo‘lish lozimligini yana bir bor uqtirib o‘tishdir.

   Shunday bo‘lsa-da, men baxtimdan bir shingil hikoya qilib berishdan o‘zimni tiyib turolmadim. Axir baxtli yashayotganidan g‘ururlanishning o‘zi ham ulkan baxt emasmi...

Dilnoza Azamatova, Guliston shahri.

Abduqayum Yo‘ldoshev yozib oldi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот