RASHKIM MЕNING — ASHKIM MЕNING


* * *

      Xotining chiroyli bo‘lgandan keyin ko‘zingga har narsa ko‘rinaverarkan, qulog‘ingga har xil gaplar eshitilaverarkan.

     Asrorqul bu haqiqatni uylanganidan keyin anglab yetdi.

     Darhaqiqat, unga suluv yor nasib etdi.

     Shoira odamning suqi kiradigan darajada go‘zal edi... Asrorqulning nazarida.

  Asrorqul bir eshitib qolgandi, hozir chiviqday ozg‘in qizlar modada deb. Nimagadir yigit bu gapga aslo ishonmadi. Axir qiz deganini quchoqlasang quchog‘ing to‘lib tursa-da. Televizorda ko‘rsatgan ozg‘in-qiltiriq, ovqat yemasa kerakki, sal qattiqroq shamol tursayam yumalab tushadigan ramaqijon qizlarning nimasi go‘zal,  tushunib bo‘lmaydi! To‘g‘risi, bunaqa qizlarga sal qattiqroq tikilib qarasang, qo‘rqib ketasan. Suyak, qip-qizil suyak. Boshqa hech narsa emas! Bunday bir ushlaydigan joyiyam yo‘q.

  Shoira... boshqacha. To‘lagina. Tirsillab turadi o‘ziyam... Oppoq yuzli, qoshlari qaldirg‘och, ko‘zlari shahlo... Uzun sochi to‘pig‘iga yetmasayam, har qalay yelkasini qoplab turadi. Badaniyam oppoq... silliq... mayin... Silasang, huzur qilasan. Ґatto, ochig‘i, dastlabki kunlari Asrorqul xotinining atlasday badanini silashdan ham istihola qilib yurdiki, go‘yo g‘adir-budir, qadoq bosgan qo‘llari bilan tirnab-netib, ozor yetkazib qo‘yadigandek... Shu sababli kuyov yigit erinmasdan do‘konga borib, qo‘l terisini yumshatadigan krem sotib olib keldi...

* * *

     Xotini go‘zal odamga dunyo ham go‘zal bo‘lib ko‘rinarkan.

     To‘g‘rirog‘i, avvaliga.

    Ba’zi hayotni yaxshi tushunmaslar “Nima, husnga non botirib yermiding?.. Chiroy qorinni to‘ydirarmidi?” qabilidagi har xil maza-bemaza gaplarni aytib yurishini Asrorqul eshitgandi. Endi o‘ylab qarasa, unday odamlar haqiqiy go‘zallikni ko‘rmaganlaridan keyin shunday valdirab qo‘yarkanlar-da. Zero, yigit bir narsaga ishonch hosil qilgandi: husn ham insonni to‘ydirarkan. Ochig‘i, Asrorqul chiroyli so‘zlashni bilmaydi, balki shu sababli o‘z hissiyotlarini tushuntirib berolmas. Lekin uylanganidan beri xotinining chiroyiga to‘ymay boqib yurgani rost. Go‘yo qorni to‘q odamday ovqat-povqatni o‘ylayvermaydiyam. So‘ngroq Asrorqul o‘zicha “Men ma’naviy to‘qman shekilli” degan o‘ylarga ham boradigan bo‘ldi.

     Xullas, hayot g‘ildiragi asta-sekin, ammo bir maromda aylanib turgan kunlarning biri edi.

     Yosh kelin-kuyov to‘yga, kechki bazmga boradigan bo‘lishdi.

     Asrorqulning yaqin sinfdosh jo‘ralaridan biri Husan  uylanmoqda edi.

     Tabiiyki, otarchilar endi-endi og‘ir ashulalarni ayta boshlagan to‘yxonada sobiq sinfdoshlar uchun alohida stol bezatilgan ekan. Asrorqul xotini bilan to‘g‘ri o‘sha stolga bordi.

  Ana shunda... ana shunda hozirgina baqir-chaqir bo‘lib turgan stol atrofidagilar birdan jim bo‘lib qolishdi. Asrorqul asosan hali uylanmagan yigitlardan iborat sinfdosh jo‘ralarining aksariyati qo‘lidagi qo‘lida, og‘zidagi og‘zida lol bo‘lib turib qolishganini ko‘rdi. Yigitlar-ku, mayli, ammo qizlar, hattoki ba’zi erga chiqib ulgurgan qizlarning ham ko‘zi bular tomonda edi.

  Albatta, Asrorqul o‘sha, hamishagi Asrorqul edi. Nigohlar Shoiraga qaratilgandi.

Shoira esa... yanada ochilib ketgandi. Baayni ikki oylik kelinchaklik davri juda xush yoqqanday. Xira chiroqlar juvonning oppoq yuzini yanada oppoq, sutga chayib olganday ko‘rsatar, ustidagi niliy yaltiroq libosda o‘ynayotgan shu’lalardan bu chehra yanada jozibali va sirli tuyulardi. Shoiraning barmoqlarda enli nikoh uzugi va ko‘zli uzuk, quloqlarida oltin sirg‘a, oppoq bo‘ynida esa tilla zanjircha... Lablari endi ochilgan g‘uncha misoli qip-qizil ikki oylik kelinchak mayingina jilmayib salom berdi.  Ana shunda yangi kelin-kuyovga yaqin o‘tirganlar dimoqlariga urilgan allaqanday xushbo‘y hiddan boshlari aylanib ketganliklarini e’tirof etishdi.

  To‘yga, ha o‘sha bodi Husanning nikoh oqshomiga shosha-pisha, hatto odmi ko‘ylaklarini dazmollab ham o‘tirmasdan kelgan sobiq sinfdosh qizlarning rangi o‘chdi. Ularning ba’zilari o‘zlarini noqulay his etib, joylarida g‘imirlab ham olishdi.

  To‘g‘ri, bu sinfdoshlarning barisi Asrorqulning nikoh oqshomida ishtirok etishgan, odatga ko‘ra davrada so‘z olib, unga va kelinga baxt-iqbol tilashgan edi. Biroq o‘shanda kelinchak yerdan ko‘z uzmay o‘tirganligi boismi, uning bu qadar go‘zalligini ilg‘ashmagan edilar. Buning ustiga, azaldan bir tushuncha borki, har qanday qiz ham kelinchaklik libosiyu upa-eliklardan keyin suluv bo‘lib ketadi. Shu sababli nikoh oqshomi kelinchakning asl husnini bilib bo‘lmaydi...

  Axiyri birinchi bo‘lib o‘ziga kelgan Ahmad shartta o‘rnidan turdi va:

— Kelsinlar, kelsinlar, marhabo, marhabo, qadamlariga hasanot, — deya oldi.

Asrorqul bilan Shoirani bulardan sal oldinroq to‘yi bo‘lgan, bu yerga ko‘rimsizgina, puchuq xotini bilan kelgan Usmonning yoniga o‘tqazishdi.

  “Ikki yosh baxtli bo‘lsin” deya omin qilingandan keyin hol-ahvol so‘rashish boshlandi.

  Nimagadir barcha erga tekkanu tegmagan sinfdosh qizlarning barchasining ko‘zi Shoirada edi. Shoira nim jilmaygan ko‘yi ular bilan hol-ahvol so‘rashib chiqqan bo‘ldi.

  Yigitlar esa... jim edilar.

  Axiyri kosagullik qilayotgan Ahmad bir piyolaga to‘latib aroq quydi-da, Asrorqulga uzatdi:

— Manavini ol, jo‘ra. “Shtrafnoy” bu. Kechikib kelgan...laring uchun.

  Asrorqul bir nimani ilg‘adi. Avvallari chapani Ahmad uchun baqirib-chaqirib aroq uzatish, to ichib, “oq” qilmaguningcha boshingda turib olish cho‘t emasdi. Hozir bo‘lsa xuddi nimadandir istihola qilayotganday astagina gapirdi.

  Hayron bo‘lganligini bildirmaslik uchun yer ostidan kosagulga ko‘z tashlab qo‘yayotgan Asrorqul yana bir narsani fahmlaganday bo‘ldi: kosagul dasturxondagi narsalarni tuzatib qo‘yish bahonasida Shoiraga qarab-qarab qo‘yardi.

  Asrorqulning yuragi simillab og‘rib ketganday bo‘ldi. Ammo indamadi.

Ahmad yana bir piyolaga aroqni limmo-lim qilgach, kalovlanib qoldi. Aftidan, u sassiq suyuqlikni Shoiraga uzatishga istihola qilayotgandi. Buni sezdi shekilli, hali erga chiqmagan qizlardan biri Halima  piyolani oldi va Shoiraga tutdi.

— Bunisi sizga, kelin.

  Shoira piyolaga hayron bo‘lib tikildi-da, so‘ng boshchayqadi:

— Rahmat, men ichmayman.

  O‘, boshqa birov shunday deb ko‘rsin edi! Ahmaddan baloga qolardi. “Sinfdoshingni hurmat qilmaysanmi? — deb turib olardi bunaqa paytlari kosagul. — Yo boshqalarniyam hurmat qilmaysanmi?.. Aytilgan tilaklarga qo‘shilmaysanmi?..” va hokazo. Ishqilib, zo‘rlab-majburlab ichirar, mabodo ichirmasa ham gapiraverib, asablarni qaqshatib yuborardi.

  Hozir esa... Ahmad miq etmadi. Bu ham Asrorqulning nazaridan chetda qolmadi.

  Ahmad nigohini o‘tirganlar olib qochgan ko‘yi xizmat qilib yurgan yigitchalardan birini chaqirdi va uning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Yigitcha ildam yurib to‘rga, kelin-kuyov o‘tirgan tomonga ketdi.

  Birinchi qadahni olishdi.

  Qizlar piyolalarga lab tekizib qo‘ya qolishdi. Hatto Halima ham shunday qildi. Boshqa payt bo‘lganda-ku, bu gumbazday qiz piyoladagini xuddi mineral suv kabi xotirjam ichib, gazak qilib ham o‘tirmasdi.

  Qizlardan kimdir Shoiraga bir piyola issiq choy uzatdi.

  Shu payt boyagi xizmatdagi yigitcha yugurib keldi. Uning qo‘lida bir shisha shampan vinosi bor edi.

  Ahmad, ha, o‘sha, ichimlik borasida birovdan maslahat so‘rab o‘tirishni o‘ziga or biladigan Ahmad nimagadir Asrorqulga murojaat etdi.

— Manavindan ozgina, a, kelinga...

  O‘tirganlar hayron bo‘lib yigitga qarashdi.

— Keliningiz ichmaydi, — dedi Asrorqul og‘zidagi gazakni yutib bo‘lgach.

— Yo‘g‘-e, rostdanmi...

  Ha, bugun Ahmadga bir balo bo‘lgani rost edi. Zero, shu gapdan keyin qandaydir mahzun tortib qolgan kosagul indamay shampan shishasini stol ustiga qo‘ydi va diqqat bilan qo‘shiq eshitayotganday artistlar tomon o‘girilib oldi.

  Bir-birlariga ko‘z tashlab olgan qizlar yelka qisib qo‘yishdi.

  Davra sovuganday bo‘ldi.

  Kosagul majburlab turmagandan keyin ichishning ham qizig‘i qolmas ekan...

* * *

   Choy o‘rniga ichilgan iliq aroq ichaklarini kuydirib o‘tib, boshini aylantirib yuborgan bo‘lsa-da, Asrorqul hamon o‘tirganlarni diqqat bilan kuzatib o‘tirishga urinardi.

  G‘ira-shira bo‘lsa-da, Asrorqul bir narsani ilg‘ayotgandi: bu shubhali tarzdagi sukunat, kosagulning birdan g‘amgin tortib, o‘ziga o‘xshamay qolishi bejiz emas. Nahotki?..

  Asrorqul asta razm soldi. Boshqa sinfdosh jo‘ralari, hatto allaqachon uylanib olgan, xotini bilan yonma-yon o‘tirgan Usmon ham ora-sira ochilib-sochilib o‘tirgan Shoira tomonga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yayotgandek edi uning nazarida.

  Nihoyat otarchilar sho‘x qo‘shiqqa o‘tishdi.

  Davrada raqqos va raqqosalar paydo bo‘la boshlashdi.

— Qani, sinfdoshlar, — deb qoldi bir mahal qaytib dasturxon tomonga o‘girilgan Ahmad, — chiqib bir o‘ynaylik. Husan xursand bo‘ladi.

  Ahmad birinchi bo‘lib o‘rnidan turdi. So‘ng qolganlar asta-sekin o‘rinlaridan qo‘zg‘ala boshlashdi.

  Asrorqul umri bino bo‘lib to‘y davrasida o‘yinga tushmagan. Umuman, raqsga uning uquvi yo‘q. Nikoh to‘yida ham kelin-kuyovni chimildiqqa kuzatishayotganalari mahal mast-alast sinfdoshlari o‘zidan o‘ynab berishni talab qilib turib olishganida shunchaki qo‘lllarini yuqoriga ko‘tarib qo‘yish bilan kifoyalangan. Buni sinfdoshlar yaxshi bilishadi, shu sababli Asrorqulni davraga sudrab ovora bo‘lib o‘tirishmaydi.

  Lekin gavdasi gumbazday bo‘lgani bilan Halima rosa eshilib o‘ynaydi. Unga Ahmad jo‘r bo‘ladi. Xullas, ikkalovining raqsini maza qilib tomosha qilish mumkin.

  Jo‘shib ketgan Usmon ham xotinining qo‘lidan tortib, davraga boshladi.

  Stol atrofida Asrorqul xotini bilan va yana bir-ikkita o‘yin desa yetti mahalla nari qochadiganlar qolishdi.

— Olib o‘tir, — deya manzirat qildi Asrorqul xotiniga qarab dasturxonga ishora qilarkan.

— Rahmat, — kulimsiradi Shoira, — olib o‘tiribman.

  Shundan so‘ng kelinchak piyolasidagi choydan bir ho‘plab qo‘ydi.

  Birinchi sho‘x qo‘shiq keyingisiga ulangan mahal davradan qanot yozib kelgan Halima Shoiraning qo‘lidan mahkam ushladiyu bir siltashda o‘ziga tortib olib, dikonglatib sudragancha davraga olib ketdi.

  Asrorqul hatto e’tiroz bildirishga ham ulgurolmadi.

  Halima esa Shoirani sinfdoshlar aylana bo‘lib, yer tepinib  o‘ynayotgan davra o‘rtasiga olib kirdi. Musiqa quloqni batang qilguday darajada kuchli eshitilardi.

— O‘ynang, kelin, — deya qichqirdi Halima Shoiraning qulog‘iga. — Eringiz otasi tirilib kelsayam o‘ynamaydiganlardan. Shuning evaziga siz ikki hissa o‘ynashingiz kerak.

  Duv qizarib ketgan Shoira eri tomonga qaradi. Ammo davra stolni to‘sib qo‘ygan, hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.

  Musiqa esa badanlarni qizdirib yuborguday yangrardi.

— O‘ynang, kelin, — deb qoldi bir mahal undan ko‘z uzmay turib qolgan Ahmad ham qichqirib. — Sinfdoshimizning to‘yi bu. O‘ynasangiz arziydi.

  Qiziq, Ahmad nimagadir “Eringizning” yoki “Asrorqulning sinfdoshi” demadi.

  Shoira asta raqsga tusha boshladi.

  Yo‘q, bora-bora sho‘x musiqa va harakatga, raqsga tashna yosh vujud o‘z ishini qildi — Shoira berilib o‘ynay boshladi.

  Ha, tan  berish kerak, Shoira ajoyib raqqosa edi. Bu go‘zal kelinchakning oldida hatto Halimaning muqomlari ham ish bermay qoldi. Buni sezdi shekilli, Halima o‘zini sal chetga oldi. Davrada endi go‘zal Shoira bilan Ahmad berilib raqsga tusha boshlashdi. Atrofda turganlar beixtiyor harakatdan to‘xtab, faqat qarsak chalib turish bilangina kifoyalanishdi. Zero, ularning ko‘z o‘ngida ajoyib, go‘zal raqs namoyish etilmoqda edi. Ayniqsa suluv Shoiraning har bir harakati o‘ziga yarashgan, kelinchakning o‘zi ham yayrab-berilib raqsga tushayotgani shundaygina ko‘rinib turardi. Go‘yo yuzlari naqsh olmaday lovullab yonayotgan, ko‘zlari chaqnayotgan kelinchak sog‘inib qolgan mashg‘ulotiga yetishganday...

  Go‘zallik, kamolot, mukammallik ko‘plarni loqayd qoldirmasligi aniq. Asta-sekin sobiq sinfdoshlar davrasi kengaydi. Endi bu davrada Shoiraning ajoyib raqsini tomosha qilish istagidan qo‘shilganlar va zo‘r berib qarsak chalayotganlar ko‘pchilikni tashkil etardi.

  Tomoshabinlarning aksariyati hayrat og‘ushida edi.

  Otarchilar olib kelgan, faqat badani ko‘rinib turgan nim harir libosi bilangina ichib olgan mehmonlarni o‘ziga jalb qilayotgan, yuziga upa-elik chaplab tashlagan raqqosa ham nazardan qolganday edi go‘yo.

  Otarchi-raqqosalar juda shum bo‘lishadi, deyishardi. To‘g‘ri aytishgan ekan. Bu raqqosa ham bol hidini sezgan asalaridan birdan davrani yorib o‘tdiyu, ko‘kragi bilan itarib, Ahmadni nari surdi va berilib raqs tushayotgan Shoira qarshisida turib olgancha charx urib o‘ynashga tushib ketdi.

  Bu ikki avlod, ehtimolki ikki tushuncha va ikki dunyoqarash egasi vakilalarining musobaqasi edi go‘yo...

  Bir yonda raqs sehriga berilgan, vujud-vujudi bilan erib, ohanglar, harakatlar sehridan mast Shoira. Ikkinchi tomonda nima qilib bo‘lsa ham ko‘proq pul undirib olish payida bo‘lgan, vahima ila yoshi o‘tayotganini, nazardan chetda qolayotganini anglab turgan otarchi ayol.

  Mana shunda...

  Eh, ba’zi bir odatlarimiz qursin!

  Kelin taraf vakillarining oqsoqoli ishora qilgan chog‘i avvaldan kelishib olinganiga ko‘ra birdaniga o‘rnidan turgan yigirmaga yaqin erkak davraga bostirib kirishdi va ularning har biri otarchi raqqosaga ham, Shoiraga ham ming so‘mlikdan pul tuta boshlashdi. Otarchi eshilib-buralib pullarni ola boshladi.

  Ajib bir shaklda qotib qolgan barmoqlari orasida silliq, muzday nimadir paydo bo‘lganini anglagan Shoira seskanib ketdi va beixtiyor o‘ziga pul qistirishga navbat kutib turgan odamlarni ko‘rarkan, harakatdan taqqa to‘xtab, jovdiragan ko‘yi atrofga alangladi.

  Uning raqsidan mast olomon esa hamon zo‘r berib qarsak chalar va oltmish kunlik kelinchakdan yana o‘yin talab qilardi.

  Shoira o‘ziga pul berish uchun yopirilgan olomondan nariroq qochishga urinib, o‘zini chetga oldi.  Uning ahvolini tushundi chog‘i, Ahmad yonida paydo bo‘lib qoldi va kelin tomon vakillariga otarchi raqqosani ko‘rsatib:

— Pul bu yoqqa, akalar, — dedi.

  Ammo olomon uning maslahatiga yoki ko‘rsatmasiga zor emasdi. Kimdir yengil harakat bilan Ahmadni nariga surib tashladi. Yo‘l yana ochilgan edi. Kelin tomon vakillari yana zo‘r berib Shoiraning qo‘liga pul qistira boshlashdi.

  Tamomila dovdirab, esankirab qolgan, rangi oppoq oqarib, ko‘zlari vahimadan olayib ketgan Shoirani otarchi raqqosa qutqardi. Raqqosa bir hatlashda uning yonida paydo bo‘lib qoldi va yengil harakat bilan Shoiraning qo‘lidagi pullarni oldi-qo‘ydi.

  Xuddi shu mahal kimdir Shoiraning bilagidan mahkam changalladi. Jon-poni chiqib ketgan kelinchak shaxt bilan shu tomonga o‘girildi. Uning qarshisida rangi bo‘zarib ketgan Asrorqul turardi.

— Bu yoqqa yur, — dedi u vishillab tishlari orasidan.

  Shoira shu zahoti eriga ergashdi.

  Ajabki, hech kim ularning yo‘lini to‘smadi. Hatto jahd bilan oldinga intilgan Ahmad ham nimanadir mulohaza qilganday joyida taqqa to‘xtab qoldi.

  Er-xotin to‘yxonadan tashqariga chiqishdi.

  Yo‘lni uy tomonga solayotganlari mahal Asrorqul qahr bilan dedi:

— Juda o‘ynagilari kep qoliptimi?

  Shoira aybdorona tarzda bosh egarkan, o‘zini oqlashga urindi:

— Olti yil raqs maktabiga qatnaganman...

* * *

   Suluv xotinning eri bo‘lish yaxshi ekan-u, ammo...

  Bu dunyoda rashk degan tuyg‘u bor ekan. Bu xuddi binoni asta-sekin ich-ichidan nuratib boradigan zaxga o‘xsharkan...

  Asrorqul rashk qilmayin desa o‘sha kungi sinfdoshlarining o‘zlarini g‘alati tutishlari, davrada chir aylanib raqs tushayotgan Shoiraga tikilgan hirsli ko‘zlar ko‘z o‘ngidan ketmaydi.

  Xullas, yigitning bo‘lari bo‘ldi.

— Endi ostona hatlab ko‘chaga chiqarmayman! — degan qarorga keldi u.

  Lekin bu va’dani ado etmoqning iloji yo‘qday edi.

  Shoira tibbiyot kollejini a’lo baholarga bitirgan, erga chiqmasidan burun shifoxonalardan birida uch oy hamshira bo‘lib ishlashga ham ulgurgan edi. Oilaviy kelishuvga ko‘ra ham Shoira shu kunlarda yaqin-atrofdagi shifoxonalardan biriga ishga kirishi kerak edi.

  Ammo kutilmaganda Asrorqulning to‘nini teskari kiyib olishi bu masalani ancha kechiktirib yubordi. Zero er endi xotinining ishlashi haqidagi gapni eshitishni ham istamasdi.

  Ammo turmush, ro‘zg‘or, tirikchilik tashvishlari baribir o‘z aytganini qiladi. Oshqozonga yemak kerak. Endi mustaqil oila vakillari sifatida ishtirok etadigan turli to‘y-ma’rakalarga esa pul...

  Xullas, oradan ikki oy o‘tgandan so‘nggina er xotinining hamshira bo‘lib ishlashiga rozilik bildirdi. Bu orada bir necha sinfdoshi uylangan, ikkita sinfdoshi erga tekkan Asrorqul barcha to‘ylarga yolg‘iz o‘zi borib keldi. U sinfdoshlarining savol to‘la nigohlarini ko‘rmaslik uchunoq bu to‘ylarning barisida darrov to‘yib ichib oldi va mast-alast holida yarim kechasi uyga qaytarkan, barcha jo‘ralarini:

— Xotinbozlar!.. Birovning halol xotiniga ko‘z olaytiradiganlar! —  deya o‘xshatib so‘kishni kanda qilmasdi...

 

* * *

  Nihoyat Shoira uydan ikki chaqirimcha naridagi oilaviy shifoxonada hamshira bo‘lib ishlay boshladi.

  Rashk odamning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yadi, deganlari chin ekan. Asrorqul ilojini topsa xotinini ishga o‘zi olib kelib qo‘yar, ishdan so‘ng ham o‘zi olib qaytardi.

  Biroq hamisha ham buning iloji topilavermasdi. Axir Asrorqul ham ishli odam.

  Shunday kunlarning birida ishdan bir amallab ertaroq chiqishning ilojini qilgan Asrorqul deyarli chopib shifoxonaga yetib kelishga keldiyu, qandaydir qutqu izmida devor yonidagi baland daraxtlar orqasiga o‘tib bekinib turdi.

  Asrorqul ana shunda ko‘ngli bejiz g‘ash bo‘lmaganini sezdi...

  Zero shifoxonaga bir dasta gul ko‘targan... Ahmad yaqinlashib kelmoqdaydi!

  Mana, u ichkariga kirib ketdi.

  Joni bo‘g‘ziga kelgan Asrorqul asta, oyoq uchida yurib uning izidan tushdi.

  Ahmad to‘g‘ri Shoira ishlaydigan bino tomon bormoqdaydi.

— Tamom!.. — deya pichirladi birdan oyoq-qo‘llari bo‘shashib ketgan Asrorqul. — Ikkalasini ham so‘yaman!

  Mana, Ahmad eshikdan ichkariga kirdi.

  Asrorqul xuddi kinolardagi josuslarday ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglagan ko‘yi eshikka yaqinlashdi.

  Ichkaridan jarangdor kulgu eshitilganday bo‘ldi. Bu... yo‘q, Asrorqul adashishi mumkin emas edi, bu Shoiraning kulgusi edi.

  Asrorqulning ko‘zlariga qon to‘ldi. U ochiq eshikka yanada yaqinlashdi.

— Ha, o‘sha yerda, — derdi Shoira. — Sakkizinchiga boravering. Men hozir...

  “Demak, — degan xayolga bordi Asrorqul. — uchrashuv sakizinchi palatada... Eng chekkadagi... palata...”

  Baland poshna tuflilarning polga taqillab urilib, uzoqlashgani eshitildi.

  Ko‘kragi ko‘tarilib tushayotgan, yuragi dukillab urib, miyasida kuchli sanchiq turgan Asrorqul andak turib qolgach, bir amallab ichkariga kirdi va sakkizinchi palata tomon yurdi.

  Darhaqiqat, yigit adashmagan edi. Bu yo‘lak oxiridagi palata edi.

  Palata eshigi ochiq edi.

  Asrorqul o‘z qo‘llari bilan xiyonatkor xotin va do‘stni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yadigandek vajohatda shartta ichkariga kirdi.

  Kirdi-yu...

  Oddiy palata. Bitta karavot o‘rnatilgan. Unda ellik yoshlardagi bir ayol o‘tirardi. Ayolning qarshisidagi taburetkada Ahmad.

  Asrorqul hatto ajablanib ulgurmasdan karavotda o‘tirgan ayolni, Ahmadning onasini tanidi.

  Tumbochka ustida bir dasta gul.

  Xuddi shu mahal yo‘lakda taq-taq etgan baland poshna ovozlari eshitildi va eshik yonida paydo bo‘lgan Shoira:

— Mana kasallik varaqangiz, — deya qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni ko‘rsatayotgan mahal rangi quv o‘chib turgan erini ko‘rib qoldiyu, lol bo‘lib turib qoldi...

 

* * *

   Asrorqul baribir xotiniga ishonmadi.

   Hatto Shoira ont ichib tursa ham.

— U gulni senga obkelgan, — deb turib oldi Asrorqul. — Axir shu paytgacha men bironta bola onasi balnisadan chiqayotganida gul ko‘tarib borganini ko‘rgan ham emasman, eshitgan ham emasman. Demak, u gulni senga obkelgan.

— Axir gul palatada edi-ku, — deya jig‘ibiyroni chiqardi Shoiraning. — O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz-ku.

  Asrorqul bo‘sh kelmasdi:

— Demak, ketayotgan payti bermoqchi bo‘lgan. Ichida xatiyam bo‘lgan...

  Shoira u dedi, bu dedi, ammo o‘zini oqlab ololmayotganini ko‘rgach, oxiri piqillab yig‘lab yubordi.

  Bu yig‘i... bu yig‘i Asrorqulga xotini chindan ham uning ko‘ziga cho‘p solib yurganining isbotidek tuyuldi...

  Ertasi kuniyoq Shoira ishdan bo‘shatib olindi! Hatto uning hujjatlarini, mehnat daftarchasini olishga Asrorqulning o‘zi keldi!

  Ana shundan keyin boshlandi!

  Rashk degani yomon bo‘larkan. Odamning ich-etini so‘rib, quritib-quvratib tashlarkan...

  Uch oy ichida Asrorqulning bo‘lari bo‘ldi. Oilani boqish uchun ikki joyda ishlashga majbur. Axir Shoiraga kibr bilan:

— Ishlamasang ham bo‘ladi. Seni o‘zim boqaman! — deb yuborgan.

  Ish ham mayli, ammo tunu kun miyasini band etib turgan rashk tuyg‘usi yigitni yomon ezardi. Ba’zan ishda payti o‘z-o‘zidan Asrorqulning ko‘ngli g‘ash bo‘lib, ichi huvillab qolar, nazarida, ayni paytda suluv xotini Shoira uyda kim bilandir shakarguftorlik qilib o‘tirgandek yoki... xiyonat qilayotgandek tuyulaverardi.

  Bunday mahallari Asrorqul ishni ham tashlaysola, hamkasblarining “hoy-hoy”lashlariga ham qaramay uyga chopardi. Uyga kelib esa, Shoiraning yolg‘iz o‘zi o‘tirganini ko‘rib ham xotirjam tortmas, negadir biron bahona bilan boshqa xonalarni ham, hattoki hojatxonayu oshxonalarni ham ko‘zdan kechirib chiqardi.

  So‘ng, sal o‘ziga kelgach, indamay chiqib ketar, lekin darrov ishga borishning o‘rniga... uy yonidagi ko‘chada, daraxtlar orasiga biqinib olib darvozani kuzatgani-kuzatgan edi. Ko‘chadan biron yosh yigit yoki Ahmadgami o‘xshash erkak o‘tib qolsa bas, titrab-qaqshab, “Mana, qo‘lga tushirdim! Hozir biznikiga kiradi!” degan vahimali o‘ydan yurak-bag‘ri qon bo‘lib turar, yo‘lovchi o‘z yo‘lida o‘tib ketgandan keyin ham darrov hovuridan tushmas, “Ehtimol mening shu yerda turganimni sezgandir. Sezmaganda-ku...” degan azobli-iztirobli o‘ydan battar dili o‘rtanib, o‘zini iztirobu alamlarning shiddatli girdobiga otardi... Bunday mahallari Asrorqul biron pana joyda o‘tirib olguncha to‘yib-to‘yib yig‘lab ham olardi...

  Bunday ahvolda bir joyda uzoq ishlab qololmayotgan  Asrorqul so‘nggi olti oy mobaynida uch marta ish joyini o‘zgartirdi.

  Yaqinda, oxirgi ishiga kirish oldidan Asrorqul tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Sog‘lig‘idan sira shikoyat qilmaydigan Asrorqulni uzoq tekshirgan psixiatr kutilmaganda:

— Sizda shizofreniyaning dastlabki alomatlari bor, — deb qolsa bo‘ladimi!

  Lekin Asrorqulning bunga e’tibor berib o‘tirishga vaqti yo‘q edi. Zero, nazarida, ayni damlarda ko‘ngli g‘ash bo‘la boshlagan edi. Demak, Shoira, uning xotini Shoira uyda kim bilandir...

Asrorqul kiyimlarini chala-chulpa kiydiyu shifoxonadan otilib chiqasola uyi tomon shamolday yelib ketdi...

Abduqayum Yo‘ldoshev










KЕCHIKKAN MUHABBAT
BU KIMNING ONASI?!
KUYGAN GULLAR
DUGONALAR
Jentlmen er
Girdobdagi gul
Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот