JUDA KO‘P TA’NA ESHITGANMAN


Shirinxonim MIRZAHMЕDOVA, aktrisa:
“SALBIY ROLLARIM UCHUN JUDA KO‘P TA’NA ESHITGANMAN”

  Bugungi suhbatdoshimiz salbiy rollarning mohir ijrochisi, taniqli aktrisa Shirinxonim Mirzahmedova bo‘ldi.

- Shirin opa, aktrisalik faoliyatingizni qachon boshlagansiz? Keyingi paytda serial va kinofilmlarda tez-tez ko‘rinyapsiz, oldin kamroq ishtirok etganmisiz?
- Men oldin ham film va seriallarda juda ko‘p ishtirok etganman. Masalan, 1990-yildan to shu paytgacha Mirabbos Mirzaahmedovning “Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvida muntazam ravishda ishtirok etib kelyapman. Bundan tashqari, “Qirq tog‘araning qirq nog‘orasi”, “O‘ch”, “Oqar daryo oqavermasmi, jimgina” seriallarida ham bir qancha rollar ijro etganman. To‘g‘ri, juda ko‘p film va seriallarda chiqardimu, ammo rollarim unchalik katta bo‘lmasdi. Rejissyorlar menga bosh rollarni berishganda uni o‘ynashga imkonim bo‘lmagan. Chunki farzandlarim va oilamdan ortib, kasbimga o‘zimni butunlay bag‘ishlay olmagandim. Hozirgi kunda hamma farzandlarimni uyli-joyli qilib, shirin tashvishlardan qutulib, kasbiy faoliyatimda ancha  faollashdim. 
- Aksariyat filmlarda salbiy rollar ijro etyapsiz, bu rejissyorlarning tanlovimi yoki o‘zingizni?
- Albatta, bu rejissyorlarning tanlovi. Ularga hatto bir necha marta  menga ham ijobiy rollar berishlarini taklif qilganman. Ammo “Sizning  tipajingizga ko‘proq salbiy rollar mos tushadi”, deb rozi bo‘lishmagan. Bunday rollarni qoyilmaqom qilib o‘ynaysiz, deyishadi. Na iloj, rejissyorlar ssenariydagi qahramon obrazida qaysi aktyorni ko‘rsa, o‘shani tanlaydi. Ammo men bundan norozi emasman. 

“QORA ATIRGUL” DA ROL IJRO ETISH MЕN UCHUN OG‘IR BO‘LDI

- “Qora atirgul” serialidagi rolingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Mahkuma Nazokat rolini ijro etish sizga og‘irlik qilmadimi?
- Ha, bu rolni ijro etish judayam og‘ir bo‘ldi. Men bu serialning nomini “Qora atirgul” emas, “Xo‘rlangan o‘zbek ayollari”, deb qo‘ygan bo‘lardim. Chunki qamoqxonadagi ayollarning hayoti, ularning bir-biriga bo‘lgan munosabati, qalbidagi g‘araz, adovat, kek va mehrsizlikni ko‘rib dahshatga tushasan kishi. Bu ham xo‘rlik. Chunki insonning ichidagi salbiy illatlar uning eng katta dushmani. Mana shu ahvolga tushib qolishlariga, avvalo, qalbidagi illatlar, qolaversa achchiq qismat sababchi, deb o‘ylayman. Ammo ana shunday muhitda ham bir-biriga chin do‘st, mehribon va g‘amxo‘r bo‘lgan ayollar ham yo‘q emas qamoqxonada. Men bu rolni ijro etishda bir pasda holatga kirib oldim, ammo chiqib ketishim qiyin bo‘ldi. Hozir serial tugagan bo‘lsa ham haliyam ta’siri seziladi. Men o‘zbek ayollarini, umuman ayol zotining bunday ahvolga tushishini istamagan bo‘lardim. Ayolning o‘rni oilada, farzandlari va yaqinlari davrasida ekanligiga qamoqxonadagi muhitni ko‘rib, yana bir bor amin bo‘ldim. Menimcha, har qanday yomon insonda ham ozgina bo‘lsa-da, vijdon, or-nomus, diyonat bor, deb o‘ylayman. Qamoqdagi ba’zi bir ayollarning ana shu xislatlarini yo‘qotmaganligini ko‘rib, quvondim, to‘g‘risi. U yerda biz har xil ayollarni ko‘rdik, ular bilan tanishdik.

QAMOQXONADAGI MUHIT MЕNGA YOMON TA’SIR QILDI

- Ushbu filmni suratga olish ishlari ayollar qamoqxonasida bo‘lganmi va jinoyatchi rolini ijro etishdan oldin shunday ayollar bilan uchrashib, ularning xarakterini o‘rganganmisiz?
- Yaxshisi, filmni suratga olish ishlari sir bo‘la qolsin. Shunda tomoshabinga qiziq bo‘ladi. Jinoyatchi ayol obraziga to‘xtaladigan bo‘lsak, bizga berilgan ssenariy bo‘yicha ishladik. Rolni ijro etishda hech qanday murakkabliklar bo‘lmadi. Ammo holatimizda ko‘p narsani his qildik. Aynan men uchun holat juda katta rol o‘ynadi. Oilasi, farzandlari va yaqinlaridan uzoqda, mutlaqo boshqa insonlar bilan bir oila bo‘lib, tutqunlikda yashash, ya’ni ozodlikdagi kunlarini qamoqqa almashtirish ayol uchun judayam katta fojia. Ana shu hissiyot men uchun og‘ir bo‘ldi. Faqat oilam ko‘z oldimdan ketmadi. 
- Jinoyatchi ayol rolini ijro etishda siz uchun eng qiyini nima bo‘ldi?
- Yaqinlaridan uzoqda bo‘lgan ayolning o‘zini topa olmasligi, tutqunlikda hammadan najot kutishi, mahkuma ayollardan mehr topolmay qiynalishi... Bunday ayollarning holidan yuragim achishdi, ularning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rib, qalbim larzaga keldi. Men talqin etgan rol boylikka o‘ch, pulni yaxshi ko‘radigan, kibrli ayol obrazi edi. Bu obrazni ko‘ngildagidek talqin qila oldim, deb o‘ylayman.

MЕNI KO‘CHADA KO‘RIB, “ANA, YOMON XOTIN KЕLYAPTI” DЕYISHADI

- Odatda, salbiy rollar ijro etadigan aktyorlarga ko‘cha-ko‘yda odamlar yomon munosabatda bo‘lishadi. Sizda ham shunday holatlar ro‘y berganmi?
- Juda ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, hozir “Kundosh” nomli serialdagi rolim uchun menga ta’na qiladiganlar yanada ko‘paydi. Yaqinda ishdan uyga qaytayotsam, mahallamizda o‘ynab yurgan bolalar bir-biriga “qara, anavi yomon xotin kelyapti”, deyishdi. Kulgim keldi. Ortimga qarab, ularga “Asal bolalarim, o‘zim o‘rgilay sizlardan. Mening kinodagi rolim yomon bo‘lsa ham, o‘zim yaxshi xotinman”, deya kulib, uyga kirib ketdim. Ko‘pincha, tanish-bilishlar davrasida o‘tirganimizda, ular ham salbiy rollarimga e’tiroz bildirishib, “o‘zingiz rosa yaxshi ayolsiz, iltimos yomon rollar o‘ynamang”, deyishadi. Tanimagan odamlar esa “siz falon rolda o‘ynagansiz-a, rosa yomon xotin ekansiz. Kap-katta ayolsiz, sal aqlingizni yig‘ishtirib olsangiz bo‘lmaydimi”, deb astoydil menga ta’na-dashnom qilishadi. “Axir bu rol-ku! Kimdir shunday ayollar obrazini ham talqin etishi kerak-ku”, deyman. Bu kabi e’tirozlardan xafa bo‘lmayman. Rol ekanligini bilib turib ham odamlar mendan shunchalik nafratlanayaptimi, demak men rolimni qoyilmaqom qilib o‘ynabman. Menga bildirilayotgan salbiy fikrlarga “Xudo xohlasa, yaxshi rollar o‘ynashga harakat qilaman”, deya ijobiy munosabatba bo‘lishga harakat qilaman. Aslida, salbiy roldan ko‘ra ijobiy rollarni o‘ynash osonroq. Negaki, ijobiy rolda xarakter xilma-xilligi bo‘lmaydi. Salbiy rol esa juda katta mas’uliyat, degani. Yaxshi insonlarning hammasi bir-biriga o‘xshaydi, yomon xarakterdagi odamlar esa turlicha. 

“SЕNI O‘Z QO‘LLARIM BILAN BO‘G‘IB O‘LDIRAMAN”  

  “O‘ch” serialida ham salbiy rolni ijro etgandim. Shundan so‘ng  ko‘pchilikning orasida bir ayol meni rosa izza qilmoqchi bo‘lgandi. Bir tanishimiznikiga iftorlikka borgandik o‘shanda. Dasturxon atrofida o‘tirganimizda, bir ayol menga o‘qrayib qaragancha, yonidagi ayollarga pichir-pichir qila boshladi. Iftorlik tugaganidan so‘ng, o‘sha ayol menga vajohat bilan “sen qaynonangni xor qildingmi, o‘zing ham xor bo‘lasan! Sen buzuq ayolsan! Seni toshbo‘ron qilish kerak! Sendek ayollarning yashashga haqqi yo‘q!”, deya meni haqorat qilishga tushdi. Juda g‘alati bo‘ldim. Tashqariga qanday chiqib ketganimni bilmayman. Lekin yana ortimga qaytib, o‘sha ayolning yonida o‘tirmoqchi bo‘ldim. Ammo o‘sha ayol xezlanib, “Tur yo‘qol, mening yonimda o‘tirma!”,deb o‘zini mendan olib qochdi. Shunda men “Opajonim, siz bilan ikki og‘iz gaplashmoqchiman. Keling, ikkalamiz yarashaylik. Men sizdan xafamasman, aksincha xursandman. Men aktrisaman. O‘sha serialda bor-yo‘g‘i rol o‘ynaganman, xolos. Rolimdan shu qadar ta’sirlanibsiz, rahmat sizga. Endi meni ham eshiting”, deya hammasini tushuntirganimdan so‘ng u meni tushundi. “Mening beshta kelinim bor. Mana shu serial boshlansa, hammasini yonimga chaqirib olib, birga ko‘ramiz. Kelinlarimga “Shu ayolni ko‘chada ko‘rsam, bo‘g‘ib o‘ldiraman”, deganman. Chunki men ham qaynonaman. Oydekkina ayol ekansiz, muomalangiz ham shirin ekan, nega shu rolni o‘ynagansiz, men o‘ynamayman desangiz bo‘lardi-ku”, dedi... Unga ham bu mening kasbim ekanligini zo‘rg‘a tushuntirganman.
- “Qora atirgul” serialidagi voqealar hayotiymi?
- Ha, bu serialdagi deyarli hamma voqealar hayotiy. Ssenariy mualliflari ayollar qamoqxonasida o‘tkazilgan turli tadbirlarda ishtirok etishib, o‘sha yerdagi hayotga guvoh bo‘lishgan. Ana shunday tadbirlarda ishtirok etgan aktrisa Zuhra Soliyeva ham qamoqxonadagi ayollar haqida aytib bergandi. Men u yerdagi hayotni hatto dushmanimga ham ravo ko‘rmasdim. Biz serialning oxirgi seriyalarini 4 yanvardan 7 yanvargacha tasvirga olish jarayonida ishtirok etdik. O‘shandan buyon o‘zimga kelishim qiyin bo‘layapti. Ayni paytda “Kundosh” va boshqa seriallarda band bo‘lib, ancha o‘zimni qo‘lga oldim. Ammo dublayajimiz hali tugagani yo‘q. Dublyajda ishtirok etayotganim uchun yana o‘sha holatga tushib, ikki-uch kun qiynalyapman. Serial sahnalari judayam og‘ir. Men bunchalik qiynalaman va azoblanaman deb o‘ylamagandim. Qamoqda o‘tirgan ayollarning hayoti naqadar qiyinligini shu serialda rol ijro etib, his qildim.
- “Qora atirgul” serialining uchinchi fasli ham suratga olinayapti, deb eshitdik...
- Shunday taxmin bor, ammo hali aniq emas. Biz Anjela ismli rejissyorimizga serialni yana davom ettirish haqida taklif kiritdik. Serial qahramonlari orasida ozodlikka chiqqanlar kam bo‘ldi, ko‘pchiligi qamoqda qoldi. Masalan, mening qahramonim Nazokat ham hali tutqunlikda. Shuning uchun, qamoqdan chiqqach, o‘z yo‘lini topgan ayollar taqdirini ham ko‘rsataylik, degan fikrni aytdik. Serialning uchinchi fasli bo‘ladimi-yo‘qmi, hali aniq bilmaymiz. Lekin hammamizning dilimizda shu niyat bor. 
- Agar rol tanlash ixtiyori sizga berilsa, qanday rollarni ijro etgan bo‘lardingiz?
- Agar shunday imkon berilsa Farmonbibi rolini jon-jon deb o‘ynagan bo‘lardim. Munis va mehribon onalar, qaynonalar, yaxshi amma, yaxshi xolalar rolini o‘ynash istagim ham yo‘q emas. Ustozlarim Rixsixon Ibrohimova, To‘ti Yusupova va Saida Rametova kabi ham salbiy, ham ijobiy rollarda namoyon bo‘lgim keladi.

ASLIDA  JUDA KO‘NGILCHAN  AYOLMAN

  Men aslida hayotda juda ko‘ngilchan insonman. Uyda ikkita kelinim bor. Ularga hech qachon qattiq gapirolmayman. Allohga shukr, kelinlarim judayam tarbiyali, odob-axloqli, farosatli va meni qattiq hurmat qilishadi. 
  Keyingi paytda juda ko‘p filmlarda suratga tushdim. “Super xizmatkor” “Taqdirlar”,  “Hikmatli dunyo”,  “Iqror”, “Paxmoq kelin”, “Volidam”, “Qo‘g‘irchoq”, “Kundosh”, “Ona”, “Baxtli bolalik”, “Voqea”, “Iztirob”, “Folbin” kabi filmlar shular jumlasidandir. Turkiya davlati bilan hamkorlikda suratga olingan “Ishq o‘yinlari” filmida ham turk ayoli rolini talqin etdim. Kuni kecha Oqtoshga borib, “Afv” filmining suratga olish ishlarida qatnashdim. Bu film Prezidentimizning 2017 yilgi "Amnistiya to‘g‘risida"gi Farmoniga asosan 2700 nafar mahkumlarning ozod qilinganligi munosabati bilan suratga olinayapti. Bunda ham salmoqli rollardan birini ijro etdim. Tez kunlarda tomoshabinlar hukmiga havola etiladi.
  Salbiy rollarda tanilib ketishimga sabab - 2020 yilning boshida “Milliy” telekanalda “Qo‘zg‘olon shou” ko‘rsatuvi bo‘lgan edi. Ana shu shoudagi juda ko‘p salbiy rollarim bilan xalq nazariga tushib qoldim. Menimcha, rejissyorlarimiz “Qo‘zg‘olon shou” dan keyin menga salbiy rollarni ko‘p bera boshlashdi, deb o‘ylayman. Bundan ikki yil oldin ham bir filmda ijarachi ayol rolini o‘ynaganman. U ham juda salbiy rol edi. “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvida ham Sanjarning taklifi bilan bir rol o‘ynab berdim. Ya’ni Munisa Rizayevani ssenariydagi o‘g‘limga kelin qmilish uchun uni holi-joniga qo‘ymay rozi qilishim kerak edi. Sanjarga “Munisa meni tanib qolmaydimi, deganimda, tanimaydi, chunki Munisa o‘zbek kanallarini ko‘rmaydi”, deya meni ko‘ndirgandi. Haqiqatdan ham, Munisa meni tanib qolmadi va uni bezor qilib yuborganim uchun menga “kelin” bo‘lishga rozi bo‘ldi. Tasvirga olish tugagach, Munisaning o‘zi ham “Sizga qanday xo‘p deganimni o‘zim ham bilmay qoldim”, deb kulgandi. Demak, rolimni mahorat bilan ijro etibman-da, deb quvonganman. Xullas, salbiy rolmi yoki ijobiymi bu mening kasbiy faoliyatim. Rejissyor meni qaysi obrazda ko‘rsa, o‘shani o‘ynashim kerak. Lekin ijobiy rollarim ham yo‘q emas va bundan keyin iloji boricha ijobiy rollarni ko‘proq ijro etishga harakat qilaman.
-  Suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdosh - Gulruh YORMATOVA.
Manba: "Bekajon" gazetasi.
2021 yil.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот